Bosim ostidagi O‘zbekiston: Rossiya bosimi

Bosim ostidagi O‘zbekiston: Rossiya bosimi

Rossiya Federatsiyasi Parlamenti yuqori palatasi hisoblanmish Federal Kengash raisi Valentina Matviyenko Toshkentdagi safari chog‘ida “O‘zbekiston Yevrosiyo Iqtisodiy Ittifoqiga qo‘shilishni o‘rganmoqda, qo‘shilishga tayyor” kabi bayonotlar berdi. Matviyenkoning O‘zbekistonga safaridan maqsadi – shu paytgacha Rossiya tarafidan bo‘lgan va bo‘layotgan bosimlarning siyosiy maqsadini rasmiylashtirish, shartni eslatish va bosimni yuqoriroq pallaga olib chiqish hisoblanadi. Ya’ni, “O‘zbekiston! Yoki bizga tezroq qo‘shilasan va aytganimizni qilasan yoki shu paytgacha qilgan yashirin bosimlarimiz ochiq ko‘rinish oladi!” deyilayapti.

Rossiya o‘zi qurgan ittifoqqa boshqalarni kirishi va u yerda qolishi uchun bosimlar qiladi. Lekin, masalan, Yevropa Ittifoqiga kirish uchun esa davlatlar va ularni millionlab aholisi o‘n yillab kutishadi. Rossiya – mahrum qiluvchi, shantajni instrument sifatida qabul qiluvchi va qo‘llovchi, majburlovni ustuvor biluvchi davlat-sivilizatsiya hisoblanadi. U hech qanday qadriyatlar va manfaatlar taklif qilmaydi, lekin uni rozi qilmasangiz, mahrum va majruh qiladi. Misol, uni qadrdon millatdoshi va dindoshi – Ukraina, pravoslav Gruziya, xristian boltiq davlatlari – bularning hammasi Rossiyani o‘ziga ochiq dushman deb biladi.

Rossiya O‘zbekistonga bosim o‘tkazish uchun, davlatimizning ichki muammolarini qo‘llash, rasmiy Toshkentga yaxshi bosim vositasi ekanligini tushunib olgan. Karimov davrida ham shunday edi. Mana keyingi davrda, bu bosim yo‘nalishi, oshkora qilinmasdan, lekin kuchaytirilyapti. O‘zbekiston xavfsizlikchilarining jiddiy qismi davlatimizning muammoli sarhadlarida qolib ishlashga majbur bo‘layapti. Yaqinda “O‘zbekiston qahramoni” unvoni uch kishiga berildi. Shu uch kishidan faqat bittasiga real siyosiy maqsadlarda berilgan ediki, “Iltimos, shu ifloslarga qo‘shilmang, birga bo‘laylik!” degan ma’no bor edi.

O‘zbekiston MDHning ishtirokchisi sifatida, uning ko‘plab formatdagi yig‘ilishlarida ishtirok etadi. Jumladan, MDH maxsus xizmatlari kengashida ham. Bu yig‘in yiliga ikki marta, asosan Moskvada bo‘lib o‘tadi. MDHdan kelgan maxsus xizmatlar boshliqlari bilan Putin alohida uchrashib, “hol-ahvol” so‘raydi, soatlab gaplashadi. Inoyatov ham Putin bilan soatlab gaplashgan. Bu ham bir instrument. Yana, O‘zbekiston harbiylari va maxsus xizmat kadrlarini taxminan 3500dan ortig‘i, Rossiyada o‘qitiladi, yetishtiriladi. Rossiyaga ishlovchi tayyor ofitserlar! Davlat Xavfsizlik Xizmatini joriy xodimlarini ko‘pi Rossiyada stajirovkada bo‘lib kelishadi. Ularni verboka qilish ham shart emas, shundoq ham Rossiyani sevishadi, Rossiyaga moyil.

Bu ham yetmaganidek, bugun Toshkentda “O‘zbekistonni buyuk kelajagi – bizni qo‘limizda” degan shior ostida, Rossiyadagi o‘zbekistonlik oligarxlarni bolalari va ularning do‘stlari o‘zlarining ambitsiyali loyihalarini amalga oshirishmoqda. Ular O‘zbekistonni Rossiyadan mustaqil kuch sifatida ko‘rishi mumkinmi? Ular O‘zbekiston millati va xalqinining manfaatlari uchun Rossiya bilan tortishishlariga, men hech qachon ishonmayman. Ular Rossiya elitasining tarkibiy qismi, ular kelishib olishadi, millionlab o‘zbeklar esa Rossiyaning mardikori bo‘lib qolaverishadi.

Aslida, Matviyenkoning bayonoti borasida rasmiy Toshkentga g‘azab qilish ancha o‘rinsiz. Rossiya tarafidan O‘zbekiston davlatchiligiga bo‘layotgan bosimlar ko‘lamini, biz yaxshi tasavvur qila olmaymiz. Lekin, hozircha, O‘zbekiston hukumati ancha diplomatik va sovuqqonlik bilan, bu bosimlarni o‘tkazib yuborish harakatida. Chunki, rasmiy Toshkent tushunadiki, agar O‘zbekiston YeOIIga kirgudek bo‘lsa, bu Rossiya bosimlarining eng boshlanishi bo‘ladi xolos!


Eslatma: Muallif fikri tahririyat nuqtai nazarini ifodalamasligi mumkin.