Валюта курси: Ўз.Р.Марказий банки
USD
АҚШ доллари
EUR
Eвро
RUB
Россия рубли
Sayt test rejimida ishlayapti!!!

Сўнгги янгиликлар






Erdog‘an suriyalik qochqinlarni vataniga qaytarmoqchi. Hammaga yaxshi bo‘ladimi?
20.10.2019 02:12,  
530

2011 yilda boshlangan urush Suriya xalqini xonavayron va sargardon qildi. Millionlab suriyalik uylarini tark etib, dunyoning turli mamlakatlariga tarqalib ketdi. Eng ko‘p suriyalik qochqinga mezbonlik qilayotgan davlat – Turkiya. Oxirgi ma’lumotlarga ko‘ra, bu yerda 3 million 674 ming 588 nafar suriyalik bor.

Bular ro‘yxatdan o‘tganlari, ro‘yxatdan o‘tmaganlari qanchaligini, turgan gapki, hech kim bilmaydi. Ba’zi shaharlarda suriyalik qochqinlarning soni mahalliy aholi soniga nisbatan jiddiy ravishda ko‘p. Masalan, Kilisda bu ko‘rsatkich qariyb 85 foizga, ya’ni qochqinlar soni salkam mahalliy aholining soniga yetib qolgan. Shu paytgacha Turkiyadagi suriyaliklar oilasida 450 mingdan ziyod chaqaloq tug‘ildi, bu bolalardan ba’zilari allaqachon maktabga qatnay boshlagan va ular hech qachon vatanini ko‘rmagan. Turkiyadagi suriyalik qochqinlarning atigi 2 foizdan ko‘prog‘i maxsus lagerlarda yashaydi, qolganlari turli hududlarga tarqalib ketgan.

Suriyalik qochqinlar masalasi anchadan beri turkiyaliklarning noroziligiga sabab bo‘lib kelyapti. Masjidlarda ansorlar va muhojirlar haqidagi gaplar endi gapirilmay qo‘yilgan. Odamlar norozi: iqtisodiy qiyinchiliklarga, uy ijarasi narxining oshishiga va ishchi kuchining arzonlashishiga suriyalik qochqinlarni sababchi qilib ko‘rsatishyapti. Ijtimoiy tarmoqlarda suriyalik qochqinlar orqali hukumatni tanqid qilmoqchi bo‘lganlar moy ustiga olov sepyapti, ammo ular tarqatayotgan ma’lumotlarning hammasi ham to‘g‘ri emas. Ochig‘i, ommaga bu ma’lumotlarning to‘g‘ri yoki noto‘g‘riligi ko‘pam qiziq emas, ular uchun muhimi – ko‘chalaridagi qochqinlarning ketishi.

9 oktyabr kuni turk armiyasi Suriyaning shimolida boshlagan harbiy operatsiyaning aksar turkiyaliklar tomonidan qo‘llab-quvvatlanishiga sabablardan biri suriyalik qochqinlarning vataniga qaytarilishi haqida va’da bo‘ldi deyish mumkin. Operatsiya arafasida prezident Rajab Toyyib Erdog‘an Suriyaning shimolida xavfsiz hudud barpo etilishini va u yerga 2 million qochqin joylashtirilishini ma’lum qildi.

Turkiya bundan avval ham Suriyada ikki marta harbiy operatsiya o‘tkazgan va o‘shanda ham turkiyaliklarning qochqinlarga nisbatan noroziligi kuchaygan edi. “Bizning askarlarimiz Suriyada jang qilyapti, suriyalik erkaklar esa bu yerda maza qilib yuribdi” qabilidagi gap-so‘zlar ko‘p yangradi. Qochqinlar bu ayblovga javoban odatda Suriyada jang qilayotgan tomonlarning ko‘pligini va ular qaysi tomondan turishni bilmasliklarini aytishadi.

Turkiyaliklarning g‘azabini qo‘zg‘aydigan yana bir holat bor – suriyalik qochqinlarning hayit bayramlarida vataniga borib kelishi. Har hayitda OAV minglab suriyalikning chegaradan o‘tayotgani, bayramdan keyin esa ularning qaytayotgani haqida xabarlar tarqatadi. Yaqinda xuddi shu masala Germaniyada ham ko‘tarildi. Ayrim siyosatchilar suriyalik qochqinlarning vataniga borib kelayotganini va ularni qochqinlik maqomidan mahrum qilish kerakligini ta’kidladi.

Adolat nuqtai nazaridan aytish kerakki, har qanday mamlakatda tili begona bir necha million qochqinning paydo bo‘lishi vaqti-soati bilan ijtimoiy norozilikka sabab bo‘lishi tayin. Chunki bunday holat o‘sha mamlakatdagi ijtimoiy-iqtisodiy vaziyatga ta’sir ko‘rsatmay qolmaydi.

Xullas, Erdog‘an aytganidek ikki million suriyalik vataniga qaytariladigan bo‘lsa, turkiyaliklar yengil nafas ola boshlaydi, norozilik kayfiyati ham yumshaydi. O‘sha ikki million suriyalikni esa yana muammolar qarshi oladi: ishsizlik, qimmatchilik va vayronaga aylangan vatan.

Nilufar Adhamova

Tavsiya etamiz






Tavsiya etamiz

Ҳар доим хабардор бўлинг!

carzone.uz мобил иловаларини кўчириб олинг ва барча янгиликлар сиз билан