Валюта курси: Ўз.Р.Марказий банки
USD
АҚШ доллари
EUR
Eвро
RUB
Россия рубли
Sayt test rejimida ishlayapti!!!

Сўнгги янгиликлар






Aziz Nesin. Do‘stona aloqalar
2.12.2020 09:09,  
390

Torakansi davlati vazirlar kengashining majlislar zali.

Torakansining bosh vaziri, tashqi ishlar vaziri, genshtab boshlig‘i, din ishlari vaziri va boshqalar bor.

Tashqi ishlar vaziri:

- Hurmatli, bosh vazir janoblari, dokladimni tugatayotib alohida ta’kidlab o‘tmoqchi edim: Xopantomol qiroli mamlakatimizga qarshi g‘alamisligini davom ettirmoqda. Bizdagi xabarlarga ko‘ra chegaramizga yondosh hududlarda qo‘shinlar to‘planmoqda. Shubha yo‘qki, Torakansining azaliy dushmani Xopantomol qiroli bizga nisbatan fitna uyushtirmoqchi.

Bosh vazir:

- Ah, hayvon! Bilaman, u yerimizga ko‘z olaytiryapti!

Tashqi ishlar vaziri:

- Haqiqatan, ko‘z olaytiryapti.

Bosh vazir:

- Yerimizga tikilgan ko‘zi ko‘r bo‘lsin.

Tashqi ishlar vaziri:

- Ko‘r bo‘lsin.

Bosh vazir:

- Qanday choralar ko‘rilyapti? Bu haqda genshtabimiz boshlig‘i nima deydi?

Genshtab boshlig‘i:

- Biz chegaralarimizni mustahkamlash choralarini ko‘ryapmiz.

Bosh vazir:

- Yaxshi. Xo‘sh, yana?

Genshtab boshlig‘i:

- Markazdagi qo‘shinlarni chegaraga tashladik.

Bosh vazir:

- Yaxshi. Yana-chi?

Genshtab boshlig‘i:

- Harbiy xizmatga chaqirilish yoshini ikkitaga oshirdik.

Bosh vazir:

- Yaxshi. Qanday siyosiy choralar qabul qilindi?

Tashqi ishlar vaziri:

- Hurmatli, bosh vazir, ruxsatingiz bilan gapirsam. Biz oliy darajadagi chora tadbirni o‘ylamoqdamiz. Xopantomol qiroli...

Bosh vazir:

- Yer yutsin uni!..

Din ishlari vaziri:

- Xudo xohlasa, yer yutadi, omin!

Bosh vazir:

- Yaxshi. Bu yaramasga qanday chora ko‘ryapsizlar?

Tashqi ishlar vaziri:

- Uch kundan so‘ng Xopantomol qiroli sakson to‘rt yoshga kiradi.

Bosh vazir:

- O‘lay demaydi, ablah. Yomonga o‘lim yo‘q.

Tashqi ishlar vaziri:

- Davlatlararo protokol qoidalariga muvofiq biz unga tabrik telegrammasi yo‘llashni rejalashtiryapmiz. Bu o‘z vaqtida ko‘rilgan tadbir bo‘ladi. Taklifimni ko‘rib chiqib fikr bildirishingizni so‘rayman, hurmatli bosh vazir janoblari.

Bosh vazir:

- Juda soz! O‘rinli tadbir...

Tashqi ishlar vaziri:

- Telegramma matni tayyor, janob....(o‘qiydi) “ Xopantomol qiroli Madragan To‘rtinchi Janobi Oliylariga. Tavallud ayyomingizga sakson to‘rt yil to‘lishi munosabati bilan...”

Bosh vazir:

- Dafn ayyomingizga, deb atalganda edi..

Din ishlari vaziri:

- Haqiqatan ham...

Tashqi ishlar vaziri o‘qiydi:

- “shaxsan o‘zimning, shuningdek, do‘st va qardosh Torakansi davlatining nomidan ushbu quvonchli kunda muborakbod etaman”.

Bosh vazir:

- “chin dildan” so‘zini qo‘shing. Yaxshiroq chiqadi.

Tashqi ishlar vaziri o‘qiydi:

- “.. chin dildan tabriklayman, siz janobi oliylariga va Xopantomol xalqiga salomatlik tilayman”.

Bosh vazir:

- “qardosh Xopantomol xalqiga” deb yozing.

Tashqi ishlar vaziri:

- Xo‘p, bo‘ladi. (o‘qiydi) “...Qardosh Xopantomol xalqiga abadiy baxt tilayman. Ushbu kun munosabati bilan Sizga bo‘lgan yuksak ehtiromimni qabul qilgaysiz. Torakansining bosh vaziri Fosika”.

Bosh vazir:

- Juda soz. Imloviy xatolari yo‘qmi?

Tashqi ishlar vaziri:

- Janob, mening o‘g‘lim ko‘rib chiqib xatolar yo‘qligini aytdi. U grammatika fanidan imtihonni a’loga topshiradi.

Bosh vazir:

- Nuqta-vergullarigacha joyida?..

Tashqi ishlar vaziri:

- Hammasi joyida, xavotirlanmang...

Bosh vazir:

- Unda imzo qo‘ysam bo‘ladi (qo‘l qo‘yadi). Sizningcha, bu yetarlimi?

Tashqi ishlar vaziri:

- Qirol Xopantomolni yakson qilish uchunmi?..

Bosh vazir:

- “Palidni!” - deng!

Tashqi ishlar vaziri:

- Ha, palid qirolni yakson qilish uchun zarur tayyorgarlikni o‘tkazdik...

Bosh vazir:

- Xursandman, xursandman.

*                         *                      *

Xopantomol davlatining qirollik saroyi zali. Qirol, tashqi ishlar vaziri, harbiy vazir, din ishlari vaziri va boshqalar.

Tashqi ishlar vaziri:

- Oldinroq sizga xabar berganimdek, Torakansi davlati harbiy salohiyatini oshirmoqda. Torakansi bosh vaziri dushmanlarcha siyosat yurgizayotgani tasdiqlandi.

Xopantomol qiroli:

- Ah, sotqin, kelgindi, eshshak bolasi!..

Din ishlari vaziri:

- Xuddi shunday, janob...

Qirol:

- Nima, “shunday”?

Din ishlari vaziri:

- Barchasi xuddi siz aytganingizdek, janobi oliylari!

Qirol:

- Qanday choralar ko‘rildi?

Tashqi ishlar vaziri:

- Ruxsatingiz bilan, janobi oliylari. Birinchi navbatda biz Torakansi bosh vaziri sizning sakson to‘rt yoshga to‘lishingiz munosabati bilan yo‘llagan tabrik telegrammasiga javob tayyorladik. Janoblari ixtiyor etsalar, o‘qib beraman...

Qirol:

- O‘qing!

Tashqi ishlar vaziri:

- Xo‘p bo‘ladi, janobim...(o‘qiydi) “Torakansining bosh vaziri Fosika janobi oliylariga. Mening tavallud kunim munosabati bilan Siz yo‘llashni ixtiyor aylagan tabrik maktubingizdan g‘oyat mutaassirdurman...”

Qirol:

- “Muhtaram” so‘zini qo‘shing.

Tashqi ishlar vaziri (o‘qiydi):

- “Birodarligimiz davomli bo‘lishini va taqdirlarimiz mushtarakligini chin qalbdan e’tirof etaman”

Qirol:

- “Tarixiy” so‘zini qo‘shish kerak.

Tashqi ishlar vaziri (o‘qiydi):

- “...tarixiy birodarligimiz va mamlakatlarimiz taqdiri mushtarakligi...”

Qirol:

- Yana qo‘shing -“do‘st mamlakatlarimiz”

Tashqi ishlar vaziri (o‘qiydi):

- "... do‘st mamlakatlarimiz, xalqlarimiz o‘rtasidagi yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini mustahkamlashga qaratilgan sa’y-harakatlarimdan mamnunman va quvonchli fursatdan foydalanib, sizga va xalqning asosiy vakili - sizning siymongizdagi Torakansi xalqiga o‘z minnatdorchiligimni bildirish sharafiga muyassar bo‘ldim."

Qirol:

- “Chuqur, chuqur!” Qo‘shing... Minnatdorlik hissi doimo chuqur bo‘ladi!

Tashqi ishlar vaziri:

- Xo‘p, bo‘ladi, a’lohazratlari. (O‘qiydi) “... chuqur minnatdorchiligimni bildirish sharafiga muyassar bo‘ldim. Xopantomol qiroli Madragan To‘rtinchi”.

Qirol:

- Bering-chi, qo‘l qo‘yamiz. Bu ishimiz yetarli, deb hisoblaysizmi?

Tashqi ishlar vaziri:

- Ikki haftadan keyin Torakansi ozod qilinganligining yigirma yilligi.

Qirol:

- Mutlaqo ozod bo‘lmaganda yaxshiydi.

Tashqi ishlar vaziri:

- Shuning munosabati bilan tabriknoma tayyorlab qo‘ydik, janobim.

Qirol:

- Juda soz. Maktubda torakansilik bu ablahlarning “tinch-totuvlikka qo‘shgan tengsiz hissasi”va mening “samimiy” hislarim haqida gap bormi?

Tashqi ishlar vaziri:

- Albatta, janobim...

Qirol:

- Faqat oxirini o‘qing-chi!

Tashqi ishlar vaziri (o‘qiydi):

- “Fosika Janobi Oliylari. Qardosh Torakansi ozod qilinganligiga yigirma yil to‘lishi munosabati bilan mening nomimdan va menga ishongan xalqim nomidan samimiy tuyg‘ularimizni qabul qiling”.

Qirol:

- Bo‘ldi, tuzuk... Agar bu Fosika qo‘limga tushib qolsa, itvachchani tiriklay terisini shilaman!

Din ishlari vaziri:

- Alloxning inoyati bilan u sizning muborak qo‘lingizga tushadi va siz niyatingizga yetasiz, janobim... Biz Allohdan shuni tilaymiz...

Qirol:

- Juda soz, juda ma’qul! Endi... Siz harbiy vazir, nima tadorik ko‘rdingiz?

Harbiy vazir:

- Miltiq va zambaraklar tozalangan va moylangan, janobim. Barcha ta’tillar bekor qilingan. Askarlar sakkiz oydan beri to‘la jangovar tayyorgarlikda bizdan mujda kutmoqdalar, janobim.

Qirol:

- Nima kutmoqdalar?

Harbiy vazir:

- Sizning amringizni, onhazratlari...

Qirol:

- Juda soz!.. Kutib turishsin.

*                         *                      *

Torakansi davlati vazirlar kengashining majlis zali. Bosh vazir, tashqi ishlar vaziri, ichki ishlar vaziri, bosh shtab boshlig‘i va boshqalar.

Bosh vazir:

- Dushmanimiz haqida yangi ma’lumotlar bormi?

Bosh shtab boshlig‘i:

- Afsuski, hech qanday quvonchli gap yo‘q. Xopantomol qiroli uchta yoshdagilarni mobilizatsiya qilishga farmon chiqaribdi.

Bosh vazir:

- Uh, ablah”.. Qo‘limga tushishi bilanoq uning qonini ichmasammi!

Din ishlari vaziri:

- Xuddi, shunday bo‘ladi... Omi-i-iyn.

Bosh vazir:

- Yaxshi, qanaqa chora-tadbirlar ko‘rdilaringiz?

Bosh shtab boshlig‘i:

- Biz ayrim ishlarni amalga oshirdik, shu jumladan...

Bosh vazir:

- Men harbiy choralarni so‘ramayapman, mutaxassislar, albatta, barcha zarur ishlarni qiladi. Meni siyosiy tadbirlar qiziqtiryapti.

Tashqi ishlar vaziri:

- Bizning munosabatlarimiz mutlaq do‘stonadir. Sizga ma’lumki, o‘tgan oyda to‘qqizta birodarlik maktubi almashdik.

Bosh vazir:

- Juda yaxshi.

Tashqi ishlar vaziri:

- Biz Xopantomol qirolining o‘g‘lining uylanishi munosabati bilan tabriknoma yo‘lladik va baxt-saodat tiladik.

Bosh vazir:

- Juda yaxshi. Yana-chi?

Tashqi ishlar vaziri:

- Xopantomol qirolining taxtga o‘tirgan kuni bayrami munosabati bilan tabriknoma yo‘lladik.

Bosh vazir:

- Yaxshi. Ilohim, taxt qulab bu qari ko‘ppakning kallasini majaqlab qolsin.

Din ishlari vaziri:

- Omi-iyn...

Bosh vazir:

- Yaxshi, boshqa qanday siyosiy chora-tadbirlar ko‘rmoqchisiz?

Tashqi ishlar vaziri:

- Biz o‘ylayapmiz, janob bosh vazir, ammo hozircha yangi bahona topolmadik.

Bosh vazir:

- Topishingiz kerak. Tashqi ishlar vazirligining bosh vazifasi har doim yangi bahona topish.

Tashqi ishlar vaziri:

- Bunga aslo shubha yo‘q, janob bosh vazir. Ishoning, vaqti kelgunicha anchagina turli bahonalar topiladi.

Bosh vazir:

- Dushmanlarimiz qo‘l qovushtirib o‘tirgani yo‘q. Mana yaqinda qaynonamning vafoti munosabati bilan Xopantomol qiroli hamdardlik maktubi yuborib, do‘stligini namoyon qildi. Iflos, hatto, mening qaynonamdan ham o‘z maqsadida foydalanadi-ya, jin urgur!

Bosh shtab boshlig‘i:

- Ular o‘sha telegrammani yuborgan kuni Xopantomolning uchta samolyoti havo sarhadlarimizni buzdi.

Tashqi ishlar vaziri:

- Biz Xopantomol qiroliga nabira ko‘rgani munosabati bilan tabrik telegrammasini yuborgan kunimiz esa ular ayg‘oqchilarimizni butun guruhi bilan tutib olishdi.

Bosh vazir:

- Qachon biz oxirgi marta Xopantomol qiroliga do‘stlik maktubini yubordik.

Tashqi ishlar vaziri:

- Hali bir hafta bo‘lmadi.

Bosh vazir:

- Bunaqasi ketmaydi... Shuncha vaqt do‘st-birodarlikni izhor etmaslik – noma’qul ish. Nega tashqi ishlar vazirligimiz qo‘l qovushtirib o‘tiribdi? Bahonai sabab topib xat yuborish kerak. Kelinglar, hammamiz birga o‘ylaymiz. Masalan, hech bo‘lmasa...

Bosh shtab boshlig‘i (odimlagancha):

- Masalan, masalan, masalan...

Din ishlari vaziri (chakkasiga barmog‘ini tiragancha, o‘ylamoqda):

- Masalan, masalan, masalan...

Tashqi ishlar vaziri (qo‘llarini bir-biriga urgancha):

- Masalan, masalan, masalan...

Hamma baravariga:

- Masalan, masalan, ma-sa-lan-ma-sa-lan...

Bosh vazir:

- Topdim! Xopantomol qirolligi bilan savdo shartnomasi imzolanganining bir yilligi munosabati bilan...

Savdo vaziri:

- Hali bir yil bo‘lmadi, janob bosh vazir, bor-yo‘g‘i sakkiz oy o‘tdi...

Bosh vazir:

- Ahamiyati yo‘q... Savdo shartnomasi imzolaganimizga sakkiz oy to‘lishi munosabati bilan maktub yo‘llab do‘st-birodarlik tuyg‘ularimizni namoyon qilamiz.

Bosh shtab boshlig‘i:

- Shu asnoda tanklar brigadasini chegaraga tashlash kerak.

Bosh vazir:

- Albatta, maktubni manzilga, tanklarni chegaraga yo‘llaymiz. Ah, agar Xopantomol qiroli qo‘limga tushsa, burda-burda qilib tashlar edim. Yaxshi, ammo buning orqasidan yana bir maktub yuborishimiz zarur. Sabab topinglar. Sabab, sabab, sabab...

Hammasi (odimlaganicha):

- Sabab, sabab, sa-bab-sa-bab...

Yer ishlari vaziri:

- Sabab?.. Xopantomolda qurg‘oqchilik, anchadan beri yomg‘ir yoqqani yo‘q. Ammo o‘tgan hafta yomg‘ir yoqqani haqida xabar oldik.

Bosh vazir:

- Ilohim, suvga cho‘kib ketsin, birorta odami sog‘ qolmasin va bu qirchang‘i podshosini ham suv yutsin.

Yer ishlari vaziri:

- Baraka yomg‘iri yoqqani munosabati bilan tabriknoma yuboramiz.

Bosh vazir:

- Ma’qul... Yozing: “Xopantomol qiroli Madragan To‘rtinchi janobi oliylariga. Do‘st va qardosh Xopontomol qirolligining qurg‘oqchilikdan aziyat chekkan zaminiga baraka yomg‘iri yog‘ishi munosabati bilan hazrati oliylariga cheksiz quvonchimni izhor qilaman. Shu bois dilimdagi ushbu...”

*                         *                      *

Xopantomol davlati qirollik saroyi zali. Qirol, tashqi ishlar vaziri, yer ishlari vaziri, harbiy vazir va boshqalar.

Harbiy vazir:

- Janobi oliylari, avvalroq sizga yetkazgan ma’lumotlarim tasdig‘ini topmoqda. Ular Torakansidagi josuslarimizning ma’lumoti bilan mos kelyapti. Torakansining bosh vaziri makkorona rejalarni xayol qilyapti.

Qirol:

- Voy, voy, itdan tarqagan-yey!.. Bu haromini tutib olsam, so‘z beraman uni..! Meni Xopantomol qiroli Madragan To‘rtinchi demanglar, agar onajonining ko‘z yoshini oqizmasam. Shunday qilib, nima qilishni o‘yladingiz?

Harbiy vazir:

- Janob.. janobi oliylari. Eng yaxshi himoya bu - hujum. Shuning uchun janob.. janobi oliylari biz birinchi hujum qilishga tayyor bo‘lishimiz zarur.

Qirol:

- Meni siyosiy chora-tadbirlar qiziqtiryapti.

Tashqi ishlar vaziri:

- Biz o‘ylayapmiz janobim.

Qirol:

- O‘ylayapsiz?..

Hamma barobar:

- O‘ylayapmiz, o‘ylayapmiz. O‘ylab ko‘ryapmiz...

Tashqi ishlar vaziri:

- Xatimizning umumiy qismi tayyor, janobim.

Qirol:

- O‘qing!

Tashqi ishlar vaziri:

- Xo‘p, bo‘ladi, janobi oliylari! (Yoddan o‘qiydi). “Torakansi Bosh vaziri Fosika Janobi Oliylariga. Falon-piston voqealar munosabati bilan o‘z nomimdan va xalqim nomidan Torakansining do‘st va qardosh xalqiga ko‘rsatgan iltifoti uchun yana bir bor eng chuqur muhabbatimni bildiraman hamda shu sabab bilan...”

Qirol:

- Yaxshi, ammo qaysi sabab bilan? Sabab topishimiz kerak.

Hamma birdaniga:

- Sabab, sabab, sabab...sa-bab-sa-bab..

Qirol:

- Ma’qul. Tashqi ishlar vazirimiz topsin. Nima sabab bilan xat jo‘natamiz? Ehtimol, Yangi yil munosabati bilan?

Tashqi ishlar vaziri:

- Allaqachon yuborganmiz, janobim. Bosh vazirning kichik o‘g‘lining tishi chiqqani munosabati bilan ham, milliy bayrami munosabati bilan ham yuborganmiz.. Biz barcha holatlardan foydalanganmiz, janobi oliylari...

Qirol:

- Ah! Bu ablah qachon qo‘limga tusharkin... Nimaga suiqasdlarimiz amalga oshmay qolyapti? Xo‘p, mayli, oxirgi xatimiz qanday sababga ko‘ra edi? Bu qanaqa Tashqi ishlar vaziri?!. Sabab toping, tezda toping, bo‘lmasa hoziroq ishdan bo‘shataman...

Yer ishlari vaziri:

- Men topdim...

Qirol:

- Nima?

Yer ishlari vaziri:

- Sabab topdim, janobim! Vazirligimiz olgan xabarlarga ko‘ra Torakansida birinchi bodring pishibdi. Shu sabab bilan Torakansi bosh vaziri nutq so‘zlabdi. Bas, shunday ekan, biz bosh vazirga tabriknoma yuborsak bo‘ladi.

Tashqi ishlar vaziri:

- Noma yuborishimiz mumkin.

Qirol:

- Mayli... qani, xatni o‘qi-chi...

Tashqi ishlar vaziri:

- “Torakansi Bosh vaziri Fosika janobi oliylariga. Tarixiy ildizlarimiz bir bo‘lgan do‘st va qardosh Torakansida ilk bodring hosili yetishtirilgani munosabati bilan chin qalbdan samimiy tabrigimni yo‘llash hamda shaxsan Siz Janobi oliylariga va sizning Torakansi xalqingizga eng yaxshi tilaklarimni bildirishga ruxsat etgaysiz...”

Qirol:

- Xatni yuborishimiz bilanoq qo‘shinlarimiz hujumni boshlasin!

Harbiy vazir:

- Ha, albatta! Ular bizdan oldinroq hujum qilish xavfi mavjud, janobi oliylari!

(Kuchli gumburlagan tovush eshitiladi: G‘rr-drr! Paq-puq-paq!)

Qirol:

- Bu nimasi endi? Nimalar bo‘lyapti? Qanaqa gumburlagan tovush bu?

Harbiy vazir:

- Kechikkanga o‘xshaymiz... Ular bizdan oldinroq hujum boshlashdi. Ular kelyapti. Qurollardan o‘t oching...

Qirol:

- Xat-chi.

Tashqi ishlar vaziri:

- Sizning qo‘shinlaringiz hujumga o‘tishi munosabati bilan qattiq ta’sirlanganimni ma’lum qilaman va shu bois mening chuqur min... minnat... minnatdorligimni... qab... qabul qiling, janobi oliylari!..

Shukurjon Islomov tarjimasi

Tavsiya etamiz






Tavsiya etamiz

Ҳар доим хабардор бўлинг!

carzone.uz мобил иловаларини кўчириб олинг ва барча янгиликлар сиз билан