Валюта курси: Ўз.Р.Марказий банки
USD
АҚШ доллари
EUR
Eвро
RUB
Россия рубли
Sayt test rejimida ishlayapti!!!

Сўнгги янгиликлар






Davlat tili to‘g‘risidagi qonun tahrirga muhtojmi?
22.10.2017 12:01,  
325

O‘zbek tilining O‘zbekiston hududida davlat tili sifatida amal qilishining huquqiy asoslari asosan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va «Davlat tili haqida»gi Qonuni (bundan keyin Qonun) bilan tartibga solinadi. Konstitutsiyaning 4 moddasiga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasida davlat tili o‘zbek tilidir va uning hududida yashovchi barcha millat va elatlarning tillari hurmat qilinishi qonun bilan kafolatlangan. Davlat tilining amaldagi ijrosi, qo‘llanilishi qanday? Vatanimiz hududida qo‘llaniladigan boshqa tillarning maqomi va huquqiy himoyasichi? O‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilgandan keyingi o‘tgan 20 yillik davrda bu boradagi qonunga yangi o‘zgartirishlar kiritish yoki uni yangi tahrirda qabul qilishga ehtiyoj sezildimi? Maqolada shu masalalarni muhokama qilamiz.

Davlat tili va kundalik hayot

Qonunning 1 moddasiga ko‘ra, O‘zbekistonda davlat tili o‘zbek tilidir. Shu bilan birga, O‘zbekistonda yashovchi turli millat va elatlar o‘z ona tilini qo‘llashlarini kafolatlash maqsadida Qonun o‘zbek tiliga davlat tili maqomining berilishi mamlakatdagi boshqa xalqlarning o‘z ona tilini qo‘llash huquqiga monelik qilmasligini ham bayon etgan. Qonunga ko‘ra, turmushda, shaxslararo va millatlararo muomalada fuqarolar o‘z xohishlariga ko‘ra istalgan tilda muloqot qilishlari mumkin. O‘zbek tilining izohli lug‘atida «turmush» so‘ziga «insonning yashash, kun kechirish tarzi, kundalik hayoti» deya ta’rif berilgan. Demak, kundalik hayotda O‘zbekiston hududida yashovchi har bir shaxs o‘zi istagan tilda gapirishga haqqi bor. Masalan, kishilar o‘zaro muloqotda rus yoki tojik tilidan foydalanganlari uchun ularni hech kim kamsitishi mumkin emas. Ushbu kafolatni yanada mustahkamlash maqsadida, Qonunning 4-moddasida O‘zbekiston «hududida yashovchi millatlar va elatlarning tillariga izzat-hurmat bilan munosabatda bo‘lish ta’minlanadi» deb yozilgan.

Davlat tili va uning davlat organlarida qo‘llanilishi

Qonunning 14 moddasiga ko‘ra, O‘zbekiston hududida yashovchi shaxslar davlat tashkilotlari va muassasalariga ariza va shikoyatlarini davlat tilida yoki boshqa tillarda topshirishlari mumkin. Demak, davlat organiga yozilgan ariza yoki shikoyatni faqat davlat tilida yozilmagani uchungina qabul qilmaslik mumkin emas. Mazkur modda O‘zbekiston hududida istiqomat qiluvchi turli millat va elatlarning huquqlarini himoya qilishga xizmat qilsa ham, amaliyotda ba’zi jiddiy qiyinchiliklarni tug‘dirishi mumkin. Chunki Qonundagi «boshqa tillarda» atamasi aynan qaysi tillarni qamrab olishi haqida ma’lumot berilmagan. Davlat tilidan boshqa tillar deganda rus, tojik va qoraqalpoq kabi mahalliy tillar bilan birga, ingliz, nemis va yapon kabi chet tillari ham tushunilishi mumkin. Bundan tashqari, «boshqa tillarda» ariza yoki shikoyat olgan davlat organi javobni qaysi tilda berishi kerak?

Qonunning 9 moddasiga ko‘ra, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarida ish davlat tilida yuritiladi. Ammo bu moddada ham ish materiallari «zaruriyatga qarab boshqa tillarga tarjima qilinishi ta’minlanadi» degan band mavjud. Xo‘sh, davlat tilidan boshqa tilda yozilgan ariza yoki shikoyat moddadagi «zaruriyat» holatiga kiradimi? Bu holatda javob ham davlat tilida, ham murojaat yozilgan tilda berilishi kerakmi? Qonunda mazkur savollarga javob yo‘q.

Davlat tili va ismlar

Qonunning 15 moddasiga ko‘ra, O‘zbekistonda yashovchi shaxslar o‘z ism va familiyasini milliy-tarixiy an’analarga muvofiq yozish huquqiga egadirlar. Sobiq Ittifoq davrida hozirgi O‘zbekiston va Markaziy Osiyo hududida yashagan aholi familiyasiga majburan «-ov», «-ev» kabi qo‘shimchalar qo‘shilgan edi. Qonunning yuqorida tilga olingan 15 moddasi bu kabi qoidalar endi majburiy emasligini belgilaydi. Ismini milliy-tarixiy an’analarga muvofiq yozishni istagan shaxs endi ismini, masalan, «Aydjamal Sadikova»dan «Oyjamol Sodiq» yoki «Oyjamol Sodiq qizi»ga o‘zgartirishi mumkin. Shuningdek, rus millatiga mansub kishining ismini “Ivan Adamov”dan “Ivan Odam”ga majburlab “o‘zbeklashtirish” qonunga zid.

Qonunning ushbu bandidan O‘zbekiston aholising ko‘pchilik qismi bexabar va shuning uchun mamlakatda familiya yozishda hanuz Sovet davridan qolgan qoidalar amal qilib kelmoqda. Bu muammoni Baxtiyor Shohnazarov 2001 yilda O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi «Yoshlar» telekanalining «Huquq va burch» ko‘rsatuvida muhokama qilgan edi.

Qonunning 15 moddasida ko‘zda tutilgan haq-huquqlar haqida ma’lumotni keng jamoatchilikka yetkazishda Fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish (bundan keyin FHDYo) organlarining o‘rni katta. FHDYo organi pasport yoki tug‘ilganlik haqidagi guvohnomani olishga kelgan shaxslarga ism-shariflarini milliy-tarixiy an’analarga muvofiq qayd etishlari mumkinligi va buni qay tartibda amalga oshirish haqida ma’lumot berishlari kerak. Shunda tu’gilganlik haqidagi guvohnomasida ismi «Taxtayeva Dilyaram Yakovlevna» deb yozilgan shaxs pasport olish chog‘ida ismini “To‘xtayeva Dilorom Yoqubovna” yoki «To‘xtayeva Dilorom Yoqub qizi» deb yozishga haqli ekanini biladi. Bunday tushuntirish ishlarini samarali amalga oshirish uchun FHDYo organlari qisqa ma’lumotnoma-varaqalar tayyorlab, ularni fuqarolik holati dalolatnomasi uchun murojaat qilgan shaxslarga taqdim etishlari maqsadga muvofiq bo‘ladi.

Ismlarni milliy-tarixiy an’analarga ko‘ra yozish Qonunda belgilangan bo‘lsa ham, buni amalga oshirish yo‘l-yoriqlari yoki bu boradagi me’yor hamda cheklovlar huquqiy jihatdan tartibga solinmagan. Masalan, «Xadjibekov Sadikdjon Djumanazarovich» o‘z ismini milliy-tarixiy an’analarga ko‘ra qayd ettirmoqchi bo‘lsa, quyidagi ismlardan qay birini tanlashi kerak: “Sodiqjon Hojibek Jumanazar”mi yoki “Hojibekov Sodiqjon Jumanazar o‘g‘li”mi yoki “Sodiqjon Hojibek Jumanazariy”mi? Yoki ismini milliy-tarixiy an’analar doirasida soddaroq qilib yozish kerakmi, masalan, «Sodiqjon Jumanazar» yoki “Sodiqjon Hojibek” kabi? Bu shaxs yuqoridagi variantlarning istalgan birini tanlashi mumkinmi yoki bu borada cheklov yoki me’yorlar bo‘lishi kerakmi?

“O‘zbekiston Respublikasi fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish (FHDYo) organlarida ish yuritish tartibi to‘g‘risida”gi Yo‘riqnomada bu haqda hech narsa deyilmagan. Bu esa amaliyotda jiddiy anglashilmovchiliklar va qiyinchiliklarga sabab bo‘lishi mumkin. Masalan, meros, bank xizmatlari, jinoyatchilikka qarshi kurash kabi masalalarda shaxslarning ismi bir necha hujjatga qarab solishtiriladi. Ism-shariflarning Qonunning 15 moddasiga ko‘ra qanday yozilishi samarali huquqiy tartibga solinmasa, yaqin kelajakda yuqorida aytib o‘tilgan sohalardagi ijtimoiy munosabatlarda ham shaxs uchun, ham davlat uchun jiddiy muammolar tug‘ilishi tabiiy.

Nazarimizda, davlat tilida yozilgan ismlarning chet tilida, xususan, ingliz tilida qanday yozilishi masalasi ham huquqiy tartibga solinishi kerak. Masalan, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi veb-sahifasiga kirib, Qonunchilik Palatasi deputatlarining ism-shariflariga e’tibor bersangiz, bu boradagi nomutanosibliklarga guvoh bo‘lish mumkin. Davlat tilida «Sodiqjon» deb yozilgan ism ingliz tilida “Sodikzhon” deb yozilgan. Yoki davlat tilida “Odilxo‘jayeva” deb yozilgan familiya ingliz tilida “Adilhodzhayeva” deb yozilgan. Deputatlarning ism-shariflari ko‘zdan kechirilganda, bunday holatni deyarli har bir ism yoki familiyada kuzatish mumkin. Mazkur masala qonun bilan tartibga solinmagani uchun davlat pasportining ingliz tilidagi sahifasida lotin yozuvida berilgan ismlarda aniq bir qoidaga amal qilinmagan holda turlicha yozilish holatlari uchrab turadi. Masalan, bir oilaga tegishli bo‘lgan aka-ukalarning pasportlarida familiyalari lotin yozuvida birida “Abdullayev”, ikkinchisida esa “Abdoollayev” deb yozilgan holatlarga o‘xshash misollar juda ko‘p.

Yuqorida ta’kidlanganidek, ism-sharif kabi shaxslarning kimligini bildiruvchi atamalarni to‘g‘ri yozish qoidalari tartibga solinmasa, ijtimoiy munosabatlarda jiddiy muammolarni keltirib chiqarishi aniq.

Davlat tili va huquqiy hujjatlar

Qonunning 8 moddasiga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasining qonunlari, davlat hokimiyati va boshqaruv organlarining boshqa hujjatlari davlat tilida qabul qilinadi va e’lon qilinadi. Qonunning mazkur moddasi davlat hokimiyati va boshqaruv organlari tomonidan ko‘p hollarda buzilayotganini kuzatish mumkin. Masalan, O‘zbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida” (bundan keyin Qonun hujjatlari milliy bazasi) topilgan qonun hujjatlarining ba’zilari faqat rus tilida mavjud ekanligini ko‘rish mumkin.

Masalan, Qonun hujjatlari milliy bazasida 1999 yilda O‘zbekiston Respublikasi Adliya Vazirligida ro‘yxatdan o‘tkazilgan “Xorijdagi O‘zbekiston Respublikasi diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalari tomonidan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolariga pasport berish va almashtirish tartibi to‘grisida”gi Yo‘riqnomasi faqat rus tilida berilgan. Saytda «Hujjat matni rus tilida keltiriladi» degan izoh ham mavjud. Bu bilan Davlat tili to‘g‘risidagi qonunning 8 moddasi buzilmoqda. Yuqorida tilga olingan huquqiy hujjat 1999 yilda kuchga kirganligiga qaramasdan haligacha davlat tilidagi matni tayyorlanmagan.

O‘zbekiston Respublikasi Moliya Vazirligining «16 yoshgacha bolalari bo‘lgan oilalarga nafaqalar tayinlash va to‘lash tartibi bo‘yicha uslubiy ko‘rsatmalarga o‘zgartirishlar va qo‘shimcha kiritish haqida»gi Qaroriga yozilgan Ilova ham «Ilova rus tilidagi matnda berilgan» izohi bilan faqat rus tilida mavjud. Bunday missollarni yuzlab keltirish mumkin.

Oliy Majlis qo‘mitalarida, yangi qonun qabul qilish uchun tuzilgan qo‘mitalarda ish, zarurat tug‘ilganda, rus tilida amalga oshirilishi mumkin. Ammo qonun matni, qabul qilishga tayyor bo‘lgandan keyin, albatta, o‘zbek tiliga tarjima qilinishi kerak va shundan keyingina keng jamoatchilik e’tiboriga havola qilinishi kerak. Bu qonun talabidir.

Mahalliy hokimiyat va boshqaruv organlarining hujjatlari ham davlat tilida qabul qilinib, davlat tilida e’lon qilinishi kerak. O‘zbek tilida qabul qilingan qonunlarning, davlat va mahalliy hokimiyat va boshqaruvi organlari hujjatlarining tarjimalari boshqa tillarda ham e’lon qilinishi mumkin. Ushbu qoida O‘zbekiston hududida yashovchi, ammo davlat tilini bilmaydigan yoki yaxshi bilmaydigan fuqarolar manfaatlarini himoya qilish maqsadida qabul qilingan. Ushbu qoida ham qo‘shimcha huquqiy izoh va tushuntirishga muhtoj. Sababi Qonunda qanday holatlarda davlat va mahalliy hokimiyat va boshqaruvi organlarining hujjatlari boshqa tillarda e’lon qilinishi mumkinligi haqida izoh berilmagan.

Davlat tilining xo‘jalik boshqaruvi va jamoat joylarida qo‘llanilishi

Qonunning 10- moddasiga ko‘ra, korxonalar, muassasalar va tashkilotlarda ish yuritish, hisob-kitob, statistika va moliya hujjatlari davlat tilida yuritiladi. Agar korxonalarda ishlovchilarning ko‘pchiligi o‘zbek tilini bilmasa, davlat tili bilan bir qatorda boshqa tillarda ham ish yuritish mumkin. Masalan, bir korxonaning hisob-kitob bo‘limida, asosan, rus millatiga mansub xodimlar ishlasa, bu holatda ularga korxona hujjatlarini rus tilida tayyorlashga ruxsat beriladi. Lekin rus tilida ish yuritilishiga qaramay, korxonaning hisob-kitob bo‘limi barcha hujjatlarni o‘zbek tilida ham tayyorlashga majbur.

O‘zbekiston Respublikasi Reklama to‘g‘risidagi Qonunining (bundan keyin Reklama Qonuni) 5 moddasiga ko‘ra, davlatimiz hududida reklama davlat tilida berilishi bilan birga, reklama beruvchining xohishiga ko‘ra boshqa tillarda ham e’lon qilinishi mumkin. Shu masalaga bog‘liq bo‘lgan yana bir muammo bu reklama yozuv taxtalari va bannerlaridagi reklama matnlarining jiddiy xatolar bilan yozilayotganidir. Reklama matnlarini e’tiborsizlik natijasida jiddiy xatolar bilan yozish uchun javobgarlik bormi? O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksining(bundan keyin Kodeks) 42 moddasiga ko‘ra, davlat tilini mensimaganlar eng kam ish haqining bir baravaridan ikki baravarigacha miqdorda jarimaga tortilishi mumkin. Ammo Kodeksda qaysi holatlar «mensimaslik» deb baholanishi mumkinligi haqida hech narsa deyilmagan. O‘zbek tilining izohli lug‘atiga ko‘ra, «mensimaslik» deb «e’tiborsizlik va past nazar bilan qarash»ga aytiladi. Davlat tili yoki boshqa tillarda yozilgan matndagi xatolarni e’tiborsizlik deb baholash mumkin, ammo ularning «past nazar bilan qarash» maqsadida qilinganini isbotlash qiyin.

Reklamalarda davlat tilini ishlatishda xatolarning oldini olish na Davlat tili to‘g‘risidagi Qonunda va na Reklama to‘g‘risidagi Qonunda tartibga solingan. Reklama yozuv taxtalarida uchrab turadigan qo‘pol imlo xatolari uchun kim javobgar? Reklama beruvchimi yoki reklama agentligimi?

Amaldagi qonun hujjatlari orasida reklama agentliklariga reklama matnini davlat tili yoki boshqa tilda xatosiz yozilganligini tekshirish vazifasini yuklovchi biror yo‘riqnoma topilmadi. Filologiya fanlari nomzodi Ravshan Jomonovga ko‘ra, Qonun talablari to‘liq bajarilishini ta’minlash maqsadida hokimliklar huzurida atamalar komissiyalari tuzilgan. Mazkur komissiyalarning ishini jonlantirish yechimlardan biri bo‘lishi mumkin. Ba’zilar reklamada uchraydigan imloviy va uslubiy xatolar davlat organlari tomonidan tartibga solinmasligi kerak, bozor munosabatlari bunday holatlarni o‘zi asta-sekin tartibga solib yuboradi deb hisoblashi mumkin. Bu fikr ham o‘rinli ko‘rinadi. Ammo shunday bo‘lgan taqdirda ham bu haqda qonun hujjatlarida qoida bo‘lishi kerak.

Reklama yozuv taxtasidagi qo‘pol xatolar haqida xabar berib, ularning to‘g‘rilanishini talab etishda fuqarolar faolligi ham muhim ahamiyatga ega. Ammo ular bunday holatlarda kimga yoki qayerga murojaat etishlari kerak? Reklama beruvchi yoki reklama agentligi xatolarga e’tiborsizlik bilan qarasa, uni bartaraf etish uchun hech qanday chora ko‘rmasa, fuqarolar kimga shikoyat qilishi mumkin? Xatolarni bartaraf etish masalasiga bunday e’tiborsizlik bilan qaragan reklama beruvchi shaxs yoki reklama agentligining xatti-harakatlarini «mensimaslik» yoki «e’tiborsizlik va past nazar bilan qarash» deb ta’riflab, ularni ma’muriy javobgarlikka tortish mumkinmi?

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining «O‘zbekiston Respublikasida chakana savdo qoidalarining hamda O‘zbekiston Respublikasida umumiy ovqatlanish mahsulotlarini (xizmatlarini) ishlab chiqarish va sotish qoidalarini tasdiqlash to‘g‘risida»gi Qarorining (bundan keyin Qaror) 16 bandiga ko‘ra, «sotuvchi, tovarlar va ularni tayyorlovchilar to‘g‘risidagi ma’lumotlar xaridorlar e’tiboriga davlat tilida yetkaziladi, shuningdek, boshqa tillarda takrorlanishi mumkin». Lekin chakana savdo rastalarida tovarlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar xaridorlar e’tiboriga har doim ham davlat tilida yetkazilmaydi. Masalan, pishloqning har-xil turlarini sotayotgan sotuvchi bir pishloq turi ustiga «Galanski Sir! Sveji!» deb yozib qo‘ygan bo‘lsa (kundalik hayotimizda ko‘p uchraydigan bunday yozuvlarga misollarni Ravshan Jomonovning «O‘ynab gapirsang ham o‘ylab yoz» maqolasidan topishingiz mumkin), bu reklama hisoblanadimi yoki mahsulot to‘g‘risidagi ma’lumotmi? Agar reklama hisoblansa, unda reklama davlat tilida berilishi talab etilmaydi. Agar mazkur yozuv mahsulot to‘g‘risidagi ma’lumot deb talqin etilsa, unda boshqa til bilan birga davlat tilida ham yozilishi shart.

Xulosa o‘rnida

O‘zbekiston hududida davlat tilining amal qilishini tartibga soluvchi qonunchilik o‘zgartirish va qo‘shimchalarga ehtiyoji bor, deb hisoblaymiz. Yangi qonun yoki o‘zgartirishlarni qabul qilishda yuqorida tilga olingan va boshqa shu kabi muammo hamda kamchiliklarga e’tibor berish zarur.

Tavsiya etamiz






Tavsiya etamiz

Ҳар доим хабардор бўлинг!

carzone.uz мобил иловаларини кўчириб олинг ва барча янгиликлар сиз билан