Валюта курси: Ўз.Р.Марказий банки
USD
АҚШ доллари
EUR
Eвро
RUB
Россия рубли
Sayt test rejimida ishlayapti!!!

Сўнгги янгиликлар






Davlatchiligimiz tarixi yoki Milliy uyg‘onish davriga bir nazar
25.09.2019 11:50,  
1308

Making Uzbekistan: Nation, Empire and Revolution in the Early USSR. Ithaca, NY: Cornell University Press, 2015.

Milliy istiqlolimizga o‘z-o‘zidan erishib qolganimiz yo‘q. Bu yo‘lda to‘kilgan qon va berilgan qurbonliklarni ko‘pchilik bilavermaydi. Ajdodlarimiz orzu qilgan Mustaqillik 1991 yilda go‘yo silliqqina amaliyotda osongina qo‘lga kiritildi degan yanglish tasavvur bor.

O‘zbekiston davlatchiligi Amir Temur va undan oldingi davrlarga borib taqalishi aytilsada, ammo bundan roppa-rosa 100 yil oldin ro‘y bergan voqealar zamonaviy O‘zbekiston Respubikasining yaralishida muhim rol o‘ynagani xotiramizdan ko‘tarilgan. Shu ma’noda Amerikalik tarixchi olim Adib Xolidning “O‘zbekistonning barpo bo‘lishi” nomli asari yaqin tariximizni o‘rganishda, Milliy istiqlol qahramonlarini tanishda hamda berilgan qurbonliklarni his qilish yo‘lida katta yangilik bo‘ldi desak mubolag‘a bo‘lmas.

Pokistonda tug‘ilib o‘sgan, ingliz va urdu tilini ona tilidek biluvchi, o‘zbek, turk, rus, fors, nemis va fransuz tillarini professional darajada o‘zlashtirgan bu tarixchi olim butun ilmiy faoliyatini Turkiston xalqlari tarixini o‘rganishga bag‘ishlagan. Uning mazkur asari oldingi kitoblarining mantiqiy davomi deyish mumkin.

Oldingi ilmiy ishlari O‘rta Osiyoda jadidchilik paydo bo‘lishi, rivojlanishi va faoliyati haqida so‘z yuritgan bo‘lsa, bu kitobi zamonaviy O‘zbekistonning yaralishida jadidlarning rolini mubohasa etadi.

Muallif kitob ustida izlanish va turli davlatlarda tadqiqotlar olib borishga o‘n besh yil vaqt sarfladi. Kitobni o‘qirkanmiz, undagi arxiv manbalarning aniq berilishi, keng qamrovligi hamda chuqur tahlil qilinganidan hayratlanamiz.

Muallif bu kitob ustida ishlash jarayonida AQSh Kongressi kutubxonasida saqlanayotgan O‘rta Osiyoga oid bebaho arxiv materiallari, o‘sha davrga taalluqli birlamchi hujjatlar bilan tanishadi. Undan tashqari Fransiya, Germaniya, Britaniya, Rossiya hamda O‘zbekiston davlat muzeylari va arxivlaridan foydalanadi. O‘tgan asrning yigirmanchi yillaridagi maxfiy va siyosiy politsiya OGPU, GPU, NKVD arxiv materiallariga bevosita murojaat qiladi. Milliy istiqlol harakatining darg‘alari ustidan ochilgan soxta jinoiy ishlar, ko‘rsatmalar, davriy matbuotda chiqqan maqolalar bilan tanishadi. O‘sha davr adabiyotini yaqindan o‘rganadi, inglizchaga mohirona tarjima qiladi.

Bu kitobni o‘qiganda bundan yuz yil orqaga qaytgandek, Abdurauf Fitrat, Abdulla Qodiriy, Abdulla Avloniy, Munavvar qori, Behbudiy, Fayzulla Xo‘jayev, Akmal Ikromov kabi davlat va jamiyat arboblari, ma’rifatparvar fidoyilar hamda adiblar bilan yuzma-yuz o‘tirib suhbat qurgandek bo‘lasiz. O‘sha davrga xos bo‘lgan talotum, shiddatli o‘zgarish, ocharchilik, qora xalqning yupun ahvolini his qilasiz. Bir tomonda yangicha ish tutish va taraqqiyot tarafdori bo‘lgan jadidlar, ikkinchi tarafda an’anaviy obro‘-e’tiboridan ayrilib qolishdan cho‘chiyotgan hamda o‘zlarini barqarorlik xomiylari sifatida ko‘ruvchi boylar va ulamolar, boshqa tarafdan esa ikkala tarafga ham muntazam bosim o‘takazayotgan bolsheviklar va sovetlar o‘rtasidagi murakkab jarayon qanchalik og‘ir kechganini biroz tasavvur qilasiz.

Nihoyatda puxta tadqiq qilingan, o‘ta yuqori saviyada izchillik bilan izlanish olib borilgan bu kitobda arxiv materiallari va foydalanilgan ma’lumotlar aniq-tiniq ko‘rsatib o‘tiladi.

Kitob o‘n ikki bobdan iborat bo‘lib, har bir bobida bir nechta mavzular haqida so‘z boradi.

Birinchi bobda Chor Rossiyasi davrida O‘rta Osiyo ziyolilarning islohot yo‘lida tutgan roli haqida gap ketadi. O‘rta Osiyoning bosib olinishi, Xonlar taxtdan olinib, ba’zilari surgun qilingach, ular saqlab kelgan obro‘-e’tiibor, nufuz, mansablar sekin-asta diniy ulamolar va sanoatchi boylarga o‘tgani, rus tuzem maktablarida ta’lim olgan ayni paytda islomiy va mahalliy an’analarni ham chuqur bilgan ma’rifatchi qatlam, ya’ni jadidlar yetishib chiqqani haqida so‘z boradi. Chor Rossiyasi, xususan Fon Kaufman yuritgan diniy siyosat, aniqroq aytsak, Islomga qarshi ochiq-oydin kurashmasdan shunchaki qarovsiz, e’tiborsiz tashlab qo‘yish, Metropol Imperiyaga integratsiya qilmaslik siyosati muhokama etiladi. Ostroumovning keng qamrovli va chuqur vakolatlarining oqibatlari bayon qilinadi.

Inqilobdan keyin paydo bo‘lgan yangi imkoniyatlar va jadidlar ulardan qanday foydalanishga uringani ikkinchi bobda mubohasa etiladi. Shu paytgacha mavjud bo‘lgan taxmin va qarashlarga zid o‘laroq, O‘rta Osiyodagi inqilob va o‘zgarish markaz, ya’ni Moskvadan buyurilib, buyoqda faqat ijro etilgan emas, balki mahalliy musulmon elita va kadrlar ham yangicha siyosatni ishlab chiqishda, muassasalarga asos solishda, boringki, zamonaviy O‘zbekiston davlatchiligiga tamal toshini qo‘yishda muhil rol o‘ynagan ekan. Ushbu jarayonda tomonlar o‘rtasida kechgan murakkab muzokaralar, kelishmovchilik va ziddiyatlar kitobda mohirona bayon etilgan.

O‘rta Osiyoda milliy delimitatsiya, ya’ni davlat chegaralarini belgilash, O‘zbekiston va Tojikiston davlat hududlarini aniqlash mavzusi 8-9 boblarda muhokama qilinadi.

O‘zbek millatining madaniy merosini tamsil etish uchun tuzilgan keng ma’nodagi Chig‘atoy loyihasi 1937 yillargacha saqlanib qoladi. Katta qatag‘on boshlanganda jadid ziyolilari millatchilikda ayblanib batamom repressiyaga uchraydi.

Oxirgi boblarda O‘rta Osiyoning tobora sovetlashtirish siyosati qanday kechgani muhokama qilnadi. Millatchilik sovet tuzumining eng asosiy dushmaniga aylanadi. Yuroqida aytilganidek, Sovet tuzumini eski ziyoli qatlamdan tozalash, yo‘qotish boshlanadi. Bu amaliyotning boshida OGPU maxfiy politsiyasi turadi. 1923 yilda boshlangan korenizatsiya –mahalliylashtirish siyosati OGPUni chetlab o‘tadi.

Inqilobdan oldingi davrga taalluqli milliy ziyolar va muassasalarga hujum – qozilar, ulamolarni qoralash, vaqf mulklari, madrasa va masjidlar yopilishi 1920 yillardan 1930 yillargacha olib borilgan bo‘lsa, 1937 yilga kelib milliy uyg‘onish vakillariga, qolgan-qutgan jadidchilarga uzil-kesil qaqshatqich zarba berish payti kelgan edi. Ko‘plab ziyolilar o‘ng qanotlik, millatchilik va Trotskiychilikda ayblanib hibsga olinadi.

Meni eng mahzun qilgani yettinchi bob bo‘ldi. Unda inqilobdan keyingi madaniy reformalar, shu jumladan diniy islohotlar haqida so‘z ketadi. Jadidlar inqilob tufayli paydo bo‘lgan qulay fursatdan foydalanib, omma xalq va ulamolar qarshi bo‘lsa ham ijtimoiy-madaniy sohada islohotlar bilan olg‘a yurishga jazm etadi. Kerak bo‘lsa xalqning sochidan sudrab, tepib bo‘lsa ham zamonaviy taraqqiyotga olib chiqamiz deyishadi. Afsuski, bu jarayonda milliy va diniy e’tiqodlarga hurmat prioritet hisoblanmaydi. Matbuotda dinni mazax qiluvchi, mslomiy arkonlar ustidan kuluvchi keskin maqolalar chiqa boshlaydi. Islomiy muassasalar birin ketin oyoq-qo‘li kesilib, va nihoyat batamom yo‘qotiladi. Bolsheviklar jadidlar boshlagan ishni yanada shiddatliroq davom ettirib , alaloqibat dinni butunlay jamiyatdan supurib tashlaydi.

Adib Xolid taqdim etgan nyuansli talqinlardan yana biri uyg‘onish davri adabiyotini majoziy ma’noda emas, lug‘aviy ma’noda, qanday bo‘lsa shundayligicha tushunishga urinishdir.Masalan Cho‘lponning “Buzilgan o‘lkaga” nomli she’ridagi iztiroblarni nafaqat bolsheviklarga balki ozodlik kurashchilari deb ataluvchi bosmachilar yetkazgan zararlarga ham qaratilgan deydi. Abdurauf Firatning ijodini muohakam etarkan, uning diniy islohotchilikdan dinsizlikkacha bo‘lgan trayektoriyasini qarab chiqadi. Boshida Fitrat Islomni isloh etish tarafdori bo‘lgan bo‘lsa keyinchalik, 1920-yillar o‘rtalariga kelib radikallashadi, dinga qarshi hujumi kuchayadi. Bunga misol qilib “ Qiyomat”, “Shaytonning Tangriga isyoni”, “Bedil” asarlarini misol qiladi. Shu paytgacha bu asarlarni majoziy ma’noda talqin etilgani, masal uslubida yozilganligi da’vo qilinishini ammo aslida unday emasligi, bu asarlarni yuzaki ma’noda qabul qilish lozimligini ta’kidlaydi. Ya’ni o‘sha davrda jadidlarning ulamolar bilan bo‘lgan ziddiyatlari, ayollar masalasida to‘qnashuvlari, bid’at-xurofotni qoralash qatori sekin-asta Islomning ahkom va arkonlariga ham hujum boshlashi bu Sovet ateyizmidan kelib chiqqan qaror emas, balki o‘zlarining haqiqiy qarashlari edi deya baholaydi.

Shu jihatdan olganda bu kitob uyg‘onish davri adabiyotiga qayta nazar tashlash, qaytadan o‘qib ko‘rishga qiziqish uyg‘otadi. Shu ma’noda Fitratning yuqorida aytilgan asarlarini hozirgi davr o‘quvchisiga taqdim etish maqsadga muvofiq bo‘lmas edi. O‘sha yillarda Mushtum jurnalida bosilgan diniy e’tiqodlarni tahqirlovchi karikatura va maqolalar hozirgi kun nuqtayi nazaridan milliy va diniy nizolar qo‘zg‘ash deb baholanishi tabiiy.

O‘z millati, dini va tarixi uchun qiziqqan, qayg‘urgan har qanday ziyoli inson uchun bu kitobni o‘qib chiqishni tavsiya qilaman. Yaqin orada bunchalik puxta yozilgan va xolisona yondoshilgan kitob chiqmagan bo‘lsa kerak. Tez orada tarjima qilinib omma o‘quvchlarga ham yetib borishini umid qilib qolaman.

Tavsiya etamiz






Tavsiya etamiz

Ҳар доим хабардор бўлинг!

carzone.uz мобил иловаларини кўчириб олинг ва барча янгиликлар сиз билан