Валюта курси: Ўз.Р.Марказий банки
USD
АҚШ доллари
EUR
Eвро
RUB
Россия рубли
Sayt test rejimida ishlayapti!!!

Сўнгги янгиликлар






Tsenzuraga «lazeyka» bo‘lishi mumkin bo‘lgan qonun loyihasi muhokamaga qo‘yildi
14.03.2020 11:59,  
849

O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan, yolg‘on ma’lumot tarqatganlik uchun ma’muriy javobgarlik nazarda tutiladigan loyiha muhokama uchun qo‘yildi.

Qonun loyihasida shunday deyiladi:

“Ommaviy axborot vositalarida, axborot va telekommunikatsiya tarmoqlarida shuningdek, Internet jahon axborot tarmog‘idan foydalanib fuqarolarning hayoti va (yoki) sog‘lig‘iga, mulkka xavf tug‘diruvchi, jamoat tartibini ommaviy buzishga va (yoki) jamoat xavfsizligiga tahdid soluvchi, davlat organlarining, fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlarining, mulkchilik shaklidan qat’iy nazar korxona, muassasa va tashkilotlarning normal faoliyat yuritishiga xalaqit beruvchi ishonchli xabarlar niqobi ostida ijtimoiy ahamiyatga ega haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan ma’lumotlarni bila turib tarqatish, —

ma’muriy huquqbuzarlik predmeti hisoblangan vositalarni musodara qilib, fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining yigirma baravaridan qirq baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa qirq baravaridan oltmish baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi”.

Ushbu qonun loyihasi keng jamoatchilik, jurnalist va blogerlar tomonidan juda salbiy qarshi olindi. Xususan, davletovuz blogining muallifi “Tuhmat va haqoratni jinoyat qonunchiligidan chiqarish uchun harakatlar ketayotgan bir paytda Sog‘liqni saqlash vazirligi yolg‘on xabar tarqatganlik uchun jarima joriy qilmoqchi“ ekanligini “burgaga jahl qilib ko‘rpani yoqish“ deb atagan.

“Oddiy xato qilish huquqidan mosuvo qilish, degani bu. Xabar, ma’lumotni yashirganlik uchun ham javobgarlikni joriy qilish kerak“, — deydi bloger.

Jurnalist va yurist Bahodir Ahmedovning yozishicha, bu tushunarsiz loyiha OAV va blogerlarning ovozini o‘chirish uchun xizmat qilishi mumkin.

“Mana shunday mavhum normalar kiritilaversa, senzuraga “lazeyka“ vazifasini bajarmaydimi? Shu o‘rinda bitta savol tug‘iladi:

Loyihadagi "normal faoliyat yuritishiga xalaqit beruvchi ishonchli xabarlar niqobi ostida ijtimoiy ahamiyatga ega haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan ma’lumotlar" — nima?

Loyihaning yuqoridagi qismida bir jumla asosiy joyi — “bila turib tarqatish“. Agar noto‘g‘ri ma’lumot ekanini bilmay turib tarqatsangiz, sizga taalluqli emas. Lekin buni isbotlab berish muammo. Agar sizga bir odam “falonchi menga tazyiq qildi“ desa, siz uni gapini jamoatchilikka yetkazsangiz, buni yolg‘on yoki haqiqat ekanini siz qayerdan bilasiz? Odatda hokimlarning so‘kingan audiolari tez-tez chiqib turadi (sobiq Mirishkor tuman hokimidek), bu holatda haqiqatda audiodagi ovoz hokimnikimi yoki boshqaga tegishlimi, buni qanday aniqlaysiz.

OAVga taalluqli qonun hujjatlari o‘zi shundoq ham 10-20 oldingi qonunlar bo‘lib, ularni optimallashtirish lozim bo‘lgan paytda bu kam-ko‘sti ko‘p, savollar tug‘diradigan loyihani qo‘yilishi men uchun yaxshi shamollar kelmayotganidan darak bermoqda“ — deydi Bahodir Ahmedov.

Shuningdek, jurnalist AOKA va Mass-media bunday vaziyatda qayerga qarayotganiga ham shama qilgan.

Telegramdagi «Yangi Fayzbog‘» kanali muallifi Temur Malik esa bu qonun yakunda davlat amaldorlarining bloger va jurnalistlarga qarshi asosiy richagi bo‘lib xizmat qilishidan xavotirda.

“Bizda istalgan tanqidiy/tahliliy ruhdagi maqoladan “yolg‘on va asossiz“ ma’lumot topish mumkin. Bu qonun yakunda davlat amaldorlarining bloger va jurnalistlarga qarshi asosiy richag bo‘lib xizmat qilishi mumkin. Bu esa, o‘z navbatida, shusiz ham oxirgi paytlarda juda ehtiyotkorlik bilan fikr bildirayotgan ijtimoiy faol fuqarolarning (o‘zimdan misol) yanada ehtiyotkorroq bo‘lishga undaydi. Ularning vazifasini yanada murakkablashtiradi.

Masalan, biz ko‘p guvoh bo‘lganimiz — jurnalistning biron bir murojaatchining shikoyati izidan amaldorlarga qarshi material tayyorlashi juda ham qiyinlashib ketadi. Chunki O‘zbekistonda OAV vakillari uchun davlat ishlaridan asosli ma’lumot yig‘ish juda qiyin ekanligini barchamiz bilamiz. Men shu kungacha biron bir davlat tashkiloti yoki mansabdor shaxs jurnalistlarga o‘ziga qarshi xizmat qilishi mumkin bo‘ladigan ma’lumotlarni ochiqlashini yoki o‘ziga qarshi qo‘yilgan ayblovlarni tan olishini ko‘rmaganman. Shunday ekan, bu qonun kuchga kirsa, istalgan odam jurnalistning materialini “asossiz“ va “bo‘hton“ deb baholashi, keyinchalik jurnalistga katta jarima solishi va shu yo‘l orqali bosim uyushtirib, surishtiruv ishlarini to‘xtatib qo‘yishi mumkin bo‘ladi.

Bizda barcha tizimlar mukammal ishlaganida edi, bu qonun loyihasiga hech kim e’tibor ham qaratmasdi, menimcha. Lekin, ming afsuski, bizda qachonki gap yuqori lavozim egalariga tegsa, prokuratura, sud vakillarining kuchi haminqadar bo‘lib qolishini ko‘rib turibmiz“, — deydi bloger.

Shuningdek, yana bir faol bloger Nozim Safari esa bu qonun o‘n yillar davomida yolg‘on statistik ma’lumotlar tarqatgan davlat tashkilotlariga ham taalluqli bo‘ladimi, deya so‘ramoqda.

“Yolg‘on ma’lumot tarqatilgani uchun SSV jarima joriy qilishni taklif qilib chiqibdi. Qiziq, o‘n yillar davomida yolg‘on statistik ma’lumotlar tarqatgan davlat tashkilotlariga ham taalluqli bo‘ladimi bu? Ularning eski ma’lumotlari internet tarmoqlarida saqlanib qolgan. Birma bir ko‘tarib qaralsa, shunday chiroyli, bejirim va yolg‘on raqamlar...

Va bunday ma’lumotlar hozir ham berilmayotganiga ishonchim to‘liq komil emas. Endi-chi? Davlat tashkilotlari yolg‘on xabar tarqatsa javobgar bo‘ladimi?" deb o‘z so‘zlarini yakunlaydi bloger.

Musannif Adham taxallusi bilan faoliyat olib boruvchi yana bir bloger esa, Sog‘liqni saqlash vazirligidagi mas’ullar bu vaziyatda o‘zi nima qilishi kerakligini so‘ragan.

"Sog‘liqni saqlash vazirligi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksga qo‘shimcha kiritib, “fuqarolarning hayoti va sog‘lig‘iga xavf tug‘diradigan, haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan ma’lumotlarni“ tarqatishga qarshi jarima qo‘llash taklifi bilan chiqibdi. Vazirlik da’vosiga ko‘ra “koronavirus haqidagi asossiz xabarlar sog‘liqni saqlash tizimiga nisbatan ishonchsizlik keltirib chiqarayotgan“ ekan.

Sog‘liqni saqlash vazirligidagi mas’ullar bu vaziyatda o‘zi nima qilishi kerak edi-yu, amalda nima qilyapti? Bunday “aqlli tashabbus“lardan keyin vazirlikka ishonch qoladimi?

Bolalikda ko‘rganimiz bir multfilmda yaxshi bir gap bor edi: “Eh, seni qara-yu, alvasti, hurmatli bo‘lish uchun qo‘rqitish emas, hurmatga loyiq bo‘lish kerak, bildingmi?“- deydi bloger.

Umid qilamizki, qonun loyihasining O‘zbekiston fuqarolarni konstitutsiyaviy huquqlariga daxl qilishi bo‘yicha Konstitutsiyaviy sud, Adliya vazirligi va AOKA tegishli bayonot beradi.

Tavsiya etamiz






Tavsiya etamiz

Ҳар доим хабардор бўлинг!

carzone.uz мобил иловаларини кўчириб олинг ва барча янгиликлар сиз билан