Валюта курси: Ўз.Р.Марказий банки
USD
АҚШ доллари
EUR
Eвро
RUB
Россия рубли
Sayt test rejimida ishlayapti!!!

Сўнгги янгиликлар






Farmatsevtikada buyruqbozlik iqtisodiyoti: birinchi partiyadan bizga vaksina qolmaydi!
27.07.2020 13:57,  
1697

Hindistonlik mashhur “Serum Institute” farmatsevtika kompaniyasi, hozirda vaksina ishlab chiqarishga eng yaqin kelgan AstraZeneca kompaniyasi bilan vaksinani yetkazib berish bo‘yicha shartnoma tuzibdi. Ishlab chiqarish jarayoni boshlashganida, oyiga 4-5 millionta dona, keyin esa yiliga 400-500 million dona vaksinani ishlab chiqarish rejalashtirilgan. Narxi — 2$ bo‘ladi deb va’da bermoqda Serum Institute kompaniyasi raisi. Umumiy hisobda AstraZeneca 1 milliard dona vaksinani kambag‘al davlatlarga yetkazib berishni rejalashtirmoqda.

Bir necha hafta oldin, AQSh va Buyuk Britaniya AstraZeneca‘dan 400 million dona vaksina olishni kelishishdi — vaksinalar shu yilni oktyabr oyida, aksariyati esa 2021 yilni boshida AQSh va Britaniyada tarqatiladi.

Iqtisodiy mantiqqa ko‘ra, vaksinalarning narxi boy mamlakatlarda qimmat, kambag‘al mamlakatlarda esa arzon bo‘ladi. Rivojlanayotgan mamlakatlarda va aynan Hindistonda koronavirus vaksinasini katta ehtimol bilan aynan Serum ishlab chiqaradi. Katta ehtimol bilan O‘zbekiston ham “Serum Institute”dan vaksinalarni olishiga to‘g‘ri keladi. Lekin, Serum bir yilda 400 mln ta vaksina chiqarsa ham, Hindiston talabini qondirish uchungina kamida ikki yil kerak.

Bu hodisa bizga saboq bo‘lishi mumkin. Chunki, xuddi biz kabi rivojlanayotgan mamlakatlarning xususiy farmatsevtika kompaniyalari ham vaksina ishlab chiqayotgan laboratoriyalar bilan kelishuvlar qilishmoqda.

Bizda farmatsevtika sohasida ham, deyarli barcha boshqa sohalardek buyruqbozlik iqtisodiyoti (davlat rejasiga asoslangan- “planovaya ekonomika”) tizimi o‘rnatilgan.

Davlat dori-darmonlarni importini cheklab, “o‘zimizda dori ishlab chiqarishni ta’minlash” deb nomlanadigan oliyjanob, lekin ishlamaydigan rejaga asosan ko‘p yillar davomida dori-darmon bozoriga aralashib kelgan va shu bozorda eng katta o‘yinchi va nazoratchi bo‘lgan. Dori-darmon ishlab chiqarishga, olib kelish va tarqatishga bo‘lgan to‘siqlar natijasida normal ishlaydigan bozor mexanizmlari shaklanmagan. Avtomobil sanoatimizni tanqid qiladiganlar, dori-darmon sanoatimizga bir ko‘z tashlasalar, avtomobilchilarimizni insof namunasi deb atashni boshlaydilar.

Aslida, bu muammo deyarli hamma sohada: Sobiq Ittifoqdan meros qolgan buyruqbozlik tizimidan hali ham voz kechmaganligimiz va hali ham bozor iqtisodiyotiga o‘tmaganimiz uchun bu muammoga ko‘p uchraymiz.

Hozirgi kunda tibbiy uskunalar va dori-darmon yetishmovchiligini kuzatyapmiz. Buning asosiy sababi ular uchun bojlar va boshqa to‘lovlar mavjud bo‘lganligidir. Faqat oxirgi ikki haftada ayrim turdagi narsalarga bojlar va to‘lovlar bekor qilindi. Bilamiz, bojlar nafaqat boj qo‘yilgan mahsulotlarni narxini oshiradi, balki ta’minot tizimi shakllanmasligini ham ta’minlab beradi.

Shunchadan beri o‘z farmatsevtika bozorimizni qo‘riqlab kelganimiz bilan biz nafaqat eksport uchun, hatto o‘zimizga ham yetarli darajada tibbiyot uskunalari va dori-darmonlar ishlab chiqarmaymiz. Ya’ni, importdan qo‘riqlaymiz deb biz nafaqat o‘zimizda biror narsa yarata oldik, balki dunyodagi “yetkazib berish zanjirlaridan” (supply chain) ham tushib qoldik. Ya’ni bojlarni olib tashlasak ham import qiyin va qimmat bo‘lyapti. Import arzonlashishi uchun, o‘sha ta’minot zanjirlar qayta paydo bo‘lishi kerak. Lekin biz ularni tiklashimiz qiyin. Nimaga? Chunki, pandemiya tugasa, yana bojlar qimmat bo‘lib qolishini tadbirkorlar yaxshi biladi, shuning uchun ham yetkazib berish zanjiri infratuzilmasiga pul tikishmaydi. O‘sha tizim ishlashi uchun, sarmoya kiritish kerak, lekin kelajakda bojlar tiklanishini bilgan tadbirkor, tikilgan pullar o‘zini oqlamasligini ham tushunadi.

Men bu yerda nima uchun bojlar iqtisodni qisqartirishi va rivojlanishga to‘siqlik qilishi haqida 100500chi martda yozgim kelmayapti. Hatto juda kichik bojlar ham zarar ekanligi, yoki savdo siyosatida noaniqliklar yomon ekanligini shundoq ham hamma biladi. Menda argument boshqa. 

Bunday tizimning yana bir ayanchli alomati shuki, butun dunyoda, hatto kambag‘al mamlakatlardagi farmatsevtika tarqatuvchilari, bugun vaksina ishlab chiqadigan laboratoriyalar bilan shartnomalar tuzayotgan bir paytda, bizni ishlab chiqaruvchi va tarqatuvchi kompaniyalarimiz unday qilishmayapti.

Sababi nimada? Sababi oddiy. Bizni farmatsevtika bozorida davlat ulushi katta bo‘lib, raqobat cheklangan — bu degani o‘sha tarmoqda hamma muhim narsalarni hukumat hal qilishiga to‘g‘ri keladi. Vaksinalar ham istisno emas.

Lekin hukumatimiz hozir bevosita pandemiyaga qarshi kurashishga kirishib ketgan uchun vaksina laboratoriyalari bilan shartnomalar haqida unutib yuborishgan ham bo‘lishi mumkin. Bu juda normal va hatto tushunarli holat, axir pandemiyadan jiddiy masala kun tartibida yo‘q.

Boshqa mamlakatlarda esa, masalan Hindiston misolida ko‘rdingiz, tadbirkorlar foyda olish maqsadida oldindan shunday kelishuvlar qilib, kelajakda vaksinani sotishga tayyorlanishyapti. Saboq shuki, davlat o‘z zimmasiga hamma narsani boshqarishni olsa, hamma narsani birdek yaxshi bajara olmaydi.

Hozir masalan, davlat tibbiyot tizimi pandemiyaga qarshi kurashishi kerakmi yoki dunyoning o‘nlab laboratoriyalari bilan shartnomalarni tuzishni o‘ylash kerakmi? Axir shartnoma olish qiyin, minglab farmatsevtika kompaniyalari ham o‘sha laboratoriyalar kelajakda ishlab chiqaradigan vaksinasini iloji boricha tezroq qo‘lga kiritishmoqchi. Ya’ni jiddiy va qiyin masala, ikkala jiddiy masaladan hukumat kutilganidek dolzarbrog‘ini tanladi. Shuning uchun ham markazlashtirilgan boshqaruv natijasidagi raqobat kamayishi - samarali emas. Barcha bundan jabr ko‘radi. Iste’molchi ham jabrlanadi, davlat byudejeti ham va hokazo…

Achinarlisi, agar biz yana biror oy vaksinalarni qo‘lga kiritish bilan shug‘ullanmasak, katta ehtimol bilan, birinchi partiyadan bizga vaksina qolmaydi. Chunki, masalan AstraZeneca boshida atigi 2 milliard dona vaksina chiqarishini ko‘zlagan. Rivojlanayotgan mamlakatlar uchun atigi 1 milliard dona.

Qissadan hissa shuki, inqiroz paytida, eski kasalliklar o‘zini ko‘rsatishni boshlaydi. Bizda deyarli har bir muhim iqtisodiyot sohasida davlat eng katta o‘yinchi bo‘lgani va deyarli har sohada turli yo‘llar bilan raqobatni sun’iy cheklab kelgani — inqiroz paytida juda qimmatga tushyapti. Farmatsevtika sohasida, hatto xususiy idoralarda ham rag‘bat va raqobat yo‘qligi, pandemiyada bo‘lib turishiga qaramasdan, farmatsevtika korxonalarimizga vaksina olishga yetarli rag‘bat bera olmayapti.

Farmatsevtika korxonalarimiz vaksinani qo‘lga kiritish bilan shug‘ullanmayotgani, iqtisodimiz haliyam buyruqbozlik tizimi (“planovaya ekonomika”) asosida ishlashidan dalolat. Bozor iqtisodiyotiga hali o‘tmaganimizga — bu holat eng yaxshi misol.

Buyruqbozlik iqtisodiyotining asosiy xususiyati - buyruq bo‘lmaguncha harakat bo‘lmasligidir. Buyruq beruvchilar juda band bo‘lib qolishsa, pandemiya paytida vaksinadek muhim narsalardan jamiyatimiz mahrum bo‘lib qolishiga olib kelishi mumkin.

Shu tariqa menda ikkita umidim bor.

Birinchidan, umid qilamanki, tez orada biz ham vaksina ishlab chiqaruvchilar bilan kelishuv qilamiz. Ya’ni buyruq berilishiga umid qilaman. Axir vaksinani kerakli hajmda 6 oy oldin, yoki 6 oy keyin olishimiz — chindan ham hayot mamot masalasi. Shu narsada sekinlik, nechadir minglab odamni hayotini xavf ostiga qo‘yishi mumkin.

Ikkinchidan esa, iqtisodiyotimizni islohot qilishni boshlaymiz. Raqobatli va adolatli bozor iqtisodiyotiga o‘tamiz. Bugungidek saboqlardan to‘g‘ri xulosa qilishimizga umid qilaman.

"Iqtisodchi kundaligi"dan

Tavsiya etamiz






Tavsiya etamiz

Ҳар доим хабардор бўлинг!

carzone.uz мобил иловаларини кўчириб олинг ва барча янгиликлар сиз билан