Endi fuqarolarga javobgarlik belgilovchi normalar faqatgina qonun bilan o‘rnatiladi

Endi fuqarolarga javobgarlik belgilovchi normalar faqatgina qonun bilan o‘rnatiladi

Avval xabar qilganimizdek, “Davlat huquqiy siyosatini amalga oshirishda adliya organlari va muassasalari faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” Prezident Farmoni qabul qilindi.

Farmon bilan Adliya vazirligi zimmasiga qator qo‘shimcha vazifa va funksiyalar yuklatildi.

Jumladan, Adliya vazirligi ma’muriy islohotlarning samaradorligi va natijadorligini monitoring qiladi.

Farmonga muvofiq, 2020 yil 1 iyuldan boshlab:

- xo‘jalik boshqaruvi organlari vakolatiga kiruvchi masalalar va korporativ munosabatlar qonunosti hujjatlarini qabul qilish yoki ma’muriy usullar orqali tartibga solinishi taqiqlanadi;

- jismoniy va yuridik shaxslar uchun javobgarlik belgilovchi huquqiy normalar faqatgina qonunlar bilan o‘rnatiladi;

- idoraviy qonun hujjatlariga jismoniy va yuridik shaxslar uchun qo‘shimcha to‘lov va yig‘imlarni belgilovchi, ortiqcha ma’muriy va boshqa cheklashlarni nazarda tutuvchi, ularga asoslanmagan xarajatlar yuzaga kelishiga olib keluvchi, ruxsat berish xususiyatiga ega bo‘lgan huquqiy normalarni kiritishga yo‘l qo‘yilmaydi;

- texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarga huquqiy normalar kiritishga yo‘l qo‘yilmaydi;

- texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar vazirlikda majburiy tartibda huquqiy ekspertizadan o‘tkaziladi hamda ijobiy xulosa olingandan so‘ng hisobga olinadi va kuchga kiradi.