Davlat test markazi kimlar testdan ozod qilinishi mumkinligini e’lon qildi

Davlat test markazi kimlar testdan ozod qilinishi mumkinligini e’lon qildi

Davlat test markazining Chet tillarini bilish va egallash darajasini baholash boshqarmasi tomonidan berilgan davlat namunasidagi malaka sertifikatiga ega bo‘lgan ta’lim muassasalari pedagoglari, abituriyentlari hamda o‘quvchilariga bir qator imtiyozlar belgilangan.

Vazirlar Mahkamasining qaroriga asosan 2018 yil 1 yanvardan boshlab malaka sertifikatiga ega bo‘lgan talabgorlarga sertifikat olgandan boshlab 3 yilgacha amalda bo‘ladigan quyidagi imtiyozlarni berish tartibi joriy etiladi.

1. Chet tilini bilish darajasi to‘g‘risida davlat namunasidagi A2 va undan yuqori darajadagi malaka sertifikatiga ega bo‘lgan umumiy o‘rta ta’lim muassasalari bitiruvchilari o‘rta maxsus kasb-hunar ta’lim muassasalariga o‘qishga kirishda saralash test sinovlari ro‘yxatiga kiritilgan chet tili (ingliz, nemis, fransuz) fani bo‘yicha test sinovidan ozod etiladi va ularga chet tili fanidan maksimal ball beriladi.

2. Chet tilini bilish darajasi to‘g‘risida davlat namunasidagi B1 va undan yuqori darajadagi malaka sertifikatiga ega bo‘lgan abituriyentlar oliy ta’lim muassasalariga bakalavriat yo‘nalishlariga o‘qishga kirishda test sinovlari majmuasiga kiritilgan chet tili (ingliz, nemis, fransuz) fani bo‘yicha test sinovidan ozod etiladi va ularga chet tili fanidan maksimal ball beriladi.

3. Chet tilini bilish darajasi to‘g‘risida davlat namunasidagi B2 va undan yuqori darajadagi malaka sertifikatiga ega bo‘lgan abituriyentlar oliy ta’lim muassasalarining magistraturasiga kirishda test sinovlari majmuasiga kiritgan chet tili (ingliz, nemis, fransuz) fani bo‘yicha test sinovidan ozod etiladi va ularga chet tili fanidan maksimal ball beriladi.

4. Chet tilini bilish darajasi to‘g‘risida davlat namunasidagi B2 va undan yuqori darajadagi malaka sertifikatiga ega bo‘lgan umumiy o‘rta, o‘rta-maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalari pedagoglari attestatsiya jarayonida malaka sinovi uchun belgilangan maksimal ball bilan baholanadi va test sinovlaridan ozod etiladi.

Ayni damda chet tilini egallash va bilish darajasini baholash uchun joylarda talabgorlar sonidan kelib chiqqan holda guruhlarni tashkillashtirish, viloyatlarda test sinovlarini tashkil qilish, topshiriq shakllari va test sinovlarini o‘tkazish bilan bog‘liq bo‘lgan boshqa tashkiliy masalalarga doir muhokama jarayoni ketmoqda.

Chet tilini bilish va egallash darajasini baholash malaka sertifikatini olishga doir ma’lumotlar bilan Davlat test markazining rasmiy veb sayti www.dtm.uz va Chet tillarini bilish va egallash darajasini baholash boshqarmasi rasmiy veb sayti www.nsfla.uz orqali to‘liq tanishib borishingiz mumkin.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 11 avgustdagi "Ta’lim muassasalarida chet tillarini o‘qitishning sifatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qaroriga asosan chet tillarini o‘qitish tizimi, chet tilini bilish darajasini baholash milliy tizimini takomillashtirish bo‘yicha bir qator chora-tadbirlar ko‘zda tutilgan.