Butun O‘zbekiston bo‘ylab elektr uzilishlari ro‘y berishi mumkin

Butun O‘zbekiston bo‘ylab elektr uzilishlari ro‘y berishi mumkin

Bugun, 8 noyabr kuni kunduzgi vaqt 15:42 dan O‘zbekiston Respublikasi elektr energiyasi tizimida kunlik o‘rtacha me’yorning qariyb 10 foizga tushish holati kuzatilgan. Bu mamlakatimizning ayrim hududlarida elektr ta’minotida cheklovlar paydo bo‘lganidan darak beradi, deb xabar berdi «O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati.

«Tallimarjon issiqlik elektr stansiyasi» korxonasining 2-blogida filtr nosozligi tufayli generatsiya jarayoni favqulotda ta’mirlash ishlari uchun to‘xtatilgani yuqoridagi xolatga sababchi bo‘lgan. Ushbu ma’lumotni «Issiqlik elektr stansiyalari» AJning axborot xizmati ham tasdiqladi va Energetika vazirligi tizimidagi barcha axborot xizmatlariga ma’lum qildi.

Ayni paytda «Tallimarjon issiqlik elektr stansiyasi»da ta’mirlash ishlari olib borilmoqda. Mazkur generatsiya jarayoniga mas’ul shaxslarning bildirishicha, bugun elektr energiya tizimiga me’yoriy quvvatni yetkazib berish taxminan kechki soat 24:00 dan so‘ng tiklanadi.

Eslatilishicha, elektr energiyasi «Issiqlik elektr stansiyalari» AJ tasarrufidagi issiqlik elektr hamda gidroelektr stansiyalar ishlab chiqarilib, «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» AJ tasarrufidagi yuqori kuchlanishli magistral tarmoqlar orqali «Hududiy elektr tarmoqlari» AJ tizimidagi podstansiyalarga yetkazib beriladi.

Iste’molga yaroqli kuchlanishga aylantirilgan elektr energiyasi «Hududiy elektr tarmoqlari» AJ tasarrufidagi hududiy tashkilotlar orqali jismoniy va yuridik shaxslarga yetkazib beriladi. Elektr energiyani yetkazib berish murakkab texnik-muhandislik jarayon bo‘lib, unda turli nosozlik va favqulotda avariyalar sodir bo‘lishi mumkin. Ayrim holatlarda elektr energiyasi tizimida yaxlitlikni saqlab qolish maqsadida, ya’ni yirik avariya va nosozliklarni oldini olish uchun dispecherlik markazidan elektr ta’minoti vaqtincha to‘xtatilib turilishi, nosozliklar bartaraf etilgach, ta’minot qayta ulanishi mumkin.

«Tallimarjon issiqlik elektr stansiyasi»da yuzaga kelgan favqulotdagi holat uchun iste’molchilardan uzr so‘ralgan.