Federalist №6: Davlat boshqaruvini nega ayollarga ishonib bo‘lmaydi?

Federalist №6: Davlat boshqaruvini nega ayollarga ishonib bo‘lmaydi?

“Federalist” turkumida navbatdagi maqola Aleksandr Hamilton qalamiga mansub bo‘lib, 1787 yilning 24-noyabrida nashrdan chiqqan. Muallif yangi konstitutsiya loyihasiga binoan yagona federal hukumat ostida davlatni jamlash g‘oyasini yoqlashda davom etadi va parokandalik ortidan keladigan ichki xatarlar haqida ogohlantiradi.

Hamiltonning fikricha, shtatlar mustaqilligi yoki bir necha viloyatlar birlashmalariga (konfederatsiyalar) ajragan holatida o‘zaro nizolar kelib chiqmaydi, deb umid qilish xom xayoldan boshqa narsa emas. Qo‘shnilar o‘rtasida janjal chiqib turishi uzoq tarix bilan tasdiqlanib kelayotgan inson tabiatiga xosdir. Hasad, ochko‘zlik, g‘alamislik, ehtiroslar kabi ichki omillar qanchalik ko‘p bo‘lsa, urush ochish uchun yuzaki bahonalar soni undan ham ko‘p bo‘lgan. Mamlakat ichida mustaqil bo‘lgan hokimlar shaxsiy g‘arizalarini qondirish uchun xalqning tinchligini qurbon qilib yuboraveradilar. Chunki har bir hokim o‘z hududining podshohidek his qilib, o‘zgalarni past tutishga moyilligi bo‘ladi, yakkaxon o‘zini umumga teng va xatto undan yuqori ko‘radi. Aynan shu holat tinimsiz va ko‘p sonli urush-janjallarni keltirib chiqaradi.

1. Muallif ushbu haqiqatning tasdiqlash uchun ba’zi tarixiy misollarni keltirib o‘tadi.

a) Qadimgi demokratik Afinaning mashhur davlat arbobi Perikl (miloddan avvalgi 494 – 429) bir fohishaning injiqliklariga ergashib, o‘z fuqarolarining qoni va mablag‘lari evaziga boshqa shaharni vayron etadi. U o‘zining boshqa jinoyatlari va xatolarini berkitish maqsadida  Yunonistonning qo‘shni shaharlari bilan eng qonli va uzunligi bilan mashhur bo‘lgan Peloponnes urushini ochib bergan. Buning natijasida Forslar imperiyasiga qarshi tuzilgan yunon davlatlaring katta ittifoqi parchalanib ketgan.

b) Angliya qiroli Henri VIII (1491 – 1547) saroyida xizmat qilgan kardinal va bosh vazir Uolsi Rum papasining taxtiga o‘tirishni orzu qilib, Ispaniya qiroli Karl V ning fitnasiga uchadi va Angliyani Fransiyaga hujum qilishga turtkilaydi.

c) Saroyda katta iqtidorga ega bo‘lgan ayollarning fitnalari Yevropa davlatlari boshiga ko‘plab falokatlar keltirgan, ba’zi misollar: 

  • Lui XIV 1684 yilda maxfiy nikohiga olgan madam Mantenon qirolni gugenotlar (fransiyalik protestantlar)ni ayovsiz ta’qib qilishga ko‘ndira olgan);
  • Ledi Malboro 1702–1710 yillarda ingliz qirolichaning yaqin maslahatchisi bo‘lib oldib, turli injiqliklari orqali davlat ishlariga ulkan salbiy ta’sir o‘tkazgan; 
  • Fransiyaning qiroli Lui XV ning o‘ynashi madam de Pompadur esa 1745–1763 yillar davomida saroyda turli fitnalarda yetakchlik qilar, o‘ziga yoqqan vazirlarni tayinlar va butun boshli davlat siyosatini belgilab berar edi.

d) AQShning qisqa tarixining o‘zida shu kabi hodisalar ro‘y berdi. 1787 yili Massachusets shtatida Daniel Sheys degan mansabdor katta qarzga botib ketganidan iqtisodiy nochor ommani o‘ziga ergashtirib, sudlarga qarshi qo‘zg‘olon ko‘targan va Yangi Angliyada katta notinchliklar chiqargan edi.

2. Sanog‘iga yetib bo‘lmaydigan uzoq va yaqin tarixdan misollarga qaramay anti-federalistlar (AQShni yagona markaziy hukumat ostida birlashuviga qarshilar) iddaosicha ichki savdo-sotiq manfaatlari, hamda shtatlarining respublika tizimiga mansubligi mahalliy urushlardan to‘sib turadi. Aleksandr Hamilton bu argumentni bir zarbada yo‘qqa chiqaradi: monarxiya bo‘ladimi, respublikami, har bir davlat INSONLAR tarafidan boshqariladi. Inson esa o‘z hokimiyatini kengaytirish, undan ko‘proq foydalanish g‘arizasi va nafsiy ehtiroslar ostida buzg‘unchilik qilishni istaydi.

3. Muallif yuqoridagi fikrni tasdiqlash uchun, eng ishonchli manba, tarixiy tajribaga yuzlanishga chaqiradi:

  • Sparta, Afina, Rim va Karfagen kabi qadimgi davlatlar respublika bo‘lganlar, ulardan Afina va Karfagen tijorat turidagi respublikalar edi. Bunga qaramiy ular ham mudofaa, ham xujum urushlaridan boshlari chiqmasdi. Spartaning o‘zi bir katta harbiy qarorgoh bo‘lib, Rim esa bosqinchilik urushlari bilan hududlarini kengaytirishdan hech qachon to‘ymagan. Karfagen tijoriy respublika bo‘lishiga qaramay o‘zini yo‘q qilib yuborgan urushni o‘zi boshlagan edi.
  • Keyingi davrlarda (16-asr) Venetsiya respublikasi butun Italiyani tinmay qaqshatar edi. Rim papasi Yuliy II Fransiya qirolligi va Italiyaning mayda davlatlarini birlashtirib, 8 yillik urushdan so‘ng zo‘ravon Venetsiyani tinchlantira olgan edi.
  • Gollandiyaning respublika shtatlari (17-asr) dengiz savdo yo‘llariga ustunlik qilish maqsadida Angliya bilan janglar qilib turar, boshqa masalalarda Fransiyaning ashaddiy raqiblari qatoriga kirib olar edi.
  • Britaniya hukumatida xalq vakillarining o‘rni katta bo‘lib, bu mamlakatning asrlararo asosiy faoliyati savdo-sotiq bo‘lgan. Lekin bunga qaramay Yevropada u eng ko‘p urushlar olib borgan va ularning ko‘pi aynan xalqining talabi bilan boshlanar edi. “Ta’birim joiz bo‘lsa, qirollar uyushtirgan urush qancha bo‘lsa, xalq urushlari soni deyarli shuncha bo‘lgan”, deb yozadi muallif va yaqin tarixda sodir bo‘lgan Angliya bilan Ispaniya o‘rtasidagi qonli mojarolar aynan savdogarlar qistovi bilan boshlanganini eslatadi.
  • Shuningdek u Shimoliy Karolnia, Pensilvaniya va yuqorida aytib o‘tilgan Massachusets shtatlarida bo‘lib o‘tgan notinchliklarni misol qilinadi.

4. Muallif maqolasining oxirida o‘z zamondoshi fransiyalik siyosiy mutafakkir abbat de Mabli so‘zlarini keltiradi:

“Qo‘shni millatlar bir birlari uchun tabiiy dushmandirlar. Umumiy zaiflik sababidan ular yagona Liga bo‘lmish konfederativ respublikaga birlashib, va bu birlashuvning konstitutsiyasi o‘zaro kelishmovchiliklarning oldini olsa (urushga sabab bo‘luvchi) o‘zaro hasad-rashk tuyg‘ulari bosilib turadi”.

“Mazkur e’tirof ham dardga ishora qiladi, ham davosini ko‘rsatadi”, deb yakunlaydi Hamilton.

Izoh: Agar e’tibor berilsa, federalistlarni o‘z raqiblari anti-federalistlar bilan bir muhim savol birlashtiradi: davlat rahbarining o‘z hokimiyatini su’istemol qilishlaridan qanday qilib to‘sish mumkin?

Anti-federalistlar “markaziy hokimiyatning tuzilishi shtatlar erkinliklarini cheklaydi va butun millat ustidan zulm qilishiga oson bo‘lib qoladi”, deb xavotir qilsalar, Hamilton, Jey, Medison va boshqa federalistlar, aksincha, “har qanday nazoratsiz qolgan hokimiyat, u mahalliy bo‘ladimi yoki markaziy, davlat zulmini keltirib chiqaradi”, deb hisoblaydilar. AQShga asos solgan millat otalari yangi ideal davlat haqida orzu qilar ekan, ular inson fazilatlari haqida ortiqcha xayolotga berilmas edilar. Ular davlatni katta iqtidorli shaxslar emas, balki kelishilgan qonun-qoidalar tizimiga bo‘yin so‘ngan siyosatchi rahbarlar boshqarishi zarurligi haqida o‘ylaydilar. Hukumat boshliqlari va hokimyat bo‘g‘inlarini nazorat ostida ushlab turadigan qoidalar tizimi aynan Konstitutsiyada belgilanadi.

* * *

Konstitutsiya millatning birlashuviga yordam beradi. Ammo millatlar konstitutsiyasiz birlashvergan. Konstitutsiya qonunlar tizimi poydevoridir. Ammo qonunlar konstitutsiyasiz ham mavjud bo‘lgan. Konstitutsiya mamlakatning boshqaruv va ma’muriy xudud tizimlarini belgilashi mumkin, ammo bu Konstitutsiyaning asosiy mazvzusi emas. Konstitutsiyaning asosiy mavzusi – millatni davlat zo‘ravonligidan himoya qilish. Konstitutsiyasning mazmuni davlat rahbar/rahbarlari quyushqondan chiqib ketib xoh yakka shahsga, xoh biron jamoaga, xoh butun xalqqa zulm o‘tkazishdan to‘sib turuvchi mexanizmni ta’minlashdir.

Davlat rahbariyatiga kirmagan kishi Konstitutsiyani buza olmaydi, chunki oddiy fuqaroda bunday imkoniyatining o‘zi yo‘q, unda hokimiyat yo‘q! Oddiy fuqarolar jinoyat sodir etganlarida faqat ayrim qonunlarni (jinoiy, soliq, fuqarolik kodekslari va hokazo qonunlarni) buza oladi. Konstitutsion tuzumga qarshi chiqish avvalambor hukumat tarafidan sodir etilishi mumkin, va shu ishi uchun ular mahsus javobgarlikka tortiladi.  Konstitutsiya bosh rahbarni tiyib turmasa u – noqis konstitutsiya. Konstitutsiya rahbarni tiyib turishi amalada bo‘lmasa, bu Konstitutsiya umuman amalda emas.

Xozirgi kunlarda AQSh impichmenti jarayonini kuzatib borishda mavzuimiz uchun amaliy namuna ko‘rish mumkin. Undagi prezidentga qo‘yilgan ayblovlari tafsilotlaridan ko‘ra qonun qoidalar qanday tuzilgani e’tiborga loyiq.  Undan tashqari, Eron bilan bo‘lgan mojaro sababidan Kongress ruxsatisiz davlatlararo urushga sabab bo‘ladigan harbiy operatsiyalarni uyushtirishni man qilish haqidagi parlament qarori ham davlat tizimini muvozanatda ushlab turishga qaratilgan. Hukumat rahbariyatini nazoratda saqlashning aynan shu mexanizmi Aleksandr Hamilton va uning federalist hamrohlari taklif qilgan edilar.

* * *

“Federalist” turkumidagi maqolalar “davlatchilik injinerlarining” yozib qoldirgan noyob g‘oyaviy va amaliy asardir, undan olingan hulosa va izohlarimizni kuzatib borishni tavsiya etamiz. Keyingi uch maqola Aleksandr Hamiltonga tegishli bo‘lib, uchun uning qisqa tarijimai holi bilan ham tanishib o‘tamiz.

Avvalgi maqolalar:

Federalist №1: “Davlatga poydevor qo‘ygan "uch bloger". Kirish”
Federalist №2: “Birlashish ahamiyati”
Federalist №3: “Tashqi va ichki xatarlar”
Federalist №4-5: Xulosalar. Jon Jey tarjimai holidan lavhalar


Eslatma: Muallif fikri tahririyat nuqtai nazarini ifodalamasligi mumkin.