Валюта курси: Ўз.Р.Марказий банки
USD
АҚШ доллари
EUR
Eвро
RUB
Россия рубли
Sayt test rejimida ishlayapti!!!

Сўнгги янгиликлар






Boysun va Sariosiyo tumanlari “Kichik Shveysariya”ga aylantiriladi – To‘ra Bobolov
13.03.2021 18:43,  
226

Oliy Majlis Senatining o‘n uchinchi yalpi majlisida Surxondaryo viloyati hokimining hududlarni rivojlantirish haqidagi hisoboti eshitildi.

Unda Oliy Majlis Senatining ishchi guruhi tomonidan viloyatni rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlarni kompleks ravishda o‘rganish yakunlari ham batafsil muhokama qilindi.

Hisobotda ta’kidlanganidek, hududni har tomonlama rivojlantirish borasida muayyan ishlar amalga oshirilgan. Xususan, viloyatda 2020 yilda ishlab chiqarilgan yalpi hududiy mahsulot hajmi 24 trln. so‘mni, o‘sish sur’ati 2019 yilga nisbatan 104,4 foizni tashkil etgan. Shu jumladan, 5,5 trln. so‘mlikdan ortiq sanoat mahsulotlari ishlab chiqarilgan, 7,9 trln. so‘mlikdan ziyod xizmatlar ko‘rsatilgan, chakana savdo aylanmasi 12 trln. 352,6 mlrd. so‘mdan iborat bo‘lgan.

Viloyatda pandemiya sharoitida 63,3 mingdan ziyod muhtoj oilaga ijtimoiy yordam ko‘rsatilgan, tadbirkorlik sub’yektlarining 5 mingdan ziyod kredit shartnomalari to‘lovlarning muddati uzaytirilishi natijasida 21,5 mingdan ortiq korxonalar faoliyati qayta tiklanishiga erishilgan.

Investitsiya dasturi doirasida umumiy qiymati 2,5 trln. so‘mga teng bo‘lgan 752 ta loyiha foydalanishga topshirilib, 6,4 mingdan ziyod yangi ish o‘rinlari tashkil etilgan. Xorijiy investitsiya ishtirokidagi 252 ta loyiha bo‘yicha 221,2 mln. AQSh dollari miqdoridagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiya va xorijiy kredit mablag‘lari o‘zlashtirilgan. Viloyatda 245,2 mln. AQSh dollariga teng mahsulotlarning 26 ta davlatga eksporti amalga oshirilgan.

Qolaversa, “Har bir oila – tadbirkor” dasturi doirasida tijorat banklari tomonidan qariyb 17,7 mingta jismoniy va yuridik shaxslarga, xususan, “Temir daftar”ga kiritilgan 1 ming 260 ta oilaga kredit mablag‘lari ajratilgan.

Qishloq xo‘jaligi ekinlarini yetishtirishda 3 ming 820 gektar maydonda suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilish (3 ming 797 gektar tomchilatib, 23 gektar yomg‘irlatib sug‘orish) bo‘yicha ishlar amalga oshirilgan.

Viloyatda bolalarning maktabgacha ta’lim bilan qamrov darajasini oshirish maqsadida davlat-xususiy sheriklik asosida 43 ta maktabgacha ta’lim tashkilotini tashkil etish uchun imtiyozli kredit ajratilgan.

Hududda bugungi kungacha 29 ming nafarga yaqin xotin-qizlar 9 toifaga ajratilgan holda, “Ayollar daftari” elektron bazasiga kiritilib, ularning muammolarini hal etish bo‘yicha “yo‘l xaritalari” ishlab chiqilgan.

Viloyatda 37 ming nafardan ortiq yoshlarga 16 ming 320 gektar yer maydoni ajratib berilishi nazarda tutilgan bo‘lib, bugungi kungacha 870 nafardan ortiq yoshlarga jami 507 gektar yer maydoni ajratib berilgan.

Yana bir jihat. Bugungi kunda viloyatda 560 dan ortiq madaniy meros yodgorliklari mavjud bo‘lib, turizm sohasini rivojlantirish borasidagi ishlar natijasida 2019 yilda tashrif buyurgan xorijiy turistlar soni 2018 yilga nisbatan 4 barobarga oshgan.

Kelgusida Boysun va Sariosiyo tumanlarida kichik turizm zonalarini barpo etish orqali hududni “Kichik Shveysariya”ga, Termiz tumanidagi “al-Hakim at-Termiziy” majmuasi atrofini “O‘rta asrlar shaharchasi”ga aylantirish, Termiz shahridagi “Baxt” bog‘i hududida “Yapon bog‘i” va “Kato Kyudzo” memorial muzeyini barpo etish nazarda tutilgan.

Shu bilan birga, majlisda  viloyatni rivojlantirish borasida o‘z yechimini kutib turgan ayrim muammo va kamchiliklar borligi ham qayd etildi.

Jumladan, 2020 yil yakuniga ko‘ra, hududlar ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish darajasini baholashning dastlabki reyting ko‘rsatkichlari bo‘yicha Qiziriq va Uzun tumanlari “sariq hudud”dan “qizil hudud”ga o‘tgan.

Muzrabot tumani “Obihayot” mahallasidagi 27 ta ko‘p kvartirali uy-joyni ta’mirlash uchun mahalliy byudjetdan zarur mablag‘ ajratilmaganligi bois ushbu uylar o‘ta ta’mirtalab ahvolga kelib qolgan.

Denov hamda Sariosiyo tumanlaridagi “Muruvvat uylari”da yashayotgan nogironlarga tibbiy xizmat ko‘rsatish sifatini yaxshilash maqsadida ushbu muassasalarni fizioterapiya apparatlari bilan ta’minlash lozim.

Xalqaro ahamiyatdagi M-41 “Bishkek-Dushanbe-Termiz” avtomobil yo‘lining 1444-1622 km. qismlarini rekonstruksiya qilish bo‘yicha tegishli chora-tadbirlar ijrosi ta’minlanmagan.

Bundan tashqari, viloyatda 2020 yil davomida jami 3,1 mingdan ortiq jinoyat sodir etilgan bo‘lib, ushbu ko‘rsatkich 2019 yilga nisbatan qariyb 40 foizga oshgan. Xususan, o‘ta og‘ir va og‘ir turdagi jinoyatlar soni 72-77 foizga ko‘paygan.

Majlisda viloyatni o‘rganish yakunlari xalq deputatlari viloyat Kengashining 2021 yil 20 fevraldagi sessiyasida tanqidiy muhokama etilganligi, unda mutasaddi rahbarlarning axborotlari eshitilib, kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan viloyat hokimining tegishli o‘rinbosarlari hamda 6 nafar viloyat tashkiloti rahbarlariga nisbatan tegishli choralar ko‘rilganligi ta’kidlandi.  

Shuningdek, viloyat darajasidagi muammolarni hal etish bo‘yicha 45 banddan iborat “Yo‘l xaritasi” tasdiqlanib, unda belgilangan har bir chora-tadbir ijrosi ustidan deputatlik nazorati yo‘lga qo‘yilganligi, viloyat Kengashi sessiyasida mutasaddi idora va tashkilotlar rahbarlarining har chorakda hisobot berib borishi belgilanganligi qayd etildi.

Bundan tashqari, senatorlar tomonidan mavjud muammolarni hal etish masalalari batafsil muhokama qilindi. O‘rganish davomida aniqlangan respublika darajasidagi muammoli masalalar yuzasidan mutasaddi vazirlik va idoralar rahbarlarining axborotlari eshitildi.

 Majlis yakuniga ko‘ra, viloyatda o‘z yechimini kutib turgan respublika darajasidagi muammolarni bartaraf etish bo‘yicha Oliy Majlis Senatining tegishli qarori qabul qilindi va ijrosi ustidan senatorlik  nazoratini yo‘lga qo‘yish belgilandi.

Tavsiya etamiz






Tavsiya etamiz

Ҳар доим хабардор бўлинг!

carzone.uz мобил иловаларини кўчириб олинг ва барча янгиликлар сиз билан