Валюта курси: Ўз.Р.Марказий банки
USD
АҚШ доллари
EUR
Eвро
RUB
Россия рубли
Sayt test rejimida ishlayapti!!!

Сўнгги янгиликлар






Davlat tadbiri mehmonlarini ovqatlantirishga 1,4 mlrd so‘m sarflangani ma’lum bo‘ldi. Xizmatlar «Akfa Dream World» tomonidan ko‘rsatilgan
24.11.2020 21:28,  
656

2020 yil 24 yanvarda Toshkent shahrida tashkil etilgan davlat tadbiriga taklif etilganlarni ovqatlantirish uchun qariyb 1,5 milliard so‘m xarajat qilingan. Xizmatlar «Akfa Dream World» MChJ tomonidan ko‘rsatilgan.

Kun.uz nashrining yozishicha, joriy yilning 24 yanvar kuni «Tashkent city» xalqaro ishbilarmonlik markazi hududidagi «Congress Hall» majmuasida bo‘lib o‘tgan davlat tadbirini o‘tkazish bilan bog‘liq xarajatlar 1 milliard 768 million so‘mni tashkil etgan. Bu haqda hukumatning shu yilning 1 may kuni imzolangan tegishli farmoyishida ma’lumot berilgan.

Tadbirga tashrif buyurganlarni ovqatlantirish ishiga «Akfa Dream World» MChJ mas’ul bo‘lgan. Bu haqdagi ma’lumot buyurtmachi Toshkent shahar hokimligi va ijrochi «Akfa dream world» MChJ o‘rtasida tuzilgan shartnomada aks etgan. Shartnomaga muvofiq, 24 yanvar kuni 800 kishining «Ballroom»da tushlik qilishiga 447 million 174 ming so‘m, «Shosh»da 400 kishining tushligi uchun 223 million 587 ming so‘m, «Toshkent 2-3-4»dagi 110 kishilik tushlikka 61 million 486 ming 425 so‘m sarflanishi nazarda tutilganHar bir shaxsning bitta tushligi 558 ming 967 so‘mdan hisoblangan.

Bundan tashqari, shu kuni 100 kishi uchun «Foye»dagi nonushtaga 7,7 million xarajat qilinishi ma’lum qilingan. 24 yanvar kuni «Congress Hall» zalida ham tushlik tashkil qilingan bo‘lib, unga 250 nafar kishi taklif qilingan. Zal ijara haqi (374 million 556 ming so‘m) va tushlik (har bir shaxs uchun 1,53 million so‘m) uchun 757 million 652 ming so‘m to‘lanishi shartnomada ko‘rsatilgandi.

Bajarilgan ishlar aktiga ko‘ra, ko‘rsatilgan xizmatlar 1 milliard 302 million 260 ming so‘mni, qo‘shilgan qiymat solig‘i 195 million 339 ming so‘mni tashkil etgan.

Ma’lumot uchun, «Akfa Dream World» MChJ 2017 yil 6 dekabr kuni tashkil etilgan kompaniya bo‘lib, iqtisodiy faoliyati turlarining umumdavlat tasniflagichiga (IFUT) ko‘ra, motorli transport vositalari ishlab chiqarish bilan shug‘ullanadi.

Kompaniya ta’sischilari va ularning ustav fonddagi ulushi haqidagi ochiq ma’lumotlar bazasida bir nafar jismoniy shaxs (Bahodir Abdullayev 43,5 foiz ulush bilan) hamda 3ta kompaniya («Wide Tent System» 26,8 foiz, «Asia Electron» 15,1 foiz va «Perfect Plast Profil» 14,6 foiz) ko‘rsatilgan. Kompaniyaga ayni paytda Jamshid Abidov rahbarlik qiladi.

2020 yil 2 iyun holatiga ko‘ra, kompaniya ta’sischilari va ustav fondda ulushga ega sub’yektlar qatorida 24,1 foiz bilan «Techno Continental» kompaniyasi ham mavjud edi. O‘z navbatida, mazkur kompaniya ustav fondidagi 62,5 foiz ulush «Artel Electronics»ga tegishli.

Kun.uz ushbu tadbirning xarajatlariga oid ayrim savollar bilan Toshkent shahar hokimligi bilan bog‘landi. Shahar hokimligi axborot xizmatining ma’lum qilishicha, mazkur nufuzli tadbir o‘tkazilishi bo‘yicha hukumat tomonidan tegishli qarorlar qabul qilingan bo‘lib, tashkiliy masalalarda Toshkent shahar hokimligiga ma’lum topshiriqlar belgilangan va vazifalar yuklatilgan.

«Xususan, tantanali tadbirning o‘tkazilish manzili sifatida «Tashkent city» hududidagi «Hilton» — «Kongress holl» ko‘rsatilgan. Tabiiyki, Toshkent shahar hokimligi shartnomani ob’yekt mulkdori bo‘lgan «AKFA Dream World» kompaniyasi bilan tuzgan», deyiladi hokimlikning mazkur masala yuzasidan bildirgan rasmiy munosabatida.

Bundan avvalroq Davletovuz kanali Toshkent shahridagi davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladigan loyihalar buyurtmachisi, Toshkent shahri hokimligining «Yagona buyurtmachi xizmati» injiniring kompaniyasi tomonidan poytaxtda turli inshootlarni qurish, infratuzilma yo‘l va kommunal tarmoqlar barpo etish, ta’mirlash kabi buyurtmalar to‘g‘ridan to‘g‘ri, asosan hukumat hujjatlari bilan xususiy kompaniyalarga taqdim etilgani haqida yozgan, unda ayrim shartnomalarda manfaatlar to‘qnashuvi ehtimoli ham ko‘rinishiga e’tibor qaratilgandi.

Tavsiya etamiz






Tavsiya etamiz

Ҳар доим хабардор бўлинг!

carzone.uz мобил иловаларини кўчириб олинг ва барча янгиликлар сиз билан