Валюта курси: Ўз.Р.Марказий банки
USD
АҚШ доллари
EUR
Eвро
RUB
Россия рубли
Sayt test rejimida ishlayapti!!!

Сўнгги янгиликлар






Butun dunyo bo‘ylab kuzatilayotgan namoyishlarni nima umumlashtirib turadi?
22.10.2019 14:45,  
452

So‘nggi haftalarda Livandan Ispaniya, undan Chiliga qadar bo‘lgan mamlakatlarni ommaviy namoyishlar qamrab oldi. Ularning maqsadi, tabiati turfa – sabablari bir-biridan farq qilsa-da, o‘zaro bog‘lab turuvchi ba’zi umumiy mavzular ham bor.

O‘rtada minglab kilometr masofa bo‘lishiga qaramay ko‘plab mamlakatlardagi namoyishlar o‘xshash sabablardan kelib chiqib, hatto ba’zida keyingi namoyishdagilar oldingisidan ruhlangan, uning yutuqlaridan foydalangan holatlar ham bo‘lyapti.

Xo‘sh, norozilik bildirish uchun ko‘chaga chiqayotganlarni nima bog‘lab turibdi?

Tengsizlik

Namoyishda qatnashayotganlarning aksariyati o‘zini o‘z mamlakati boyliklaridan mahrum bo‘lgan deb his etadi. Shuning uchun ko‘p hollarda asosiy mahsulotlar va xizmatlar narxining oshishi sabr kosasini to‘ldirgan so‘nggi tomchi bo‘ladi.

Ekvadorda yoqilg‘i narxi oshganiga qarshi namoyishlar hukumatning yon berishi bilan tugadi

Oktyabr oyida Ekvador hukumati davlat xarajatlarinin kamaytirish uchun Xalqaro Valyuta Fondi (IMF) tavsiyasiga binoan o‘n yillar davomida amal qilib kelgan yoqilg‘iga davlat subsidiyasini (narxni past qilib ushlab turish uchun moliyaviy qo‘llab-quvvatlovni) bekor qilgach, mamlakatda namoyishlar boshlanib ketdi. Bu o‘zgarish benzin narxi keskin oshishiga olib keldi. Ko‘pchilik aholiga ko‘ra, ular bunday qimmat narxda to‘lov qila olmaydi. Joylardagi mahalliy guruhlar buning natijasida jamoat transporti va oziq-ovqat narxlari oshishi, oqibatda qishloqlarga katta zarar yetishidan xavotirga tushdi.

Namoyishchilar katta yo‘llarni yopib qo‘ydi, parlamentga hujum qildi va xavfsizlik kuchlari bilan to‘qnashuvlarga kirdi. Ular yoqilg‘iga subsidiyani qaytarishni talab qilib turib oldi. Bir necha kunlik ommaviy namoyishlardan so‘ng hukukmat ortga chekindi va namoyishlar ham to‘xtadi.

Chilida ham Ekvadorga o‘xshab transport haqqi oshirilishi namoyishlarni keltirib chiqardi

Chilida ham transport narxlarining oshishi namoyishlarni avj oldirdi. Hukumat energiya narxi yuqoriligi va valyuta qadrsizligi ortidan shu chorani qo‘llaganini aytdi, ammo namoyishchilarga ko‘ra bu shundayiga ham kambag‘al bo‘lgan aholi qatlamlarini qiyin ahvolga solib qo‘ydi.

O‘tgan juma oqshomida namoyishchilar xavfsizlik kuchlari bilan to‘qnashar ekan, ayni o‘sha vaqtda prezident Sebastyan Pinera qimmat italyan restoranida ovqatlangani tasvirlangan suratlar tarqaldi. Ba’zilar buni “Chili siyosiy elitasi va ko‘chadagi xalq o‘rtasidagi yaqqol farq”, deya izohladi.

Namoyishlar xavfsizlik kuchlari bilan to‘qnushuvlarga olib kelgan, odamlar o‘limiga sabab bo‘lgan

Chili Lotin Amerikasidagi boy mamlakatlardan biri bo‘lishiga qaramay aholi qatlamlari orasida ijtimoiy notenglik kuchli – Iqtisodiy Hamkorlik va Taraqqiyot Tashkilotiga (OECD) a’zo 36 davlat ichida Chili daromadlar tengligi bo‘yicha eng yomon ko‘rsatkichga ega.

Hukumat Ekvadordagi kabi namoyishlarni to‘xtatish uchun ortga chekinish va narxlarni oshirmaslikka qaror qildi. Ammo namoyishlar davom etib, kengayib boraverdi.

“Bu shunchaki metro haqi oshganiga qarshi namoyish emas. Bu yillar davomida kambag‘allashib kelgan aholiga o‘tkazilgan bosimga qarshi norozilik”, dedi bir talaba Reyters axborot agentligi bilan suhbatda.

Livandagi namoyishlar WhatsApp'ga soliq solinishidan boshlandi

Livanda WhatsApp aloqa dasturidan foydalanganlik uchun soliq solinishiga qarshi boshlangan o‘xshash namoyishlar iqtisodiy muammolar, tengsizlik va korrupsiyaga qarshi keng ko‘lamdagi noroziliklarga aylanib ketdi.

Qarzdorlik darajasi ko‘tarilgani sayin hukumat xalqaro donorlarning asosiy yordam dasturini olish uchun iqtisodiy islohotlarni o‘tkazishga urinmoqda. Biroq ko‘plab oddiy odamlar mamlakatning iqtisodiy siyosati ularning hayotiga zarar yetkazayotgani va hukumatning noto‘g‘ri boshqaruvi hayotlarini qiyinlashtirayotganini aytmoqda.

“Bi bu yerga faqat WhatsApp emas, hamma narsa – yoqilg‘i, oziq-ovqat, non, hamma narsa uchun keldik”, deydi Bayrut ko‘chalaridagi Abdulloh.

Korrupsiya

Bu namoyishlarning aksarida hukumatlar korrupsiyaga botgani haqidagi ayblovlar yangrayapti, ayni omil tengsizlikni keltirib chiqargani aytilyapti.

Bayrut ko‘chalarini to‘ldirgan namoyishchilar hukumatdagi korrupsiya haqida ham gapira boshladi

Livanda namoyishchilar oddiy xalq iqtisodiy inqirozdan aziyat chekar ekan, davlat rahbarlari o‘z mavqelaridan foydalanib samarali shartnomalar vositasida yanada boyib borayotganiga urg‘u beradi.

“Men bu yerda juda ko‘p narsalarni ko‘rganman. Ammo Livandagi hozirgi korrupsiyalashgan hukumatga o‘xshashini hech qachon ko‘rmaganman”, deydi 50 yoshli namoyishchi Rabab.

Hukumat dushanba kuni namoyishlarni to‘xtatish uchun siyosatchilarning maoshi kamaytirilishi ham ko‘zda tutilgan bir qator islohotlar dasturini tasdiqladi.

Iroqdagi namoyishchilar xavfsizlik kuchlari tomonidan o‘qqa tutilish natijasida yuzdan ortiq inson halok bo‘lgan, oxir-oqibatda hukumat norozilarning talablarini qabul qilgan edi

Yaqinda Iroqda bo‘lib o‘tgan namoyishlarda ham siyosiy tizimni ag‘darish talablari yangragan edi. Norozilikning asosiy sabablaridan biri hukumat tizimidagi tayinlovlarda shaxsning layoqati emas, uning qaysi mazhab (sunniy yoki shia) yoki etnik guruh (arab, kurd) vakili ekanligiga qaralishi bo‘lgan.

Namoyishchilar ayni shu holat rahbarlarga mamlakat byudjetidan o‘zlari va yaqinlarining shaxsiy manfaatlari uchun foydalanishga yo‘l ochib bergani, qolgan fuqarolarga esa juda kam narsa qolganini aytib norozi bo‘ldi.

Misrda ham o‘tgan sentyabr oyida hukumat korrupsiyasiga qarshi keng ko‘lamli namoyishlar yuz berdi. Misrlik biznesmen, hozirda Ispaniyada quvg‘inda yashayotgan Muhammad Ali prezident Abdulfattoh Sisiy va harbiylarni korrupsiyada ayblab, xalqni qo‘zg‘alishga chaqirgani ortidan millionlab namoyishchilar ko‘chalarni to‘ldirdi.

Siyosiy erkinlik

Ba’zi mamlakatlardagi namoyishlar siyosiy tizim va uning bosimlariga qarshi sodir bo‘ldi.

Hongkongdagi namoyishchilar yangicha usullarni qo‘llagani bilan butun dunyoni hayratga soldi

Masalan, Hongkongda yoz oylaridan buyon davom etayotgan namoyishlardagi asosiy talab “jinoyatda ayblangan kishilarning Xitoyga topshirilishiga ruxsat beruvchi qonun loyihasini bekor qilish” bo‘ldi. Hongkong aslida Xitoyning bir qismi bo‘lsa ham uning aholisi Pekinning qattiq nazoratidan xoli maxsus erkinliklardan foydalanadi.

Chili va Livandagi namoyishlardan keyin bo‘lganidek Hongkongda ham ziddiyatlarga sabab bo‘lgan qonun loyihasi qaytarib olindi, biroq namoyishchilar harakati to‘xtamadi. Endi namoyishchilar to‘liq saylov huquqi berilishi, yozdan buyon davom etayotgan namoyishlardagi politsiyaning shafqatsiz xatti-harakatlari tekshirilishi va hibsga olingan safdoshlarini ozod qilish haqidagi talablarni ilgari surmoqda.

Ular qo‘llagan usullar dunyo bo‘ylab barcha siyosiy faollarni ilhomlantirdi. Kataloniya mustaqilligini talab qilib chiqqan siyosiy yetakchilar hibsga olinishiga javoban Barselonada yuz minglab kishilar ko‘cha yurishlariga chiqdi. Kataloniya siyosiy yetakchilari 2017 yilda Ispaniya sudi taqiqlagan referendumni o‘tkazish va uning ortidan tan olinmagan mustaqillikni e’lon qilish harakatlari uchun 14 oktyabr kuni qamoqqa hukm qilingandi.

Oktyabr oyining o‘rtasiga kelib Barselona ko‘chalari namoyishchilar bilan to‘ldi

Hukm e’lon qilinishidan ko‘p o‘tmay Barselona aholisiga ommabop xabar almashish dasturi orqali shifrlangan xat kela boshladi: bu xatda odamlar Hongkongdagi namoyishchilar kabi usullarni qo‘llab Barselonadagi El-Prat aeroporti oldida to‘planishga da’vat qilingan edi.

Mahalliy nashrlar xabariga ko‘ra, odamlar aeroportga qarab yurarkan, yo‘l-yo‘lakay bir guruh yoshlar: “Biz bu yerni Hongkongga aylantirish uchun ketyapmiz”, deya qichqirgan.

Kataloniyaliklar hongkonglik namoyishchilar qo‘llagan usullardan foydalangan

Kataloniyadagi namoyishchilar bir-birlariga xuddi Hongkongda bo‘lganidek politsiya tomonidan sepiladigan suv va ko‘zdan yosh oqizadigan gazga qarshi himoyalanish usullari tushuntirilgan rasmli qo‘llanmalarni tarqatgan. “Endi odamlar ko‘chada bo‘lishi shart. Barcha qo‘zg‘olonlar shu yerdan boshlanadi. Mana, Hongkongga qarang”, degan bir namoyishchi AFP axborot agentligiga.

Iqlim o‘zgarishlari

Oxirgi kunlarda biz eshitgan bir qator namoyishlar atrof-muhit himoyasi va iqlim o‘zgarishlariga qarshilikni ifoda qilgan. “So‘ndirish isyoni” (Extinction Rebellion) harakati vakillari dunyoning turli shaharlarida “hukumatlar kerakli amallarga qo‘l urishi” uchun namoyishlar o‘tkazmoqda.

Londonda iqlim o‘zgarishiga qarshi namoyish

Bu turdagi namoyishlar AQSh, Buyuk Britaniya, Germaniya, Ispaniya, Avstriya, Fransiya va Yangi Zelandiyada bo‘lib o‘tyapti. Norozilik harakatida qatnashayotganlar zanjir shaklida bo‘lib yo‘llar va mashinalar ustiga yotib olyapti, shaharlarning zich markazlarini atrofdagi tumanlardan uzib qo‘yishga harakat qilyapti.

“Bizda isyon qilishdan o‘zga chora yo‘q. Modomiki, hukumatimiz iqlim va ekologiya borasida tezkor amallarga qo‘l urmas ekan, o‘zimizni saqlab qolish uchun shunday davom etaveramiz”, degan avstraliyalik faol Jeyn Morton.

Yoki boshqa bir misol shvetsiyalik o‘quvchi qiz, 16 yoshli faol Greta Tunberg. Bu qiz boshlagan global iqlim o‘zgarishlariga qarshi harakatga oxirgi oyda millionlab kishilar qo‘shildi, Tinch okeanidagi orollardan tortib, Melburn, Mumbay, Berlin va Nyu-York kabi yirik shaharlarda ham namoyishlar bo‘lib o‘tdi.

Tavsiya etamiz






Tavsiya etamiz

Ҳар доим хабардор бўлинг!

carzone.uz мобил иловаларини кўчириб олинг ва барча янгиликлар сиз билан