Валюта курси: Ўз.Р.Марказий банки
USD
АҚШ доллари
EUR
Eвро
RUB
Россия рубли
Sayt test rejimida ishlayapti!!!

Сўнгги янгиликлар






Davlat monopoliyasi ostidagi televideniye (4-qism)
28.05.2020 22:27,  
1796

O‘zMTRK haqidagi maqolalarimning o‘tgan qismida prezident safarlari haqidagi informatsion va maxsus ko‘rsatuvlar Prezident devonidan kelgan mas’ul xodimlar ishtiroki va nazorati ostida tayyorlanishini aytib o‘tgandim.* Boshqa qanday so‘z bilan atamaylik, bu matbuot tilida “senzura” deb ataladi. Uni qarang-ki, o‘tgan ikki hafta vaqt ichida MTRKda katta o‘zgarishlar ro‘y berdi. TV rivojlanishiga g‘ov bo‘lib turgan kishilar o‘z lavozimlaridan olib tashlandi.

Ne ajab-ki, ularning o‘rniga ana shunday “g‘ovlar” rivojlanishiga miq etmay hissa qo‘shgan shaxslar keltirildi. (Bu yerda gap 2017 yil aprel – may oylari haqida ketyapti. O‘sha yil fevral oyida MTRK raisi Alisher Xo‘jayev ishdan olingan, lekin yarim yilcha o‘tib, yana lavozimiga qaytarilgandi).

Masalan, Xayrulla Nuriddinov rais o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi. Undan tashqari, Xalqaro press-klub nodavlat tashkiloti Adliya vazirligida osongina ro‘yxatdan o‘tib, yana bir “axborotchi” – Sherzod Qudratxo‘jayev unga raisi bo‘libdi. Bu ikki shaxs ham TVda o‘rnatilgan senzura qanday amalga oshirilishini juda yaxshi bilishadi.

2017 yili “BiBiSi” radiosiga intervyu bergan Sh. Qudratxo‘jayev “O‘zbekistonda senzura yo‘q” deb, baralla aytdi. Hammadan qizig‘i, jurnalistlarni prezidentning “o‘ng qo‘li” bo‘lishga chaqirdi! Bu – jurnalistlar hukumatga xizmat qilishi va hukumatni tanqid qilmasligi shart degani-ku?! Bunday da’vatni, agar O‘zbekiston birorta tashqi agressorga qarshi urush olib borayotgan bo‘lsagina, bir navi oqlash mumkin, xolos. Chunki, urush paytida hamma bir tan, bir jon bo‘lishi zarur. (Izoh: A. Qudratxo‘jayev keyinchalik jonli efirlardagi dadil chiqishlari va davlat tilini himoya qilishi bilan ham tanildi).

Press-klub raisi jurnalistlarni hukumat tarafini olishga da’vat qilayotganligi jurnalistlar uchun “O‘zbekiston matbuotida hamma narsa “eski hammom, eski tos”ligicha qolaveradi, qadamingizni o‘lchab bosing” degan anglamga keladi.

Ko‘pchilikka ma’lumki, Amerika Qo‘shma Shtatlari sudi tomonidan banklarda marhum prezidentning qizi Gulnora Karimovaga tegishli deb topilgan salkam bir milliard dollar pul pora sifatida olingan deb topilib, muzlatib qo‘yilgan. Bunday katta miqdordagi pulni O‘zbekiston hukumati ham qaytarib olishga da’vogarlik qilayapti. Biroq, O‘zbekistondagi “senzura mavjud bo‘lmagan” O‘zMTRK doxil hamma matbuot organlari uchun bu mavzu “tesha tegmagan” mavzuligicha qolmoqda.

Janob Qudratxo‘jayev ham bu mavzuda o‘ziga berilgan savolga ochiq javob berishdan o‘zini olib qochdi. Avvaliga “men Karimovaning matbuot kotibi emasman” deb, “otmazka” qilishga urindi. Keyin esa O‘zbekiston manfaati yo‘lida sarflanishi mumkin bo‘lgan juda katta mablag‘ haqidagi dolzarb masalani “sariq matbuot shug‘ullanadigan mavzu” deb atadi. 

Xudo ko‘rsatmasin, agar AQSh sudi shuncha pulni O‘zbekiston hukumatiga berishni rad qilib, Amerika byudjetiga o‘tkazib yuborsa, buni ham “sariq matbuotga tegishli” deb, xalqqa bildirishmaydimi?

Sh. Qudratxo‘jayev intervyusini video blogimda atroflicha sharhlaganim uchun ortiqcha to‘xtab o‘tirmayman. (Videoblogimni maqola so‘nggida keltirilgan linkdan ko‘rishingiz mumkin).

Endi Xayrulla Nuriddinovga kelsak.

Men Xayrullani televideniyeda “Huquq va burch” ko‘rsatuvini tayyorlagan paytlarimdan bilaman. U dastlab “Davr” informatsion dasturida muxbirlik qilgan, keyin “Davr hafta ichida” tahliliy dasturini olib borgan. Ko‘z ko‘zga tushganda salom alik qilib turardik.

Xayrulla marhum prezident diqqatini o‘ziga tortganidan keyin, hukumat boshlig‘i safarlariga yo‘ldoshlik qildi, safarlar haqidagi lavhalar uning nomidan efirga ketdi. Holbuki, Xayrullaga montaj paytida prezident devonidan kelgan kishilar “yaqindan yordam bergani”ni u juda yaxshi biladi. Agar, “Xayrulla prezident safarlari haqidagi birorta reportajini hech qanday aralashuvsiz tayyorlamagan” desam, hech xato qilmayman. Ya’ni, u senzura har doim mavjud bo‘lganini va qanday amalga oshirilganini juda yaxshi biladi.

2001 yili 1 avgustdan boshlab O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasida viza munosabatlari o‘rnatilgach, mamlakatimizning qo‘shni davlat hududi ichida joylashgan tumanlariga borib kelish juda qiyinlashib ketdi. Qo‘shni davlat chegarachilari va militsiya xodimlari yo‘llarga pakka qurib olib, o‘tgan-ketgan o‘zbekistonliklar avtomobillarini asossiz to‘xtatib, pora olishi, bermaganlarni esa do‘pposlashi holatlari misli ko‘rilmagan darajaga yetdi.

U paytlar men Amerikaning “Internyus” jurnalistik tashkilotining Toshkentdagi vakolatxonasi bilan hamkorlik qilardim. Tashkilot nodavlat televideniye xodimlari malakasini oshirish va xususiy TVlar moddiy-texnikaviy bazasini mustahkamlashga yordam berardi. Senzura va mustaqil jurnalistika muammolari mavzularidagi chiqishlari bilan xalqaro ko‘lamda tanilgan Karim Bahriyev ham “Internyus”da huquqshunos lavozimida ishlardi. 

"Internews" viloyatlardagi xususiy telekanallar uchun haftalik informatsion dastur ham tayyorlab berardi. Ammo, viloyatlarda ham senzura amal qilayotganligi sababli, dasturni atigi bir necha dadil mahalliy telekanal efirga uzatardi, xolos.

Chegaralarda yuzaga kelgan vaziyatni tahlil qilish maqsadida ana shu haftalik dasturga lavha tayyorlash niyatimni tashkilot boshliqlariga aytgandim, ular menga tegishli hamma sharoitni muhayyo qilib berishdi. Operator ukamiz bilan “Shohimardon, qaydasan?” deb yo‘lga chiqdik. Vodildagi chegara postiga yetib kelganimizda meni tanigan va videokameramizni ko‘rgan o‘zbek chegarachi “aka, sizlarni hozir o‘tkazib yuboraman, lekin qirg‘iz tomoni o‘tkazmaydi, baribir qaytib kelasizlar” dedi.

Tavakkal qildik. Chegarachining aytgani bo‘ldi. Qirg‘iz tomoni kameramizni ko‘rib, “o‘tkazmaymiz, yo‘lda strategik ob’yektlar bor (bahonasini qarang!), suratga olish mumkin emas” deb, turib oldi. “O‘zbek hududi bo‘lgan Shohimardonga ketyapmiz, lavha tayyorlarimiz kerak” degan gapimizni eshitib, serrayib turaverishdi.

Tarvuzimiz qo‘ltig‘imizdan tushib, o‘zimiznikilar tomonga “chekindik”. Yana chegarachilarimiz jonimizga oro kirib, tuman hokimi bilan gaplashishni maslahat berishdi. Hokim bizni yaxshi kutib oldi. Meni tanib, maqsadimni so‘ragandi, “Huquq va burch” ko‘rsatuvim uchun lavha tayyorlagani ketyapman”, deb biroz yolg‘on aralashtirishga majbur bo‘ldim. Tuman hokimi “mayli, yordam beraman” deb, qirg‘iz tomoni hokimiga telefon orqali bog‘landi. Axiyri, davlatimizdan ajratib qo‘yilgan o‘zbek tuproqlariga qadam qo‘yishga ruxsat oldik!

Agar hokim xalqaro tashkilotdan kelganimni bilsa edi, “Toshkentga yaxshi yetib olinglar” deb, xayr-ma’zurni ham nasiya qilgan bo‘lardi.

Keyinchalik Shohimardonda tasvirga tushirilgan kadr va intervyulardan nafaqat “Internyus”, balki o‘z ko‘rsatuvim va “Davr” haftalik tahliliy dasturlari uchun lavha tayyorlashda ham foydalandim. “Orolda qolgan o‘zbeklar” nomli salkam bir sahifalik maqolam “Mohiyat” gazetasida e’lon qilindi. Bir o‘q bilan to‘rtta o‘ljani urgan ekanman!

Xullas, xalqaro aloqalar mavzusida shuncha qiynalib tayyorlagan lavham nari borsa uch-to‘rtta mahalliy telekanalda ko‘rsatish bilan cheklanib qolishiga rozi emasdim. Buning ustiga, asosan arzon Xitoy mollari olib kelish uchun O‘sh bozoriga borgan o‘zbekistonliklarni qirg‘iz militsionerlari qaroqchidek tunashayotgani, do‘pposlashayotgani haqida hamma bilardi. 

Xatto, o‘z akam o‘quv yili boshlanishidan oldin “ozgina arzonroq olay” deb O‘shga bozorlik qilishga borsa, militsiya xodimlari hech qanday asossiz ushlab, xonasiga olib kirib, rosa asabiga tegishgan, “pul bermasang anavi tokchadagi diniy ekstremistik kitoblar sendan chiqdi deb akt tuzib, qamatib yuboramiz” deb qo‘rqitishgan, boshqa bir yurtdoshimizni akamning ko‘zi oldigi do‘pposlashgan ekan.

Yuqoridagi sabablar bilan, “Internyus”dagilarga suratga tushirilgan kadrlarni O‘zMTRKda ham foydalanish niyatim borligi aytgandim, “bemalol”, deb ruxsat berishdi. Shunday qilib, tasvirlardan “Huquq va burch”da foydalandim. Mavzu judayam dolzarbligi uchun “Davr”ga anons qilish o‘rniga “Davr hafta ichida”ga lavha tayyorlash fikri paydo bo‘ldi. Lekin, bu mavzuni O‘zMTRK ekraniga osongina olib chiqish mumkin emasdi.

Uni qarangki, xuddi o‘sha paytlar Rossiya ommaviy axborot vositalarida ruslarning Shohimardonga o‘xshagan muammosi keng yoritila boshlandi. Ma’lumki, Kaliningrad viloyati bilan Rossiya o‘rtasida Litva joylashganligi uchun Kaliningrad “anklav” bo‘lib qolgan. Yanayam aniqroq aytsak, Litva uchun “anklav”, Rossiya uchun “eksklav” bo‘ladi.

1999 yili Litva Ovro‘pa Ittifoqiga a’zo bo‘lgach, rossiyaliklarning Kaliningradga erkin borib-kelishlarida katta muammolar yuzaga keldi. Men shu vaziyatni Shohimardon muammosini ko‘tarish bilan bog‘ladim. Xayrulla Nuriddinovga bu haqda aytgandim, “bo‘pti, lavhani tayyorlab bering”, dedi. Besh daqiqalik material tayyorlab berdim. Lekin, efirga yarmi uzatildi, xolos.

Haftalik tahliliy dasturda xalqaro munosabatlarga oid muammoni sharhlash uchun nega Madaniyat instituti prorektorini taklif qilganini Xayrullaning o‘zi biladi. Sharhlovchi esa asosan Qozog‘iston bilan munosabatlarga va Toshkentni Jizzax bilan bog‘lovchi hamda katta qismi Qozog‘iston ichidan o‘tadigan magistral yo‘l ochiqligiga to‘xtaldi. Bilsangiz kerak, bu yo‘l 2003 yili taqa-taq yopib qo‘yildi.

Men biror kishi faoliyatidagi salbiy tomonlarni ko‘rsatish maqsadida shaxsiy hayotidagi voqealarni bayroq qilib ko‘tarib chiqish tarafdori emasman. O‘zi ko‘rsatuvlarni senzura qilish bilan shug‘ullangan kishiga O‘zMTRKni yangi bosqichga olib chiqishiga qanchalik ishonish mumkin?

Xullas, shunday og‘ir senzura ostida haddan tashqari yovuz bo‘lgan jazo tizimini tanqid qiladigan turkum ko‘rsatuvlar yaratishga qaror qildim.  “Huquq va burch”ning studiyada yozib olinadigan siradagi soniga sudya, prokuror, advokat va huquqchini taklif qildim. Yuridik institut talabalari tomoshabin bo‘lishdi. Suhbat chog‘ida katta ekranda namoyish qilish uchun oldindan bolalar tarbiya koloniyasiga borib, arzimagan jinoyatlari uchun qamalgan voyaga yetmaganlardan intervyular oldim.

Ko‘rsatuv yozib olinishidan oldin “Yoshlar” telekanali bosh muharriri Abduazim Alimov hayajonlanib yetib keldi. U kishini ko‘rsatuvim muharriri o‘laroq titrlarga yozardim, lekin biror marta ko‘rsatuv matnini ko‘zdan kechirib bergan emas.

Alimov menga “Bu ko‘rsatuv nima haqida bo‘ladi? Kimlar qatnashadi? Nega menga bunday mavzuni ko‘tarishingizni aytmadingiz? Kimdan ruxsat oldingiz?” kabi savollar berdi. Juda tashvishlanayotgani shundoq bilinib turardi. Qisqacha tushuntirib bergandim, “bo‘pti, ko‘ramiz” deb ketib qoldi. Shunga qaramay, ko‘rsatuv efirga uzatildi va katta shov-shuvga sabab bo‘ldi.

Toshkent Davlat yuridik instituti kafedra mudiri Gulchehra Matkarimova ko‘rsatuvlarimda o‘zining dadil fikrlari bilan faol qatnashardi. Uni ham studiyada yozib olinadigan bahsli ko‘rsatuvlardan biriga taklif qilgandim “turmush o‘rtog‘im Isfandiyorning bu masalada aytadigan fikrlari bor, uni ham ko‘rsatuvga chaqirsangiz”, dedi. “Bo‘pti, ayting, kelsin” dedim. Soddalik qilganligim keyin ma’lum bo‘ldi.

(davomi bor)

*2017 yil, may. Ayrim qo‘shimchalar bilan.

Davlat monopoliyasi ostidagi televideniye (1-qism)

Davlat monopoliyasi ostidagi televideniye (2-qism)

Davlat monopoliyasi ostidagi televideniye (3-qism)

Video ilovalar:

1) “Davr hafta ichida” haftalik dasturida Shohirmardon muammosiga bag‘ishlangan lavha (20-daqiqadan keyin boshlanadi): 

2) Sherzod Qudratxo‘jayevning BiBiSiga bergan suhbatiga mening video sharhim: 

Tavsiya etamiz






Tavsiya etamiz

Ҳар доим хабардор бўлинг!

carzone.uz мобил иловаларини кўчириб олинг ва барча янгиликлар сиз билан