Валюта курси: Ўз.Р.Марказий банки
USD
АҚШ доллари
EUR
Eвро
RUB
Россия рубли
Sayt test rejimida ishlayapti!!!

Сўнгги янгиликлар






Fors ko‘rfazidagi neft imperiyasining inqirozi va qulashi yaqin
24.03.2020 17:04,  
1427

Ayni paytda boshlangan narx urushi ushbu hashamatning muqarrar halokatini tezlashtirishi mumkin.

Dunyoning aksar davlatlari uchun neft boyligi aslida bir ofatdir. Nigeriya, Angola, Qozog‘iston, Meksika va Venesuela kabi yirik uglevodorod zaxiralariga ega mamlakatlar bundan aytarli foyda ko‘rmaydi. 

Faqat Fors ko‘rfazidagi Arab davlatlarigina neftdan milliy tiklanish va taraqqiyot uchun foydalanishni uddalagan

XX asr o‘rtalarida mintaqada ulkan neft zaxiralarining topilishi tartibsizlik hukm surgan, tushkunlikka tushgan, qashshoq davlatlarni sayyoradagi eng boy mamlakatlarga aylantirdi. Bugun Qatar, Kuvayt va Birlashgan Arab Amirliklarining har biri Shveysariyadan boyroq; Saudiya Arabistoni, Bahrayn va Ummon esa Yaponiya yoki Buyuk Britaniya bilan bemalol raqobat qila oladi.     

O‘zgarish shu qadar kuchli bo‘lganidan boylik tabiatning odatiy qonunlariga ko‘ra oqib kelaveradi, deb ishonish mumkin edi. Ammo bunday emasligi aniq. Neft bozorlaridagi hozirgi narx urushi Fors ko‘rfazi davlatlarining beqaror tabiatga ega bo‘lgan iqtisodiyotini shafqatsiz hisob-kitobga ro‘para qilib qo‘ydi.

Ayni vaqtda yuqorida nomi sanalgan olti monarxiya (Qatar, Kuvayt, Birlashgan Arab Amirliklari, Saudiya Arabistoni, Bahrayn, Ummon) va Rossiya xomashyo bozorini arzon mahsulotga to‘ldirish va uni qimmatroq ishlab chiqaruvchilarni bozordan siqib chiqarish uchun jo‘mraklarni yanada kattaroq ochishga kirishib ketdi. Saudiya Arabistoni neft qazib chiqarishni kuniga rejadagidan 2,5 million barrelga oshirib, bu to‘fondagi eng katta to‘lqinga ega chiqmoqchi bo‘lib turgan bir vaqtda uning qo‘shnilari ham bo‘sh kelayotgani yo‘q. Birlashgan Arab Amirliklari neft qazib chiqarishni kuniga 200 000 barrel va undan ortiq, Kuvayt esa kuniga 100 000 barrelga oshirmoqchi. Rossiya o‘z navbatida kuniga 200 000 barrel ortiqcha neft qazib olishini e’lon qilgan. 

Ta’minotning bu qadar to‘yinishi geosiyosatga bog‘liq emas. Aksincha, bu neft narxi pasayishining matematik natijasidir. Har bir barrel neft uchun kamroq dollar kelsa ham Fors ko‘rfazi davlatlari joriy daromadni ushlab turish uchun yanada ko‘proq sarflashga muhtoj bo‘lyapti. 

Aslida, bu urushda qatnashish uchun katta kuch mavjud. Fors ko‘rfazida bir barrel neftni qazib olish xarajati bir stakan mineral suv bahosida turadi. Hatto bir barrel neft narxi 10 AQSh dollarigacha tushib ketadigan va dunyodagi barcha neft ishlab chiqaruvchi sanoatlar katta pul yo‘qotadigan eng keskin holatda ham Fors ko‘rfazi davlatlari “qora oltin” ustida, ziyon ko‘rmay qolaveradi. Ammo bu ularning byudjetlaridagi muvozanatni ushlab turish va dollarga bog‘langan milliy valyutalarini qoplab turish uchun yetarli emas.   

Mintaqadagi markaziy banklar va mustaqil jamg‘arma fondlari shu kabi inqirozlarga, uzoq davom etadigan bo‘hronlarga tayyorgarlik ko‘rish maqsadida katta miqdordagi mablag‘larni yig‘ib qo‘ygan. Shunga qaramay, neft narxi pastlar ekan, bu jamg‘armalar tezlik bilan parchalanishi mumkin.

Masalan, Saudiya Arabistoni hukumati ixtiyoridagi sof moliyaviy aktivlarni olaylik – Markaziy Bank zaxiralari, mustaqil jamg‘arma fondlarining mablag‘lari va davlat qarzlari. 2014-2018 yillar ichida Saudiya Arabistoning yalpi ichki mahsuloit hajmi (YaIM) 0,1%ga kamaygan. Chunki neft xomashyosining bir barreli 2014 yil oxirida 100 AQSh dollari atrofida edi. Ammo qirollik buyog‘iga neft narxi 80 dollarga ko‘tarilsa ham aniq qarzdor bo‘lib qolsa kerak.      

Xalqaro Valyuta Jamg‘armasi (XVJ) hisob-kitoblariga ko‘ra, ayni shu to‘rt yil ichida Fors ko‘rfazidagi olti monarxiya 0,5-2 trillion dollar atrofida pul yo‘qotgan. Fondning ma’lum qilishicha, agar neftga bo‘lgan talab 2040 yilgacha o‘zining cho‘qqisiga chiqmasa, hozir undan kelayotgan mablag‘lar 2034 yilda tugab bitadi. Ammo neft narxi bir barrelga 20 dollar atrofida qolsa, 2027 yilga borib bu davlatlarning g‘aznasi bo‘shab qoladi.    

Naft narxi 50-55 dollar atrofida bo‘lib tursa, 2024 yilning dastlabki 5 oyi mobaynidagi import natijasida Saudiya Arabistonining xalqaro zaxiralari qisqarib ketadi. Bu haqda XVJ o‘tgan yilgi hisobotida ma’lum qilgandi. Bu juda tashvishli istiqbol bo‘lib, qirollikning to‘lov muvozanatini bir necha oy ichida inqirozli holatga tushirib, milliy valyutaning dollarga bog‘liqligiga chek qo‘yar, butun bir avlod umri davomida neft narxi barqaror bo‘lib turganda yuritilgan siyosatni qayta ko‘rib chiqishni taqozo qilar edi. Ammo ayni kunlarda biz guvoh bo‘layotgan neft narxi manzarasida bu ham ancha umidli (optimistik) istiqbol bo‘lib qoladi.

Bunday xavotirli kelajakni o‘zgartirish uchun hali ham vaqt bor. Ammo bu Fors ko‘rfazi davlatlari va ularning jahon iqtisodidagi o‘rni haqidagi tasavvurlarimizga ham keskin ta’sir qiladi. 

Mintaqadagi hukumatlar 2014 yilda neft narxi pasaygach, byudjetda keskin qisqartirishlarni amalga oshirdi, davlat tomonidan beriladigan imtiyozli qarzlarni (subsidiya) bekor qilib, savdo sohasidagi tushumlarga soliq (Qo‘shilgan qiymat solig‘i – QQS) o‘rnatdi. Bu oxir-oqibatda ularning umumiy farovonlikka salbiy ta’sir qildi. Ammo agar neft narxi yanada pastlaydigan bo‘lsa, unda byudjetga bosim oshadi, qo‘shimcha soliqlarni joriy qilish va ortiqcha davlat xizmatlarini qisqartirish kerak bo‘ladi. Hech qachon demokratik saylovlarni ko‘rmagan ushbu davlatlarning fuqarolariga esa bunday choralar ma’qul kelmaydi. Saudiya Arabistoni byudjetining qariyb uchdan bir qismini tashkil etadigan ulkan mudofaa va xavfsizlik xarajatlarini qisqartirishga majbur bo‘lishi mumkin.  

Fors ko‘rfazi davlatlari va ularning mustaqil jamg‘arma fondlari istalgan qit’adagi boyliklarni qo‘lga kiritish uchun katta miqdordagi dollarlarni to‘lashga tayyor “sehrli” pul g‘aznalari davri oxiriga yetganga o‘xshaydi. 

So‘nggi yarim asrda ushbu monarxiyalar juda katta miqdorda boyish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Ammo har qanday imkoniyatning intihosi bor. Kelajak avlod hozirgilar bahra olayotgan boylikni hech qachon ko‘ra olmaydi. Shu ketishda Fors ko‘rfazi davlatlari, baribir, neft ofatidan qochib qutula olmaydiganga – xuddi dunyoning boshqa hududlaridagi neft qazib chiqaruvchi mamlakatlar singari bundan o‘zlari foyda ko‘rmaydigan holatga tushadiganga o‘xshaydi. Bu faqat vaqt masalasi, xolos.  

Tavsiya etamiz






Tavsiya etamiz

Ҳар доим хабардор бўлинг!

carzone.uz мобил иловаларини кўчириб олинг ва барча янгиликлар сиз билан