Валюта курси: Ўз.Р.Марказий банки
USD
АҚШ доллари
EUR
Eвро
RUB
Россия рубли
Sayt test rejimida ishlayapti!!!

Сўнгги янгиликлар






Eynshteyn: XX asrning eng mashhur telba dahosi
5.02.2020 16:14,  
1444

Olti oylik tanaffusdan so‘ng Eynshteyn biografiyasi haqidagi kitobni tugatdim. Muallif Uolter Ayzekson fizikaga oid masalalarni oddiy tilda tushuntirib berishga harakat qilgan, baribir tushunmadim. Fizikaga oid joylarini tashlab ketdim. O‘zi Eynshteynning nisbiylik nazariyasini mutaxassislar ham zo‘rg‘a tushunarkan. Jurnalistlar besh minutda qisqacha tushuntirib bering desa, eng kamida uch soat ketadi derkan.

Eynshteyn yahudiy bo‘lgan. XIX asr oxiri, XX asr boshlarida Avstriya-Vengriya va Germaniyada hamma sohalarda yahudiy olimlar ko‘payadi, ko‘plab yetuk olimlar yetishib chiqadi. Olamshumul kashfiyotlar va ixtirolar qiladi. Fizika bo‘yicha Nyutondan keyin fanda eng katta yangilik qilgan deb Eynshteyn hisoblanadi.

Eynshteyn uzoq yillar fanda o‘z yo‘lini topolmay qiynaladi. Kollejda oddiygina o‘qituvchilik qilishga ham kirolmaydi. Universitetlarga ish so‘rab qilgan yuzlab murojaatlari e’tiborsiz qoldiriladi. Patent beruvchi tashkilotda texnik xodim bo‘lib ishlaydi.

Eynshteyn anchayin sho‘x bo‘lgan. Bir nechta ayollar bilan don olishadi. Oilaviy hayotda befarqroq, sovuqroq bo‘ladi. Xotini bilan ajrashadi.

Ajrashmaslik uchun qo‘ygan shartlarini o‘qib, undan ko‘ra ajrashib qo‘ya qol deysiz. Shartlari ichida yotog‘i alohida bo‘lishi, ovqati va toza kiyimlari doim tayyor bo‘lishi ta’kidlangan. Oilaviy mojarosi uzoq davom etadi, oxiri ajrashib, boshqa Elsa degan bevaga uylanadi. Elsaning bo‘yiga yetgan qizlari bor edi. Katta qizi ham unga ishqiboz bo‘ladi. Hatto onasigami yoki qiziga uylanish haqida o‘ylangan.

Eynshteyn nisbiylik nazariyasini ishlab chiqqach, nihoyatda mashhur bo‘lib ketadi. Prezidentlar, vazirlar, podshohlar unga izzat-ehtirom ko‘rsatadi. Butun dunyo bo‘ylab sayohat qiladi.

Eynshteyn yahudiylar uchun qayg‘uradi. Sionistlar tashkiloti prezidenti Vayzmen bilan do‘stona munosabatda bo‘ladi. Quddusda Yahudiy Universiteti ochish uchun xayriya tadbirlarida qatanashadi, pul yig‘adi. Ammo Isroil davlati qurilishiga qarshi bo‘ladi.

Eynshteynning energiya borasidagi tenglamalari alaloqibat atom bombasi yaratishga asos bo‘ladi. Bir tanishi unga atomning potensiali haqida aytib beradi. U paytda Eynshteyn allaqachon AQShga ko‘chib o‘tgan edi. Gitlerga qarshi kurashda qo‘l kelishini va nemislar atom bombasiga erishmay turib tezroq buni amalga oshirishni o‘ylaydi. AQSh prezidentiga xat yozadi. Oq Uy xat mazmuni bilan tanishgan kunning o‘zidayoq atom bo‘yicha komissiya tuzadi. Atom bombasi yaratish uchun Manhetten Loyihasi ishlab chiqiladi va yana boshqa yahudiy fizik Openhaymer bu loyihaga boshchilik qiladi.

Eynshteyn atomning oqibatlarini yaxshi anglaydi. Darhol uning xataridan saqlanish va uni nazorat qilish uchun xalqaro tashkilot tuzish haqida o‘ylay boshlaydi. Uchinchi Jahon Urushi qanday bo‘ladi degan savolga "Qanday bo‘lishini bilmadimu, ammo To‘rtinchisida odamlar tayoqlar va toshlar bilan urushadi" degan.

Eynshteyn insonda erkin ixtiyor borligiga ishonmagan. Istaganingni qilishing mumkin, ammo istaganingni istolmaysan, deydi u. Ya’ni, inson ixtiyori mutlaq emas, unga boshqa faktorlar ta’sir o‘tkazadi degan ma’noda.

Bu kitobni o‘qib ilm-fan olami va odamlari haqida ham biroz tasavvur paydo bo‘ldi. Konspiratsiya nazariyalariga bo‘lgan mensimasligim yanada kuchaydi. Masalan, AQShni yahudiylar boshqaradi degan fikr ham o‘sha tarixiy jarayonni bilmaslikdan bo‘lsa kerak. Gitler repressiyasi tufayli ko‘p yahudiy olimlar AQShda qo‘nim topadi va AQShda ilm-fan rivojiga katta hissa qo‘shadi. O‘sha paytda agar musulmon olimlar shunday qilganda AQSh ularni ham qabul qilaverishi turgan gap edi.

Xullas, biz ilm-fandan naqadar orqada qolib ketganimizni biroz his qildim. Insonga miyadagi ma’lumotdan ko‘ra fikrlash va tasavvur qilish qobiliyati muhimroq. Ilmni biror kasbli bo‘lib qolish uchun emas, zavqlanish uchun o‘rganish kerak degan fikrlari yoqdi.

Tavsiya etamiz






Tavsiya etamiz

Ҳар доим хабардор бўлинг!

carzone.uz мобил иловаларини кўчириб олинг ва барча янгиликлар сиз билан