Валюта курси: Ўз.Р.Марказий банки
USD
АҚШ доллари
EUR
Eвро
RUB
Россия рубли
Sayt test rejimida ishlayapti!!!

Сўнгги янгиликлар






Ekologiyaga qo‘lqoplar hujumi boshlandi! Ekopartiya nega jim?
24.10.2020 22:21,  
573

Jamoat transportida bir martalik qo‘lqoplardan foydalanish joriy etilgach, ko‘chalar chiqindiga to‘lib ketgani aks etgan suratlar ijtimoiy tarmoqlarni egalladi. Ko‘pchilik qo‘lqop taqishni tatbiq qilish o‘ylamay chiqarilgan qaror deb baholadi ham. Shuncha shov-shuvga qaramay, ekologik partiya biror munosabat bildirmayotgani ajablanarli. Vaholanki, saylovoldi dasturlarida O‘zbekiston Ekologik partiyasining faol harakatlarini kuzatgan edik. Afsuski, saylovlar tugagach, partiyadan tashabbuslar chiqmayapti yoki bilinmayapti. Bugun ushbu partiya mavjud emasdek go‘yo...

Pandemiya tufayli hali-beri tibbiy niqoblarni yechmasak kerak! Har kuni millionlab-millionlab qo‘lqopu niqoblar uloqtirilyapti (chiqindi qutilargami yoki duch kelgan joyga?) Ularni zararsizlantirish, atrof-muhitga ziyonining oldini olish bo‘yicha ekopartiya tomonidan biror ish olib borilyaptimi? Aslida ishlatilgan qo‘lqoplarning ekologiyaga salbiy ta’siri haqida birinchilardan bo‘lib ekopartiya munosabat bildirishi, yechim topishi yo takliflarini kiritishi kerak emasmidi? Bugun bu targ‘ibotlar faqat blogerlarning zimmasidadek.

Polietilen paketlarning ekologiya va inson salomatligiga salbiy ta’sirini bilamiz. Polietilen hatto 1000 yilgacha muddatda parchalanadi. Shu bois bir qancha vaqt oldin yurtimizda ekologiyani muhofaza qilish maqsadida do‘konlarda bepul beriladigan paketlar pullik qilingandi. Bu orqali polietilendan imkon qadar kamroq foydalanish ko‘zda tutilgan. Bugun esa hayotimizda bir martalik polietilen qo‘lqoplar paydo bo‘ldi. Albatta, fuqarolari salomatlini o‘ylab! Biroq bu jamiyatimizda ekologik targ‘ibot sustligi, ekomadaniyat shakllanmaganini qalqitib yuzaga chiqarib qo‘ydi: atrof bir martalik qo‘lqoplar uyumiga bilan to‘lmoqda. Bu xususda ekopartiyaning fikri, eng muhimi, harakatlari qandayligi esa hanuz noma’lum. Ona zaminni, yashillikni muhofaza etishni o‘z oldiga maqsad qilgan partiya yashil yerda sochilib yotgan qo‘lqoplarni ko‘rganda biror nimani his qildimi o‘zi?! Hoynahoy, Transport vazirligi qo‘lqopni amaliyotga kiritishni tavsiya qilayotganda fuqarolarimizning ekomadaniyatini yuksak deb hisoblagan ko‘rinadi. Lekin ko‘chalarni to‘ldirib borayotgan chiqindilardan so‘ng Vazirlikning bu xususdagi fikri chil-chil sindiyov.

Sog‘liqni saqlash mas’ullari bir martalik qo‘lqoplar kasallik tarqalishining olini olishda to‘g‘ri qaror deb munosabat bildirdi. Ammo ishlatilgan qo‘lqoplarning keyingi taqdiri, tabiatga ziyonining oldini olish bo‘yicha ham choralar ko‘rilsa, chiqindilarni uloqtirmaslik bo‘yicha keng targ‘ibotlar olib borilsa, maqsadga muvofiq edi. Bir kunda minglab reklama efirga beriladi. Shular orasida hech bo‘lmasa besh daqiqalik chiqindi tashlash madaniyatini shakllantiruvchi roliklar berilishining iloji yo‘qmi?

Bir necha oy avval mana buni ko‘rib, hayratlangandim: qaysidir mamlakatda egniga «musor»dan tikilgan kiyim kiygan ko‘ngillilar ko‘chada uyilgan chiqindi ko‘rinishida yotib olgan, ustiga kim axlat tashlasa, ortidan quvlab ketayotandi. Bu ham aslida atrof-muhit ifloslanishining oldini olish uchun o‘ylab topilgan. Bizning ekopartiya esa nima uchun shu kabi targ‘ibotlarni yo‘lga qo‘ymasligi g‘alati.

Xulosa o‘rnida bir voqea: Rossiya. 2018 yil. Futbol bo‘yicha Jahon chempionati. Yaponiyalik futbolchilar o‘yindan so‘ng maydondagi «musor»larni terib olishdi, ularga ajratilgan xonani tozalab, stolga «Rahmat» deb yozib ketishdi. Yapon muxlislari esa o‘rindiqlari va atrofini tozalab, stadiondan chiqib ketishdi. Yaponiyaliklar o‘z-o‘zidan bunday bo‘lib qolmagandir? Shubhasiz, faqat yaxshi namuna bo‘lish, targ‘ibotu, yuksak ekologik madaniyat orqali!

O‘zbekiston Ekologik partiyasidan ham shunday faol targ‘ibotni, ekologiya muammolariga hozirgidek jim qarab turmaslikni kutib qolamiz!

Tavsiya etamiz






Tavsiya etamiz

Ҳар доим хабардор бўлинг!

carzone.uz мобил иловаларини кўчириб олинг ва барча янгиликлар сиз билан