Farg‘onada mushuk go‘shti sotganlik bo‘yicha hech qanday holat aniqlanmagan

Farg‘onada mushuk go‘shti sotganlik bo‘yicha hech qanday holat aniqlanmagan

Kecha ijtimoiy tarmoqlarda Farg‘onada odamlarga mushuk go‘shti sotilganlik holati aniqlangani haqida xabarlar tarqaldi.

Unda aytilishicha, 15 fevral kuni Farg‘ona viloyati Marg‘ilon va Qo‘qon shaharlarida mushuk go‘shti va undan tayyorlagan taomlarni sotgan uddaburon tadbirkorlar qo‘lga tushganligi ma’lum qilingan. Xabarda shuningdek, reyd davomida tadbirkor va uning sheriklari hibsga olinganligi ham aytilgan.

O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi Farg‘ona viloyat hududiy birlashmasi axborot xizmatining O‘zAga ma’lum qilishicha, mazkur holatning haqiqatga mosligiga aniqlik kiritish maqsadida o‘rganish o‘tkazilgan. O‘rganish davomida O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti Farg‘ona viloyat boshqarmasining jamoatchilik bilan aloqalar va huquqiy axborot bo‘limidan ushbu holatning haqiqatga mos kelmasligi, Departamentning Farg‘ona viloyat boshqarmasi tomonidan bunaqa holat bo‘yicha hech qanday ish ko‘rib chiqilmayotganligi ma’lum qilingan.

Yuqoridagilardan kelib chiqib, ijtimoiy tarmoqlar orqali tarqatilgan xabarning haqiqatga to‘g‘ri kelmasligini, feyk xabar ekanligini ma’lum qilamiz. Ushbu tasdiqlanmagan xabarni tarqatmaslikni so‘raymiz.

Yolg‘on xabarlarni tarqatish amaldagi qonunchilikka asosan tegishli javobgarlikka sabab bo‘lishi yuzasidan ogohlantirib o‘tamiz.