Валюта курси: Ўз.Р.Марказий банки
USD
АҚШ доллари
EUR
Eвро
RUB
Россия рубли
Sayt test rejimida ishlayapti!!!

Сўнгги янгиликлар






Endi "vaqtinchalik propiska" bilan ham xorijga chiqish pasportini olish mumkin bo‘ladi
5.11.2019 15:23,  
300

Loyiha muhokamaga qo‘yilgach, ko‘pchilik qatori biz ham, avvaliga ko‘zlarimizga ishonmadik. Nahotki, Ichki ishlar vazirligi fuqarolarni o‘ylab, shunday yengillikka qo‘l urgan bo‘lsa. Chunki avtomobillarning pardasi, juda katta jarimalar kabi xalqning ahvolini o‘ylamay chiqarilgan ko‘plab qarorlar tufayli vazirlik xodimlariga nisbatan salbiy qarashlar ham shakllanib qolgan. Tan olish kerak, bu holatni tugatish, jamoatchilik bilan ishlash borasida harakatlar qilinyapti. Har hafta ommaviy axborot axborot vositalari bilan uchrashib, muhim voqealar yuzasidan hisobotlar berishyapti va jurnalist, blogerlarni savollariga javob berishmoqda. Matbuot xizmati ham jurnalistlar bilan muomalaga kirisha boshladi.

Ushbu masala yuzasidan ham, dastlab IIB matbuot xizmatiga bog‘landik. Ular bizni loyihani bevosita tayyorlashda qatnashgan Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘limiga ulab berdi. Ushbu bo‘lim vakili rostdan ham ushbu loyiha IIB tomonidan fuqarolarga yengillik va qulaylik yaratish maqsadida kiritilayotganini ta’kidladi.

Quyida IIB vakili keltirgan misolda loyihani qisqacha tushuntirib beramiz: Masalan, sizning doimiy propiskangiz Xorazm viloyatida, siz vaqtinchalik propiska bilan Toshkentda o‘qiysiz yoki ishlaysiz. Shu paytda zarurat bo‘lib, chet elga chiqishingizga to‘g‘ri kelib qoldi. Hozirda bunday vaziyatda xorijga chiqish pasportini olishga hujjatlarni topshirish uchun alohida vaqt sarflab Xorazmga borasiz, hujjatlarni topshirib, qaytib kelasiz. 10 kun, balki undan ko‘proq vaqt o‘tgach, xorijga chiqish pasportini olish uchun yana sarf xarajat qilib Xorazmga borasiz. Chunki, pasport, faqatgina uning egasiga beriladi.

Agar quyidagi loyiha qabul qilinsa, siz bemalol Toshkentda yoki vaqtinchalik propiska bilan yashayotgan boshqa joyingizdagi IIB bo‘limidan xorijga chiqish pasportini olishingiz mumkin bo‘ladi.

Aslida, bunday qulay va yengil qoidalar barcha demokratik davlatlarda oddiy hol hisoblanadi. Biz ham fuqarolarning erkin harakatlanishiga to‘sqinlik qilib turgan byurokratik propiska tizimi tezroq tugatilib, erkin fuqarolik jamiyati sari ildamroq harakatlanishimizni tilab qolamiz.

Eslatma: Quyidagi loyihada fuqarolik pasporti emas, xorijga chiqish uchun olinadigan (qizil) pasport nazarda tutilmoqda. Bu o‘zgarishlar hali loyiha bo‘lib, regulation.gov portaliga shu yilning 22 noyabriga qadar muhokama uchun qo‘yilgan, xolos. Siz ham ushbu havola orqali kirib, o‘z fikrlaringizni bildirishingiz mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi regulation.gov.uz portaliga "Fuqarolarning xorijga chiqish tartibi to‘g‘risidagi nizomga o‘zgartirishlar kiritish haqida" Prezident qarori loyihasi muxokamaga qo‘yildi.

Loyihada O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining xorijga chiqish tartibi to‘g‘risidagi nizomga ilovaga muvofiq, quyidagi o‘zgartirishlar kiritish taklif etiladi:

1. 12-bandning uchinchi xatboshidagi “vaqtinchalik ro‘yxatdan o‘tganligi” so‘zlari “turgan joyi bo‘yicha hisobga olinganligi” so‘zlari bilan almashtirilsin.

2. 13-bandning ikkinchi xatboshidagi “vaqtinchalik ro‘yxatdan o‘tganligi” so‘zlari “turgan joyi bo‘yicha hisobga olinganligi” so‘zlari bilan almashtirilsin.

3. 17-bandda:

birinchi xatboshidagi “ro‘yxatda turadigan” so‘zlari “propiskada turadigan yoki turgan joyi bo‘yicha hisobga olingan” so‘zlari bilan almashtirilsin;

ikkinchi xatboshidagi “ro‘yxati” so‘zi “propiskasi” so‘zi bilan almashtirilsin;

uchinchi xatboshidagi “vaqtinchalik ro‘yxatdan o‘tgan” so‘zlari “turgan joyi bo‘yicha hisobga olingan” so‘zlari bilan almashtirilsin.

4. 30-banddagi “ro‘yxatda turish joyi yoki” so‘zlari “propiskada turadigan yoki turgan joyi bo‘yicha hisobga olingan va” so‘zlari bilan almashtirilsin.

Izoh: Amaldagi Nizomning 17-bandida shunday deyilgan:

17. Fuqarolar xorijga chiqish biometrik pasportini olish uchun doimiy ro‘yxatda turadigan joylaridagi ma’lumotlarni yig‘ish punktiga yoki konsullik ro‘yxatiga olingan ma’lumotlarni yig‘ish punktiga murojaat qiladilar.

Fuqaroning doimiy ro‘yxati mavjud bo‘lmagan taqdirda xorijga chiqish biometrik pasportini olish uchun u oldingi ro‘yxatda turgan joyi bo‘yicha ma’lumotlarni yig‘ish punktiga murojaat qilishi mumkin.

Propiskaga oid ma’lumotlar mavjud bo‘lmagan hollarda fuqaro xorijga chiqish pasportini olish uchun vaqtinchalik ro‘yxatdan o‘tgan joyidagi ma’lumotlarni yig‘ish punktiga murojaat qilishi mumkin.

Farrux Absattarov

Tavsiya etamiz






Tavsiya etamiz

Ҳар доим хабардор бўлинг!

carzone.uz мобил иловаларини кўчириб олинг ва барча янгиликлар сиз билан