"Bugun Chilonzor tumanida O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari polkovnik Yaxyojon Abdulxakov, Toshkent shahar prokurori Ulug‘bek Qosimov va uning o‘rinbosari Ikrom Narimov hamda boshqa mutasaddilar ishtirokida Qizil Sharq mavzesidagi "Shovotlandiya" kafesiga o‘t qo‘yish bilan bog‘liq jinoyatning muhokamasi bo‘lib o‘tdi. Birlamchi ma’lumotga ko‘ra mazkur kafeda ishlagan va yashagan besh nafar insonning hayotiga zomin bo‘lgan yong‘in joriy yilning 26 fevraldan 27 fevralga o‘tar kechasi sodir bo‘lgan. Tadbirda ishtirok etgan huquqni muhofaza qiluvchi organlar vakillari umumiy ovqatlanish joylari rahbarlariga murojaat qilib, o‘z ishchilarini ijtimoiy himoya qilinishiga mas’ul ekanliklarini, xodimlar noturar binolarda yashamasliklari uchun yashash joyi bilan ta’minlashlarini, xodimlarni ishga yollashda ularni to‘liq tekshirishlarini so‘rashdi. ishchilar bilan profilaktik suhbatlar o‘tkazishlarini, ularning muammolarini aniqlab, bartaraf etish choralarini ko‘rish lozimligini ta’kidlashdi. Shuningdek muhokamada ishtirok etgan mahalla vakillariga yuzlangan ichki ishlar organlari va prokuratura vakillari, o‘z hududlarida notanish va shubhali shaxslarni ko‘rganida yanada e’tiborli bo‘lishga da’vat etishdi", deya xabar bermoqda Toshkent shahar IIBB.