Валюта курси: Ўз.Р.Марказий банки
USD
АҚШ доллари
EUR
Eвро
RUB
Россия рубли
Sayt test rejimida ishlayapti!!!

Сўнгги янгиликлар






Emlash autizmga sabab bo‘ladimi?
14.11.2019 11:12,  
906

1998 yil 28 fevralda tibbiyot jurnallari orasida eng mashhuri bo‘lgan, Elsevier nashriyoti tomonidan nashr qilinadigan «The Lancet» (2017 yilgi impakt kaftori 53,254) (!) ilmiy jurnalida britaniyalik gastroentolog Endryu Veykfildning bir maqolasi chop etiladi. Ushbu maqolada qizamiq, tepki (parotit) va qizilcha kasalliklariga (qisqartmasi MMR) qarshi bolalarga qilinadigan emlash emlangan bolalarda autizm kasalligini keltirib chiqarishi haqida yozilgan edi.

Veykfild o‘zining tadqiqot natijalari haqida televizor orqali butun olam-jahonga jar solishga ham ulguradi. Ushbu maqola va TVdagi chiqish ortida butun dunyo bo‘ylab emlashga qarshi kampaniyalar yuzaga kela boshlaydi. Ota-onalarning aksariyati bolalarini ushbu kasalliklarga qarshi emlatishdan qat’iy bosh toradilar.

Ushbu bayonotdan so‘ng juda ko‘plab laboratoriyalarda Veykfildning natijalari qayta tekshirila boshlanadi, lekin dunyoning mashhur birorta ham ilmiy laboratoriyasi Veykfild aytgandek MMR va autizm orasidagi bog‘liqlikni topa olmaydi (manba: L. Gross "A Broken Trust: Lessons from the Vaccine–Autism Wars" PLoS Biology).

2002 yilda yarim milliondan ortiq autizm bilan og‘rigan bolalarning kasallik tarixi sinchkovlik bilan o‘rganiladi va ular ichida birorta emlash bilan bog‘liq kasallik holati qayd etilmaydi (manba: K.M.Madsen et al. A Population-Based Study of Measles, Mumps, and Rubella Vaccination and Autism. N Engl J Med).

2006 yilda esa aksincha aholi orasidagi emlash miqdorining kamayishi oqibatida autizm kasalligi bilan og‘rish holatlari ko‘payganligi haqidagi tadqiqot natijalari e’lon qilinadi.

"The Lancet" jurnali Veykfildning maqolasini 2004 yilga kelib qisman, 2010 yilga kelib esa butunlay o‘z manbalaridan olib tashlaydi.

2015 yilda tadqiqotchilar jamoasi 95 mingdan ortiq autizm bilan og‘rish ehtimolligi bo‘lgan yoki og‘rigan bolalarni alohida o‘rganib chiqishadi. Mualliflar «biz autizmni aynan nima keltirib chiqarayotganligi bilmaymiz, lekin aniq aytishimiz mumkinki bu MMR emas» deb ta’kidlashadi (manba: Anjali Jain et al. Autism Occurrence by MMR Vaccine Status Among US Children With Older Siblings With and Without Autism. JAMA).

2019 yilda 657 ming nafar daniyalik bolalar ustida o‘tkazilgan ko‘p yillik tadqiqot natijalari e’lon qilinadi. Bunda 1990-yillardan to 2010-yillargacha tug‘ilgan ushbu bolalarda autizm kasalligi kelib chiqishining nafaqat MMR vaksinalari, balki umuman boshqa biror vaksinaga aloqador emasligi aytiladi. Hattoki oilasida o‘zidan avvalgi aka-opalari autizm bilan og‘rigan bolalarda ham emlash va autizm orasida aloqadorlik uchramagani aytiladi (manba: Anders Hviid et al. Measles, Mumps, Rubella Vaccination and Autism: A Nationwide Cohort Study. Ann Intern Med.)

2010 yilda Veykfild firibgarlikda ayblanadi va butun umrga Buyuk Britaniya vrachlar reyestridan o‘chiriladi. Keyingi surishtiruvlardan ma’lum bo‘lishicha, Veykfildning ishlari emlashga qarshi jamiyat JABS tomonidan moliyashtirilgan bo‘lib, maqolaning asosiy xulosalari qalbaki bo‘lib chiqadi. Ushbu surishtiruvlar jurnalist Brayan Dir tomonidan olib boriladi va yakuniy natijalar Sunday Times gazetasida bosiladi. Mazkur holatning yolg‘on ekanligi har tomonlama isbotlab berilganligiga qaramay hali hanuz juda ko‘pchilik Veykfildning maqolasini asos qilgan holda emlashga qarshi boradi.

2010 yilda AQSh da o‘tkazilgan ommaviy so‘rovnomalardan ma’lum bo‘ladiki, har to‘rtinchi ota-ona (25%) emlashning u yoki bu turi oqibatida bolasida autizm kasalligi yuzaga kelishi mumkinligiga ishonadi.

Ushbu kichik tahliliy maqolani yozishdan asosiy maqsadim bugun kun.uz saytida YuNISEF, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti hamda Sog‘liqni saqlash vazirligi hamkorligida mamlakatimiz aholisining vaksinalarga munosabati yuzasidan e’lon qilingan hisoboti bo‘ldi. Unda aytilishicha, O‘zbekiston aholisining 2 foizi emlashga butunlay qarshi ekan, bu 669 165 nafar kishi deganidir (O‘zbekiston aholisi 23 aprel 2019 yil holatiga 33 mln 458 ming 250 kishi deb e’lon qilingan edi).

Hisobotdan ko‘rinadiki, juda ko‘pchilik emlash tarafdorlari (92%) ning aksariyati qaysi vaksina qaysi kasallikka qarshi immun tizimini kuchaytirishi yoki aynan qaysi kasalliklarga qarshi emlanish haqida yetarlicha bilimga ega emas. Har ikki holat ham juda tashvishlanarlidir.

Men ilm-fan kishisi sifatida jahon ilmiy jamoatchiligi tan olgan ilmiy jurnallarda chop etiladigan maqolalarga to‘laqonli ishonaman. Ular bergan xulosalarga haqiqiy ilmiy tadqiqotlar asosida kelinadi. Insoniyatni har qanday falokatdan qutqara oladigan yagona kuch bu ilmdir. Lekin mana bunday, ilmiy xulosalarni rad etgan holda emlashga qarshi boradiganlarga nima deyish mumkinligini ham bilmayman.

Emlatish yoki emlatmaslik bu har bir kishining shaxsiy qarori, buni hech qanday muammosiz hurmat qilaman, lekin bu yerga gap jamiyat salomatligi ustida ketmoqda. Emlatmaslik oqibatida yuzaga keladigan kasalliklar sonining ko‘payishi ana o‘sha emlashga qarshi bo‘lgan kishilarning atrofidagi jamiyat a’zolari hayotini xavfga qo‘yishidan boshqa narsa emas.

Tavsiya etamiz






Tavsiya etamiz

Ҳар доим хабардор бўлинг!

carzone.uz мобил иловаларини кўчириб олинг ва барча янгиликлар сиз билан