Валюта курси: Ўз.Р.Марказий банки
USD
АҚШ доллари
EUR
Eвро
RUB
Россия рубли
Sayt test rejimida ishlayapti!!!

Сўнгги янгиликлар






Davlat monopoliyasi ostidagi televideniye (so‘nggi 6-qism)
30.05.2020 23:21,  
1192

Men maqolamning bu qismida O‘zbekiston televideniyesida ko‘rsatuv tayyorlab, efirga uzatish va turli darajadagi mansabdor shaxslardan intervyu olish borasidagi aql bovar qilmas qiyinchiliklar haqida hikoya qilmoqchi edim.* Lekin, yaqinda (2017 yil, may oyida) prezident Shavkat Mirziyoyev televideniye ishini davr talablariga mos ravishda ko‘rib chiqish uchun maxsus komissiya tuzganligi haqidagi xabarlar rejamni o‘zgartirib yubordi. Bugun O‘zMTRK faoliyatini tubdan isloh qilib, qayta qurish zaruriyati masalasiga to‘xtalmoqchiman.

Yuqoridagi komissiya xalq fikrini o‘rganish maqsadida onlayn so‘rov e’lon qilibdi. Avvaliga, milliy teleradiokompaniya haqidagi so‘rov davlat tilida emas, balki chet tilda e’lon qilingani ko‘pchilik qatorida meni ham tashvishga solib qo‘ydi. Chunki, xalqimizda “shamol bo‘lmasa daraxtning uchi qimirlamaydi” degan dono naql bor. Bu e’tiborga loyiq muammo, chunki o‘tgan yarim yil mobaynida O‘zMTRK kanallarida rus tilida filmlar namoyishi keskin ravishda ko‘payibdi.

Komissiya nimalar qilmoqchi? O‘zMTRK ishini davr talablari asosida butunlay qayta qurish zarurligini prezidentga yetkazmoqchimi? Yoki, u yoq – bu yog‘ini ozgina pardozlab, “ishlar bitdi” deb, raport bermoqchimi? Umuman, komissiya tarkibida necha kishi bor? A’zolari kimlar? Nega otlari ma’lum qilinmayapti? Bevosita jurnalistikaga oid kishilarmi yoki qo‘liga qalam olib, yozganlarini matbuotda e’lon qilganlarmi? Komissiya a’zolari harakatlari ramka ichiga solinib, chegaralab qo‘yilganmi yoki butunlay erkinlikka egami? Bizga o‘xshagan televideniye sohasida ozmi-ko‘pmi tajribaga ega jurnalistlarning fikriga ham quloq solishadimi?

Yuqoridagi kabi savollarning javobi komissiya ishi qanday yakunlanishida juda katta ahamiyatga ega. Mana, oradan uch yil o‘tib, 2020 yildamiz. Lekin, men komissiya ishi qanday xulosa bilan yakunlanganini eshitganim yo‘q.

Men O‘zMTRK ishini butunlay qayta qurish va xususiylashtirish tarafdoriman. Bu ishga juda keng qamrovli (kompleks) yondashish zarur. Chunki:

– birinchidan, buni fan va texnika taraqqiyoti talab qilyapti;

– ikkinchidan, iqtisodiyoti o‘rta va yuqori darajada bo‘lgan mamlakatlarda internet juda rivojlanib ketganligini e’tibordan chetda qoldirib bo‘lmaydi;

– uchinchidan, internet tezligi yetarli va tez bo‘lgan davlatlarda ko‘pchilik tomoshabinlar, ayniqsa – yoshlar teleko‘rsatuvlarni yonlarida olib yurgan uyali telefonlar, tabletlar va kompyuterda ko‘rishi darajasi jadal sur’atlar bilan ortib bormoqda;

– to‘rtinchidan, teleko‘rsatuvlarni internetda tomosha qilish imkoniyati kengayganligi sababli kabel va sun’iy yo‘ldosh televideniyelari yil sayin abonentlarini yo‘qotmoqda;

– beshinchidan, davr va o‘zgarayotgan talablarga moslashayotgan televideniyelar o‘z ko‘rsatuvlarini internetda har kim o‘zi xohlagan paytda ko‘rish imkoniyatini bermoqda;

– oltinchidan, telereklama beruvchilar allaqachon mablag‘larining katta qismini internetga sarflashyapti;

– yettinchidan, qog‘ozga bosib chiqariladigan gazeta va jurnallar soni va tiraji tobora kamayib, internetga o‘tkazilyapti, va h.k.

Xo‘sh, yuqoridagi masalalarda O‘zbekistondagi ahvol qanaqa? To‘g‘risini aytsak, bizda yuqorida keltirilgan holatlarning ko‘pchiligini amalda qo‘llab bo‘lmaydi. Buning eng asosiy sababi – televideniyening davlat hisobidan moliyalashtirilishi. Ya’ni, O‘zMTRK bozor iqtisodiyoti qoidalariga tobe’ emas, O‘zbekiston haligacha Jahon savdo tashkiloti (JST)ga a’zo bo‘lib kirmagan.

Buning ustiga, 2017 yildagi holatga ko‘ra, O‘zbekiston umujahon mualliflik huquqlarini himoya qilish to‘g‘risidagi Vena Konvensiyasiga (VK, 1951 yili qabul qilingan) qo‘shilgan emas, 2005 yili konvensiyani kuzatuvchi sifatida imzolagandi, xolos. Natijada, O‘zMTRK orqali juda ko‘p chet el filmlari qaroqchilik yo‘li bilan, ko‘rsatish huquqi mualliflaridan sotib olinmay, bemalol namoyish qilinyapti.

1998 yili bir olmoniyalik mehmon MTRK kanallaridan birida blokbaster “Titanik” badiiy filmi namoyish etilganini ko‘rib, “sizlarning televideniyengiz juda boy ekan, shunday qimmat va yangi filmni sotib olib, ko‘rsatishga qodir ekan” deb xayron bo‘lgandi. U “bechora” bizda kinolar qaroqchilik yo‘li bilan ko‘rsatilishini qayerdan bilsin?!

Sobiq sho‘ro respublikalaridan faqatgina O‘zbekiston va Turkmaniston Vena Konvensiyasiga qo‘shilmagandi. Buning oqibatida xalqimiz dunyodagi juda ko‘p mamlakatlarda milliy tillarda namoyish qilinayotgan mashhur ko‘rsatuvlarni o‘zbek boshlovchi va qatnashuvchilar bilan o‘zbekcha variantini ko‘rish huquqidan mahrum qilingan. Ularning o‘rniga mahalliylashtirilgan beo‘xshov “aks ko‘rsatuvlar” efirga uzatilmoqda.

Juda ko‘p davlatlarda “Kim millioner bo‘lishni istaydi?” – “Who wants to be a millioner?”, “Buyuk Britaniya iqtidorini topdi” – “Britain has got talent”, “Ovoz” – “Voice” kabi ko‘rsatuvlar huquqi sotib olingan va milliy tillardagi varianti namoyish qilinadi.

O‘zMTRKda ko‘rsatuvlarni qancha odam tomosha qilayapti, qaysi ko‘rsatuvlar ko‘proq, qaysilari esa ozroq qiziqishga sabab bo‘layotganining hech qanday ahamiyati yo‘q. Chunki, televizion mahsulot qanday bo‘lishidan qat’i nazar, pulini davlat to‘lab qo‘ygan (aslida – xalq puli!) Birov ko‘radimi, ko‘rmaydimi – baribir. Hukumat mafkurasiga xizmat qilsa bas. Reytinglar o‘lchanmaydi. Butun boshli davlat televideniyesi kanallari yigirma besh yil mobaynida amalda bitta odamning ko‘ngliga qarab faoliyat olib borgani inkor qilib bo‘lmaydigan faktdir.

Tomoshabinlar nafaqat ko‘rsatuv ko‘rishadi, balki ma’lum bir ko‘rsatuvni kim olib borayotganiga qarab ham tanlashadi. Agar reytinglar o‘lchansa, unda qaysi ko‘rsatuv va boshlovchi balandroq reytingga ega ekanligi aniqlanadi. Ular yanada ko‘proq va qimmatroq narxda reklama olishadi. Kirimlar ham shunga qarab bo‘ladi. Shunda TVlar boshlovchilarni chiroyiga yoki kimning “erkasi” ekanligiga qarab emas, balki aqliga va tomoshabinlar qanchalik yoqtirishiga qarab ishga olishadi. Agar ko‘rsatuv reytinggi past bo‘lsa, u zarar keltiradi va bahridan o‘tiladi. Jahon xususiy TVlari tajribasi bu!

Mualliflik ko‘rsatuvlariga na TV egasi va, na da boshqa biror davlat xodimining aralashishi mumkin emas. Ana o‘shanda O‘zbekiston Konstitutsiyasi va “Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risida”gi Qonunning senzuraga yo‘l qo‘yilmasligi haqidagi moddalari ijrosi ta’minlanadi. Hozircha, bu moddalar xalqaro tashkilotlarga maqtanish uchun xo‘jako‘rsinga turibdi, xolos. Bu holat menga boshini qumga tiqib olib “atrofda hech narsa bo‘lmayapti” degan tuyaqushni eslatadi.

O‘zMTRKda yaqin yillargacha futbol bo‘yicha jahon chempionati o‘yinlarini ko‘rsatish huquqi sotib olinmasdi. Lekin, o‘yinlar bemalol jonli olib ko‘rsatilardi! Buning uchun, sun’iy yo‘ldoshdan shifrlanib keladigan signallar qilni qirq yoradigan mutaxassislar tomonidan “sindirilardi”. Keyin esa, bitta chet el kanalidan tasvir, boshqasidan esa ovoz va shovqin olinardi. Bizning sharhlovchilarimiz issiqqina studiyada o‘tirvolib, o‘yinlarni sharhlashgan. Orada esa reklama ko‘rsatilib, pul ham ishlangan.

Jahon savdo tashkilotiga qo‘shilish va Vena Konvensiyasini imzolash valyuta bozorining erkinlashuviga olib keladi. Bu degani – istagan yuridik shaxs va telekanallar, agar kuchi yetsa – chet ellardan istagan mahsulotini, shu jumladan, televizion va san’at mahsulotlarini bemalol sotib olish huquqiga ega bo‘ladi, degani. Buning uchun, televideniye davlat monopoliyasidan chiqarilishi hamda JST va VK imzolanishi shart.

“Televideniye va radio eshittirish to‘g‘risida” qonun qabul qilish vaqti allaqachon yetib kelgan. Qonunda, xususan, milliy qadriyatlarga to‘g‘ri kelmaydigan yoki balog‘atga yetmaganlar uchun mo‘ljallanmagan ko‘rsatuvlarni qaysi vaqtda va qanday tarzda efirga uzatish masalasi belgilanishi zarur.

2017 yil may oyi holatiga ko‘ra, O‘zMTRK tasarrufida, adashmasam, o‘n ikkita telekanal bor edi. Bulardan tashqari, viloyatlar va Qoraqalpog‘iston televideniyesi ham davlat (aslida – xalq) tomonidan moliyalashtiriladi. Mamlakat miqyosida bir kecha-kunduzda efirga uzatiladigan jami ko‘rsatuvlarda O‘zMTRKning salmog‘i, menimcha 80-90 foizga yaqinni tashkil qiladi. Bu holat “Monopoliyaga qarshi kurash to‘g‘risida”gi qonun qo‘pol ravishda buzilayotganini ko‘rsatadi.

Shunday bo‘lishiga qaramay, asosiy vazifasi mamlakatda qonun ustuvorligini ta’minlash bo‘lgan Bosh prokuratura bu masalaga hech qachon qonuniy baho bermagan (va, berishi ham kutilmayapti).

Televideniye juda katta mablag‘ talab qiladigan soha bo‘lganligi uchun dunyodagi aksariyat mamlakatlar bitta yoki bir nechta davlat telekanaliga ega bo‘lish bilan cheklanishadi.

Ayrim davlatlarda, xususan Amerika Qo‘shma Shtatlarida, davlat televideniyesi degan tushunchaning o‘zi yo‘q – hamma TVlar xususiydir. NBC, CBS, ABC, FOX kabi asosiy telekanallar mamlakat bo‘ylab ochiq efirga uzatiladi. Yana, ochiq efirda tomoshabinlar homiyligi bilan faoliyat yuritadigan bitta “PBS” jamoat televideniyesi ham bor. Bu kanallarning hammasini Kanada aholining qariyb 80 foizi ham ko‘rish imkoniga ega.

Aytgancha, men yashayotgan Kanada aholisi soni O‘zbekistonnikiga yaqin bo‘lib, bu yerda ja’mi 36 milliondan ortiq kishi yashaydi. Shu jihatdan ikki davlatni solishtirish mantiqli bo‘ladi, deb o‘ylayman.

“Vikipediya” veb-saytiga ko‘ra, 2019 yili Kanadaning bir yillik yalpi milliy daromadi 1,74 trillion AQSh dollariga teng bo‘lgan. O‘zbekistonda esa bu raqam salkam 60,5 milliard dollar bo‘lib, Shimoliy Amerika davlatidan 28 baravar kamdir.

Shunchalik boy bo‘lishiga qaramay, Kanadada davlatga qarashli atigi bitta “SVS” jamoat televideniyesi (Canadian Broadcasting Company – Kanada Televideniye va Radioeshittirish Kompaniyasi) bor, xolos. “SVS” mamlakatning barcha provinsiya va yirik shaharlarida mahalliy studiyalariga ega.

CTV, Global TV, CityTV, OMNI TV va TVO mamlakatning eng yirik shahri Torontodagi xususiy televideniyelar qatoriga kiradi. Asosiy televideniyelar turli-tuman sohalarga ixtisoslashgan pullik paket kanallariga ega. Bundan tashqari, ko‘plab mintaqaviy va mahalliy xususiy TVlar mavjud.

Shuni alohida ta’kidlash zarur-ki, Kanada televideniyelari AQSh bilan kuchli raqobat ostida faoliyat ko‘rsatadi va bu borada janubdagi qo‘shnining qo‘li, albatta, baland kelmoqda. Shuning uchun, Amerikaning ko‘pgina dasturlari Kanada kanallarida bir vaqtning o‘zida namoyish qilinadi. Kanadada jamoat televideniyesi mavjudligi esa xalq mablag‘i hisobiga milliy ko‘rsatuv va filmlar yaratish imkonini beradi. Bu esa milliylikni saqlab qolishga xizmat qilib, “amerikalilashtirish” targ‘ibotiga hozircha bir navi qarshilik ko‘rsatib turibdi.

Shu o‘rinda, O‘zMTRK to‘lqinlari barcha qo‘shni davlatlarning ancha-muncha hududlariga bemalol yetib borishini ta’kidlash joiz. Xususan, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmaniston aholisining taxminan uchdan bir qismi Toshkentdan uzatilayotgan ko‘rsatuvlarni ochiq efir orqali qabul qilish imkoniga ega. Bundan tashqari, Afg‘oniston shimolida yashovchi bir necha million o‘zbek ham O‘zMTRKni kuzatib borishadi.

2000-yillar boshlarida Tojikiston prezidenti mamlakat shimoliga borib, o‘quvchilar bilan suhbatlashgan. O‘quvchilar mamlakat prezidenti Islom Karimov ekanini aytishganida qiyomat qoyim bo‘lishiga bir bahya qolgan ekan. Tezlik bilan O‘zbekistonga yaqin hududlarda tojik telekanallari uchun retranslyatorlar o‘rnatilgan. Buni menga tojikistonlik jurnalist Nuriddin Qarshiboyev aytib bergandi.

2010 yilgi o‘zbeklar qirg‘inidan keyin, Qirg‘iziston hukumati mamlakat janubi aholisi O‘zbekistonning informatsion ta’siri ostidaligidan qattiq tashvishga tushib, bunga qarshi keskin chora-tadbirlar olgan. Natijada, O‘shda o‘zbek tilida faoliyat olib borgan xususiy televideniyelar deyarli to‘liq qirg‘izchaga o‘tkazilgan.

O‘zbekistonda O‘rusiya telekanallari informatsion hududi ustunlikka ega ekanligi hukumatni tashvishga solmayapti. Bu esa o‘z ona-yurti emas, balki chet davlatdagi siyosiy, iqtisodiy va madaniy ahvoldan yaxshiroq xabardor bo‘lgan aholi qatlamini yaratgan. Har yili bir necha soatli jonli efirda aholi savollariga javob berayotgan O‘rusiya prezidenti Vladimir Putinning obro‘si balandligi, aslida, O‘zbekiston erkinligiga tahdid soladi. Holbuki, demokratik davlatlar aholisi Putinni agressor va diktaturaga asoslangan davlat boshlig‘i o‘laroq taniydi.

Har bir millat tilida turli shevalar mavjud bo‘lib, qat’iy qoidaga asoslangan adabiy til ularni birlashtiradi. Adabiy til kamsitilgan yerda millat tili tanazzulga yuz tutib, mahalliychilik shakllanadi. Bu, o‘z sirasida, millat va davlatchilik parchalanib, yo‘qolishiga qadar olib kelishi mumkin.

Afsuski, MTRKda so‘nggi yillarda adabiy til qoidalari pisand qilinmayapti. Ko‘rsatuvlarda qatnashgan kishilarni qo‘yaturing, boshlovchilarning o‘zlari shevada bemalol gapirishyapti. Xuddi, televideniye otasidan qolgan tomorqa kabi!

Oldingi prezidentning O‘zMTRKni to‘liq o‘zini-o‘zi ta’minlashga o‘tkazish haqidagi bir necha qarori amalda bajarilmay, orqaga surib kelinmoqda. Davlat tili va lotin yozuviga o‘tish to‘g‘risidagi qonunlarni 2005 yili to‘liq amalga tatbiq qilish haqidagi hukumat qarorlari taqdiri ham shunga o‘xshaydi. Natijada, davlat tili o‘z mavqeini yo‘qotib, aholi orasida o‘rislashish jarayoni tobora kuchaymoqda.

Internet tezligini oshirish masalasi dolzarbligicha qolmoqda. Internetda turli to‘siqlar mavjudligi va megabaytlar qimmatligi ko‘pchilikning tasvirli xabar va dasturlar ko‘rish imkonini ozaytiryapti. Darvoqe, chiroq tez-tez o‘chib turishi televideniyelar oladigan kirimga salbiy ta’sir qiladi. Chunki, bu reklama ko‘radigan aholi soni kamayishiga olib kelib, reklama salmog‘i ham shunga yarasha bo‘ladi. Aholini uzluksiz elektr bilan ta’minlash masalasi yo‘l-yo‘lakay hal qilinishi shart.

Hozir birinchi navbatda hal qilinishi zarur bo‘lgan muammo, bu – davlat monopoliyasi ostidagi O‘zMTRKni xususiylashtirish. Davlat baribir o‘n ikkitacha TV kanalidan osongina voz kechishi qiyinligini nazarga olib, uchta telekanalni davlat tasarrufida qoldirish maqsadga muvofiq deb o‘ylayman. Birinchi kanal – ijtimoiy-siyosiy, ikkinchi kanal – sport, uchincha kanal esa madaniyat mavzulari uchun qolsa yetadi. Chunki, sport va madaniyat sohalari homiylikka muhtoj.

Qolgan telekanallarning hammasi xususiylashtirilishi zarur. Toshkentdagi telemarkaz binosining bir qismi ham xususiy telekanallarga sotilishi kerak. Buning uchun ochiq tender o‘tkazish zarur. Bu ishlarni olib borish bilan bir paytda Vena Konvensiyasini to‘liq imzolash (agar qo‘l qo‘yilmagan bo‘lsa) va Jahon savdo tashkilotiga a’zolik masalalarini ham hal qilish zarurati bor. Zero, bozor erkinlashtirilmas ekan, qolgan birorta ish kutilgan samarani bermasligini o‘qimagan odam ham anglaydigan zamondamiz.

Ayrim xabarlarga ko‘ra, bu yil MTRKga qirq million Amerika dollariga teng mablag‘ ajratilar ekan. Uchta telekanal davlat qaramog‘ida qolsa, kamida 25 million dollar tasarruf qilinadi. Mazkur mablag‘ni yuzlab ishchi o‘rinlari yaratib, boshqa sohalardagi muammolarni hal qilishga sarflash mumkin. Bu atigi to‘rt yilda 100 million dollar degani!

O‘tgan 25 yilda MTRKga sarflangan taxminan bir milliard dollarga teng pul hukumatni targ‘ib, norasmiy senzurani tadbiq qilib, tanqidni bo‘g‘ish uchun emas, balki iqtisodiyotga sarflanganida edi, hozir hech bo‘lmasa 1-1,5 million kishi chet elga mardikorlikka ketmasdan, bola-chaqasi yonida mamlakat taraqqiyotiga hissa qo‘shayotgan bo‘lur edi.

Demak, O‘zMTRKni isloh qilish masalasi nafaqat komissiya xulosasiga, balki prezident boshchiligidagi hukumat jamiyatni tubdan isloh qilish masalasiga qay darajada tayyor va istakli ekanligiga bog‘liq.

Hozir “TV – davr talabi” degan poyezd “Toshkent” stansiyasiga yaqinlashib kelmoqda. Poyezd to‘xtashiga ruxsat beriladimi? Agar berilmaydigan bo‘lsa, biz “TV” poyezdiga minolmaymiz. Buning ayanchli oqibati o‘zini ko‘p kutdirmaydi.

Tashvish va takliflarim prezident komissiyasi va shaxsan Shavkat Mirziyoyev e’tiboriga yetib boradi, deb umid qilaman.

*2017 yil, may. Qo‘shimchalar bilan e’lon qilinmoqda.

Davlat monopoliyasi ostidagi televideniye (1-qism)

Davlat monopoliyasi ostidagi televideniye (2-qism)

Davlat monopoliyasi ostidagi televideniye (3-qism)

Davlat monopoliyasi ostidagi televideniye (4-qism)

Davlat monopoliyasi ostidagi televideniye (5-qism)

Baxtiyor Shohnazarning “Huquq va burch” ko‘rsatuvlarini muallifning youtube.com veb-saytidagi kanalida ko‘rishingiz mumkin.

Video ilova: “Huquq va burch”da o‘quvchilar Oliy Majlis va sudga sayohat qilishgani hamda tomoshabinlar xatlariga javob berilgan sonlari.

Tavsiya etamiz






Tavsiya etamiz

Ҳар доим хабардор бўлинг!

carzone.uz мобил иловаларини кўчириб олинг ва барча янгиликлар сиз билан