Валюта курси: Ўз.Р.Марказий банки
USD
АҚШ доллари
EUR
Eвро
RUB
Россия рубли
Sayt test rejimida ishlayapti!!!

Сўнгги янгиликлар






Eksport muammolari: onlayn platforma yo‘q, logistika qimmat, byurokratiya va boshqalar
26.10.2019 01:07,  
2300

O‘nlab tonna gilos, olma, xurmo, mosh-loviya va qovun-tarvuz ortib chet elga ketayotgan uzun va katta furalarni kuzatgancha xayolingizda eksportchilarning kissasiga tushuvchi mo‘may pullargacha hisoblab ko‘rgansiz. Darhaqiqat, eksport, xususan, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksporti O‘zbekistonda hali oxiriga yetilmagan xazinadir. Agar ushbu soha oqilona boshqarilsa davlatimizga millionlab dollar keltirishga qodir. Biroq tayyor mahsulotni ajnabiy iste’molchiga yetkazishda qanday to‘siqlarni oshib o‘tiladi? Ularni qanday bartaraf etish mumkin. Suhbat-maqolada yosh eksportchi-tadbirkor Sunnatillo Ortiqov tarjumon.uz nashriga ko‘plab muammolarni sanab bergan.

Avvalo, tadbirkor uchun kerak bo‘ladigan narsa bu – albatta tovardir.

Tovar qayerda arzon bo‘lsa, tabiiyki, tadbirkor o‘sha yerdan uni xarid qilib oladi.

Dunyo miqyosida shu sohaning bevosida ichida bo‘lganim uchun, uni o‘rganib yurib bemalol aytishim mumkinki, O‘zbekistonda chiqarilayotgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari jahon bozorida boshqalarnikiga nisbatan bir necha barobarga arzon. Bizdagi asosiy muammo esa, o‘sha arzon mahsulotni sifatini buzmagan holatda, jahondagi qimmat va yuqori narxlarda sotiladigan bozorlarga yetkazib berish yoki sotish bilan bog‘liq masala hisoblanadi.

O‘zbekiston qonunchiligida shunaqangi bir holatga duch kelasizki, eksport bilan shug‘ullanuvchi korxona, albatta mahsulot ishlab chiqaruvchi bo‘lishi kerak, degan tushuncha mavjud. Ya’ni, shu sohaga oid qonun bilan tanishib chiqib, mana shunday xulosaga kelish mumkin.

Aslida, dunyo tajribasi bilan qiyoslaydigan bo‘lsak, eskport bilan shug‘ullanuvchi korxona yoki tashkilot, shartli ravishda ishlab chiqaruvchi bo‘lish kerak, degan tushuncha, biror bir rivojlangan davlatlar qonunlarida qayd etilmagan. Har holda, shaxsan buni kuzatmadim.

Endi o‘zimizga savollar berib ko‘raylik. Oddiy dehqon-fermer, mahsulotini yetishtiriganidan keyin, uni sotish uchun yoki eksport qilish uchun shu ishlarni bilimdonlari hisoblangan eksportyorlarga, ya’ni soddaroq nom bilan aytganda, savdogarlarga muhtoj bo‘ladimi?

Yoki oddiy dehqon dunyo kezib, masalan, Yaponiyaga, Koreyaga, Yevropa davlatlariga yoki Avstraliyaga, Yangi Zelandiyaga qatnab, u yerdagi bozorlarni tahlil qilib, kelasi yilga nima ekishi kerakligi bo‘yicha rejalar tuzib yuradimi?

Albatta yo‘q. Tabiiyki, bu ishlarni bajarishga jismonan ulgurmasligi bitta sabab bo‘lsa, bu ishlar alohida bilim va tajribadan tashqari, qo‘shimcha sarf-xarajatlarni talab etadi. Balki, oddiy dehqon uchun eng oson va qulay tarafi, ichki bozordagi xaridorgir bo‘lgan maxsulotlarni yetishtirib sotish afzaldir.

Biz kabi eksportyorlik faoliyati bilan shug‘ullanayotgan tadbirkorlarning vazifasi esa, O‘zbekiston bozorini va o‘z navbatida dunyo bozorini o‘rgangan holda, qaysi mamlakatning, qaysi shaharida bizning mahsulotga bo‘lgan talab borligini va tez sotilishini hamda u yerga yetkazib berilish xarajatlarining hisob-kitobini qilib, o‘z foydamizning bahosini aniqlab chiqish hisoblanadi.

Shunday hisob-kitoblarga tayanib, dunyoning bir nechta shaharlariga mahsulotlarni eksport qilish mumkin.

Ana endi, muammolar haqidagi savollarni ko‘rib chiqsak.

Birlamchisi bu, eng avvalo bizdagi eksport bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlarning shu sohaga oid O‘zbekistonning amaldagi qonunchiligi bilan bog‘liq muammolaridir. Ya’ni, qonun biz kabi eksportyorlarni moddiy tovar ishlab chiqaruvchi tadbirkor sifatida ko‘radi.

Avval boshida aytganimdek, tadbirkor uchun kerakli narsa bu tovar-mahsulot. Ichki bozorimizdan kerakli bo‘lgan mahsulotni topdik ham deylik. Aslida, O‘zbekiston ichida eksportbop mahsulot topishning o‘zi bir katta muammo hisoblanadi.

Hozirgi axborot texnologiyalari rivojlangan bir zamonda O‘zbekistonda onlayn bozorlar yo‘q hisobida desak bo‘ladi. Ya’ni, ulgurji-ko‘tara mahsulotlar sotiladigan onlayn bozorlar yo‘qligi ham muammo sanaladi.

Telegramdagi e’lon beruvchi bir nechta kanallar esa, bu davlat strukturasi darajasidagi axamiyatli platforma emas. Buni muammo sifatida ikkilamchi tartibda sanab o‘tamiz.

Endi shu ikkilamchi muammoga qisqaroq tarzda qo‘shimcha izoh berib o‘tsam. Ya’ni, bu muammo dehqonlar bilan yoki umuman olganda, ishlab chiqaruvchilar bilan bog‘liq masala haqidadir.

Shu o‘rinda logistika xaqida ham biroz ma’lumot berib o‘tish kerak. Logistika deganda ko‘pchilikning oddiy tasavvurida yuklarni uzoq va yaqin manzillarga tashuvchilar gavdalanadi. Aslida esa, logistika butun bir tarmoq, bog‘lanish demakdir.

Misol uchun, bizni mamlakatimiz sharoitini oladigan bo‘lsak, men kabi tadbirkor bilan ekin yetishtiradigan dehqon o‘rtasida bevosita o‘zaro bog‘lanish, ya’ni logistika yo‘q.

Mamlakat ichi bo‘ylab eksportbop mahsulotni izlanar ekan, men kabi tadbirkorlar shunday mahsulot yetishtirgan dehqonni izlab topishi kerak bo‘ladi. Ko‘pincha bunday dehqonlarni izlash davomida, albatta, o‘rtada dalollarga duch kelaman. Ya’ni, o‘rtada turib o‘zining ozmi-ko‘pmi foydasini qo‘shadigan uchinchi, to‘rtinchi ob’yektlar turib qoladi.

Bu esa mahsulotning narxi sun’iy ravishda oshishini anglatadi.

Yuqorida ta’kidlab o‘tganimdek, biz jahon bozoriga narxi va sifati bilan raqobatlasha oladigan mahsulotlar taklif eta olishimiz kerak va shundagina eksport haqida bemalol gapirishimiz mumkin bo‘ladi.

Endi, agar biz eksportni rivojlantirmoqchi bo‘lsak, bozorning zamonaviy infrastrukturasini shakllantirishimiz kerak. Va, haqiqatan, jahon bozoriga O‘zbekiston mahsulotlarini sotmoqchi ekanmiz, mamlakatda onlayn qidiruv bozorlar bazasini shakllantirishimiz kerak bo‘ladi.

Bugun bizda barcha sohadagi ishlab chiqaruvchi va eksportyorlarni o‘zaro birlashtiradigan, konstruktiv tarzda yondashib ishlab chiqilgan loyihaga ehtiyoj bor.

Ayni vaziyatimizni misol qilib oladigan bo‘lsak, masalan, o‘zim arzon va kerakli mahsulotni topishim uchun hozirda ijtimoiy tarmoqlarning turli telegram kanallari, saytlaridan foydalanishga majburman. Ularni har birini ochib qidirish ham gohida qiyinchilik tug‘diradi. (Ustiga-ustak bularni orasida rasmiy maqomga ega bo‘lmagan, insofsiz tovlamachilari ham uchrab turadi).

Mana, qo‘shni Qozog‘istonni olaylik, u yerda “Flagma” deb nomlangan loyiha bor (Qozog‘istonliklarning ushbu loyihasi men ta’kidlab o‘tgan mahsulotlar onlayn bozori bazasi bo‘lib, ancha qulay hisoblanadi).

O‘zbekistonliklarda bu kabi loyihalar bo‘lmagani uchun, o‘z-o‘zidan ma’lumki bunday vositalardan foydalanishmaydi. Ya’ni, bizning oddiy eksportyorlarimizning aksariyati kerakli mahsulotni mamlakat ichidan o‘zlari bilgan yo‘l bilan izlashadi.

Odatda faqat shu soha bilan shug‘ullanuvchi odamlar orqaligina, oddiy so‘rab-surishtiruv yo‘li bilan qidirishadi. Masalan, falon joyda, falonchi degan odamda shu mahsulot bor ekan, deyishadi. O‘sha joyni topib, o‘sha mahsulotni olib ketishadi. Vaholanki, boshqalarda xuddi shunday mahsulotni, balki sifati jihatidan undan ham yaxshiroq, nisbatan arzonroq bo‘lgani ham bordir.

Afsuski, bu xaqida ma’lumot bo‘lmagani uchun, faqat o‘sha so‘rab-surishtirgan joyidan olishga majbur bo‘ladi va shunday ko‘nikma hosil bo‘ladi.

Tarjumon.uz: Demak, eksport uchun kerakli bo‘lgan mahsulotni topish bilan bog‘liq ikkinchi muammo, bu eksportyorlar uchun zamonaviy sharoitlarning yaratilmagani ekan desak bo‘lar ekanda?

S.Ortiqov: Albatta bo‘ladi. O‘z navbatida, bu oddiy muammoni mahalliy hokimiyatlar darajasida hal etish mumkin. Chunki, ularda o‘z hududlari bo‘yicha barcha ma’lumotlar mavjud bo‘ladi. Afsuski mahalliy hokimiyatlarimizning bu boradagi zamonaviy yondashuvlarini hozircha kuzatishga muvofaq bo‘lmadik.

Vaholanki, o‘sha mahalliy hokimiyatlar tomonidan mahsulotlarning moddiy bazasini, ya’ni qayerda, qanday, qancha miqdorda va narxdagi mahsulotlar borligi xaqidagi ma’lumotlar bazasini yaratish uchun hech qanday to‘siq mavjud emas.

Masalan, ular oddiy qilib, falon fermer xo‘jaligida shuncha mahsulot bor, boshqa fermerda yana ma’lum boshqa bir turdagi xom ashyo mahsuloti bor va falonchi parranda fabrikasida shuncha tuxum bor v x.k. kabi rasmiy ma’lumotlar bazasini yaratib qo‘yishi murakkab va katta mablag‘ talab etadigan ish emasku?!

Misol tariqasida aytib o‘taman, Afg‘oniston, Suriya, Iordaniya kabi mamlakatlar bizning mamlakatdan juda ko‘p marotaba tuxum mahsulotlarini import qilib olib ketgan yoki bizdan eksport qilingan.

Yana, Turkiya shu yilning o‘zida bir necha ming tonna piyoz mahsulotini bizdan import qildi. Lekin, o‘zim guvoh bo‘lganim, ularga mahsulotlarni topish juda-juda qiyin bo‘ldi.

Mahsulotni topish bilan bog‘liq muammo borligi sabab, kerakli mahsulotni topgan joylarimiz ham narxni sun’iy ravishda oshirib yubordi. Bunday xolatlar ko‘p bulganligi bois xorijiy savdogarlar bizning bozorlarimizdan emas balki, Qozog‘iston bozorlaridan mahsulotlar harid kilishni qulay va afzal ko‘rishmoqda.

Albatta, aytishlari mumkin, ahir OLX sayti borku, istalgan mahsulot topish mumkin bo‘lgan, deya. Afsuski, OLX saytida eksportyorlar uchun kerakli mahsulotlar va ular uchun kerakli bo‘lgan ma’lumotlar topilmaydi. Asosan maishiy ehtiyojlar uchun mo‘ljallangan, ko‘proq chakana turdagi mahsulotlarni sotadigan maydoncha deb qarash mumkin.

Bizga shu kabi, faqat nisbatan kattaroq platforma doirsida ishlaydigan dastur zarur. Faqat u O‘zbekistonda mavjud va ishlab chiqariladigan barcha turdagi mahsulotlarni ichki bozorida va tashqi bozoriga eksport qilishga mo‘ljallangan bo‘lishi kerak.

Bu dastur shunday bo‘lishi kerakki, dunyoning istalgan mamlakatidan turib ushbu bazaga kirish imkoniyati bo‘lib, o‘sha yerdan turib to‘g‘ridan- to‘g‘ri shartnomalar tuzish mumkin bo‘lsin. Ya’ni, o‘sha bazada sotuvchi eksportyorning barcha koordinatalari ko‘rsatilgan bo‘lishi va u bilan bevosita xorijliklar ham bog‘lanishi uchun imokniyat bo‘lsin. Yoki boshqacha tushuntirganda, ularning logistiklari o‘zlari kelib, mahsulotni o‘z ko‘zlari bilan ko‘rib, olib ketadigan darajada sharoitlarni yaratishimiz kerak.

Misol uchun malayziyaliklar mendan 5 ming tonna mosh so‘ragan. Bu esa 250 dona konteyner degani. Tasavvur qilayapsizmi, shuncha miqdordagi mahsulot sotilganidan keyin, qancha miqdorda valyuta kirib kelishini?

Lekin, ularda O‘zbekistonda mosh borligini ko‘rsatadigan, ya’ni ma’lumot beradigan baza bo‘lmagani tufayli, bizda biror bog‘lanadigan kontaktlar bo‘lmagani sababli mosh yetishtirilib, sotilishini bilishmaydi. Mana shu ikkinchi muammoni oqibati.

Mosh, loviya, fasol kabi mahsulotlarni asosan afg‘on savdogarlar egallashgan. Aslida Afg‘onistonda katta hajmda bu kabi mahsulotlarni topish qiyin. Lekin, ular o‘rtada turib sotishda juda ishbilarmonlik va ustomonlik qilishmokda.

Bizda esa shuncha potensiallarimiz bo‘la turib, afg‘onistonliklar darajasida ishbilarmonlik qilolmaymiz. Bunga sabab esa bitta. Avvalo bunga bizda tashqi bozorlar talabini bilmasligimiz sabab bo‘lsa, undan so‘ng, ekin maydonlarimizda hali hanuz majburiy buyruqbozlik boshqaruv shakli saqlanib qolayotganligi bo‘lsa ajablanmaslik kerak.

Xo‘p. Endi o‘sha kerakli mahsulotni topdik. (Mahsulotni biz naqd pulga sotib olamiz. Aslida bu ham alohida mulohaza yuritiladigan muammolardan biridir.) Topgan mahsulotimizni joyidan transportirovka qilish bilan bog‘liq muammoga duch kelamiz. Bu yerda ham xuddi ikkinchi muammodagiday holat. Ya’ni, transportlar xaqidagi ma’lumotlar bazasi mavjud emasligi bilan bog‘liq muammo.

Amalda biz o‘sha topilgan mahsulotni tashib olib kelish uchun, yuk mashinalar turargohiga boramiz (“pyatak”). U yerda ham tanlov kam bo‘ladi. Bo‘lsa uzog‘i 5-10 tacha topilar. Vaholanki O‘zbekistonda 5 -8 ming atrofidagi miqdorda yuk tashuvchi avtotransport vositalari bor deya taxmin qilinadi.

Tadbirkorda har doim tanlov xilma-xil bo‘lishi kerak. Shunga yarasha taklif bo‘lishi tabiiy. Bizda esa ma’lum bir firmalar rasman faoliyat ko‘rsatadi. Saytiga kirib, telefoni orqali ular bilan bog‘lanasiz. Bulardan boshqa firmalar kam bo‘lgani uchun narxlari ham otni kallasiday bo‘ladi. Ayniqsa, poytaxtdan olis bo‘lgan hududlarga, qishloq joylariga borishi uchun juda katta narxlarni aytishadi.

Demak, bizda tadbirkorlar uchun yuk jo‘natuvchilar, yetkazib beruvchilarning bozorlari bo‘lishi kerak. Aynan transportirovkachilar bazasining yo‘qligi bu uchinchi navbatdagi muammolardandir.

Endi, to‘rtinchi mummoga o‘tsak. Bu furalarning narxi bilan bog‘liq muammodir. Bugungi kunda furalarning 1 km uchun eng past narxi 1,5 AQSh dollarga teng keladi. Bizdagi furalar bunday narxni belgilashda, manzilga borish bilan birga, u yerdan joyiga qaytib kelish xarajatini ham inobatga olib hisoblaydi.

Agar yuqorida ta’kidlaganimdek ularning umumiy bazasi bo‘lsa yoki masalan, xuddi MY TAXI yoki “Yandeks-Taksi” kabi formatda ishlaydigan dastur bo‘lsa, u holda haligi narx 1,5 AQSh dollari emas, balki teng yarmiga kamayishi mumkin. Chunki ular qaytishi uchun ham buyurtmani dastlabki yetib borgan manzilning o‘zidan olish imkoniyati bo‘ladi.

Biznes uchun mana shunday zamonaviy sharoitlarni yaratish orqali biz logistikamizni ham arzonlashtirishimiz mumkin ekan.

Xitoyda yoki Yevropa mamlakatlarida yuk tashuv xizmati shunday shaklda qurilgan. Ya’ni, borish va kelish uchun bitta narx belgilamaydi. Faqat bir tomonga narx qo‘yadi. Ular qaytayotganida ham buyurtmasi bo‘ladi.

Bular ham bizning eksportyorlar oldida turgan muammo hisoblanadi.

O‘z navbatida eslatib o‘tishim kerakki, muammolar sifatida sanayotgan har bir holatning eksport qilinayotgan mahsulot tannarxiga ta’siri bo‘lib, uning qimmatlashuvini keltirib chiqaradi. Bu esa jahon bozorida bizning mahsulotimizdan ham arzonrok takliflar bilan raqobatlasha olmasligimizdan darak berishi mumkin.

Takror aytaman - eksport uchun asosiysi, arzon narx va sifatli mahsulot.

Bugungi yuk tashuvchi transport vositalarining harakatlanishi uchun, albatta, dizel yoqilg‘isi zarur bo‘ladi. Bizda davlat kursi bo‘yicha birjadagi dizelning narxi 8 ming so‘m. Qo‘lda yoki rasmiy tilda aytilganda, “qora bozorda” nisbatan arzonroq.

Hozirgi mavjud holatda furalar Qozog‘istondan yoqilg‘i baklarini to‘ldirib, O‘zbekistonga olib kirishadi va hatto, shundan ham foyda ko‘rishadi. Chunki, uning narxi 6 ming so‘mgacha boradi.

Guvohi bo‘lib turganimizdek, garchi “qorabozor” bo‘lsa-da, o‘sha dizel uchun sarflanayotgan pul Qozog‘istonda qolib ketayapti, desak bo‘ladimi? Vaholanki, o‘sha dizel yoqilig‘isini o‘zimizda rasman 5 ming so‘mda narx belgilab, sotsak bo‘lmaydimi? Masalan, “O‘zbekneftegaz” kabi kompaniyalarimiz shunday narxni belgilash masalasini ko‘rib chiqsa bo‘ladimi?

Hatto, mavsum bo‘lmagan paytlarda o‘sha “qorabozordagi” dizel arzonlashib, 4 ming so‘mgacha tushib ketadi. Mana, ayni mavsum avjiga chiqqan paytda dizel yoqilg‘isini narxi 6 ming so‘mga chiqib oldi. Hatto, shu narxda ham dizelni topish muammo.

Demak, eksportyorlar oldida turgan beshinchi muammo - bu dizel yoqilg‘isining O‘zbekistonda qimmat narxdaligi.

Narx qimmatligini mutasaddilar dizelni qayta ishlab chiqilishi bilan izohlashga urinishadi. Aslida bu ham xaqiqiy sababi emas, deb o‘ylayman. Chunki bu yerda o‘ziga xos foyda ko‘zlanadi, ya’ni o‘sha dizel katta miqdordagi pulga sotib olib qo‘yiladi va keyin “barakatopgur” monopolist shovvozlarimiz o‘sha narxdan tushirmay sotishadi.

Demak, dizel narxi muammosini qaysidir ma’noda monopoliya bilan bog‘lash mumkin. Bunisiga ham ko‘nib, loaqal ekportyorlar uchun dizel narxlarini ixchamlashtirish choralari ko‘rilsa, ushbu muammoga qisman yechim topilgan bo‘lardi.

Importyorlar baribir dizelni Qozog‘iston, Turkmaniston yoki boshqa qo‘shni davlatlardan quyib olishadi. Ular bizdan sotib olmaydi. Eksport qiluvchilar uchun loaqal o‘sha 8 minglik dizelni boradigan manzilining yarim masofasigacha qismi uchun arzonlashtirilsa, bu ham qaysidir jihatdan eksport uchun yordam bo‘lar edi.

Buni, ushbu muammoning yechimiga berilgan bitta taklif sifatida ko‘rib chiqish mumkin. Ya’ni, bu eksport qiluvchilar uchun tannarxini arzonlashtirishga qo‘shimcha imkoniyat desak to‘g‘riroq bo‘lsa kerak.

Xullas, biz dastlab, eksport qilinadigan mahsulotni topdik, uni tashib beradigan yuk tashuvchi furani ham topib yolladik va unga o‘sha mahsulotni ortib, eshigini tamg‘aladik deylik.

Endi yukni olib O‘zbekistondan chiqib ketish darvozasiga boriladi.

Bojxonachilar ham mavsum va mavsumdan tashqari paytlarni juda yaxshi bilishadi, lekin shunga qaramay, haligi yuk ortilgan transport, masalan kunduzgi soat 8:00 da bojxona nazoratiga yetib borgan bo‘lsa, shu bilan ertasi kuni kunduzgi 10-11:00 larda bojxona ko‘rigidan o‘tib, chiqib ketishi mumkin. Har holda bugungi holat shunday.

Mahsulotni manziliga yetkazib borish uchun transportirovka qilish muddati ko‘pi bilan 5 kun bo‘lsa, yuk mashinasi ichidagi mahsuloti bilan naqd bir sutkani O‘zbekiston chegarasining o‘zida yo‘qotadi. Ya’ni, sifati buzilishi mumkin mahsulot bojxona nazoratida kamida bir sutka ushlanib qolinadi.

Vaholanki, biznesda sutkalar emas, soatlar emas, hatto daqiqalar ham emas, balki gohida soniyalar ham muhim rol o‘ynaydi.

Do‘konlarga mahsulot qancha erta yetkazib berilsa, ular uchun ham juda qulay vaqt hisoblanadi. Agar kechga yaqin yetkazilsa, ko‘pincha uni qabul qilishmaydi. Chunki, kech bo‘lgach, do‘kon yoki bazadagi ishchilar uy-uyiga tarqalib ketgan paytiga to‘g‘ri keladi.

Xuddi shuningdek, kunning o‘rtasida ham yetkazib berilgan mahsulot ko‘pincha qabul qilinmaydi. Oqibatda haligi olib borilgan mahsulotimiz yana bir kunga cho‘zilib, sifat ko‘rsatkichlari yana pasayishiga sabab bo‘ladi.

Aytgancha, bojxonaga yetib borguncha eng dolzarb bo‘lgan yana bitta katta va qaysi bir ma’noda mantiq bilan qaraydiganlar uchun kulgili bo‘lgan muammoni e’tibordan chetda qoldiribmiz.

Bu qishloq xo‘jaligi mahsulotiga beriladigan sanitariya sertifikatini berish bilan bog‘liq muammo. Bu yerda juda g‘ayrioddiy holatning guvohi bo‘lishingiz mumkin. Masalan, Farg‘ona vodiysida yetishtirilgan ma’lum bir qishloq xo‘jaligi mahsuloti uchun sertifikatni Jizzaxdan olishingiz kerak bo‘ladi. Kulgili a?

Hozir xalq uchun qulay bo‘lgan davlat xizmatlarini ko‘rsatuvchi yagona darcha idoralari odamlar uchun juda ko‘p yengilliklarni yaratilishiga sabab bo‘ldi.

Axir, xuddi shunday yo‘llarni joriy etish orqali, eksportyorlar uchun zarur bo‘lgan sertifikatni olishni ham yengillashtirish mumkin emasmi? Jumladan, Yevropa davlatlari, Rossiyada arzimagan 1-2soat ichida o‘shanday sertifikatni olish mumkin. Hatto qo‘shni Qirg‘izistonda ham jarayon bunchalik murakkab emas.

Bizda esa shu ham muammo bo‘lib saqlanib turibdi. Bitta sertifikatni olish uchun, taxminan, 1 mln. so‘m to‘lovni amalga oshirishingiz kerak bo‘ladi. Vaholanki, bu ham sarf-xarajatlar ro‘yxatiga kirib ketadi va albatta, umumiy tannarxga ta’sirini o‘tkazmay qolmaydi.

O‘sha sertifikatni olish uchun vaqt muammosi ham mavjud bo‘lib, unga uch yoki to‘rt kunlab vaqt sarflanadi. Gohida yanayam cho‘zilib ketishi mumkin, ya’ni bir hafta, o‘n kungacha boradi.

Bu sanab o‘tilgan muammo faqatgina avtotransport bilan eksport qilishda duch kelinadigan muammolar xolos. Havo va temir yo‘l transporti orqali amalga oshiriladigan eksportlarning ham xuddi shu kabi jarayonlar bilan bog‘liq muammolari mavjud.

Dastlab samolyot orqali eksport qilishda duch kelinadigan muammolarni batafsilroq ko‘rsatib o‘tishga harakat qilaman.

Xo‘sh samolyot bilan tashishda qanday muammolar bor? Aslida samolyot bilan xarajatlar unchalik qimmat bo‘lmasligi kerak. Ayni vaqtda uning narxi, bir kilogramm yuk uchun 3,3 AQSh dollarini tashkil etadi.

Endi o‘zingiz bir o‘ylab ko‘ring. O‘zi eksport qilinadigan mahsulotning tan narxi 50 sentlik bo‘lsa, agar uning ustiga yana 3,5 AQSh dollari qo‘shilsa, kiymati 4 dollarga o‘zgaradi. Yana 1 dollar bojxona xarajatlari, ortish, tushirish, saqlash kabi xarajatlar bilan qiymati 5 AQSh dollariga, aeroportdan manzilga yetgunicha yana 1 dollar. Xorijda servislar qimmatligini ham hisobga olish kerak. Xullas, jami 5,5 – 6 dollarni tashkil etdi.

Men 0,50, ba’zida 0,10 -0,15 sent foyda kilsam, gipermarketlar 1 dollar ustiga qo‘yishadi. Demak, uni kamida 7 AQSh dollaridan sotishimiz kerak bo‘ladi. Ya’ni, O‘zbekistonda 50 sent turgan mahsulot yetib borganda 7 AQSh dollariga aylanmoqda.

Vaholanki, xuddi shu mahsulot boshqalarda ham bor. Tabiiyki ularning mahsulotlari biznikiga nisbatan arzonroqqa tushadi. Aytaylik, 5 dollarga sotishganda ham biz emas, ular bozorni egallashadi.

Ajablantiradigan tarafi, aslida chetga zarar bilan sotiladigan avtomashina korxonamizga, davlat tomonidan uning qoplab berilishidir. Yana qo‘shimchasiga ularga import kilishlari uchun ham hech kanday bojxona to‘lovlari mavjud emas.

Davlat tomonidan ularga shuncha ko‘p imtiyozlar berilsa-da, ming- minglab insonlar band bo‘lgan eksportyorlar uchun hech qanday imtiyozlar bo‘lmasa, bular axir o‘sha korxonadan ham ko‘proq valyuta olib kelishadi-ku?!

Gapimning isboti sifatida, mana bu suratga e’tiboringizni qaratgan bo‘lardim.

O‘zbek agrosanoati paxtadan tashqari eksportining 2018 yilgi ko‘rsatkich qiymati 101 mln. dollarni tashkil etgan.

Endi temir yo‘l transportidagi eksport bilan bog‘liq muammoni ko‘taradigan bo‘lsak, uni Rossiya va Qozog‘iston temir yo‘l transportirovkasi bilan taqqoslaganda, biznikiga nisbatan qimmat hisoblanadi.

Nima sababdan? Gap shundaki, bizda vagonlar yetishmasligi muammosi mavjud. Aksariyat vagonlarni biz Qozog‘istondan ijaraga olamiz. Vaholanki, bitta vagonning ijarasi bir oyga 1000 dollarni tashkil etadi. Shu joyda yana savol paydo bo‘ladi. Nahotki, bizda o‘sha vagonlarni ishlab chiqarishning iloji bo‘lmasa?

Axir, bizda Toshkent Mexanika zavodlarida, bir paytlar tanklar ishlab chiqarilgani kabi yirik korxonalarimiz bor emasmidi?

Bitta vagon qiymati 8000$ ni tashkil etadi. Oyiga 1000$ ijara to‘lansa 8 oyda bu o‘zini qoplamaydimi? Ayniqsa kuz oylarida vagon shunaqangi defitsit bo‘ladiki! Sababi shu paytda bug‘doy tashish boshlanadi.

Ya’ni Qozog‘istondan, Rossiyadan bug‘doy yuklash boshlanib, bug‘doyni import qiluvchi Xitoyda vagonlar uzoq vaqt turib qoladi va bu yuqorida ta’kidlaganimdek, vagonlar yetishmasligi muammosini keltirib chiqaradi.

Xitoy haqida gap ochilganda, bir narsani ta’kidlab o‘tish kerakki, Xitoydan istagancha mahsulot olib chiqish mumkin, ya’ni import qilishingizda muammo yo‘q. Lekin Xitoyga umuman eksport mahsulot olib kirish murakkab yoki kimdirlar tomonidan egallangan yoxud iloji yo‘q.

Hatto Rossiyaning Vladivostok shahriga Xitoy tranzit yo‘li orqali o‘tishga ham ruxsat berishmaydi. Vaholanki, Xitoyda logistika shunchalik zo‘r yo‘lga qo‘yilganki, Xitoyning bir burchagidan bizning Urganch shahriga yetkazib berish hozir bir kilogramiga 50 sentni tashkil etadi. Taqqoslash uchun bizda bu 1 dollardan oshadi.

Xulosa qilib ta’kidlab o‘tishim kerak-ki eksportyorlik sohasida biz juda no‘noqmiz. Biz uchun faqatgina Rossiya bozori borday. Boshqalariga avval boshida aytganimday uquvsizligimiz pand beradi.

Sabzavot va meva sohasida eksportyorlar orasida “International food service” degan sifat sertifikati yuritilib, bu xalqaro maqomdagi hujjat hisoblanadi. Mana shu sertifikatga ega bo‘lgan eksportyor istalgan joyga mahsulotini sotish imkoniyati kengayishi mumkin.

Afsuski, bizda bunday sertifikatni olish yo‘lga qo‘yilmagan yoki men bilmayman. Agar olish mumkin bo‘lsa ham bu juda murakkab, yana bir taxmin, bizda endi ish boshlagan yangi eksportchilarni sig‘dirmaslik ehtimoli bor.

Umuman, bizda agrar sohasida shu bilan bog‘liq jiddiy muammolar mavjud. Masalan biz Koreyaga eksport qilmoqchi bo‘lganimizda vazirliklar o‘rtasida o‘zaro hamkorlik yo‘qligini sabab qilib, bizni mahsulotni kiritishmagan paytlar bo‘ldi.

Agrar sohasidagi yana bir duch kelinayotgan muammo bu oxirgi yillarda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarimiz tarkibida me’yoridan yuqori bo‘lgan kimyoviy pestitsidlar mavjudligidir. Oqibatda boshqa mamlakatlarga kiritilmaslik holatlari uchrab turibdi.

Biznes insayder Sunnatullo Ortiqov

Tarjumon.uz bilan hamkorlikda tayyorlangan

Tavsiya etamiz






Tavsiya etamiz

Ҳар доим хабардор бўлинг!

carzone.uz мобил иловаларини кўчириб олинг ва барча янгиликлар сиз билан