Валюта курси: Ўз.Р.Марказий банки
USD
АҚШ доллари
EUR
Eвро
RUB
Россия рубли
Sayt test rejimida ishlayapti!!!

Сўнгги янгиликлар






Bo‘stonliqda sayohat madaniyatini shakllantirishga yo‘naltirilgan ekoaksiyaga start berildi
7.09.2020 14:34,  
99

5 sentyabr kuni Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanida sayohat madaniyatini rivojlantirishga yo‘naltirilgan ekologik aksiyaga start berildi. Aksiyadan maqsad tumandagi dam olish maskanlariga olib boruvchi yo‘llar, o‘rmon xo‘jaliklari hududlari, suv omborlari va atrof-muhitning ifloslanishi oldini olishdir.

Bo‘stonliq tumani hokimligi tashabbusi bilan o‘tkazilayotgan tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi,  Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi hamda O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi vakillari ishtirok etishdi.  

“Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi bilan birga maxsus dastur ishlab chiqilgan. Unga ko‘ra, qo‘shimcha ravishda 11 alohida chiqindi yig‘ish punkti tashkil qilinadi hamda 10 ta yangi mashina bilan ta’minlanadi. Bu Bo‘stonliq tumani hududini chiqindilardan to‘liq tozalash yo‘lida xizmat qiladi. Shu bilan birga, alohida chiqindilarni yig‘ish punkti tashkil qilinmoqda”, - dedi Bo‘stonliq tumani hokimi Jo‘rabek Axmedov. 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Bo‘stonliq tumanida boshqaruvning alohida tartibini joriy etish orqali turizmni jadal rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 6053-farmonida qayd etilishicha, Bo‘stonliq tumanining asosiy qismi dam olish rekreatsion hudud bo‘lishiga qaramasdan, chiqindilarni qayta ishlash, atrof-muhit va tabiiy resurslarni muhofaza qilish holati qoniqarsiz darajaga kelib qolgan.

Ta’kidlash joizki, Bo‘stonliq tumanida turli dam olish maskanlari va dala hovlilari ko‘p bo‘lib, bu yerga tashrif buyuruvchi mehmonlarning aksariyati Toshkent shahri, tuman hududlari va boshqa viloyatlarda istiqomat qiladi.

Ularning ba’zilari atrof-muhit tozaligiga e’tibor qaratishmaydi, chiqindilarni duch kelgan joyga tashlashadi, “Toza hudud” bilan shartnoma tuzishdan qochishadi,  buning natijasida esa diqqatga sazovor joylar hamda ularning atrofidagi manzara yoqimsiz holatga keladi.  Ekologiya, tabiatni muhofaza qilish va chiqindilarni qayta ishlashga doir qonun-qoidalarga har bir inson rioya qilishi lozim. Bu o‘sha insonning o‘zi va atrofdagilarga bo‘lgan hurmatidan dalolat beradi. 

Ma’lum qilinishicha, talablarga rioya qilmagan kishilar Ekoinspeksiya tomonidan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga asosan jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan chiqindilarni belgilanmagan joylarga tashlaganlarga nisbatan jarimalar qo‘llaniladi.  Hozirda aholi va mehmonlar orasida shu yo‘nalishdagi targ‘ibot-tashviqot ishlari olib borilmoqda. Turistik ob’yektlar hududiga chiqindi tashlaydigan urnalar qo‘yilmoqda.

Har bir inson ozodalikka rioya qilishni o‘zidan boshlasa, kelgusida albatta chiqindilar bilan bog‘liq muammolar bartaraf etiladi.   

Shu o‘rinda Bo‘stonliq tumani hokimi Jo‘rabek Axmedov tumanda yashovchi va bu yerga tashrif buyuruvchi mehmonlarga murojaat qildi:  “Qo‘shningiz uyingiz oldiga chiqindi tashlasa, sizga qanday ta’sir qiladi? Albatta, madaniyatsizlik bo‘lib ko‘rinadi. Xuddi shunday, dam olishga kelgan kishilar o‘zlaridan keyin chiqindilarni ko‘chaga yo yo‘l bo‘yida emas, belgilangan joylarga tashlashni o‘rganishsa, bu o‘sha hududning tozaligini saqlash barobarida kishilarda sayohat madaniyatini shakllantirish yo‘lida xizmat qiladi. Shunday ekan, barchadan dam olish madaniyatiga rioya qilishlarini so‘raymiz. Bu atrof muhit tozaligini saqlash bilan birga kelajak avlodga munosib ibrat ham bo‘ladi. Hududga tashrif buyuruvchi sayyohlarning ham bahri dili ochiladi”. 

Bo‘stonliq tumanidagi ekologik aksiya 2020 yilning yakuniga qadar davom ettiriladi.  

Tavsiya etamiz






Tavsiya etamiz

Ҳар доим хабардор бўлинг!

carzone.uz мобил иловаларини кўчириб олинг ва барча янгиликлар сиз билан