Валюта курси: Ўз.Р.Марказий банки
USD
АҚШ доллари
EUR
Eвро
RUB
Россия рубли
Sayt test rejimida ishlayapti!!!

Сўнгги янгиликлар






Din, davlat va dunyoviylik: oltin o‘rtaliq qayerda?
1.10.2019 12:20,  
883

Dindorlarning huquqlari buzilsa, sekulyar qatlamning jim kuzatib turishini tushunmayman. Milliy qadriyatlarimizga zid deb seriallarni hukumat taqiqlasa, bundan musulmonlar xursand bo‘lishini ham tushunmayman.

Unutmang, agar musulmon qizning boshidagi ro‘mol tortib olinsa, bundan sekulyar qatlam ham yutqazadi. Ma’naviyatimizga zid deb amaldor qizning kalta yubkasiga yopishsa, bundan musulmonlar ham yutqazadi.

Nega? Chunki hukumat hammani birdek ko‘rmaguncha, barcha uchun bir xil o‘yin qoidalarini yaratmaguncha, kimdir yutqazaveradi. Hokim shaxs sifatida qaysidir mafkuraning ashaddiy himoyachisi bo‘lishi mumkin, lekin hokim sifatida kursiga o‘tirishi bilan u mafkurasiz shaxsga aylanadi. Bu vazifada u na musulmon, na nasroniy, na dahriy bo‘ladi. Qonun asosida barchani birdek ko‘rishi, barchaga birdek sharoit yaratib berishi kerak.

Barchani qanday rozi qilish mumkin?

O‘zbekiston tom ma’noda mafkuralardan xoli demokratik-sekulyar jamiyat bo‘lmaguncha, dindorlar ham, dunyoviylar ham yutqazishda davom etadi.

Konstitutsiya bo‘yicha, biror mafkura davlat mafkurasi sifatida o‘rnatilishi mumkin emas. Soqol va ro‘mol ma’naviyatimizga zid deb hokimiyat vakilining o‘z qarashini aholiga majburan o‘tkazishi mana shu konstitutsiyaviy moddaning qo‘pol buzilishidir.

G‘aniyev nazaridagi ma’naviyat boshqa bir fuqaro uchun yot qadriyat bo‘lishi mumkin. Musulmonning e’tiqodi g‘ayrimusulmon yoki dahriy uchun ma’naviyatsizlik bo‘lishi tabiiy hol. Shu bois hokimiyat vakili kimning qanday yashashi, kiyinishi bilan shug‘ullanishi nafaqat kulgili, balki noqonuniydir. Davlat institutlari universal axloq va moral normalari buzilmasligi uchungina mas’ul, xolos.

Radikalizmchi?

Hukumat xavotiriga ko‘ra, agar dindorlarga ko‘proq huquq berilsa, jamiyatda radikalizm va ekstremizm avj olishi mumkin. Bu qarashning xato ekani ilmiy jihatdan o‘z isbotini qayta-qayta topgan.

Ya’ni, dindorlik emas, balki zulm odamlarni ekstremizmga boshlaydi. Jamiyatdan, davlatdan adolat topa olmagan odam radikal g‘oyalardan najot qidiradi. Inson huquqlarining muntazam buzilishi odamlarni zo‘ravon usullardan foydalanishga majbur qiladi. Diniy ta’lim olish ehtiyoji qondirilmagan yigit duch kelgan joyga o‘zini urib, yot mafkuralar domiga tushib qolishi mumkin. O‘zini jamiyatning teng huquqli a’zosi deb hisoblamagan, o‘zini bu jamiyatda begonadek, ajratilgandek his qilgan odamgina radikal o‘zgarishlarni istaydi.

Vijdon erkinligi huquqini buzmasdan turib haddidan oshadigan dindorlarni nazoratda ushlab turishning choralari ko‘p. Dunyoda terrorizmdan eng ko‘p qo‘rqadigan, terrorchilarning eng ko‘p tahdidiga uchraydigan AQSh tajribasini oling. Xavfsizligi uchun resurslarni ayamaydigan, barcha so‘nggi texnologiya va ilmga, tajribaga ega bu davlat terrorizmga qarshi qanday kurashyapti? Soqollarni qirish, ro‘mollarni taqiqlash orqalimi? Musulmonlarning huquqlarini cheklash orqalimi? Albatta, yo‘q.

Xulosa

Ilmiy dalillar orqali isbotlangan va xalqaro tajriba ko‘rsatayotgan real voqelik shuki, diniy ekstremizmga diniy huquqlarni cheklash orqali kurashib bo‘lmaydi. Dindorlar huquqlarining cheklanishi ekstremistlar sonini oshirishga hissa qo‘shadi, xolos. Bu esa O‘zbekiston uchun faqat boshog‘riqni ko‘paytiradi.

Xohlaymizmi yo‘qmi, aholisning 90 foizdan ziyodi o‘zini musulmon sanovchi jamiyat uchun din va davlat munosabatlari har doim ziddiyatli mavzu bo‘lib qolishi aniq. Bu ziddiyatli munosabatlarda oltin o‘rtaliqni topish uchun davlat diniy siyosatini yuritishda taxminlarga emas, balki ilmiy dalillarga asoslanib ish tutishi; musulmonlar ozchilik va ko‘pchilik bo‘lgan boshqa dunyoviy davlatlar tajribasini o‘rganib, shundan xulosa chiqarishi lozim.

Muallif fikri tahririyat nuqtai nazarini ifodalamasligi mumkin.

Tavsiya etamiz






Tavsiya etamiz

Ҳар доим хабардор бўлинг!

carzone.uz мобил иловаларини кўчириб олинг ва барча янгиликлар сиз билан