Валюта курси: Ўз.Р.Марказий банки
USD
АҚШ доллари
EUR
Eвро
RUB
Россия рубли
Sayt test rejimida ishlayapti!!!

Сўнгги янгиликлар






Diniy ta’limda uzluksizlik: orqaga qadammi?
12.06.2017 21:09,  
166

Siz o‘qib turgan bu ma’lumot, biz tomondan eng so‘ngi chora sifatida ko‘rilmoqda.  Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti (oliy ma’had) jamoasi va iqtidorli talabalarining bu borada qilgan barcha harakatlari ming afsuslar bo‘lsinki, samarasiz ketdi. Yurtboshimiz tomonidan diniy ta’limni rivojlantirish bo‘yicha berilgan topshiriqlar undan ko‘zlangan maqsadga xilof ravishda, ta’lim tizimida uzluksizlik va uzviyligiga zarar yetkazadigan tarzda ishlab chiqilgani bizni chuqur qayg‘uga solmoqda. Agarda tasdiqlangan yangi loyiha amaliyotga tatbiq qilinsa, afsuski, kechirib va unutib bo‘lmas xato va qiyinchiliklarni, sarsongarchiliklarni keltirib chiqaradi. Shu o‘rinda biz o‘z xalqimizdan, olimlar va din peshvolarimizdan, huquqshunos va jurnalistlardan, xalqimizning muqaddas dinini e’zozlagan har bir fuqarodan bu masalani qaytadan ko‘rib chiqilishiga erishish uchun bo‘lgan barcha huquqiy harakatlarni qilishlarini yurak-yurakdan iltimos qilib qolamiz!

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 14-15 aprel kunlari Samarqand viloyatiga tashrifi davomida berilgan topshiriqlar va kengaytirilgan majlis bayonining 122-“Diniy ta’limda uzluksizlikni ta’minlash maqsadida o‘quv reja va dasturlarni takomillashtirish” bandiga muvofiq Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita va O‘zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan Vazirlar Mahkamasiga taqdim qilingan takliflar amalga oshirilsa, quyidagi sabablarga ko‘ra diniy ta’lim sifati tamoman orqaga ketishi mumkin. 

Birinchidan, asossiz to‘siqlarning bahona qilinayotganligi. Vazirlar Mahkamasiga taklif qilingan hujjatda, O‘zbekiston musulmonlari idorasining uzluksiz diniy ta’lim tizimiga umumiy o‘rta ta’lim muassasalarini tugatgan, ya’ni 9-sinfni tamomlagan yigit-qizlarni o‘rta maxsus diniy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilmaslik kerak, deyilgan. Bunga sabab o‘laroq, “voyaga yetmaganlarga diniy ta’lim berish qonunan man qilinadi” degan gaplarni asos qilishga urinmoqdalar.

Bu masala o‘rganilib chiqilganda, “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi Qonunning 3-moddasi 3-bandiga ko‘ra “voyaga yetmagan bolalarni diniy tashkilotlarga jalb etish, shuningdek ularning ixtiyoriga, ota-onalari yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar ixtiyoriga zid tarzda dinga o‘qitishga yo‘l qo‘yilmaydi”, deb ko‘rsatilgan. Ammo bugungi kundagi mavjud islom bilim yurtlariga qabul qilishda ushbu qonun buzilishiga yo‘l qo‘yilmaydi. Chunki qonunchilikda voyaga yetmagan shaxsning fiziologik, psixologik jihatlarini e’tiborga olgan holda, ularning ayrim huquqlarini amalga oshirishlari cheklanishi mumkin. Odatda, bu yoshdagi o‘smirlarning ayrim huquqlari va qonuniy manfaatlarini ularning ota-onalari yoki ularga tayinlangan vasiy yoki homiylar amalga oshiradi. Demak, ota-onalari yoki vasiylari kafolati bilan voyaga yetmagan shaxslarning diniy ta’lim olish huquqi ega. Shuningdek, bu jarayon o‘quvchining o‘zi va uning vasiylar tomonidan ixtiyoriy tarzda bo‘ladi. 

Bu qoidani yoritishga yordam beruvchi ayrim normalar mavjud. Jumladan, “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi Qonunning 9-moddasi 2-bandida oliy va o‘rta maxsus diniy o‘quv yurtlarida ta’lim olish uchun fuqarolar O‘zbekiston Respublikasining “Ta’lim to‘g‘risida”gi Qonuniga muvofiq umumiy majburiy o‘rta ta’lim olganidan keyin qabul qilinadi”, deb ko‘rsatilgan.

Ikkinchidan, diniy ta’lim olish yoshining kechiktirilganligi va ta’lim qonunchiligi buzilganligi. Vazirlar Mahkamasiga taklif qilingan hujjatda o‘rta maxsus islom bilim yurtlariga kollej va akademik litseylarni bitirib, ya’ni 18 yoshdan keyin yana qaytadan o‘rta maxsus ta’limga qabul qilinsin, deyilgan. Bu esa ta’lim qonunchiligi buzilganligidir. Chunki, bu holat O‘zbekiston Respublikasining “Ta’lim to‘g‘risida”gi Qonuni hamda Kadrlar tayyorlash milliy dasturida belgilab qo‘yilgan uzluksiz ta’lim tizimiga qarshi o‘laroq, ikki bor o‘rta maxsus ta’limining takrorlanishiga olib keladi. Zero diniy o‘rta maxsus ta’lim bilim yurtlari ham boshqa o‘rta maxsus ta’lim bilim yurtlariga tenglashtirilgan hamda bir xil dastur bilan o‘qitiladi. Bundan keyingi bosqich, ya’ni oliy diniy ta’limda islom dini asoslarini chuqur o‘rgangan va turli firqalarga o‘z vaqtida, asosli raddiyalar beradigan oliy ma’lumotli malakali, yetuk diniy mutaxassislar, pedagog-o‘qituvchilar va ilmiy-tadqiqotchilar chiqarilishini inobatga olsak, ushbu maqsadga erishishda ta’lim samaradorligining pasayishiga olib keladi. 

Bundan tashqari, o‘rta maxsus islom bilim yurtlari o‘quv rejasidagi fanlar islom bilimlariga xos xususiyatga ega bo‘lib, muqaddas diniy matn (Qur’oni karim va hadis) va manbalarni ko‘pincha yodlash orqali o‘zlashtiriladi. Pedagogik tajribalardan ma’lumki, inson miyasida asosiy ma’lumotlarni qabul qilish va saqlash jarayonlari o‘spirinlik davrida, ya’ni 18 yoshgacha bo‘lgan davrda yuqori darajada davom etadi. Undan keyingi davrlarda bu jarayonlar asta-sekin pasaya boshlaydi. Tabiiyki, bu esa ta’lim sifatiga jiddiy ta’sir qiladi

Uchinchidan, ayol-qizlar o‘rtasida diniy savodsizlikni avj olishi. Yurtimizda urfga aylangan, ya’ni o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’lim muassasalarini tugatgan qizlarni turmushga chiqishlarini hisobga oladigan bo‘lsak, ayol-qizlarni oliy ma’lumotli bo‘lishi tugul, o‘rta maxsus islom bilim yurtiga kirishi keskin kamayadi. 

Buning natijasi o‘laroq xotin-qizlar orasidagi turli bid’at va xurofotlarning tarqalishini oldini olish, milliy-diniy an’ana va qadriyatlarimiz asosida diniy-ma’rifiy targ‘ibot ishlari, turli oqimlarning yot g‘oyalariga qarshi mafkuraviy immunitetni shakllantirishda xizmat qiladigan kadrlarni tayyorlash sifati pasayishi va oliy diniy ta’lim muassasasiga kirishi keskin kamayib ketishiga olib keladi.

To‘rtinchidan, o‘rinsiz bahona qilinganligi. Hozirgi vaqtda o‘rta maxsus islom bilim yurtlariga umumta’lim maktablarining 9-sinf bitiruvchilari o‘qishga qabul qilinib, mazkur ta’lim muassasalarni 18-20 yoshda bitiradilar. So‘ng respublikada faoliyat ko‘rsatayotgan masjidlarga imom-xatib lavozimiga tayinlanmoqdalar. Ammo yosh mutaxassislarda hayotiy tajriba yetishmasligi kuzatilayotgani, ba’zilarining faoliyatidan masjid jamoasining qoniqmayotgani bor haqiqat, deyiladi yangi takliflar matnida.

Aslida esa madrasa bitiruvchilarini imom-xatib qilib tayinlash faqat zarurat o‘rinlaridagina bo‘ladi. Chunki ularga beriladigan diplomlarga imom-xatib mutaxassisligi yozilmaydi. Buni bartaraf etish uchun esa boshqacha yo‘l tutish mumkin, masalan, uzluksiz ta’lim tizimiga zid holda, o‘rta maxsus islom bilim yurtlarida ta’lim yoshini kechiktirish orqali emas, balki mazkur ta’lim muassasasini tugatgan bitiruvchilarni 4-5 yil imom-xatib lavozimigacha bo‘lgan vazifalarga tayinlash lozim. Mana shu yillar mobaynida bitiruvchilar o‘z ustida ishlab, tajribasini oshirib, imom-xatib lavozimiga tayyor bo‘ladilar. Yoki oliy diniy ta’lim muassasasiga qabul kvotasini ko‘paytirish orqali mazkur muammoni bartaraf etish mumkin. Bu yechim eng maqbul yo‘l bo‘lib, masjidga har xil yosh va saviyadagi insonlar keladi. Ularga diniy-ma’rifiy tushunchalarni yetkazishni o‘rta-maxsus ma’lumot egasidan ko‘ra oliy ma’lumotga ega bo‘lgan mutaxassisga topshirish afzalroqdir.  

 Beshinchidan, madrasalar va oliy diniy ta’lim o‘quv rejalari qo‘pol ravishda buzilganligi. Vazirlar Mahkamasiga taklif qilingan o‘rta maxsus islom bilim yurtlariga kollej va akademik litseylarni bitirib kirilishini inobatga olib, 1-“Umumta’lim fanlari” blokidagi fanlar chiqarilib, o‘rniga Toshkent islom institutining 1-“Gumanitar va ijtimoiy-iqtisodiy fanlar” va 2-“Matematika  va  tabiiy-ilmiy  fanlar” blokidagi fanlar kiritildi (2-ilova). O‘z navbatida oliy diniy ta’lim muassasasiga o‘rta maxsus islom bilim yurtlari bitiruvchilari amaldagi institut o‘quv rejasining 1-, 2- bloklardagi fanlarni o‘qib kelishini inobatga olib, mazkur o‘quv rejasiga 9 ta mutaxassislikka umuman ta’luqli bo‘lmagan Toshkent islom universitetining bakalavriat yo‘nalishlaridagi fanlar kiritildi. 

Bundan tashqari hozirgi kunda dunyoviy oliy ta’lim muassasalari tomonidan hattoki bakalavr diplomiga ham teng ko‘rilmayotgan Toshkent islom instituti diplomini magistraturaga tenglashtiramiz deb, 5 ta magistratura mutaxassislik fanlarini ham kiritishdi. Vaholanki, xozirgacha oliy diniy bilim yurtining diplomida shifr yo‘q. Yangi takliflar matnida ham bu haqda biror narsa deyilmagan. Shuningdek, o‘rta va oliy diniy ta’lim uchun taqdim qilingan o‘quv rejalarni o‘zaro solishtiradigan bo‘lsak, ta’lim tizimining bosqichlarida bir xil fanlar takrorlanganligini va qo‘pol xatoliklarga yo‘l qo‘yilganligini guvohi bo‘lamiz (3-ilova). 

Ajablanarlisi shuki, o‘rta maxsus islom bilim yurtlari o‘quv rejasi boshqa oliy ta’lim muassasalarining o‘quv rejasidagi 1-, 2- blok fanlarini o‘qib chiqishadi, lekin ma’lumoti o‘rta maxsus beriladi. Shuningdek, Toshkent islom instituti o‘quv rejasini magistratura o‘quv rejasiga tenglashtirildi. Biroq, o‘quv rejadagi umumiy foizni fan bloklariga taqsimlash bakalavriat mezoni asosida ishlab chiqildi. Ammo ularga beriladigan diplom hech qayerda magistr diplomi sifatida qabul qilinmaydi.

Diniy ta’lim muassasalarning yangi o‘quv reja va fan dasturlarini ishlab chiqishda hech qanday yurtimizda asrlar davomida shakllangan diniy ta’lim tizimi hamda xorijiy yetakchi diniy ta’lim muassasalarining ijobiy yutuqlari inobatga olinmadi.

Shuningdek, takliflarni ishlab chiqish jarayonida madrasa mudirlari hamda institut kafedra mudirlaridan takliflar so‘rab, ular bergan takliflarni inobatga olmasdan, o‘zlari ishlab chiqqan takliflarni diniy soha vakillari taklifi deb chiqarishdi.

Sohaga oid bo‘lmagan shaxslar tomonidan ishlab chiqilgan bu loyiha qanday oqibatlarga olib keladi:

  1. Fuqarolarning huquqlari poymol qilinadi. «Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida qonun» va «Kadrlar tayyorlash milliy dasturi» qo‘pol ravishda buziladi.
  2. Agar bu tasdiqlangan takliflar amaliyotga tatbiq etilsa, o‘rta maxsus islom bilim yurtlariga kollej va litseyni tamomlagan o‘g‘il-qizlar qabul qilinadi.
  3. Ta’lim uzluksiz kechgan taqdirda, (madrasalar va oliy ma’hadda kvotalar juda ozligi sabab bu narsa amri maholdir) o‘rta maxsus islom bilim yurtini tamomlash o‘rtacha 23-24 yosh, Toshkent Islom institutini tamomlash o‘rtacha 27-28 yosh bo‘ladi. Vaholanki salohiyati bor yigit-qizlar boshqa ta’lim dargohlarida 23-24 yoshlaridayoq oliy ma’lumotli bo‘ladilar. Ayollarning diniy ta’lim olishi cheklanadi. Chunki bu yoshda ayollar oilali bo‘lib, ta’lim olishga vaqti bo‘lmaydi.
  4. Diniy-ma’rifiy targ‘ibot ishlari, turli oqimlarning yot g‘oyalariga qarshi mafkuraviy immunitetini shakllantirishda xizmat qiladigan kadrlarni tayyorlash sifati pasayishi va oliy diniy ta’lim muassasasiga kirish keskin kamayib ketishiga olib keladi.
  5. Ta’lim davri haddan ziyod cho‘zilib ketishi natijasida, ayol-qizlarning bu sohada oliy ma’lumotli bo‘lishlari qiyinlashadi. Bu esa, ayol-qizlar orasidagi turli bid’at va xurofotlarning tarqalishini oldini olishni keskin qiyinlashtiradi.
  6. Islom dinini tadqiq qilish, Imom Buxoriy, Termiziy, Marg‘inoniy, Nasafiy kabi olim ajdodlarimizning ilmlarini o‘rganishga putur yetadi. Bu esa hozirgi vaqtda eng dolzarb masalalardan biridir. Islomni o‘rganish, o‘rgatish va ajdodlar merosini puxta egallash orqali turli xil yot oqimlarga qarshi kurashish mumkinligini hayotiy tajriba ko‘rsatib turibdi.
  7. Oliy diniy ta’limda islom dini asoslarini chuqur o‘rgangan va turli firqalarga o‘z vaqtida, asosli raddiyalar beradigan oliy ma’lumotli malakali, yetuk diniy mutaxassislar, pedagog-o‘qituvchilar va ilmiy-tadqiqotchilar chiqarilishi sezilarli darajada pasayadi.

Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti (oliy ma’had) jamoasi

Sof.uz tahririyati izohi: Eslatib o‘tamiz, bu da’vo ishida kimning haqligini masalani tegishli tartibda o‘rganib chiqqan mutasaddi idoralar aniqlaydi.  Bizning maqsadimiz - muammoga jamoatchilik e’tiborini qaratish.

Tavsiya etamiz






Tavsiya etamiz

Ҳар доим хабардор бўлинг!

carzone.uz мобил иловаларини кўчириб олинг ва барча янгиликлар сиз билан