Валюта курси: Ўз.Р.Марказий банки
USD
АҚШ доллари
EUR
Eвро
RUB
Россия рубли
Sayt test rejimida ishlayapti!!!

Сўнгги янгиликлар






«Faqat IIBning o‘zi kelganda bu darajada to‘polon bo‘lmasdi, ularning orasidagi fuqaro kiyimidagi shaxslar to‘polonni bu darajada kuchayib ketishiga sababchi bo‘ldi» – Oltinsoy voqealari​
18.02.2020 11:09,  
1608

15 fevral, shanba kuni, ijtimoiy tarmoqlarda IIB xodimlari va aholi o‘rtasida to‘qnashuv sodir bo‘lgani haqidagi video tarqaldi. Videoda ta’kidlanishicha, aholi va IIB xodimlari o‘rtasidagi mojaro Surxondaryo viloyatining Oltinsoy tumanidagi “Xalqobod” mahallasida sodir bo‘lgan. “Daryo” muxbiri voqea tafsilotlarini bilish maqsadida Oltinsoy tumanida bo‘ldi.

71 yoshli G‘affor bobo Mirzayevning ma’lumot berishicha, 14 fevral kuni aholi yashayotgan uyni buzishga kelganlar aholi noroziligi sabab avval ortga qaytgan. Bir soat o‘tar-o‘tmas yana ko‘pchilik bo‘lib buzishga kirishgan. Va aholining keskin qarshiligiga duch kelgan.

MAVZUGA DOIR: Oltinsoyda fuqarolar va IIB xodimlari o‘rtasida to‘qnashuv kelib chiqdi (video)

“Dastlab buzmang, deganimizdan so‘ng texnikalarni ortga qaytarishdi, — deydi G‘affor bobo Mirzayev. — Bir soat o‘tar-o‘tmas esa 5 ta mashina 15 ta mashinaga aylanib, uylarni buzishga kirishdi. Shunda hamma ularga qarshilik ko‘rsatdi va to‘s-to‘palon boshlandi. Aholi o‘zini himoya qildi. IIB xodimlari ham urdi, odamlar ham urdi. Faqat IIB xodimlarining o‘zi kelganda bu darajadagi to‘palon bo‘lmasdi, ularning orasida bo‘lgan fuqaro kiyimidagi shaxslar to‘palonning bu darajada kuchayib ketishiga sababchi bo‘ldi”.

Voqea guvohlarining qo‘shimcha qilishicha, tuman IIB boshlig‘i ham aholiga qo‘l ko‘targan.

“Tuman IIB boshlig‘i Mirzayev urushning boshida turib, odamlarni urdirgani yetmagandek, o‘zi ham odamlarni urdi, — deydi G‘affor bobo Mirzayev. — Tuman IIB boshlig‘i xalq tomonida emas ekan. Xalqni o‘ylamadi”.

Videoda sudrab ketilgan keksa yoshdagi fuqaro Zargul Xolmurodovaning otasi O‘rinboy Xolmurodov bo‘lib chiqdi.

“Qizim uyi buzilishga tushishini aytgandi. ʼHokim kelarmish, prokuror kelarmish, keksalardansiz boring‘, deyishganiga borgandim, — deydi O‘rinboy Xolmurodov. — Men bunday razolatni faqat kinolarda ko‘rgandim. Ikki tomon ham bir-biriga kesak ota boshladi. Kuyovim odamlarning oyog‘i ostida qolib ketgan ekan. Meni ham kimdir urdimi yoki o‘zim yiqildimmi, o‘zimga kelsam yerda yotgan ekanman. Shunda IIB xodimlaridan biri mening ko‘kragimga urdi. Zo‘rg‘a oyoqqa turib, avtobus tomonga bordim. Borsam, ʼQizingni avtobusga tiqib olib ketishdiʼ deyishgach, tuman IIB ga ketdim.

O‘rinboy Xolmurodovning aytishicha, u IIB binosiga borganda voyaga yetmagan 4 nafar bolaning oyoq kiyimi yechib olinib, betonda tik turg‘izib qo‘yilgan holatiga ko‘zi tushgan.

“IIBga borganimda 4 nafar qishloq bolalarining oyoq kiyimi yechib olinib, betonda oyoqyalang turganini ko‘rdim, — deydi O‘rinboy Xolmurodov. — O‘sha kuni havo sovuq edi. Hali u bolalar yosh va voyaga yetmagan ularning nima aybi bor, qo‘yib yuboringlar, deb aytdim”.

Qishloq ahlining ta’kidlashicha, o‘sha kungi to‘palon paytida tobi qochgan 3 nafar ayol Oltinsoy tuman tibbiyot birlashmasiga olib borilganda, shifokorlar ularni davolashni istamagan. Tong azon 3 ga qolmasdan ularni shifoxonadan chiqarib yuborgan. IIBga olib borilganlar esa tushuntirish xat yozib olingach, qo‘yib yuborilgan.

MAVZUGA DOIR: IIV​ Oltinsoy voqeasida Rossiyada ishlab yurgan fuqaroni ham aybladi

Oltinsoyliklar Prezident farmoni bo‘lishiga qaramay kadastr hujjati berilmaganini aytmoqda

«Erim va qaynonamni sudrashgach, ularni qutqargani bordim. Homiladorligimni aytsam ham, sudrashdi va ko‘tarib avtobusga tiqishdi» – Oltinsoy voqealari

“Tuman shifoxonasidan ayollarni davolashmayotganini eshitganimizdan keyin boshi yorilgan Ilhom Muhammadiyevni Termiz shahridagi shifoxonaga olib bordik”, — deydi suhbatdoshlar.

“Daryo” muxbiri bilan telefon orqali muloqot qilgan Ilhom Muhammadiyevning ma’lumot berishicha, uning boshini IIB xodimlari yorgan.

“Boshimga tosh bilan urishdi, — deydi Ilhom Muhammadiyev. — Ikki kundan beri shifoxonadaman”.

Surxonadaryo viloyat hokimligi axborot xizmati rahbari Zahriddin To‘rayevning “Daryo”ga ma’lum qilishicha, viloyat hokimi To‘ra Bobolov Oltinsoy tumaniga borib, xalqobodliklar bilan suhbatlashgan.

“Viloyat hokimi “Xalqobod” mahallasidagi 6 ta xonadon vakillari bilan gaplashib, tuman IIB, prokuratura va hokimlik mas’ullari uyni buzishda biroz shoshganini aytdi, — deydi Zahriddin To‘rayev. — Hokim 6 ta xonadon vakillariga boshqa joydan yer uchastka berilib, uy-joylarini qurib bitkazishgach, ekin maydonida qurilgan uylari buzilishini ma’lum qildi”.

Eslatib o‘tamiz, mazkur voqeaga munosabat bildirgan Bosh prokuratura noqonuniy qurilgan uy-joylar “Oqoltin manzarasi” fermer xo‘jaligiga qarashli paxta va g‘allaga mo‘ljallangan ekin yer maydonining jami 0,39 gektarida ekanligini aytib, 6 nafar fuqaro yerni noqonuniy egallab, 235,35 kvadrat metr maydonida yashash imkoniyati mavjud bo‘lmagan uy-joy binolari qurib olinganini yozgandi.

Tavsiya etamiz






Tavsiya etamiz

Ҳар доим хабардор бўлинг!

carzone.uz мобил иловаларини кўчириб олинг ва барча янгиликлар сиз билан