Валюта курси: Ўз.Р.Марказий банки
USD
АҚШ доллари
EUR
Eвро
RUB
Россия рубли
Sayt test rejimida ishlayapti!!!

Сўнгги янгиликлар






Boy berilgan parlament
20.01.2020 17:48,  
2261

Islom Karimov O‘zbekistonda muammolarni hal qilish uchun avtoritar tizim doirasida nimalardir qilish kerakligini yaxshi tushunardi. Shuning uchun, yildan yilga avtoritarizm qattiqlashgan sayin, u huquqiy va siyosiy tashabbuslar orqali vaziyatni muvozanatga solishga, ijtimoiy portlashning oldini olishga intilardi. Natijada, Karimov davrida O‘zbekistonda ikki ziddiyatli jarayon kuzatilgan edi: ijtimoiy-siyosiy tafakkurda yakkashaxs avtoritarizmi kuchaygan sayin qonunchilikda parlament va partiyalarni, nodavlat institutlarni “kuchayishi” uchun qadamlar qo‘yilgan edi.

Shunday tashabbuslardan biri bu — qaysi partiya Qonunchilik Palatasida ko‘p o‘rin olsa, Bosh vazir nomzodini o‘sha partiya oldinga surish tashabbusi edi. Bamisoli, bu g‘oya partiyalar o‘rtasidagi raqobatni kuchaytirishi kerak edi. Lekin, bu g‘oya bugun nimaga olib keldi?

Keyingi 15 yil ichida, Bosh Vazir, butun boshli Vazirlar mahkamasining faoliyati O‘zLiDeP partiyasi va fransiyasini qo‘llab-quvvatlashga qaratildi. Oldingi va hozirgi bosh vazirlar O‘zLiDePdan ko‘rsatilgan ekan, ularning partiyaviyligi va nomzodligi ushbu partiya bilan bog‘liq bo‘lar ekan, tabiiy ravishda hukumat ushbu partiyani cheksiz moliyalash va qo‘llab-quvvatlashni yo‘lga qo‘ydi.

2004 yilda “Siyosiy partiyalarni moliyalash to‘g‘risida” qonuni qabul qilindi. Qonunga ko‘ra, partiyalarni davlat va nodavlat tashkilotlar tomonidan cheksiz moliyalash yo‘lga qo‘yildi. Toshkentda O‘zLiDePga sobiq vazirlik binosi taqdim qilindi, viloyatlarda ham eng yaxshi binolar olib berildi. Butun hukumatning resurslari ushbu partiyani rivojlantirishga qaratildi.

Lekin, Qonunchilik palatasidagi joylar soni bor yo‘g‘i 150 ta o‘rin. Demak, O‘zLiDePning katta o‘rin olishini ta’minlash boshqa partiyalarni cheklash hisobiga ham bo‘ldi. Bosh vazir va aksariyat yuqori mulozimlar o‘z kursilarini (aniqrog‘i, yuzlarini) saqlab qolish haqida gap ketar ekan, O‘zbekistonda partiyalar o‘rtasida haqiqiy raqobat bo‘lishi haqida gap ketishi mumkinmi?

O‘zbekiston hukumati – Bosh vazir va Vazirlar Mahkamasining butun resurslari ochiq-oydin O‘zLiDeP tarafida bo‘lar ekan, qolgan partiyalar va ularning nomzodlari hukumat resurslari bilan hokimiyat bosimlariga qarshi mustaqil va raqobatbardosh bo‘lishi mumkinmi? Shu yilgi saylov natijalariga qaralsa, oldingi chaqiriqdagi fraksiyalar ulushi salkam to‘liq saqlab qolindi. Yagona farqi – XDP uchinchi o‘rindan, to‘rtga tushdi. Sababi – O‘zLiDeP tashkil topganda XDP uning asosiy raqibi va tanqidchisi edi.

Endi asosiy masala: Sobiq Bosh vazir Mirziyoyevning manfaatlari, bugungi Prezident Mirziyoyevning manfaatlaridan to‘liq farq qiladi. Bosh Vazir Mirziyoyev Karimovning bosimi va tergovi ostida edi. Bosh vazir o‘z mavqeini saqlab qolish uchun, bugungi tizimdan manfaatdor bo‘lishi tabiiy edi. Lekin, Prezident Mirziyoyevning manfaati esa – O‘zbekiston siyosiy tizimini katta inqirozlarsiz, bo‘hronlarsiz transformatsiya qilish hisoblanadi.

Men yangi parlament deputatlari va senat a’zolarining malakasi bilan, kimlar deputat yoki senator bo‘ldi-yu, qayerlarda ishlagani bilan, ularni qanday qonunchilik va siyosiy loyihalari borligi bilan jiddiy qiziqdim. Aytishim kerak, noiblar, dunyoqarashi, malakasi va siyosiy zehniyatiga ko‘ra, oldingi chaqiriqlardan umuman farq qilmaydi.

Hozirgi saylov tizimi va parlament, nimasi bilan, Prezident Mirziyoyev uchun xavfli? Joriy Parlament, faqat bosh vazir va vazirlar mahkamasi uchun juda qulay. Sababi, bu parlament hukumatni tanqid qilmaydi, unga bosim shakllantirmaydi, hokimiyat tarmoqlarini samarali ishlashi uchun qo‘shimcha siyosiy zo‘riqish muhitini shakllantirmaydi. Ya’ni, Parlament jamiyat uchun legitimlik markazi, jamiyatdagi muammolarni aniqlovchi va hal qiluvchi eng oliy minbar bo‘lmaydi.

Natijada, O‘zbekistonda 27 yil davomida yig‘ilgan kolossal ijtimoiy-siyosiy zo‘riqishlar bosimi yana Prezident gardaniga yuklanadi. Va keyingi yillarda ijtimoiy tanqidlarning, noroziliklarning markaziy ob’yekti yana va faqat Prezident bo‘ladi.

Yangi hokimiyat parlamentarizm va partiyalar borasida yangi dunyoqarashga ega bo‘ladi va yangi o‘yin qoidasini amalga oshiradi, deb o‘ylagan edim. Lekin, hokimiyatda, jamiyatning muammolaridan va noroziliklaridan ko‘ra, mustaqilroq parlamentdan qo‘rquv kuchliroq bo‘layapti. Keyingi yillarda ijtimoiy muammolar va noroziliklar sifat jihasidan yuqori darajada ko‘rinish berganida hokimiyat zudlik bilan nimalardir qilishga harakat qiladi.

Lekin, saylovlar orqali Parlamentga eng malakali va eng mustaqil zehniyatdagi shaxslarni to‘plash imkoniyati boy berildi. Aslida, mustaqil parlamentdan qo‘rqish uchun bugun hech qanday siyosiy asoslar yo‘q edi. Hozirgi O‘zbekiston siyosiy madaniyatida hokimiyatni ashaddiy tanqid qilish zehniyati mutlaq mavjud emas. Eng tanqidiy ruhdagi malakali shaxslarning parlamentga yig‘ilishi esa, Prezident mavqeini zaiflashtirish, vaziyatni chayqash salohiyatiga ega emasdi.

Afsuski, oldin shakllangan qonunchilik va shakllangan siyosiy an’analar, Yangi O‘zbekistonga eski ko‘rinishdagi va tafakkurdagi parlamentni berdi. Bu, tabiiyki, Prezident Mirziyoyev va Yangi O‘zbekiston uchun jiddiy yo‘qotish hisoblanadi.

Tavsiya etamiz






Tavsiya etamiz

Ҳар доим хабардор бўлинг!

carzone.uz мобил иловаларини кўчириб олинг ва барча янгиликлар сиз билан