Валюта курси: Ўз.Р.Марказий банки
USD
АҚШ доллари
EUR
Eвро
RUB
Россия рубли
Sayt test rejimida ishlayapti!!!

Сўнгги янгиликлар






Erondagi namoyishlar nimaga olib kelishi mumkin?
14.01.2020 20:40,  
1180

Eron hukumati mamlakat harbiylari Ukrainaga qarashli Boeing’ni xato bilan urib tushirganini tan olishi bir qator shaharlarda kutilmagan namoyishlarni keltirib chiqardi. Sharhlovchilar namoyishlarda “shahar aholisining g‘azablangan, o‘rta sinfga mansub qismi” ishtirok etayotganini aytadi

Dushanba kuni Eronning bir nechta shaharlarida namoyishlarning uchinchi kuni davom etdi. Norozilik harakatlari o‘tgan shanba, 2020 yil 11 yanvar kuni Tehronda – hukumat “Ukraina xalqaro aviayo‘llari” samolyoti Eron raketasi bilan urib tushirilganini tan olganidan keyin boshlangandi. Shundan buyon namoyishlar Isfahon va Hamadon kabi yirik shaharlarga ham tarqalib ulgurdi. 

Namoyishlar dastlab samolyot halokatida qurbon bo‘lganlar uchun motam marosimi shaklida boshlangan bo‘lsa, vaqt o‘tishi bilan namoyishchilar Eron oliy rahbari Oyatulloh Ali Xomanaiy iste’fo berishi kerakligi haqida talab qo‘yishiga olib keldi. Shundan keyin buning yoniga boshqa yangi talab qo‘shilmadi, ammo namoyishlar ham u qadar yiriklashib, unda qatnashayotganlar soni o‘sib ketgani yo‘q. Ayni paytda norozilik harakatlari soni bir necha ming nafarni tashkil etishi aytilyapti.

Atigi ikki oy oldin benzin qimmatlashishi sababli kelib chiqqan namoyishlar eronlik faollarga ko‘ra ancha qattiqqo‘llik bilan bostirilgan, turli hisob-kitoblarga ko‘ra o‘sha vaqtda bir necha yuz kishidan bir yarim minggacha namoyishchi halok bo‘lgan. 

Hozir u kabi namoyishlarni qattiqqo‘llik bilan bostirish ham, qurbonlar ham yo‘q. Shunga ko‘ra, hukumat bu safar Internetni uzib, mamlakatni tashqi dunyodan ajratib qo‘ymadi. Ijtimoiy tarmoqlarda politsiya Tehronda o‘qotar qurol qo‘llagani haqida xabar tarqaldi, ammo hukumat buni rad etdi.

Dushanba kuni Eron gazetalari "Kechirilmaydi!", "Uzr so‘rab, iste’foga ketinglar" kabi sarlavhalar bilan chop etildi

AQSh prezidenti Donald Tramp yakshanba kuni Tvitterda Eron hukumatini “Sizlarni butun dunyo, eng muhimi, AQSh kuzatib turibdi. Internetni qaytadan yoqib, namoyishchilarga erkinlik bering”, deb ogohlantirdi. 

Hokimiyat namoyishchilarga hozir ancha toqatli munosabatda bo‘layotganini Trampning ogohlantirishi yoki ko‘chaga chiqayotgan eronliklar soni avvalgi namoyishlarga qaraganda sezilarli darajada kamligi bilan bilan izohlash mumkin.

Ammo kuzatuvchilar boshqacha fikrda: o‘tgan shanba kuni ko‘chalarga Eronning o‘rta qatlam vakillari chiqdi, bunday namoyishni kuch bilin bostirish qiyin bo‘ladi. 

Uch kunlik inkor

Eron hukumati 8 yanvar kuni aynan mamlakat havo hujumiga qarshi mudofaa tizimining xatosi tufayli Ukrainaga tegishli  Boeing 737-800 samolyoti urib tushirilganini boshida tan olmadi. Shuning uchun amaldorlar aksari Eron va Kanada fuqarolari bo‘lgan 176 kishi o‘limiga olib kelgan aviahalokatga Eron harbiylari aloqador ekanligini butunlay rad etdi.

Bu haqdagi taxminlar AQSh psixologik urushining bir qismi deb baholandi. “Aniq va to‘liq ishonch bilan aytishimiz mumkinki, samolyotga hech qanday raketa tegmagan”, dedi halokat kuni Eron fuqaro aviatsiyasi agentligi rahbari Ali Obidzoda.

Biroq oradan uch kun o‘tib, 11 yangvar kuni hukumat samolyot xatolik tufayli urib tushirilganini tan oldi va amaldorlarning so‘z ohangi keskin o‘zgardi: endi inkor o‘rniga uzr aytila boshladi. 

“Bir qator vatandoshlarimiz bizning xatomiz oqibatida shahid bo‘ldi. Ammo bu xato edi va buning uchun uzr so‘raymiz. Hozir juda xijolatdamiz. Allohga qasamki, u yerda bizning oilalarimiz, bolalarimiz, ayollarimiz, otalarimiz va aka-ukalarimiz bor edi. Men hech qachon bu qadar uyatli vaziyatga tushmaganman”, dedi Islom Inqilobi muhofizlari korpusi rahbari Husayn Salami parlamentdagi bayonotida. 

“Bunday ohangda uzr so‘ralishi eronliklarni ogoh qilmasligi mumkin emas edi”, deb hisoblaydi namoyishlarni yoritayotgan New York Times muxbiri Farnoz Fasihiy 

“Kecha Eron va nihoyat samolyotni urib tushirganini tan oldi. Amaldorlar qattiq uzr so‘rab, bu voqeadan xulosa chiqarganliklarini aytishdi.ammo menga ma’lum bo‘lishicha, hech qanday sudga tortish ham, ishdan bo‘shatish ham bo‘lmaydi”, dedi u Bi-Bi-Si bilan suhbatda.

“Chernobil lahzasi”

“Samolyot bilan bog‘liq hodisa shaharliklarga o‘zlarida ancha vaqtdan buyon yig‘ilib kelgan noroziliklarni yuzaga chiqarish imkoni bo‘ldi”, deydi Britaniya-Eron savdo palatasi rahbari, Britaniyaning sobiq moliya vaziri lord Norman Lamont. 

“Genaral Sulaymoniyning o‘limi tufayli mamlakatda nisbiy birdamlik kuzatilgan edi, ammo samolyot fojeasi jamiyat fikrida keskin burilish yasadi”, deydi Lamont Bi-Bi-Siga bergan intervyusida. 

“Menimcha, voqealar shunday ro‘y berdi: rejimning bir qismi yuz bergan hodisani uning boshqa qismidan yashirdi. Hukumatdagi korrupsiya va noqobillikdan charchagan odamlar esa buni haqiqatna bekitishga urinish deb baholadi”, deya hisoblaydi u.

“Havo layneri bortida yaxshi ta’lim olgan va anchagina yuqori daromadga ega bo‘lgan odamlar bor edi. Ularning ko‘pchiligi talabalar bo‘lgani uchun aynan universitetlarda namoyishlar boshlandi”, deydi “Tehron 2020” Telegram kanali muallifi, Sankt-Peterburgdagi Yevropa Universiteti Xalqaro dasturi rahbari Gevorg Avetikyan. 

Erondagi bu namoyishlarni ko‘psonli deb bo‘lmaydi, hammasi bo‘lib bir necha ming kishi ko‘chalarga chiqqan

“Menimcha, bu yerda Chernobil halokatiga o‘xshash bir holat bor – voqeani yashirishga urinish va buni noto‘g‘ri tarzda qilish. Mana shu vaziyat bir-biriga yaqin”, deya izoh beradi lord Lamont. 

“Eronlik sharhlovchilar ham samolyot halokati bilan bog‘liq vaziyatni Chernobil halokati va sovet hukumatining unga nisbatan munosabatiga tenglashtirdi”, deydi Gevorg Avetikyan.

“Eronning o‘zida SSSRning 1980 yillarda qilgan ishlari bilan hozirgi hukumatning faoliyati o‘rtasidagi bog‘liqlikni qidirishyapti”, deb qayd etadi u. 

Bu ijtimoiy tarmoqlarda ham ko‘zga tashlanyapti. Erondagi eng ommabop Telegram kanallardan biri bo‘lgan @Aparat_tv kanalida (2,5 millionga yaqin obunachisi bor) aviahalokatdan ko‘p o‘tmay HBO kinostudiyasi suratga olgan “Chernobil” filmidagi Viktor Legasovning monologi forscha subtitrlar bilan paydo bo‘ldi. 

Monolog “Yolg‘onning bahosi qancha?” – degan savol bilan tugaydi.   

Madaniy norozilik

So‘nggi bir necha kun davomida Erondagi norozilik kayfiyatini mamlakatdagi musiqachilar, rejissyor va aktyorlar qo‘llab-quvvatladi. 

Bunga eng yorqin misol 1983 yili Eron Madaniyat va Islomiy yo‘nalish vazirligi ta’sis etgan, har yili o‘tkazib kelinadigan “Fajr” kinofestivali uchragan qiyinchiliklar bo‘ldi. 

"Biz fuqaro emasmiz. Biz asirlarmiz. Millionlab asirlar!", deb yozgan mashhur eronlik aktrisa Tarona Alido‘stiy o‘zining Instagramdagi sahifasida 

Aviahalokatdan keyin mashhur kinorejissyor Mas’ud Kimyoiy “yo‘lovchilarga hamdardlik yuzasidan” o‘z filmini konkursdan qaytarib oldi. O‘tgan hafta dam olish kunlarida Kimyoiyning ayni mavzuda bergan videobayonoti barcha ijtimoiy tarmoqlarda tezlik bilan tarqalib ketdi. 

Kimyoiydan keyin bir qator mashhur aktyor va aktrisalar ham shunga o‘xshash bayonotlar bilan chiqdi. Bir nechta musiqachilar Islom inqilobi bayrami munosabati bilan rejalashtirgan konsertlarini bekor qildi. Ulardan biri esa namoyishchilarni qo‘llab-quvvatlab chiqish qildi.

Buyog‘iga nima bo‘ladi?

Ekspertlarga ko‘ra, Eron hukumati samolyot bilan bog‘liq hodisa sababli o‘zi ustuvor sanagan yo‘nalishlarni o‘zgartirishi mumkin. Hozirgi namoyishlarda u qadar ko‘p odam qatnashmayotgan bo‘lsa ham ichki siyosatda o‘zgarishlarga olib kelishi ehtimoli bor. Chunki bu hodisa Eron elitasi ichida ham turli fikrlarni keltirib chiqardi. 

Avetikyanning fikriga ko‘ra, sodir bo‘lgan hodisa shu vaqtgacha Eron Mudofaa vazirligi va Islom Inqilobi muhofizlari korpusi, shuningdek, shartli ravishda mo‘’tadil va konservativ siyosatchilar o‘rtasida mavjud bo‘lgan ziddiyatlarni keskinlashtirdi.

Ammo aniq narsa shuki, Ukraina samolyoti halokati hokimiyat va jamiyat o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlarni o‘zgartirishga bahona bo‘lishi mumkin. “Rasmiy gazetalarda hukumat tanqid qilinayotgani, davlat ommaviy axborot vositalari hokimiyatni yanada ochiqroq ishlashga da’vat qilayotganini odatiy hodisa deb baholamaslik kerak”, deydi Avetikyan. 

“Katta inqiroz yetilib kelyapti. Albatta, bu hoziroq yirik miqyosdagi to‘qnashuvlar bo‘lishini anglatmaydi. Bu inqiroz g‘oyaviy bo‘ladi, mana shunday vaziyatlarda qanday yo‘l tutish kerakligi haqida savol qo‘yiladi”, deydi ekspert. 

Hozirgi iqtisodiy emas, g‘oyaviy tabiatga ega namoyishlarning o‘tgan yil noyabr oyida Tehronda bo‘lgan “benzin noroziliklari”dan asosiy farqi ham bor: o‘shanda jamiyatning bir qismi hukumat nima uchun xalqqa yoqmaydigan islohotlarni qilganini, bu esa yoqilg‘i narxi qimmatlashishiga olib kelganini tushungan edi. Ayni paytda Ukraina samolyoti sababli ko‘tarilgan noroziliklarda esa bunday “tushungan” qatlam yo‘q. 

“Kuchga qarshi gapirish boshqa, yolg‘onga qarshi gapirish umuman boshqa ish”, deydi Avetikyan. 

Lord Lamontga ko‘ra, har qanday holatda ham so‘nggi hodisalar Eron rahbariyatini Qosim Sulaymoniy o‘limi uchun yanvar oyi boshidayoq bergan o‘ch olish va’dalaridan uzoqlashtiradi. 

“Hozir busiz ham ularning muammolari yetarli”, deb hisoblaydi lord Norman Lamont.                

 

Tavsiya etamiz






Tavsiya etamiz

Ҳар доим хабардор бўлинг!

carzone.uz мобил иловаларини кўчириб олинг ва барча янгиликлар сиз билан