Валюта курси: Ўз.Р.Марказий банки
USD
АҚШ доллари
EUR
Eвро
RUB
Россия рубли
Sayt test rejimida ishlayapti!!!

Сўнгги янгиликлар






Federalist №3: Tashqi va ichki xatarlar (3-maqola)
5.01.2020 11:34,  
853

Amerikaning mashhur siyosiy mutafakkirlari “Federalist” turkumida yozgan maqolalari bilan tanishtirishni davom etamiz. Eslatib o‘tamiz, mualliflar o‘z ismlarini yashirib “Publius” nomi ostida yangi Konstitutsiyani qabul qilishga chorlaydigan maqola-murojaatlarni Aleksandr Hamilton, Jon Jey va Jeyms Madison 1787-1788 yillarda yozganlar.

Vaqti kelib, biz ushbu uchlikning tarjimai holi, xarakteri va qarashlardagi ba’zi farqlarga alohida to‘xtalib o‘tamiz. Oldinda hali 82 ta maqola chiqishi bor, o‘z navbatida mualliflarning har biri bilan yaqinroq tanishish uchun fursat bo‘ladi, inshaalloh.

Avvalgi ikki maqolaning xulosalari bilan quyidagi tanishishingiz mumkin:

Federalist №1: Davlatga poydevor qo‘ygan "uch bloger"

Federalist №2: Birlashish ahamiyati (2-maqola)

Uchinchi maqola ikkinchisining davomi bo‘lib, u “tashqi kuchlar va ta’sirlardan keladigan xatarlar” mavzusiga bag‘ishlangan. Ushbu mavzu to‘rtinchisi bilan davom etadi va beshinchisida yankunlanadi. Ikkinchidan beshinchigacha maqolalar Jon Jey qalamiga mansubdir (oldin aytganimizdek, birinchi nashr davrida mualliflar kimligi jamoatchilikdan sir saqlangan).

“Federalist №3” 1787 yil noyabr oyining 3-kunida Independent Journal gazetasida chop etilgan. Quyida mazkur maqoladan olingan ba’zi xulosalar bilan tanishing:

1. Barcha oqil va ma’lumotli xalqlar, amerika xalqi esa aynan shunday xalqlar sirasida, o‘z foydalari uchun chiqargan qarorlari ko‘pgina hollarda to‘g‘ri bo‘lgan. Amerika xalqining birinchi qarori birlashgan viloyatlar-shtatlar uchun yagona federal hukumatini barpo qilish bo‘lgan edi.

Jamshid Muslimov izohi: butun xalqni muallif “oqil va ma’lumotli” (intelligent and well-informed) deyishida bir oz oshirib yuborgandek ko‘rinadi, o‘sha vaqtdagi duch kelgan o‘rtacha omma kishisini “oqilona fikrlovchi va yetarli ma’lumot olgan” inson deb atash qiyin edi (xozir ham shunday emasmi?). Ammo matnga diqqat qilib qarasak, federal hukumatni tashkil qilish haqida qarorni chiqarishda ishtirok etgan xalq deyilyapti. Demak “xalq” deganda siyosiy faollik ko‘rsata oladigan fuqarolar nazarda tutilgan. Yoki, yanada chuqurroq mulohaza qiladigan bo‘lsak, sog‘lom aqlga ega, yetarli va kerakli axborot olgan, hamda mamlakatning siyosiy hayotida faol bo‘lgan ommani XALQ deb atash mumkin; bunday xalqning qarorlari ko‘pgina holatlarda haqqoniy bo‘lib chiqadi.

Yana bir olinadigan ibrat: ma’rifatparvar shaxs o‘z xalqining kelajagi g‘amida, uni yaxshilikka chorlar ekan, xalqini kamsitib emas, balki aql, bilimdonlik kabi yetuklikka ishora qiluvchi sifatlarga ishora qiladi. Menimcha bunda o‘z millatini to‘g‘ri tarbiyalash harakati bor.

2. Ikkinchi maqolada odamlar tabiatan egalik qilgan erkinliklarining juz’iy qismini o‘zlari tayinlagan hukumatga topshirishlari va bunda ma’lum manfaatni ko‘zlashlari haqida aytilgan edi. Xalq manfaatlarning birinchisi xavfsizlik ta’minotidir. Xavfsizlik mavzusi anchagina kengligini e’tirof qilgan holda, muallif asosiy e’tiborini xalqning tinchligi, osoyishtaligi, shuningdek tashqaridan keladigan hujumlar va mamlakat ichkarisida paydo bo‘ladigan notinchliklar xatariga qaratadi.

3. Jahonda urushlarning barchasi haqiqiy yoki to‘qima bahonalar ostida ochiladi. Mamlakatning o‘zi nooqilona va adolatsiz harakatlari bilan qo‘shni davlatning hujumiga sababchi bo‘lishi mumkin. Kelishilgan davlatlararo shartnomalarni buzish urush ochishga adolatli sabab deb hisoblanadi. AQSh o‘zining ilk mustaqilligi yillarida umumiy davlatdek bo‘lib bir necha mamlakatlar bilan shartnomalar tuzishga ulgurgan. Qo‘shnilarning aksari jahon suvlariga yo‘llari bo‘lib, AQShga hujum uyushtirishga imkoniyatlari mavjud. Shunday ekan, AQSh bir necha mustaqil shtatlarga yoki shtatlar uyushma-konfederatsiyalarga bo‘linib ketsa, ulardan qaysidir biri umumdavlat shartnomasini buzib qo‘yishi va butun millat boshiga tushadigan urushni keltirib chiqarish ehtimolligi kattadir. Urushga ayri viloyat sabab bo‘lsa ham urush mashaqqatlari barcha shtatlar gardaniga tushadi, butun xalq jabr ko‘radi. Agar mamlakat birlashgan holda umumiy markaz hukumatni tashkil etsa, u tashqaridan hujumga sabab bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaydi, xalqaro shartnomalarning rioyasini nazorat qilib turadi va barcha shtatlarning tinchlik manfaatlarini himoyalay oladi.

4. Markaziy federal hukumatga turli shtatlardan eng yaxshi, qobiliyatli va salohiyatli kadrlarni tanlash osonroqdir. Shtatlar doirasida talantlarni topish qiyinroq, katta mamlakat miqyosida esa eng yaxshilarini topish mumkin. Ammo shart shuki, markaziy hukumatning o‘zi oqilona tashkil etilishi lozim. Hukumat avvalidan qanchalik to‘g‘ri shakllansa unga munosib xodimlar kelishi shunchalik yengil bo‘ladi. Effektiv ishlaydigan hukumatgina eng loyiq rahbarlarni tayinlay oladi.

5. Federal hokimiyat mavjud bo‘lmasa, shtatlararo nizolarni hech kim xolis va odillik bilan hal eta olmaydi. Mahalliy hukumatlar har doim o‘zlarining mahalliy manfaatlarini himoya qiladilar. Markaz esa betaraflikni saqlay oladi, shuning uchun u ichki to‘qnashuvlarni tezlikda qonunlarga binoan bartaraf eta oladi.

6. Amerikaning tub aholisi bo‘lmish hindilar bilan bo‘lgan qonli mojarolarning bir nechtasi shtatlarning mahalliy hokimiyatlarning harakatlari keltirib chiqargan. Federal hukumat esa muallif davriga kelib, biron marta ham hindilarning urush ochishlariga turtki bo‘ladigan qaror chiqarmagan.

7. AQShning bir necha viloyat-shtatlari Amerikaning Biritaniya va Ispaniya kabi qudratli imperiyalariga tegishli yerlar bilan chegaradoshdir. Bunday shtatlar rahbarlari o‘z qarorlarida ehtiroslarga berilib va turli fitnalarga uchib xatolikka yo‘l qo‘yishlari mumkin. Janjalli holatlarda markaziy hukumat qo‘shnilar e’tiroziga yuzma-yuz chiqa oladi va ortiqcha kibrga berilmay, sovuqqon diplomatiya bilan xavf xatarni bosishga erisha oladi.

8. Agar AQSh parchalanib ketsa, qudratli davlat-qo‘shnilar ayri shtatlar hukumatlariga past nazari bilan qaraydilar. Ammo AQSh yagona davlat bo‘lib, o‘z markaziy hukumati bilan tashqi ishlarga kirishsa qo‘shni mamlakatlar munosib ehtirom bilan muomala qiladilar.

Muallif so‘zining oxirida tarixdan bir misol keltiradi. 1685 yilda Fransiyaning qiroli Lui XIV yilda Italiyada joylashgan kichik Genuya davlatini jazolamoqchi bo‘ladi. Fransuz qiroli genuyaliklardan davlat rahbari va to‘rt senatori ta’zim bilan kechirim so‘rashlari va ba’zi og‘ir shartlarni bajarilishini talab qiladi. Tinchlik maqsadida Genuya davlati bu shartlarga ko‘nadi. Muallif o‘zining vatandoshlariga murojaat qilib, so‘raydi: “Lui XIV shunaqangi tahqirlovchi shartlarini Ispaniya va Britaniya kabi qudratli davlatlar oldiga qo‘ya olarmidi? Talab qilganda ham katta imperiyalar xorlikka rozi bo‘larmidi?”

Keyingi maqolada millat xavfsizligi masalasi yana davom etadi.

Tavsiya etamiz






Tavsiya etamiz

Ҳар доим хабардор бўлинг!

carzone.uz мобил иловаларини кўчириб олинг ва барча янгиликлар сиз билан