Валюта курси: Ўз.Р.Марказий банки
USD
АҚШ доллари
EUR
Eвро
RUB
Россия рубли
Sayt test rejimida ishlayapti!!!

Сўнгги янгиликлар






Federalist №8: Xavfsizlik va erkinlik dilemmasi
31.03.2020 19:15,  
582

“Federalist” turkumining 8-maqolasi Aleksandr Hamilton qalamiga mansub bo‘lib, 1787 yil 20 noyabrda chop etilgan. Quyida siyosiy risolaning asosiy xulosasini keltiramiz.

Mazkur maqolada birlashuv mavzusi davom etadi. Shunday qilib, yangi millatning oldida ikki yo‘l turibdi. Birinchisi: mahalliy xududlar (koloniyalar, shtatlar, uch-to‘rtta katta-kichik shtatlardan iborat sub-konfederatsiyalar)ga ajralib, ittifoq shartnoma asosida bo‘lishi; ikkinchisi: yangi konstitutsiya doirasida ish yurituvchi yagona federal hukumatga tegishli shtatlar birlashmasida bo‘lish.

Hamilton va uning hamrohlari birinchi yo‘l juda yomon oqibatlarga olib keladi, deb hisoblaydilar. Turli vaj-korsonlar ko‘rsatiladi, jumladan, insonning buzg‘unchi tabiati ta’siri oqibatida birodar shtatlar o‘rtasida nizolar va xatto harbiy to‘qnashuvlar kelib chiqishi muqarrarligini ta’kidlanadi. Ushbu masala “Federalist” turkumining boshqa sonlarida qayta-qayta muhokama qilinsa-da, bu safar Hamilton o‘z qarashlarini isbot qilish maqsadida yana bir qiziq argumentni o‘rtaga tashlaydi.

Amerika shtatlari tarqoq holida qolsa, har bir shtat o‘zining muntazam armiyasini saqlash zarurati paydo bo‘ladi.   Birinchidan, Shimoliy Amerika diyori katta janglar uchun mutlaqo ochiq, bunday katta hududda hardiy istehkomlarni qurish va ularni tartibga solib turish o‘ta mushkul vazifa. Undan tashqari, yuqorida va boshqa maqolalarda bir necha marta aytilganidek, shtatlar o‘rtasidagi ziddiyatlar kelib chiqish ehtimoli katta. Kelajakda bo‘lishi mumkin bo‘lgan o‘zaro urushlar mamlakatning osoyishta hayotiga katta zarba beradi, aholining moddiy va ma’naviy zahiralarini yemirib tashlaydi.

Bunday holatda, tabiiyki, har bir shtat uchun xavfsizlik masalasi birinchi o‘ringa chiqadi. Natijada eng asosiy qadriyat bo‘lmish erkinlik e’tibor markazidan chetlanib, harbiylar oliy qatlamga aylanadi va xalqqa zo‘ravonlik qila boshlaydi. Bunday jarayon oqibatida, yangi yakkaxon podshohlar paydo bo‘lishi ham mumkin. Xavfsizlikni erkinlikdan ustun qo‘yilishi millatning siyosiy va fuqarolik huquqlarini yemiradi. Bu ko‘p bora qaytarilgan tarixiy faktdir.

Hamilton o‘z fikrining to‘g‘ri ekanini isbotlash uchun Yevropa qit’asi davlatlarini Buyuk Britaniya bilan taqqoslab, misol keltiradi. Yevropaning keng hududida bir qancha yirik va mayda davlatlar joylashgan bo‘lib, ular o‘rtasida tinimsiz ravishda urushlar sodir bo‘lib kelgan. Shu sababli Yevropada harbiy qudratga juda katta e’tibor bo‘lib, fuqarolik huquqlari esa hamisha quyi darajadagi masala bo‘lgan.

Britaniyada esa inson erkinliklariga qadimdan katta e’tibor qaratib kelingan, huquqiy va siyosiy munosabatlar ancha mukammal shakllangan. Buning asosiy sababi - Britaniyaning orollik mavqei bo‘lib, u davlatning mudofaasini tabiiy ravishda ta’minlab bergan. Buning oqibatida, harbiy salohiyat muvozanatlashgan va asosiy e’tibor dengiz ortidan keladigan harbiy hujumlarga qaratilgan. Shunday qilib, orol ichida bir nechta muntazam armiyani saqlashga katta ehtiyoj bo‘lmagan, harbiy kuchlar tarafidan insoniy erkinliklar bo‘g‘ilmagan, natijada inglizlar boshqa yevropaliklarga nisbatan ancha erkin va kattaroq siyosiy huquqlarga ega bo‘lib kelgan.

Demak, xulosa qiladi Hamilton, agar Amerika millati donolik qilib, yagona federal hukumat boshqaruvi ostida birlashishni ixtiyor etsa, u Buyuk Britaniya kabi kuchli “orol davlatiga” aylanadi, viloyat-shtatlar o‘rtasida urushlarga yo‘l qo‘yilmaydi, umumiy federal armiya faqat tashqi hamlalarni qaytarishga yo‘naltiriladi. Millatning ravnaqini faqat uning birligida va erkinligida topish mumkin.

Avvalgi maqolalar:

Federalist №1: “Davlatga poydevor qo‘ygan "uch bloger". Kirish”
Federalist №2: “Birlashish ahamiyati”
Federalist №3: “Tashqi va ichki xatarlar”
Federalist №4-5: Xulosalar. Jon Jey tarjimai holidan lavhalar
Federalist №6: Davlat boshqaruvini nega ayollarga ishonib bo‘lmaydi?
Federalist №7: Ichki ziddiyatlar

Yuqorida Federalist №8ning asosiy g‘oyasini keltirdik. O‘tgan maqolalarimizning birida Jon Jeyning biografiyasi haqida so‘z boshlagan edik. Bu safar maqolamizning ilovasida Aleksandr Hamilton umrining boshlang‘ich qismi bilan tanishamiz.

Ilova

Aleksandr Hamilton  tarjimai holidan lavhalar

(Rahimjon Qudratov tayyorlangan)

Aleksandr Hamilton tug‘ilishidan oldinoq, uning murakkab va qiyinchiliklarga to‘la hayoti uchun yetarlicha zamin hosil bo‘lib ulgurgan edi.  Onasining ikkinchi turmushidan tug‘ilgan farzand bo‘lganligi tufayli uning yoshlikdagi muammolari ham aynan onasi bilan bo‘g‘liq bo‘ldi. Ikkinchi turmushidan ikki nafar farzand orttirgan ona (Jeyms va Aleksandr) ikki marotaba turmush qurganligi sababli, xalq orasida tavqila’natga qoladi va o‘z bolalarining kelajagi uchun butun umrlik to‘g‘onoqqa aylanadi. Turli vaziyatlarda jamiyat ichida chetga chiqarishlari, barcha qatori teng ko‘rmasliklari, haqoratlar ichida ulg‘ayish bolalarga og‘ir ta’sir qiladi. Buning ustiga 1765-yil, Aleksandr 11 yoshga yetganida, ota oilani tashlab ketadi. Turli mish-mishlar bunga sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin.

Yosh Aleksandr juda iste’dodli va mehnatkash bo‘lishiga qaramay, onasi to‘g‘risidagi gap-so‘zlar tufayli boshlang‘ich maktabdan yuqorisiga o‘tkazilmaydi. Maktabda bilim olish imkoni yo‘qqa chiqqach, u induvidual holda ta’lim olishga o‘tadi, so‘ngra esa shaxsiy maktabga o‘qishga kiradi. Shuningdek, oila kutubxonasidagi 34 dona kitob uni qo‘shimcha bilimlar bilan ta’minlashga o‘z hissasini qo‘shadi.  Bo‘ladigan bola boshidan ma’lum deganlaridek, Aleksandr ko‘plab tanlov va musobaqalarda she’r va esselari orqali g‘oliblikka erishadi. Biroq oilaviy ahvol tangligi tufayli yosh Aleksandr bilim olish barobarida, turli kasblar bilan ham shug‘ullanishga majbur bo‘ladi. Uning onasi oilaning yagona boquvchisi sifatida savdogarlik qilar edi, Aleksandrning o‘zi ham shu sohada ishlashga o‘tadi. Kasbiy faoliyatini bir savdogar qo‘lida buxgalter bo‘lib ishlashdan boshlagan Aleksandr, keyingi hayoti davomida boshqaruvchilik darajasigacha ko‘tarilishga erishadi.

1768 yilda ona vafotidan so‘ng, bolalar yetim qoldi. Onasining o‘limidan so‘ng ham, uning yomonotliqqa chiqqanligi bolalar hayotida o‘z nojo‘ya ta’sirini ko‘rsatishda davom etadi. Ota uyga qaytadi va barcha mol-u mulkni qaytarib olib, bolalarini merosdan mahrum qiladi. U o‘z bolalariga nafrat bilan qarar, ularning onasini esa haqorat bilan tilga olar edi. 

Onasining o‘limidan ko‘p o‘tmay, Alesksandr katta savdo shirkatiga ishga kiradi. Uning akasi Jeyms esa mahalliy gilam to‘quvchilarga shogirdlikka tushadi. Mana shu nuqtada ikki aka-uka ajralishadi va shundan so‘ng taqdir ularni hech qachon qayta ko‘rishtirmadi. Shu payt, Aleksandr ishlayotgan shirkat egasi safarga ketadi va shirkat vaqtinchalikka bo‘lsada, o‘n beshli yoshli bola qo‘lida qoladi. Shunga qaramay, Aleksandr shirkatni muvaffaqiyatli boshqara oladi. Uning mahoratidan ta’sirlangan kishilar, uning tog‘asi, shirkat egasi va yana bir necha kishi, pul to‘plab, uni Nyu-Yorkdagi Qirollik kollejiga o‘qishga yuborishga qaror qiladilar.

“Federalist” mutafakkir va siyosiy arbob Aleksandr Hamiltonning qiziqarli hayoti lavhalariga keyingi maqolamizda qaytamiz.

Tavsiya etamiz






Tavsiya etamiz

Ҳар доим хабардор бўлинг!

carzone.uz мобил иловаларини кўчириб олинг ва барча янгиликлар сиз билан