Валюта курси: Ўз.Р.Марказий банки
USD
АҚШ доллари
EUR
Eвро
RUB
Россия рубли
Sayt test rejimida ishlayapti!!!

Сўнгги янгиликлар






YeOIIga a’zo bo‘lish tarafdorlari taqdim qilgan chalg‘ituvchi raqamlardan ehtiyot bo‘lish kerak – Oliy Majlis deputati
31.03.2020 15:07,  
495

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, O‘zbekiston “Milliy tiklanish” DP fraksiyasi a’zosi Jahongir Abdurasulov O‘zbekistonning Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi bilan hamkorlik qilish masalasida o‘z fikrlarini bildirdi.

“Albatta, O‘zbekistonning iqtisodiy rivojlanishi uning jahon iqtisodiyotiga integrallashuvi qay darajada ekani bilan bog‘liqdir. YeOII a’zo bo‘lib kirish bir pog‘ona yuqoriga ko‘tarilish bo‘lib tuyular. Shu o‘rinda unutmasligimiz kerakki, bizning oldimizda boshqa muqobil yo‘llar ham bor: Shanxay iqtisodiy tashkiloti bilan hamkorlikni kuchaytirish, Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasida erkin savdo aloqalarini o‘rnatish yoki YeOIIga kuzatuvchi sifatida qo‘shilish shular jumlasidandir.

“Milliy tiklanish” DPining Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi fraksiyasi a’zolari ham milliy manfaatlardan va partiyaning saylovoldi vazifalaridan kelib chiqqan holda, hozirgi vaziyatda YeOIIga kuzatuvchi sifatida kirishni taklif qilmoqda.

Nima uchun kuzatuvchi maqomida degan savol tug‘ilishi tabiiy. 

Ittifoqqa a’zo bo‘lish tarafdorlari tomonidan taqdim juda ishonchli ko‘rinishi mumkin bo‘lgan alohida ko‘rsatkich yoki o‘lchovlarga asoslangan chalg‘ituvchi raqamlardan ehtiyot bo‘lish kerak.

Ushbu masalaga mamlakatimiz iqtisodiyotida muhim rol o‘ynaydigan kompaniyalar, sohalar va iqtisodiyotimizni raqobatbardoshligi nuqtai nazaridan yondashish lozim bo‘ladi. YeOIIga integrallashuv tovarlar, xizmatlar, mehnat va moliyaviy bozor erkinligini beradi. Men shu o‘rinda, YeOII bilan hamkorlikning mamlakatimiz moliya bozoriga ta’siri haqida so‘z yuritmoqchiman.

Birinchidan, bugungi kunda mehnat bozorida tarkibiy ishsizlik mavjud bo‘lib, talabdan ortiqcha taklif etilayotgan ishchi kuchi xorijiy mamlakatlarga ketmoqda. Iqtisodiyotning valyuta oqimi kanallari — oltin va tabiiy boyliklar, qishloq xo‘jalik mahsulotlarini eksport qilish, mehnat muhojirlarining pul o‘tkazmalari, xorijiy kreditlar va investitsiyalarga bog‘lanib qolgani tufayli “gollandcha kasallik”ka chalinish xavfi yuqori bo‘lib qolmoqda. Bunda xom ashyo eksporti va xizmatlardan keladigan valyuta tushumi iqtisodiyotni diversifikatsiya qilish va raqobatbardoshligini oshirishga to‘siq bo‘lib qoladi.

Natijada real almashuv kursining o‘sishi va ichki bozorda ishlab chiqarish sanoati mahsulotlarining taqchilligi importga nisbatan bosimni yuzaga keltirib, joriy to‘lov balansining beqarorlashuviga olib kelmoqda. Natijada, hamkorlik O‘zbekistonning tashqi savdo va to‘lov balansiga hamda milliy valyuta barqarorligiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

Ikkinchidan, YeOII bozorida Rossiya o‘z global kun tartibini mutanosib ravishda amalga oshirishga intilayotgan yirik va muhim geosiyosiy imperiya tizimi bo‘lib qolmoqda. Iqtisodchi Yuriy Kofner tomonidan olib borilgan tadqiqotlarda YeOII moliyaviy bozoridagi vaziyat chuqur tahlil qilingan. Unga ko‘ra, YeOII moliyaviy bozori yetarlicha rivojlanmagan. “2017 yilda mazkur bozorda 661 ta bank faoliyat yuritib, ularning aktivlari 1,6 trln. AQSh dollarini tashkil etgan. Shundan 90 foizi Rossiya bank tizimiga tegishlidir. Sug‘urta sohasida esa 73,7 foiz kompaniyalar Rossiyaga tegishli bo‘lib, ulardan tushgan mukofotlar jami YeOII mukofotlarining 92,2 foizini tashkil qiladi. Bundan tashqari, Rossiya kapital bozorining kapitalizatsiyasi YeOOI bozori kapitalizatsiyasining 94,4 foizni va savdolar hajmi 99,6 foizni tashkil etadi”. Bu esa, YeOII moliya bozorida o‘yin qoidalarini Rossiya belgilashini bildiradi. Biz bunga tayyormizmi?

Uchinchidan, mazkur tashkilot doirasida moliya bozorini nazorat qiluvchi va milliy moliya organlaridan yuqori turuvchi organning tashkil etilmagani ushbu masalaning dolzarbligini yo‘qotadi. YeOIIda moliya bozorini muvofiqlashtiruvchi organning yo‘qligi huquqiy jihatdan uning vakolatlari yetishmasligi ushbu bozorga investorlar tomonidan ishonchni tushib ketishiga olib keladi.

Xulosa o‘rnida ta’kidlash lozimki, bugungi kunda mamlakatimiz o‘z iqtisodiy imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda, harakat qilmog‘i lozim. Bugungi kundagi xalqaro tajribadan kelib chiqadigan bo‘lsak, YeOII ishtirokchi mamlakatlari bilan ikki taraflama manfaatli kelishuvlarni bir qancha (Vetnam, Serbiya, Xitoy) mamlakatlar imzolab kelmoqda. O‘zbekiston ham ushbu mamlakatlar singari ikki tomonlama kelishuv yoki mazkur tashkilotga kuzatuvchi sifatida qo‘shilishida namoyon bo‘ladi“, deydi Oliy Majlis deputati.

Tavsiya etamiz






Tavsiya etamiz

Ҳар доим хабардор бўлинг!

carzone.uz мобил иловаларини кўчириб олинг ва барча янгиликлар сиз билан