Валюта курси: Ўз.Р.Марказий банки
USD
АҚШ доллари
EUR
Eвро
RUB
Россия рубли
Sayt test rejimida ishlayapti!!!

Сўнгги янгиликлар






Ertaga bir zalvorli kundir!
20.10.2020 16:01,  
84

Qachon imloviy xatolar oddiy voqelikka aylanib ulgurdi ekan-a deb ko‘p o‘ylayman!

Ijtimoiy tarmoqlarda el tanigan odamlarning hech ikkilanmay shevada, qanday talaffuz qilsa, boricha yozayotganidan og‘rinaman. Axir, bu ham bir so‘qirlik, bu ham bir hurmatsizlik emasmi?

Biz shu vaqtga qadar ko‘pincha tilimizda gapirishni bilmaydiganlarni, yo‘q-yo‘q, aslida tilimizda gapirishdan or qiladiganlarni ko‘proq tanqid qildik! Til bayrami desa topganimiz shu mavzu bo‘ldi!

Aslida-chi? Aslida tilimiz uchun ular fojea emas edi!

Tilimiz uchun haqiqiy fojea – savodi tobora haminqadar bo‘lib borayotgan o‘zimizning qorako‘zlarda, adabiy tilda yozishni deyarli unutayozgan avlodda!

Eng dahshatlisi, “Yaxshimisiz”ni “Yaxwmsz” deb yozayotganlar bugun allaqachon farzandlar tarbiyalashmoqda. Xo‘sh, ularning ertasi nima bo‘ladi degan savol ayni kunlarda bizni ko‘proq bezovta qilishi kerak.

“Til bayrami”ni aslida xursandchilik ila nishonlanadigan sana deb emas, aksincha tarixiy zarurat, tilimizni asrab qolish yo‘lida amalga oshirilgan bir xaloskor chora deb qabul qilaman.

Chora-ki, ishqilib, naf bersin!

Naf berar deb o‘tkazilayotgan qo‘sha-qo‘sha tadbirlaru uchrashuvlar tilimizni asrash yo‘lida qanchalik samarali – bu endi alohida mavzu.

 “Ertaga til bayrami dam olish kuni bo‘ladimi?” – deb so‘rayotganlar uchun esa aytar so‘zim ertaga dam olish kuni emas, ertaga zalvorli bir kundir!

Hech bo‘lmasa, shu bir kungina o‘zingizga qarang – savodinggizga, yozayotgan so‘zlaringizning imlosiga qarang! Hech bo‘lmasa shu bir kun ijtimoiy tarmoqlarda xatosiz yozaman deb o‘zingizga o‘zingiz so‘z bering! Jilla qursa, yaxshi bir asar o‘qing!

Til bayramida tilimiz rivojiga qo‘shgan hissangiz shu bo‘ladi!

Unutmang, tilga hurmatsizlik aslida elga hurmatsizlik!

Elni hurmat qilmaganning esa el ardog‘ida yurganiga sira ishonmang!

Bari yuzaki, bari o‘tkinchi!

Husan Tangriyev,

jurnalist

Tavsiya etamiz






Tavsiya etamiz

Ҳар доим хабардор бўлинг!

carzone.uz мобил иловаларини кўчириб олинг ва барча янгиликлар сиз билан