Валюта курси: Ўз.Р.Марказий банки
USD
АҚШ доллари
EUR
Eвро
RUB
Россия рубли
Sayt test rejimida ishlayapti!!!

Сўнгги янгиликлар






Tramp Falastin va Isroilning Quddus nizosini hal etmoqchimi?
17.02.2020 12:21,  
820

Trampning «asr kelishuvi» ikki davlat o‘rtasidagi xalqaro huquq me’yorlarini qay darajada aks ettirgan yoxud Falastin uchun eng yaxshi tanlov qaysi?

2020 yil 28 yanvar kuni AQSh Prezidenti Donald Tramp Isroil va Falastin mojarosi uchun o‘zining “Middle East Peace Plan”ini e’lon qildi. O‘sha zahotiyoq Isroil Bosh vaziri Netanyahu AQSh taklif qilayotgan “Asr kelishuvi”ni Falastin bilan kelgusi muzokaralarga asos qilib olishga tayyorligini aytdi. Bu haqda AQSh prezidenti Donald Tramp Oq Uyda Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyahu bilan o‘tkazgan matbuot anjumanida ma’lum qildi.  

Prezident Trampning so‘zlariga ko‘ra, “Bugungi kelishuv falastinliklarga nihoyat o‘z mustaqil davlatlarini tashkil etish uchun tarixiy imkoniyatdir. Bu masalada deyarli siljish bo‘lmagan oxirgi 70 yildan keyin bu ular uchun oxirgi imkoniyat bo‘lishi mumkin”.

Xo‘sh, shunday ekan, 80 sahifadan iborat “Asr kelishuvi”da AQSh lideri Falastinliklarga nimalarni taklif etdi?

  • (1) Quddusni Isroilning "bo‘linmaydigan" poytaxti sifatida, shaharning sharqiy va shimoliy qismini Falastin poytaxti sifatida tashkil qilish.
  • (2) Falastin hududidagi Isroil bosib olgan aksariyat aholi punktlarini tan olish. Falastin davlati G‘arbiy sohilning yo‘qotilgan 30%ini qoplash uchun G‘azo yaqinidagi hududni, asosan cho‘lni oladi. G‘azo va G‘arbiy sohilni tezyurar temir yo‘llar bog‘laydi.
  • (3) Isroil bosib olgan G‘arbiy sohilning uchdan bir qismini tashkil etuvchi Iordan vodiysini tan olish. Misr bilan chegaradosh cho‘l qismlarni kelajakda tuzilajak Falastin davlatining hududi sifatida tan olish.
  • (4) Falastin hukumati XAMAS harakatini qo‘llab-quvvatlashni to‘xtatishi va terrorchi-xudkushlar oilalari uchun kompensatsiya so‘rashdan voz kechishi lozim. 
  • (5) Ba’zi hududlarda, xususan, dengizda ham Isroil tomonidan xavfsizlikni nazorat qilish evaziga armiyasiz Falastin davlatini qurish. Shuningdek, reja Falastin mustaqillikka erishgunga qadar bajarishi kerak bo‘lgan qator shartlarni, jumladan G‘azoni boshqaradigan "Xamasni to‘liq demontaj qilish" ni ham o‘z ichiga oladi.
  • (6) 10 ta chegara shaharchada yashovchi o‘n minglab arab isroilliklaridan Isroil fuqaroligini tortib olish ehtimoli mavjud bo‘lib, ushbu shaharlar va ularning aholisi bo‘lajak Falastin davlatiga kiritilishi.
  • (7) Falastinlik qochqinlarga nisbatan oldingi mojarolarda Isroilga yo‘qotilgan uylarga "qaytish huquqi"ni rad etish. Rejada ta’kidlanishicha, falastinlik qochqinlar Isroilda joylasha olmaydilar, ular yo Falastin hududida yashashlari, yo uchinchi davlatga ketishlari kerak bo‘ladi.
  • (8) Falastinliklar tajovuzkorlikni yig‘ishtirib, isroilliklarga hujum qilgan insonlarning oilalarini moliyalashtirishni bas qilishlari kerak.
  • (9) Quddusi Sharifdagi musulmonlar va yahudiylar uchun muqaddas ob’yektlar bo‘lgan Al-Haram tepaligi o‘zgarishsiz qolishi kerak.

Xo‘sh, ushbu reja Falastinliklarga nimalarni va’da qiladi?

  • (1) Tramp yangi Falastin davlatiga 50 milliard dollar investitsiya va’da qilmoqda. Bu esa reja mualliflari fikricha, millionlab ish o‘rinlari yaratishga va Falastin yalpi ichki mahsulotini 2 martadan ko‘proqqa oshirishga imkon beradi.
  • (2) Rejada Falastin Isroilning Xayfa va Ashdod portlari infratuzilmasidan foydalanish imkonini qo‘lga kiritishi belgilangan. Shuningdek, Falastinga O‘lik dengizning shimoliy sohilida kurort ochishga ruxsat beriladi. Rejada Falastinning Iordan vodiysida “qishloq xo‘jaligi loyihalarini davom ettirishi” ko‘zda tutilgan, vodiyning o‘zi esa Isroil nazoratida bo‘ladi.
  • (3) Isroil Falastin hududida turarjoylar qurishni 4 yilga to‘xtatishi kerak bo‘ladi.  Bu muddat ichida, ya’ni 4 yil mobaynida falastinliklarning yangi davlati uchun ajratiladigan yerlar ochiq bo‘ladi hamda ularga tegilmaydi.

Shu paytgacha nashriy va internet manbalarida Arab-Isroil mojarosi yetarlicha tanishtirilgan desam mubolag‘a bo‘lmaydi.  Muammo chuqur va juda ham chigal bo‘lib, xalqaro huquq va munosabatlar sohasida doimo diqqat markazda turadigan mavzulardan biridir. Aslida, Trampning “Asr kelishuvi”ning belgilari uning saylovoldi kampaniyasi davomida ham ravshan edi.

Oldindan aytay: xalqaro huquq me’yorlari turli ko‘rinishda mavjud bo‘lsa-da, kelishayotgan ikki davlat albatta ushbu me’yorlar yoki BMT rezolyusiyasi yoinki BMT xalqaro sudi qarori yoki tavsiyaviy fikriga bo‘ysunishi lozim degan qoida xalqaro huquq qoidasi mavjud emas. Albatta, boshqa tarafning haq-huquqini buzayotgan yoki suverenitetiga daxl qilayotgan tomon xalqaro huquq me’yorlariga ko‘ra harakat qilishi zarur. Ammo agar zarar ko‘rayotgan davlat bunday muomalaga ochiqdan-ochiq rozi bo‘lsa, xalqaro huquq bunday muzokara va uning natijalarining legitimligini inkor etmaydi. Shunday bo‘lsa-da, AQSh rejasi xalqaro hamjamiyat asoslanib kelayotgan xalqaro huquq mezonlariga qay darajada mos tushadi?

Avvalo, xalqaro huquq Quddus bo‘yicha hech kimning egaligini belgilamaganiga qaramasdan Quddus shahri maqomi bo‘yicha AQSh juda ham radikal taklif bilan chiqqan. Xalqaro hamjamiyat Sharqiy Quddusni, shu jumladan butun Eski shaharni, bosib olingan Falastin hududining bir qismi hisoblasa-da, G‘arbiy yoki Sharqiy Quddus na Isroil va na Falastin davlatining bir qismi deb tan olingan.

1947 yilda Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi tomonidan qabul qilingan Birlashgan Millatlar Tashkilotining Falastinni qismlarga ajratish rejasiga binoan, Quddus shahri Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan boshqariladigan shahar bo‘lishi kerak edi. 1948 yil urushida shaharning g‘arbiy qismi yangi tashkil topgan Isroil davlati kuchlari, sharqiy qismi esa Iordaniya tomonidan bosib olingan. Xalqaro hamjamiyat Quddusning huquqiy maqomini asosan bo‘linish rejasidan kelib chiqadi deb hisoblaydi va mos ravishda shahar ustidan Isroil suverenitetini tan olishdan bosh tortadi.

Natija esa o‘rtada: Iordan hukumati kuchlari chiqib ketgach, shahar nazorati amalda Isroil qo‘l ostiga o‘tdi. AQSh esa o‘z elchixonasini Quddusga ko‘chirish orqali hali to‘laligicha hal etilmagan masalada bir tomonlama yon bosib, Falastin tomoni huquqlarini zadaladi. Shu sababli ham, “Asr kelishuvi” e’lon qilinishi bilanoq Falastin tomonidan qat’iy rad etilganiga ajablanmasa ham bo‘ladi.

2-chi va 3-chi takliflar masalasiga kelsak, Isroil bilan nizoni hal qilish borasidagi muzokaralarda Falastin 1967 yilgacha bo‘lgan chegaralarga qaytishni, Iordan daryosining g‘arbiy qirg‘og‘i va G‘azo sektorini Falastin hududi deb tan olishni talab qilib keladi. Isroilning egallab olgan hududlari esa “ishg‘ol qilingan hududlar” (occupied territories) deya yuritilib, ularga oid juda ko‘plab BMT rezolyusiyalari chiqarilgan. Bunday takliflar xalqaro huquqning shu paytgacha qabul qilingan me’yorlarini AQSh e’tiborga ham olmaganligini ko‘rsatadi.

Bundan tashqari, Isroilning falastinliklar yashaydigan hududlarni ajratish maqsadida qurgan devori BMT xalqaro sudi tomonidan 2003 yilda xalqaro huquqqa zid deya topilgan bo‘lib, Isroil uni aslida buzib tashlashi kerak. Isroil bunday qilmay hali-hamon xalqaro huquq me’yorlariga bepisand bo‘lib kelmoqda. Bundan tashqari, Falastinni ozod qilish tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, Tramp rejasi tarixiy Falastin hududining faqatgina 15%inigina qaytaradi xolos

4-chi va 5-chi takliflar Xamas va qurilajak yangi Falastin davlatining qurolli kuchlari masalasiga tegishli bo‘lib, oldingilardan ham og‘ir shartlar hisoblanadi. Xamas 2006 yilda G‘azo mintaqasida demokratik qoidalarga muvofiq tarzda saylovlarda g‘alaba qozongan va ushbu muvaffaqiyatni ko‘pchilik davlatlar tan olgan. Ammo AQSh va bir qism G‘arb davlatlari Xamasni terrorchi tashkilot deb hisoblaydilar. Shunday ekan, dunyo hamjamiyatining Xamasga nisbatan qarashi turlicha bo‘lib, Xamas faoliyatidagi muammoli harakatlar ham talaygina. Ammo G‘azo mintaqasiga tatbiq etiladigan xalqaro me’yorlar bu – xalqaro insonparvarlik huquqi ekanini va Xamas o‘sha yerdagi aholining demokratik yo‘llar bilan saylangan tashkilotiligini hisobga olsak, Xamas xalqlarning o‘z taqdirini o‘zi belgilashga bo‘lgan muhim huquqiga asoslanib tuzilgan tashkilot ekanligi namoyon bo‘ladi.

Shuningdek, armiyasiz yangi Falastin davlatini qurish Isroilning xalqaro huquq normalarini mensimasligiga yo‘l ochib beradiki, bunda ham Isroil va AQSh tomonining o‘ta beshafqat tarzda masalaga yondashayotganligini anglatadi. Shuningdek, AQSh yangi Falastin davlatini qurishni taklif etsa-da, uni ikki tomon muzokarasiga tashlash orqali mufassal ma’lumotlarni berganicha yo‘q. Bu ham Isroilga ustun mavqe berib, har bir holatni o‘z foydasiga hal qilishiga yo‘l ochib beradi va alal-oqibat muzokaralar uzayib ketishiga sabab bo‘ladi.

AQSh rejasidagi 6-7-chi bandlar xalqaro qochqinlarga oid mezonlar nuqtai nazaridan ham o‘ta muammolidir. U nafaqat 5 milliondan ziyod Falastinlik qochoqlarni, balki hozirda Isroilda yashayotgan 1.5 million Isroil fuqarosi bo‘lgan arablarni ham qiyin vaziyatga tushirib qo‘yadi. Boshqa tomondan, bu moddalar Isroilning shu paytgacha xalqaro mezonlarga zid tarzda qurib kelgan yahudiy mahallalarini o‘zgarmasdan qolishini ham bildiradi. 

AQShning takliflari orasida xalqaro huquq mezonlariga muvofiq keladigani yuqoridagi 8- 9-chi o‘rinda turganlaridir. Albatta, hudkush portlatishlarni oqlab bolmaydi. Bundan tashqari, Quddusning Eski shahridagi muqaddas joylar haqiqatan ham o‘zgarishsiz qolishi lozim. Buni hech kim rad etmaydi. Zotan, tarixiy obidalarning muhofaza etilishini xalqaro huquq qoidalari ham takror-takror ta’kidlaydi. 

Xulosa  

Xo‘sh, yarim asrdan ziyod urush, muhojirlik va yeridan judo bo‘lishni boshidan kechirayotgan falastinliklar uchun eng ma’quli yo‘l qaysi? Mahmud Abbos qilayotganidek, oyoqni tirab qarshilik ko‘rsatishmi yoki Tramp kuyovi yoqimtoy janob Jeyred Kushner aytganidek, adolatli bo‘lmasa-da, ammo pragmatik (amaliy) yechimga kelish to‘g‘rimi?

Aslida, xaritada biroz bordek ko‘rinsa-da, Falastin degan davlat allaqachon g‘oyib bo‘lgan. Hozirda Isroil kuchlari butun Falastin hududini ham o‘z nazoratiga olgan. Isroilning G‘arbiy sohil hududlarini egallab, u yerda yahudiylar manzilgohlarini qurishi esa hamon davom etmoqda. Bu degani agar Falastinliklar bu rejaga rozi bo‘lishsa-bo‘lishmasa, tez orada ular qolgan hududlardan ham quvib chiqariladilar.

Falastinliklarda tanlov imkoniyati deyarli qolmagan. Yo AQSh taklif etayotganidek, ikki davlat rejasiga rozi bo‘lishlari yoki bo‘lmasa, hozirgi Falastin hukumatini tarqatib yuborib, Isroil davlati fuqarolariga aylanishlari lozim. Ana shundagina ular Isroilning arab fuqarolari kabi teng haq-huquqlarga ega bo‘ladilar. Albatta, bunga ham Isroilliklar roziligi talab etiladi. Chunki, Isroil davlati ham arablarga o‘z fuqaroligini berib, ularni yahudiy fuqarolari darajasida haq-huquqlar bilan ta’minlashni aslo istamaydi.

Bu yerda bir necha mavjud faktlarga ham nazar tashlagan ma’qul. Ko‘rfazdagi boy Arab davlatlarining deyarli barchasi AQShning siyosiy ta’siriga o‘tib bo‘ldi va hatto Saudiya Arabistonining bo‘lajak qiroli ham bu masala AQSh taklif etganidek hal etilishi lozimligini ochiqdan ochiq tan olishni boshladi. Buning misoli sifatida Oq Uydagi Tinchlik rejasi e’lon qilingan paytda shu davlatlarning AQShdagi elchilari qatnashganining o‘zi ham buni ko‘rsatib turibdi. Suriya muammosi va o‘zining ichki ziddiyatlari tufayli xalqaro obro‘si o‘ta pasayib ketgan Turkiya Jumhuriyatidan ham katta madad kutib bo‘lmaydi. Iqtisodiy sanksiyalar tufayli Eronning o‘zi qiyin kunlarni boshidan kechirmoqda. Moliyaviy yordamsiz va siyosiy himoyasiz Falastin davlatining ahvoli tobora yomonlashayotganligi endi hech kimga sir emas.

Balki, bu taklif Falastin davlatining yashab qolishi uchun oxirgi imkoniyatdir. Kim biladi? Chunki Isroilning yahudiy manzilgohlarini o‘rnatish orqali G‘arbiy sohildagi Falastin yerlarini ilma-teshik shaklida asta sekinlik bilan yemirishi Falastin davlatining tobora yo‘q bo‘lib borayotganligini bildiradi. Buni Falastinliklar imkoniyatga aylantira oladimi yoki yo‘qmi, bilmadim. Har qalay Mahmud Abbosning kuni kecha Nyu-York shhridagi muzokara o‘tkazishga tayyor ekanligini bildirishi ham Falastinliklarning ham mavjud holatni inkor eta olmasliklarining yaqqol namunasi xolos. Taqdir ularga juda ham qattiq hayotni taqdim etayotganligi aniq.  

Tavsiya etamiz






Tavsiya etamiz

Ҳар доим хабардор бўлинг!

carzone.uz мобил иловаларини кўчириб олинг ва барча янгиликлар сиз билан