Валюта курси: Ўз.Р.Марказий банки
USD
АҚШ доллари
EUR
Eвро
RUB
Россия рубли
Sayt test rejimida ishlayapti!!!

Сўнгги янгиликлар






Deputat Rasul Kusherboyev: Hokimlarni saylash masalasi amalga oshishi kerak
10.05.2019 08:14,  
362

Saytimiz mehmoni taniqli deputat, ijtimoiy tarmoqlar va qator saytlarda o‘zining ochiq-oshkora mulohazalari bilan tanilgan faol arbob Rasul Kusherboyev. U 1987 yilda Toshkent viloyati, Yangiyo‘l tumanida tug‘ilgan. O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetini tamomlagan. Mutaxassisligi – xalqaro jurnalistika. “Yangiyo‘l” gazetasi muharriri bo‘lib ishlagan. O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi a’zosi. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati

Hurmatli deputat, saytimizda intervyu berishga rozi bo‘lganingiz uchun tashakkur.

Har qanday inson yoshligida qandaydir kasb egasi bo‘lishni rejalashtiradi. Sizning yoshligingiz xalq turmushida deputatlarning o‘rni u qadar yuksak bo‘lmagan davrda kechgan. Nima uchun deputatlik yo‘lini tanlagansiz?

- Deputatlik kasb emas, uni tanlanadigan yo‘l ham deb bo‘lmaydi. Masalan, men bolaligimdan uchuvchi bo‘lishni orzu qilganman. Biroq vaqt o‘tgan sayin bu orzu o‘rnini boshqa istaklar egallay boshladi. O‘spirinlik vaqtida tushundimki, inson qaysi kasbni egallashdan qat’iy nazar o‘sha kasbning haqiqiy egasi bo‘lishi kerak ekan.

Deputatlikka kelsak, bu vaqt o‘tishi bilan paydo bo‘lgan hoxish va vaziyat taqozosi natijasi deb o‘ylayman. Deputatlikka intilmaganman, biroq bu haqda taklif tushganida nihoyat ko‘p vaqtdan buyon o‘ylab yurgan g‘oya va takliflarimni amalga oshirish imkoniyati bo‘lishi mumkin, degan istak paydo bo‘lgan. Endi esa deputatlik aslida chekimga tushgan ish ekanligini anglayapman. Bundan xursand ham xafa ham bo‘lmayman, umrim davomida bosib o‘tishim, bajarishim kerak bo‘lgan vazifa bu. 

 Parlament qonun chiqaruvchi hokimiyat hisoblanadi. Nima uchun deputatlar o‘z nutqida Prezidentdan juda ko‘p iqtibos keltiradi? Yoki davlatimizda Prezidentning boshqa hokimiyatlarni muvozanatlovchi alohida yuridik maqomi mavjudmi?

- Nima uchun iqtibos keltirishlarini bilmayman. Bu, menimcha, deputatlardan tashqari ko‘pchilik qiladigan ish bo‘lsa kerak. Bu yo xislat yo kasallik. Fikrni davlat rahbari so‘zlaridan boshlash keyinchalik bo‘ladigan munosabatlarning xavfsizligini ta’minlash va salbiy oqibatlardan asrash uchun sug‘urta sifatida ko‘rilsa kerak.

 G‘arbdagi rivojlangan davlatlarda deputatlar kommunal masalalarga aralashuvi, biror-bir fermerga traktor olib berilishiga, muayyan hududning gaz ta’minotini yaxshilashga yordamlashishi kuzatilmaydi. Bizda esa bunday holatlar ko‘p kuzatiladi? Bunga sabab nima?

- Bizda mahalliy Kengash ya’ni viloyat, tuman yoki shahar darajasidagi jamoatchilik asosida faoliyat yurituvchi deputatlar hamda Oliy Majlis Qonunchilik palatasida doimiy ish rejimida oylik ish haqi evaziga ishlaydigan deputatlar bor. Faoliyatdagi asosiy farq ham mana shunda. Mahalliy Kengash deputatlari o‘z joylarida doimiy bo‘lganliklari bois mahalliy darajadagi masalalar: kommunal, ijtimoiy infratuzilma va boshqa shu kabi muammolar bilan shug‘ullanishga ko‘proq imkoniyat va vaqti bor. Shuningdek, mahalliy darajadagi bunday muammolar mahalliy Kengash deputatlarining turli dasturlarni tasdiqlashi. Shu ishlar doirasida siz yuqorida aytgan masalalar bilan ham shug‘ullanishlari mumkin.

Biroq so‘nggi vaqtlarda Oliy Majlis deputatlari ham qonun ijodkorligi faoliyati bilan birgalikda har oyning so‘nggi haftasida o‘z saylov okruglarida bo‘lib, mahalliy darajadagi masalalarni hal etishga ko‘maklashishmoqda. Bunda respublika darajasidagi muammolar alohida o‘rin tutadi. Bu avvalo odamlarning, saylovchilarning talabi, buni ayni vaqtdagi sharoitimizda normal qabul qilish kerak. 

Ilgari parlamentda bahs deganda ziyolilar istehzoli qarardi. Bugun-chi? Parlamentdagi ehtiyotkorona bahslar qanchalik haqqoniy?

- Yaxshisi parlament majlislariga kelib o‘z ko‘zingiz bilan ko‘rganingiz ma’qul. Hozir men nima deyishimdan qat’i nazar bu xolis javob sifatida qabul qilinmasligi mumkin.

Shavkat Mirziyoyev 2016 yilning 8 dekabrida «Kelgusida biz mahalliy hokimlarni bevosita xalq tomonidan saylash masalasi haqida ham o‘ylab, muhokama qilib ko‘rishimiz kerak» degandi. Hozir ushbu masalani parlament deputatlari muhokama qilmoqdami? Amalga oshishi ehtimoli mavjudmi?

- Albatta, amalga oshishi kerak. Biroq, hozircha, bunday qonun loyihasini muhokama qilayotganimiz yo‘q. O‘ylashimcha yaqin vaqt ichida qonun loyihasi tayyor bo‘lib, muhokamaga kiritiladi.

Yangi prezident davrida xavfsizlik xizmatini parlament nazorat qilishi mexanizmlari qonunlarda belgilandi. Davlat xavfsizlik xizmati parlamentga hisob beryaptimi?

- “O‘zbekiston Respublikasi davlat xavfsizlik xizmati to‘g‘risida”gi Qonunda Prezidentning Davlat xavfsizlik xizmati raisini tayinlash va lavozimidan ozod etish to‘g‘risidagi farmonlari Senat tomonidan tasdiqlanishi belgilangan.

Shuningdek, ushbu qonunda Davlat xavfsizlik xizmati Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasini o‘z faoliyatining asosiy yo‘nalishlari yuzasidan muntazam ravishda xabardor qilishi belgilangan.

Shundan kelib chiqib, mazkur masalada Senat va uning tegishli qo‘mitasi qanday foydalanayotganidan men Qonunchilik palatasidagi deputat sifatida xabardor emasman.

Yana o‘sha “snos” masalasida savolga tutamiz. Siz telegramm kanalingizda aholining uylari buzilishi haqida xabar bergan “Ozodlik” radiosi, Stiv Sverdlou kabilarga “O‘z muammomizni o‘zimiz hal etamiz” qabilida javob berdingiz. Uyi buzilishidan norozi fuqaro dastavval tegishli mahalliy tashkilotlarga, sudga, deputatlarga, mahalliy OAVga, boringki, prezidentga murojaat qilganda ham muammo hal etilmagach, qay usulda hal etishi mumkin, deb o‘ylaysiz?

- Agar boshqa mas’ul idoralar chora ko‘rmagan bo‘lsa, faqat va faqat sud tartibida hal etish kerak. Chunki qonunchilikda bu holatda suddan bo‘lak hal etish yo‘li ko‘rsatilmagan. Agar biz qonunlar asosida yashaydigan va shunday yashashga intilayotgan mamlakat fuqarolari ekanmiz, bunday muammoni hal etish yo‘li shu. Nima bo‘lishidan qat’i nazar sud hammadan mustaqil bo‘lishi va adolatli qaror qabul qilishi kerak doim. Sud parlament, hukumat, Prezident xohishiga emas, qonunlarga suyanib ish ko‘rishi kerak. Bu qonunlar bilan to‘la kafolatlangan. Endi bundan ular qanday foydalanayapti, bunga odamlar o‘zi baho berib, munosabatini aytadi, aytmoqda ham. Men qonuniy yo‘lini bildirayapman xolos.

Ijtimoiy tarmoqdagi chiqishlaringizdan birida dunyoga mashhur adib Chingiz Aytmatovni bilish lozimligi haqida aytgandingiz. Aytmatovning qaysi asarlarini o‘qigansiz?

- Deyarli barcha asarlarini o‘qiganman. Qaytaqayta o‘qiydiganim esa “Birinchi muallim”, “Oq kema”, “Jamila”, “Alvido Gulsari”, “Asrga tatigulik kun”, “Qulayotgan tog‘lar” asarlari va  “Cho‘qqida qolgan ovchining ohi zori” suxbat kitobi. Bu kitoblarda hayotning ko‘p qirralari chuqur mazmun bilan ochib berilgan va bunda inson yorug‘ olamda bir zarra bo‘lsa ham avvalo inson ekanligini bildirib turadigan jihatlar ko‘p. Ba’zan asarlardagi qahramonlarda o‘zimni ko‘rgandek bo‘laman.

O‘tmish, bugun va kelajakni chuqur falsafa bilan uyg‘unlashtirishda muvaffaqiyat qozongan adib Chingiz Aytamov bilan ko‘rishish nasib qilmagani hayotdagi katta armonlarimdan biri bo‘lsa kerak.

O‘qituvchi J. Ergashev savoli: Iste’mol savatiga oid qonun qabul qilinishi haqida ancha gaplar bo‘ldi. Bu borada bir ijobiy hal bo‘ladigan amaliy qadamlar qo‘yilyaptimi?

- Ochig‘i, shunday qonun loyihasi ishlab chiqish bo‘yicha harakatlar boshlangan. Biroq qaysi bosqichda ekanligini bilmayman. Ma’lumot uchun qonunchilik tashabbusi sub’yektlari bizda ko‘p. Menimcha, bu loyiha hukumat tomonidan tayyorlanib Qonunchilik palatasiga kiritilsa kerak.

Farg‘onadan O‘zLiDeP a’zosi Maqsud Solijonov savoli: - Deputatlar davlatdan ish haqi oladi, boshqa joyda ishlashi yoki biznes bilan shug‘ullanishi mumkin emas. Ammo, ochig‘ini aytganda, bu oylik yetarli emas. Savolim shuki, deputat o‘zi va oilasini yaxshiroq ta’minlashi uchun qanday imkoniyatlar mavjud?

- Oliy Majlis deputati doimiy ravishda ish haqi evaziga ishlaydi. Shu bois, ularning ilmiy va pedagogik faoliyatdan tashqari boshqa daromad keltiradigan ishlar bilan shug‘ullanishi mumkin emas. Mahalliy Kengash deputatlari esa jamoatchilik asosida. Ya’ni ularning asosiy ishi biznes, o‘qituvchilik, shifokorlik, quruvchilik va hokazo bo‘lishi mumkin. Shundan kelib chiqib daromadi ham. Oilani ta’minlash masalasini ham shundan kelib chiqib hal etish mumkin. Oliy Majlis deputati bo‘lsangiz, ma’lum belgilangan miqdorda maosh olasiz, mahalliy Kengash deputati bo‘lsangiz, u yog‘i asosiy ishingiz qayerda ekanligiga bog‘liq. Ushbu farqdan kelib chiqib bemalol xulosa qilish mumkin.

Javoblar uchun rahmat, janob Kusherboyev. Faoliyatingizga Sof.uz sayti jamoasi rivoj tilaydi.

Tavsiya etamiz






Tavsiya etamiz

Ҳар доим хабардор бўлинг!

carzone.uz мобил иловаларини кўчириб олинг ва барча янгиликлар сиз билан