Валюта курси: Ўз.Р.Марказий банки
USD
АҚШ доллари
EUR
Eвро
RUB
Россия рубли
Sayt test rejimida ishlayapti!!!

Сўнгги янгиликлар






Byurokratiya hidi ufurib turgan tartib (hech kimga kerak bo‘lmaydigan bir dunyo qog‘oz)
29.06.2020 17:09,  
497

Hukumat qarori (402-son, 23.06.2020 y.) bilan Oliy ta’lim muassasalariga qo‘shimcha davlat granti asosidagi qabul ko‘rsatkichlari doirasida xotin-qizlarga tanlovda ishtirok etish uchun tavsiyanoma berish va ularni o‘qishga qabul qilishni tashkil etish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlangan edi.

Shuningdek, ushbu nizom bilan tavsiyanoma olish tartibi belgilandi.

Xotin-qizlar uchun qo‘shimcha grant asosida OTMga kirish tartibi belgilandi

Huquqshunos Xushnudbek Xudoyberdiyev xotin-qizlarga tavsiyanoma berishdagi bir qator byurokratik tartiblarni tanqid qildi:

"Kecha xotin-qizlarga ajratilgan davlat granti uchun qo‘shimcha 940ta o‘ringa da’vogarlik qilish huquqini beradigan tavsiyanoma olish tartibi haqida ma’lumot berib o‘tgandim. Ushbu ma’lumotlarni Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligining boshqarma boshlig‘ining AOKAdagi brifingda aytgan so‘zlaridan tayyorlaganman.

Kechagi postga 250 ga yaqin izoh qoldirildi va aksariyat insonlar tartibdan norozi. Ularning shikoyatida esa jon bor.

Sababi xotin-qizlarga tavsiyanoma berish tartibini ko‘rib, ko‘z oldimga hech kimga kerak bo‘lmaydigan bir dunyo qog‘oz, tonnalab ma’lumotnomalar, turli eshiklar tagida sarg‘ayib turgan ayollar keldi.

Ayollarga ajratilgan qo‘shimcha davlat granti hududlarga taqsimlandi

Jumladan, tartib bo‘yicha bir qancha savollarim bor.

Birinchidan, hujjatlar 10 iyulgacha qabul qilinadi deyilgan. Lekin nomzodlarning hujjatlarini tumanlar 8 iyulgacha viloyatga, viloyatlar esa 10 iyulgacha vazirlikka berishi kerak ekan. Iya, unaqada 8-9-10 iyul kunlari tumanga hujjat topshirgan xotin-qizlar taqdiri nima bo‘ladi? Nega muddatlarda bunaqa betartiblikka yo‘l qo‘yilgan?

Ikkinchidan, ijtimoiy himoyaga muhtoj xotin-qizlardan ma’lumotnoma, ob’yektivka nega kerak? Nima ular biror davlat tashkilotiga ishga kirayotganmidiki (qonun bo‘yicha aslida ishga kirishda ham ob’yektivka so‘rash mumkin emas), ob’yektivka so‘ralyapti? Chekka qishloqdagi sodda opa-singillarimiz ob’yektivkani, uni to‘ldirish tartibini qayoqdan bilsin? Va uni to‘ldirish uchun sharoit (kompyuter, printer, elektr) bor deysizmi? Xo‘p, imkon bor ham deylik, o‘zi bunaqa ortiqcha hujjatdan kimga nima foyda?

Uchinchidan, nima uchun xotin-qizlardan maktab, litsey yoki kollejdan ma’lumotnoma talab qilinyapti? Diplomini ko‘rsatsa yoki nusxa bersa yetmaydimi? Maktab yoki kollejni 10-15 yillar oldin tugatgan opalarimiz ham tavsiyanoma olaman desa, endi arxivma-arxiv sarson bo‘lishi kerakmi? Yoki yaqindagina kollejni tugatgan bo‘lsayu, lekin u kollej yopilib ketgan bo‘lsachi, unda nima qiladi? Axir yurtimiz bo‘ylab ozmuncha kollejlar yopilmadimi?

Yoki eng asosiysi hozir yoz oyi bo‘lsa, hamma ta’tilga chiqib ketgan, ma’lumotnoma olish uchun maktab yoki kollej ma’muriyatini qayerdan topib kelishadi?

U ma’lumotnoma mazmuni qanday bo‘ladi? Nega bu haqda biror joyda batafsil ma’lumot e’lon qilinmadi?

To‘rtinchidan, hozir karantin davri, juda ko‘p tuman/shaharlar qizil hududda. Bundan tashqari qog‘oz koronavirus infeksiyasini tashuvchi eng katta vositalardan biri ekanligi aytilayotgan bir paytda, nima uchun bir dunyo keraksiz hujjatlar talab qilinyapti? Axir bu salomatlik uchun ham xavfliku.

Nega tanlov sifatida imkoniyati borlarga onlayn ariza berish usuli yaratilmadi?

Buning uchun yuz millionlab mablag‘ sarflab, yangi sayt qilish shartmas, oddiy Google Forms orqali ham masalani tekin hal qilsa bo‘ladi. Faqat buning uchun ozgina zamonaviy fikrlash kerak, SSSRdan qolib ketgan ob’yektivkayu, byurokratiyani bir daqiqa unutib turish lozim.

Xullas, savollar bisyor. Javob esa hozircha yo‘q. Men hali bu tizimning korrupsion jihatlari haqida lom-mim demayapman. Tavsiyanoma berish uchun birorta asos yo‘q bo‘lgan minglab shaxslar ham tavsiyanoma olishi ehtimoli katta. Mayli, bunga bari bir chek qo‘ya olmaydi, bu jamiyatimizning qon-qoniga singib ketgan «qadriyat».

Lekin hech bo‘lmasa tavsiyanoma berish tartibini sal tartibga keltirishsa yaxshi bo‘lardi".

Tavsiya etamiz






Tavsiya etamiz

Ҳар доим хабардор бўлинг!

carzone.uz мобил иловаларини кўчириб олинг ва барча янгиликлар сиз билан