Валюта курси: Ўз.Р.Марказий банки
USD
АҚШ доллари
EUR
Eвро
RUB
Россия рубли
Sayt test rejimida ishlayapti!!!

Сўнгги янгиликлар






Davlat monopoliyasi ostidagi televideniye (3-qism)
27.05.2020 23:04,  
1212

“Axborot” muxbiri “Xalq qabulxonalari adolat maskaniga aylanib bormoqda” dedi*. O‘zMTRKga yuqoridan uqtirilgan qoidaga ko‘ra, jurnalist bu gapni prezident faoliyatini ko‘klarga ko‘tarish maqsadida aytdi. Keling, shu bitta gapning o‘zini tahlil qilaylik.

Xayolga keladigan ilk savol shu: “Nima, bundan oldin O‘zbekistonda adolat maskani bo‘lmaganmi?” Efirdan yangragan shu bittagina gap qanday xulosaga olib keladi?

Sud, prokuratura, militsiya va boshqa hukumat organlari o‘z vazifasini bajarmayotgandi, endi ularning ishini xalq qabulxonalari o‘z zimmasiga oldi, bu vazifalarni prezident o‘z nazoratiga oladi” degani-ku bu?!

Samarqanddan lavha tayyorlagan jurnalistlar prezidentga bitta ham savol berishmadi! Chunki, bu huquq ularning qo‘lidan olib qo‘yilgan. Jurnalistlar uchun mas’ul xodim ularga savol berishni taqiqlab qo‘yadi.

2017 yili Sh.Mirziyoyevning Samarqand safari va Toshkentdagi videoselektorda qatnashganini yoritgan “Tahlilnoma” haftalik dasturi prezident va hukumatni targ‘ib qilishda “Axborot”dan o‘tib tushdi. Keling, muxbirning “Prezident muammolarni ko‘ndalang qo‘yish vaqti keldi, dedi” degan gaplarini anglashga urinaylik. Bu – “avvalgi rahbar davrida muammolar ochiq aytilmasdi, hal qilish yo‘llari ham qidirilmasdi, shuning uchun muammolar yechilmasdan qolib ketavergan” degani.

O‘zMTKR jurnalisti o‘z fikrini erkin aytish huquqidan mahrum etilgani sababli xalqqa emas, balki hukumatga xizmat qilyapti. Shuning uchun, yuzaga kelgan vaziyatni ochiqcha tahlil qilish u yoqda tursin, savol berishga ham botinolmaydi. Men esa mustaqil jurnalist o‘laroq konstitutsiyada kafolatlangan so‘z erkinligi huquqimdan foydalanib, yuqoridagi reportajlarni TAHLIL qilishga urinib ko‘ray:

Telejurnalistlar bundan oldingi prezidentni ham xuddi shunday tarzda ko‘kka ko‘tarishgandi. Lekin, endi bilsak, u hech narsa qilmagan, muammolarni hal qilish o‘rniga, yanada ko‘paytirib ketgan ekan. Bundan kelib chiqib, uning xotirasini abadiylashtirish masalasini boshqatdan o‘ylab ko‘rish kerak”.

Yuqoridagi gaplar O‘zMTRK efiridan uzatilishiga ishonasizmi?

Xalq xizmatida bo‘lishi shart bo‘lgan amaldorlar xalqqa hech qanday hisobot bermasligi odat bo‘lib qolgandi. Bunday ahvol avvalgi prezidentning shaxsiy “tashabbusidan” kelib chiqqan, degan fikrdaman va buni quyida izohlab beraman.

«Huquq va burch» ko‘rsatuvida Konstitutsiya sudi raisi Bahodir Eshonov, Oliy sud raisi Ubaydulla Mingboyev bilan intervyular efirga uzatilgan. Oliy Majlis deputatlari va boshqa amaldor shaxslarga kelsak, ular intervyu berishdan o‘zlarini olib qochishar, ayniqsa biror masala yuzasidan fikr bildirishga judayam ko‘rqar edilar. “Katta”, ya’ni o‘sha davrdagi prezident Islom Karimov “bu haqda hali fikrini bildirgani yo‘q” deb, bahona qilishardi. Katta davlat lavozimini egallab turgan bitta shaxs “otaxonimiz bizni televideniyeda ko‘rsa jahli chiqadi” degan. Bulardan kelib chiqadigan xulosa shu-ki, aynan prezident matbuot erkinligini jilovlab turgan hamda kishilarning axborot olish huquqini cheklagan.

O‘zMTRKda “o‘z-o‘zini senzura qilish” norasmiy muhiti yaratilgan. Rejissyorlar, muallif va boshlovchilar qanday mavzularni yoritmaslik, qanday so‘zlardan foydalanmaslik kerakligini juda yaxshi bilishar va shu qoidaga amal qilisha(r)di. Masalan, “ishsizlik” degan so‘zni efirga uzatish mumkin emas. O‘rniga “ortiqcha mehnat resurslari” degan ibora ishlatilishi zarur. Agar birorta amaldor tanqid qilinishi yoki oddiy jurnalistlar ko‘tarib chiqishi ta’qiqlangan mavzu yoritilishi kerak bo‘lib qolsa, bunga prezident devonidan komanda berilardi. Bunday buyurtma ko‘rsatuvlar prezident devonidan kelgan xodimning shaxsan ishtirokida montaj qilingan.

Agar, birorta jurnalist o‘z fikrini o‘tkazmoqchi bo‘lib, yuqoridagi “qoidalar”ni buzsa, o‘ziga va rejissyoriga ish oshirgan bo‘lardi. Chunki, ertalabki “prosmotr”da boshliqlar “gapga kirmas” jurnalistga ko‘rsatuvni “qaychilash”ni buyurardi. Undan keyin rejissyor va muallif bo‘sh montajxona qidirishga, boshqalardan ozgina montaj vaqtlarini berib turishlarini iltimos qilishga tushishardi. Ko‘rsatuv qayta montaj qilinsagina efirga uzatishga ruxsat berilardi.

Mening tajribamda ham shunday voqealar bo‘lib turgan. Bir necha ko‘rsatuvim efirdan olib tashlangan.

Prezident devonidan kelganlar o‘sha davr prezidenti I.Karimovning safarlari, gaplari va nutqlarini ham montaj qilib, sayqallashardi. Ma’lumki, rus tilida fikrlagan marhum prezident o‘zbek tilida suhbatlashganida, odatda, bitta gapni boshlab qo‘yib, oxiriga yetkazolmay, boshqa gapga o‘tib ketardi. Shuning uchun, uni montaj qilish juda qiyinligini eshitganman.

Sizlarga o‘zim shaxsan guvohi bo‘lgan bir voqeani aytib bermoqchiman.

Chamasi, 2002 yil edi. Oliy Majlis har yili, adashmasan, uch marta sessiya o‘tkazish uchun ikki kunga yig‘ilardi. Unda mamlakat prezidenti katta nutq irod qilar, bu nutq hech qachon TVda ham, radioda ham efirga jonli uzatilmasdi. Yozib olingach, yaxshilab montaj qilinib, kechqurun efirga berilardi.

Parlament sessiyasi ochilgan kuni ertalab televideniyega ko‘rsatuvimni montaj qilishga bordim. Bir studiya yonidan o‘tib ketayotgandim. Eshigi ochiq studiyada parlament majlisi yozib olinayotgan ekan. Monitorlardagi parlamentda nutq so‘zlayotgan prezident diqqatimni o‘ziga tortdi. Biroz vaqtim bor edi. Qiziq tuyulib, ichkariga kirib, tinglay boshladim.

O‘sha kuni prezidentning mazasi yo‘qroq ekan. Har bir jumlani o‘qigandan keyin, stakandagi suvdan bir simirib, tomog‘ini qirib, yana o‘qishga tushardi. Har to‘xtaganida zalga g‘alati bir sokinlik tushar, pashsha uchsa bilinardi!

Bir payt jumlani tugatgan prezident zalga jahl bilan qarab "nega qarsak chalmayapsizlar?" desa bo‘ladimi!? Gulduros qarsak bosib ketdi. O‘z ishini bajargan prezident esa bamaylixotir yana stakandan suv xo‘pladi...

Agar shu voqea chet elda yuz berganida edi, buni «Prezident deputatlarni qarsak chalishga undadi» degan sarlavha ostida ko‘rsatmagan TV qolmasdi! Albatta, marhum prezidentning yuqoridagi gapi o‘sha oqshom O‘zMTRK efirida «sayqallanib» uzatilgan nutqda yo‘q edi.

Men “Huquq va burch”da ko‘tarilgan mavzu asosida “Davr” informatsion dasturiga anons tariqasida lavhalar tayyorlab berishga ham o‘zlashtirib olgandim. “Davr” bosh muharriri Furqat Zokirov o‘z dasturiga huquqiy mavzuda lavhalar yetmasligini aytib, men tayyorlagan lavhalarni doim jon deb dasturga kiritar, meni yangi lavhalar olib kelishga tashviq etardi. “Hech kim o‘z ko‘rsatuvini siz kabi targ‘ib qilishga qiziqmaydi” degandi Furqat aka. Men esa anons qilishni Turkiya xususiy telekanallaridan o‘rgangandim.

“Davr”dagi lavhalarim uchun gonorar olmasdim. Lekin, juda ko‘pchilik ko‘radigan dasturda o‘z ko‘rsatuvimni reklama qilardim.

Oliy o‘quv yurtlari talabalari jamiyatning eng faol a’zolari sanaladi. Dunyo miqyosida olib qarasak, aynan talabalar hukumatlarni u yoki bu ishlarni qilishga majbur qiladigan aksiyalar uyushtirishadi. Lekin, bizdagi talabalar harakati 1991 yil talabalar shaharchasidagi mash’um voqealardan keyin butunlay tugatilgan.

1999 yil 5 dekabrda Oliy Majlisga saylovlar o‘tkazilishi kerak edi. Ko‘rsatuvimni saylov va saylanish huquqiga bag‘ishladim. Ko‘rsatuvga qo‘shish maqsadida qisqa lavha tayyorlash uchun Toshkent Davlat iqtisodiyot universitetiga suratga olish guruhim bilan bordim.

Bo‘lajak saylov haqida talabalar bilan gaplashmoqchi bo‘lsam, ular kamerani ko‘rishi bilan qochib keta boshlashdi. Shu tariqa, ko‘rsatuv mavzuini jamiyat a’zolarining ijtimoiy faolligiga burib yubordim. Aslida, universitet talabalari jamiyatning ilg‘or qismi bo‘lishi kerak. Ko‘rsatuvda ularning ijtimoiy sustligi va atrofda bo‘layotgan hodisalarga befarqligini ochib tashladim.

Bu haqda “Davr”ga lavha tayyorlab berdim. Oktyabr oqshomi tanqidiy lavham "Davr"ning soat 19 va 22 dagi sonlarida ko‘rsatildi. Lavha oxirida boshlovchi bu mavzudagi "Huquq va burch" ko‘rsatuvini tomoshabinlar ertangi kuni ko‘rishlari mumkinligini e’lon qildi.

Ertasiga ertalab televideniyedan ko‘rsatuvim rejissyori telefon qilib, iqtisodiyot universiteti rektori O‘zMTRK rahbariyatiga telefon qilgani va ko‘rsatuv efirdan olib tashlanganini aytdi. Rosa jahlim chiqib, bir yarim oycha televideniyega bormay qo‘ydim. Lekin, Konstitutsiya kunidan oldin televideniyedan boshliqlar qo‘ng‘iroq qilib, “ko‘rsatuv keyingi haftaga efirga qo‘yildi, dushanba kuni s’yomkaga keling” deb chaqirishgan.

Voqeadan bir necha kun o‘tgach, "Yoshlar" telekanalida iqtisodiyot universiteti talabalari qanchalik bilimga chanqoq ekanligi haqida ijobiy lavha namoyish qilindi. Lavha, albatta, buyurtma asosida tashkil qilingandi. Xalq soliqlari hisobiga kun ko‘radigan MTRK o‘ziga ajratilgan pulni tanqiddan qo‘rqadigan kimlarningdir shaxsiy imijini yaxshilashga sarfladi.

Senzurani tubdan yo‘q qilib, jurnalistlar huquq va xavfsizligi tom ma’noda ta’minlanmas ekan, hali yana ancha prezident "jannatdan xabarlar"ni tanqid qilishiga guvoh bo‘lishimiz turgan gap.

“Huquq va burch” nomiga tomoshabinlardan juda ko‘p xat kelardi. Televideniyening xatlar bo‘limi xodimlari meni yaxshi tanib qolishgandi. Borsam, taxlam-taxlam xatlarni qo‘limga tutqazishardi. Ularda, asosan, militsiya, prokuratura, tergov va sud faoliyati tanqid qilinar, tomoshabinlar mendan yordam kutishardi. Shuning uchun, ko‘rsatuvning ancha sonini mutaxassis huquqchilar ishtirokida xatlarga javob berishga bag‘ishlaganman.

Xatlar bo‘limida menga to‘rtta kanaldagi teleko‘rsatuvlar reytingi o‘lchangani, unda “Huquq va burch” to‘rtinchi o‘rinni olganini aytishganda xursand bo‘lib, mehnatimdan qoniqish hosil qilganman. Lekin, reytinglar qanday o‘lchanganini haligacha bilmayman. Chunki, O‘zMTRK davlat tasarrufida bo‘lgani uchun “reyting” degan narsaning o‘zi yo‘q, uni o‘lchashning hojati ham yo‘q. Balki, ijtimoiy so‘rov o‘tkazilgandir.

2000-yillar boshlarida mamlakatimizda jinoyatga jazo tayinlash masalasi aholi o‘rtasida noroziliklarga sabab bo‘layotgandi. Ayniqsa, ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan jinoyatlarga va, xususan, yoshlarga qilmishiga nomutanosib og‘ir jazo tayinlash keng tarqalgandi. 

Masalan, bitta xo‘roz o‘g‘irlagani uchun bir yilga ozodlikdan mahrum qilingan  16 yoshga to‘lmagan o‘spirin bilan qamoqxonadan tayyorlangan intervyuni efirga uzatganman. Bitta mahkumni bir yil qamoqda saqlash necha pulga tushishini bilasizmi?! Tabiiy-ki, bunday sud hukmlaridan ham kimlardir manfaat ko‘radi.

Yuqoridagi mavzularda “Qamoq afzalmi yoki jarima” deb nomlangan turkum ko‘rsatuvlar tayyorladim. Qamoqxonalarga borib, u yerdagi voyaga yetmagan mahkumlar va ayollar bilan suhbatlashib, efirga uzatdim. Studiyada ko‘rsatuvni yozib olishda qatnashgan qamalib chiqqan tadbirkor ayol Klara Shodmonova haqiqat izlab, topolmaganini hikoya qilib berdi.

O‘zMTRKda prezident birorta jurnalist bilan yuzma-yuz uchrashib, intervyu berganini eslay olmayman. Shunday bo‘lsa-da, ko‘rsatuvlarim xalqqa manzur bo‘lgach, xatlarda yozilgan huquqiy muammolar haqida Islom Karimov bilan suhbatlashgim kelib qolgan. Buni boshliqlarga aytsam “hay-hay, sal sekinroq yuring” deb, shashtimni pasaytirishgan.

(davomi bor)

(*2017 yil, may, juz’iy qo‘shimchalar kiritildi)

Davlat monopoliyasi ostidagi televideniye (1-qism)

Davlat monopoliyasi ostidagi televideniye (2-qism)

Video ilova:

Toshkent Davlat iqtisodiyot universiteti talabilarining ijtimoiy sustligi haqida "Davr"da ko‘rsatilgan lavhamni quyidagi linkdan tomosha qilishingiz mumkin:

Tavsiya etamiz






Tavsiya etamiz

Ҳар доим хабардор бўлинг!

carzone.uz мобил иловаларини кўчириб олинг ва барча янгиликлар сиз билан