Chinozda sodir bo‘lgan mudhish YTH oqibatida to‘rt kishi vafot etdi (foto)

Chinozda sodir bo‘lgan mudhish YTH oqibatida to‘rt kishi vafot etdi (foto)

Foto: IIV YHXBB axborot xizmati

Ushbu yilning 13 sentyabr kuni soat 00:10larda, Toshkent viloyati Chinoz tumani, Ko‘tarma MFY hududidan o‘tgan M-39 «Toshkent-Termiz» avtomobil yo‘lining 858-kilometrida yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘ldi.

IIV YHXBB axborot xizmati xabariga ko‘ra, haydovchi, 1986 yilda tug‘ilgan T.S. xavfsizlik kamarini taqmasdan «Neksiya-3» rusumli avtomobilni boshqarib ketayotib, rul boshqaruvini yo‘qotib, yo‘lni ikkiga ajratib turuvchi beton to‘siqdan yo‘lni qarama-qarshi tomoniga o‘tib ketib, qarshisidan kelayotgan haydovchi, 1981 yilda tug‘ilgan, xavfsizlik kamarini taqmagan F.N. boshqaruvidagi ”Lasetti” rusumli avtomobil bilan to‘qnashgan.

Natijada, «Neksiya-3» rusumli avtomobil haydovchisi, 34 yoshli T.S., «Lasetti» rusumli avtomobil haydovchisi, 39 yoshli F.N. hamda ushbu avtomobil yo‘lovchilari, 40 yoshli E.X. va 25-30 yoshlardagi ayol (shaxsiga aniqlik kiritilmoqda) og‘ir tan jarohatlari olib voqea joyida vafot etishgan.

Shuningdek, «Lasetti» rusumli avtomobil yo‘lovchilari, 29 yoshli K.B. va 44 yoshli Yu.H. tan jarohati olib shifoxonaga yotqizilgan.

Mazkur YTH yuzasidan Chinoz tumani IIB huzuridagi TB tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 266-moddasi 3-qismi «a» bandi (odamlar o‘limiga olib kelgan transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

«Barcha haydovchilardan belgilangan qoidalarga amal qilishlarini, o‘zi va o‘zgalar hayotini xavf ostiga qo‘ymasliklarini, haydovchilar xavfsizlik kamaridan foydalanishlarini va yo‘lovchilarni ham ogohlantirishlarini so‘rab qolamiz», - deyiladi ma’lumotda.