«Dastlabki laboratoriya tekshiruv natijalari ushbu taxminni katta ehtimol bilan tasdiqlamoqda». Otabekov O‘zbekistonda koronavirusning «hindcha» shtammi aniqlangani haqida

«Dastlabki laboratoriya tekshiruv natijalari ushbu taxminni katta ehtimol bilan tasdiqlamoqda». Otabekov O‘zbekistonda koronavirusning «hindcha» shtammi aniqlangani haqida

O‘zbekistonda koronavirusning «hindcha» shtammi aniqlangani haqida xabar bergan edik. 

SSV Matbuot xizmati Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati rahbari o‘rinbosari Nurmat Otabekovga murojaat qildi.

"Darhaqiqat, bugun yurtimiz ommaviy axborot vositalari va internet saytlarida Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan berilgan ma’lumot – ya’ni vazirlik huzuridagi Ilg‘or texnologiyalar markazida koronavirusning «hindcha» shtammi aniqlangani to‘g‘risida xabarlar berildi.

Aslida yurtimiz aholisi O‘zbekiston hududiga koronavirusning yangi shtammi kirib keladigan bo‘lsa, bunga jiddiy e’tibor berishga odatlanib qoldi. Eslasak, bundan avval mamlakatimizda “COVID-19»ning «britancha» shtammi ilk bor aniqlanganda ham aynan mana shunday munosabatlar, shu kabi shov-shuvlarning guvohi bo‘lganmiz. Aslida butun Yer yuzidagi murakkab pandemiya sharoitida bu narsani to‘g‘ri va normal holat sifatida qabul qilish lozim.

Dunyo miqyosida koronavirusni ilmiy izlanishlar maqsadida doimiy kuzatib borayotgan ilg‘or laboratoriyalar mutaxassislari bergan ma’lumotlarga ko‘ra, bugungi kunda “COVID-19» kasalligining 5000 ta, ayrim soha vakillarining fikricha esa 7000 dan ko‘proq mutatsiyaga uchragan shtammlari paydo bo‘lgan. Mutatsiyaga uchragan shtammlar faqat kasallikning tarqalish tezligi, uni yuqtirib olgan odamlarda yengil yoki og‘ir o‘tishi, yosh toifasida farq bo‘lishi mumkin.

Aytish mumkinki, aslida koronavirusning mutatsiyaga uchragan va uchramagan hamma shtammlarining eng asosiy mikroorganizmi “COVID-19» shtammi bo‘lganligi va ushbu shtamm bilan chaqirilgan kasallikning klinik belgilari, laboratoriya tashxisi, profilaktikasi, oldini olish choralari, vaksinalardan foydalanib, himoyalanish darajasi bir xil bo‘lgani uchun ularni chuqur etiologik omilini aniqlash va qanday virus ekanligini oxirigacha tekshirib borishga ehtiyoj yo‘q.

Ilg‘or texnologiyalar markazida koronavirusning «hindcha» shtammi aniqlangani to‘g‘risidagi xabarga kelsak, dastlabki laborator tekshiruv natijalari ushbu taxminni katta ehtimol bilan tasdiqlamoqda. Ammo to‘g‘ri xulosaga kelish uchun yakuniy tahlillarni to‘liq o‘rganib chiqish kerak bo‘ladi", dedi Otabekov.