Валюта курси: Ўз.Р.Марказий банки
USD
АҚШ доллари
EUR
Eвро
RUB
Россия рубли
Sayt test rejimida ishlayapti!!!

Сўнгги янгиликлар






"Fuqarolik yuki" nima?
13.03.2021 18:00,  
925

O‘zbekiston Respublikasining pasport yuzasidan qabul qilingan me’yoriy-huquqiy hujjatlarga ko‘ra, O‘zbekiston fuqaroligidan chiqish fuqaro tashabbusi bilan, chiqarilish esa davlat tashabbusi bilan amalga oshirilishi mumkin. Ikkala holat uchun ham prezident imzosi bilan izn beriluvchi hukumat qarori lozim.

Asosiy xabar va axborotlarni vebsahifalar emas, balki o‘ziga xos fikrlar qaynovchi ijtimoiy tarmoqlar orqali bemalol oluvchi aksariyat o‘zbekistonliklar orasida O‘zbekistonda qo‘sh fuqarolik maqomi haqidagi mavzu vaqti-vaqti bilan qator fikr va mulohazalarga sabab bo‘ladi. Bu masala yuzasidan yaqinda mutasaddi rasmiylarning Kun.uz, Rossiyaning Sputnik O‘zbekiston va Amerika ovozining o‘zbek xizmati muxbirlariga bergan javoblari chop etildi.

Unga ko‘ra, boshqa davlat fuqaroligini qabul qilgan O‘zbekiston fuqarolari O‘zbekistonga qaytganlarida O‘zbekiston fuqaroligidan chiqmagan bo‘lsalar, O‘zbekiston ularni O‘zbekiston fuqarosi sifatida tan oladi. Ya’ni, masalan, chet elga chiqib ketgan O‘zbekiston fuqarosi O‘zbekistonga O‘zbekiston fuqaroligidan chiqmagan holda Rossiya yoki boshqa chet el pasporti bilan O‘zbekistonga kirib kelsa, u O‘zbekiston fuqarosi sifatida tan olinadi.

Ya’ni agar O‘zbekiston fuqarosi “O‘zbekiston fuqaroligidan chiqqan bo‘lsa o‘rnatilgan tartibda, unda ular chet el fuqarolari sifatida tan olinib, vaqtincha ro‘yxatga olinib, kelgusida ularga doimiy yashashga ruxsatnoma ham berilishi mumkin ularning xohish-istaklariga qarab. Bu bo‘yicha O‘zbekiston chegaralarida yoki boshqa xizmatlarda hech qanday muammolar bo‘lmaydi”. Mutasaddilarning bu ikki bayonotlarida ahamiyatga molik muhim urg‘u so‘zlar ‘o‘rnatilgan tartib’ va ‘boshqa xizmatlar’ ekanidir.

Odatda jahon mamlakatlarida fuqarolikni olish odatda ikki yo‘l bilan amalga oshiriladi. Bu lotinchadan “jus sanguinis” – qon huquqi va “jus soli” – tuproq huquqidir. Qon huquqi tamoyili farzandning fuqaroligi u qaysi davlatda tug‘ilganidan qat’iy nazar ota-onaning fuqaroligiga mansub bo‘lishi bilan belgilanadi. Tuproq huquqi esa fuqarolik ota yo ona yoki ikkalovlarining fuqaroliklaridan qat’iy nazar farzand tug‘ilgan yurtning qonunlariga binoan, uning fuqarosi bo‘lish huquqiga ega bo‘ladi. Ammo bu band diplomatlar oilasi uchun taalluqli emas.

Shuni ham qayd etish joizki, oxirgi huquq ko‘p suiste’mol qilinib, undan asosan uchinchi dunyo mamlakat fuqarolari ba’zi Amerika va Yevropa qit’asi davlatlarida doimiy ravishda qonuniy qo‘nim topish maqsadida foydalanadi. Bu ba’zida “tug‘ish turizmi” yoki “langar chaqaloq” nomi bilan ham atalib osiyo va afrikaliklar bu imkoniyatdan foydalangan holda AQSh va Kanadaga, bir bola siyosatidan qanoatlanmagan xitoyliklar esa Gonkongga sayohat qilishadi. Shunga o‘xshash ikki fuqarolik xalqaro huquqda bipatrid atamasi bilan ma’lum imtiyoz hisoblanib, turli mamlakatlarda turlicha ko‘rinish olgan.

O‘zbekistonda O‘zbekiston fuqaroligini olish ham, undan chiqish ham oson emas. O‘zbekiston fuqaroligini olishni istovchilarning aksariyati mamlakat ichkarisidagilar bo‘lsa, O‘zbekiston fuqaroligidan chiqishni istovchilar esa mamlakatni siyosiy, moliyaviy, e’tiqodlari yo boshqa sabablar bois allaqachon tark etib, boshqa davlat fuqaroligini olib bo‘lgan, ammo o‘zlarining hayot va hayot bo‘lmagan yaqinlari xotirasi bilan yashovchi, ona-ota vatanlariga birrov bo‘lsada kelish ilinjidagi kishilardir.  

O‘rnatilgan tartib nima?

O‘zbekistonda fuqarolik masalalari “O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligi to‘g‘risidagi” qonun doirasida ko‘rib chiqiladi. U 2020 y. 13 mart kuni qabul qilingan bo‘lsada, uning barcha bandlari atigi 5 oy avval o‘tgan yilning 15 sentyabridan boshlab kuchga kirgan. Ungacha fuqarolik masalalari 1992 yilning yozida qabul qilingan qonunga binoan 28 yil davomida yuritilib amalda bo‘lgan. O‘zbekistonda fuqarolik va pasport tizimini yaxshiroq tushunish uchun shu qonun kuchga kirgandan ikki kun o‘tib qabul qilingan yana bir boshqa hukumat qarori bilan tanishib chiqish lozim. Unda fuqarolik masalalarini ko‘rib chiqish jarayonida zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish va ushbu sohada ko‘rsatilayotgan davlat xizmatlarining sifatini oshirish maqsadida «E-Fuqaro» idoralararo ma’lumotlar bazasini joriy etish mexanizmlari bayon etilgan.

Mazkur qonunning 12-moddasiga muvofiq, O‘zbekiston fuqarolarining chet davlat fuqaroligiga mansubligi O‘zbekiston Respublikasida tan olinmaydi. Shuningdek,

“O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligidan chiqish yoki fuqaroligini yo‘qotganlik to‘g‘risidagi qarori qabul qilinguniga qadar bir vaqtning o‘zida chet davlat fuqaroligiga ega bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligidan kelib chiqadigan majburiyatlarni bajarishdan bosh tortishi yoki javobgarlikdan ozod etilishi mumkin emas.”

Hozirda O‘zbekiston fuqaroligidan o‘rnatilgan tartibda chiqishning ikki turi mavjud:

Ya’ni, bu haqda yuqorida qayd etilgan qonunning 23, 24, 25-moddalarida quyidagilar yozilgan. Birinchi usul “O‘zbekiston fuqaroligidan chiqish”, deb nomlanib, u O‘zbekiston fuqarosining O‘zbekiston fuqaroligidan chiqish to‘g‘risidagi iltimosnomasiga asosan amalga oshiriladi.

Ikkinchi yo‘l “O‘zbekiston fuqaroligini yo‘qotganlik”, deb atalib quyidagi holatlarda sodir bo‘lishi ko‘zda tutilgan:

25-modda. O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligini yo‘qotish asoslari O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligi quyidagi hollarda yo‘qotiladi:

a) shaxs chet davlatning harbiy xizmatiga, xavfsizlik organlariga, huquqni muhofaza qiluvchi organlariga, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlariga xizmatga kirganligi oqibatida;

b) agar xorijda doimiy yashovchi shaxs yetti yil mobaynida uzrli sabablarsiz doimiy konsullik hisobiga turmagan bo‘lsa;

v) agar O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligiga qabul qilish bila turib yolg‘on ma’lumotlar yoki soxta hujjatlarni taqdim etish natijasida amalga oshirilgan bo‘lsa;

g) agar shaxs chet davlatning foydasini ko‘zlab faoliyat ko‘rsatgan holda yoki tinchlik va xavfsizlikka qarshi jinoyatlar sodir etish yo‘li bilan jamiyat hamda davlat manfaatlariga jiddiy zarar yetkazgan bo‘lsa;

d) agar shaxs ixtiyoriy ravishda chet davlatning fuqaroligini olgan bo‘lsa;

ye) agar shaxs chet davlatning fuqaroligini tug‘ilganlik bo‘yicha yoxud chet davlat fuqarosi bo‘lgan otasining yoki onasining fuqaroligi asosida, voyaga yetmagan yoshida olgan bo‘lsa va yigirma bir yoshga to‘lguniga qadar chet davlat fuqaroligidan chiqishni rasmiylashtirmagan bo‘lsa.

Shaxsning O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligini yo‘qotganligi uning erining (xotinining) va farzandining (bolalarining) fuqaroligi o‘zgarishiga sabab bo‘lmaydi.

Jo‘nroq qilib aytiladigan bo‘lsa O‘zbekiston fuqaroligidan chiqish fuqaro tashabbusi bilan, chiqarilish – ehtimol “haydalish kuyini chalish” – esa davlat tashabbusi bilan amalga oshiriladi. Ikkala holat uchun ham prezident imzosi bilan izn beriluvchi hukumat qarori lozim.

Qanday holatlarda fuqarolik masalalariga oid materiallarni ko‘rib chiqish tugatiladi?

42-modda.

a) shaxsning davlat oldida bajarilmagan majburiyatlari yoki fuqarolar yoxud davlat organlari va boshqa tashkilotlar manfaatlari bilan bog‘liq bo‘lgan uning mulkiy majburiyatlari mavjudligi;

b) shaxsning qidiruvda ekanligi;

v) agar shaxs ayblanuvchi sifatida jinoiy javobgarlikka tortilgan, sudlangan va jazoni o‘tayotgan bo‘lsa;

g) shaxsga nisbatan qonuniy kuchga kirgan va ijro etilishi lozim bo‘lgan sud hukmining mavjudligi;

d) bila turib yolg‘on ma’lumotlar yoki soxta hujjatlar taqdim etganlik;

ye) O‘zbekiston Respublikasining davlat xavfsizligi manfaatlariga zidlik;

j) shaxsning vafot etganligi.

“E-Fuqaro” idoralararo ma’lumotlar bazasi tarkibida Majburiy ijro byurosi, Davlat soliq qo‘mitasi, Adliya vazirligi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Mudofaa vazirligi, Byudjetdan tashqari pensiya jamg‘armasi, Oliy sud, Bosh prokuratura, Davlat xavfsizlik xizmati, Ichki ishlar vazirligi, Tashqi ishlar vazirligidan iborat davlat muassasalarining borligi, ularning timsolidagi o‘zbek adolat femidasi fuqarolarning kommunal xizmat to‘lovlari bo‘yicha qarzdorlik, o‘ta yirik miqdordagi iqtisodiy jinoyatlar, firibgarlik, tovlamachilik, aliment, chetga legal ketgan-ketmaganligi, harbiy xizmatdan bo‘yin tovlash kabi majburiyat hamda qator boshqa jinoiy va ma’muriy javobgarliklardan holi ekanligini tasdiqlash belgilanganligini anglash mumkin. Nazarimizda, brifingda zikr etilgan “boshqa xizmatlar” birikmasi kosa ostidagi nimkosa sifatida aynan shu idoralarning fuqarolikdan chiqish istagida bo‘lgan shaxslarga nisbatan hech qanday da’volari mavjud emasligiga amin bo‘lish lozimligi nazarda tutilgan.

Bu borada mamlakat Ichki ishlar vazirligining 2020 fevraldagi ma’lumotiga ko‘ra, xorijiy davlatlarning huquqni muhofaza qilish idoralari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tadbirlar natijasida Rossiyada 424 nafar, Qozog‘istonda 94, Qirg‘izistonda 22, Belarusda 4, Ozarbayjon va Tojikistonda 3 nafardan iborat qidiruvdagi shaxslar qo‘lga olinib, ulardan 182 nafari ekstraditsiya qilinib, O‘zbekistonga olib kelingan.

Yana bir jihati fuqarolikka qabul qilish, tiklash, fuqarolikdan chiqish yoki uni yo‘qotishga doir qarorlar Prezident huzuridagi Fuqarolik masalalari komissiyasi tomonidan shakllantirilgan idoralararo ma’lumotlar bazasi xulosalari asosida O‘zbekiston Prezidentining farmonlar tarzida qabul qilinadi va imzolangan kundan e’tiboran kuchga kiradi.

2017 yilgacha O‘zbekistonda 20 yillab yashab, O‘zbekiston fuqaroligini minglab kishilar ola olishmagan va ularga “Fuqaroligi bo‘lmagan shaxs( Litso bez grajdanstva)” hujjatiga ega bo‘lishgan. Ushbu qonunga binoan fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga “O‘zbekiston Respublikasi hududida doimiy yashab turgan, O‘zbekiston Respublikasining fuqarosi bo‘lmagan va o‘zining chet davlat fuqaroligiga mansubligiga doir dalilga ega bo‘lmaganlar” tavsifi berilgan. Xalqaro huquqda ularga nisbatan “apatrid” atamasi ishlatiladi.

Avvalroq ayrim tilshunoslar “fuqaro” so‘zi arab tilida faqir va kambag‘al ma’nolarini anglatishini, shu bois uning o‘rniga “vatandosh” so‘zini qo‘llash lozimligi haqida mulohaza yuritishgan edi. Qozog‘istonda fuqarolarga nisbatan “azamat”, Qirg‘izistonda “jarani”,  Tojikistonda “shahrvandi”, Turkmanistonda “rayati”, Turkiyada “vatandaş” kalomlari ishlatiladi. Vatandosh so‘ziga ega O‘zbekiston milliy qonunchiligida quyidagicha tavsif berilgan:

“vatandosh — O‘zbekiston Respublikasi hududida tug‘ilgan yoki ilgari uning hududida yashagan, O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligiga ega bo‘lmagan, O‘zbekiston Respublikasi hududidan tashqarida yashaydigan shaxs va uning nasl-nasab shajarasi bo‘yicha to‘g‘ri tutashgan o‘zidan keyingi qarindoshlari, basharti, agar ularning nasl-nasab shajarasi bo‘yicha to‘g‘ri tutashgan o‘zidan oldingi qarindoshlari O‘zbekiston Respublikasi hududida yashayotgan bo‘lsa hamda O‘zbekiston Respublikasining fuqarolari bo‘lsa”.

O‘zbekiston pasporti bir necha marotaba o‘zgargan – mustaqillikdan keyingi dastlabki hozirda eski, deb ataluvchi pasport; IKAO talablariga ko‘ra 2011 yildan boshlab joriy etilgan biometrik pasport; 2019 yildan boshlab xorijiy qizil pasport va 2021 yildan boshlab mamlakat ichida amalda bo‘luvchi ID-kartalardir. 10 yil davomida xorijiy davlatlarga chiqish huquqini beruvchi qizil pasport joriy qilingunga qadar erkin harakatni cheklovchi sovet davri arxaikasi sifatida ko‘plab tanqidlarga sabab bo‘lgan chetga chiqish uchun rasmiylashtiriluvchi ikki yillik OVIR stiker vizasi amalda bo‘lgan. Usiz MDHga a’zo Armaniston, Belarus, Moldova, Ozarbayjon, Ukraina va Qozog‘istonga sayohat qilish mumkin edi. Ammo bexosdan yo boshqa sabablar bois muddati o‘tgan stiker bilan sanab o‘tilgan davlatlar orqali uchinchi davlatga o‘tib ketgudek bo‘linsa, davlat chegarasini noqonuniy kesib o‘tish ayblovi bilan og‘ir ma’muriy va jinoiy javobgarlikka tortilishga sabab bo‘lingan.

2019 yilning kuzida O‘zbekistonning chet eldagi qator elchixonalari xorijiy davlatlarga doimiy yashashga chiqib ketganliklariga uch yildan oshgan bo‘lsada konsullik hisobiga turmaganlari bois O‘zbekiston fuqaroligini yo‘qotishlari mumkin bo‘lgan 1150 nafar shaxsning ro‘yxatini e’lon qilgan.

O‘zbekiston pasportining tez-tez o‘zgarishi ehtimol ba’zi kuzatuvchilar nazdida, xorijda yurgan Yaqin va O‘rta Sharq harbiy mojarolariga aralashib qolgan o‘zbekistonliklarning fuqarolikka mansublik darajasini muayyan darajada jilovlash bilan bog‘liq bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Hamma hujjatlari joyida bo‘lgan ayrim holatlarda ham O‘zbekiston fuqarolari mamlakatga kiritilmagani qator onlayn axborot sahifalarida ma’lum qilingan edi. Muqaddam hukumat mavqeidan mustaqil dunyoqarashga ega deb qabul qilinuvchi ayrim vatandoshlar Toshkent aeroportining o‘zidan ortga qaytarib yuborilgan holatlari yuz bergan bo‘lsa, ba’zilari esa ichkariga olib kirib ketilib, so‘roq qilinib, so‘ngra qo‘yib yuborilgan. E’tiroz bildiruvchilarga fuqarolikning yo‘qolishiga sabab qilib, 2013 yilda qabul qilingan rasman e’lon qilinmagan ichki hujjat asos sifatida ko‘rsatilgan. Ushbu holat tanqidchilariga ko‘ra, bu qaror bilan mamlakat muxolifatchilarni davlat tashqarisida masofada tinchgina ushlab turishni afzal ko‘rayotgani belgisi sifatida baholamoqdalar.

Faqat so‘nggi yillardagi o‘zgarishlar asnosida, O‘zbekistonga 1995 yilgacha ko‘chib kelgan 50 ming nafardan ortiq shaxslarga O‘zbekiston fuqaroligi berilgan. Yaqin orada O‘zbekiston 2005 yilgacha respublikaga kelib doimiy yashayotgan, fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga ham to‘g‘ridan-to‘g‘ri O‘zbekiston fuqaroligini berib, bu imkoniyatdan yana 20 ming kishi bahramand bo‘lish arafasida. Yaqin istiqbolda esa O‘zbekistonda 15 yil muqim yashagan shaxslarga fuqarolik berish rejalashtirilgan. Bu haqda Prezident Sh.Mirziyoyev o‘zining Oliy Majlisga murojaatnomasida ma’lum qilgan. 

Qo‘sh fuqarolik masalasiga o‘ta xassoslik bilan yondashilishining yana bir tomoni, bu katta siyosatda qo‘llaniluvchi fuqarolikni berish oqibatlari hududiy yaxlitlikning darz ketishiga olib keluvchi geostrategik manfaatlar to‘g‘risidagi voqe’lik ham bo‘lishi mumkin. Bunga misol sifatida Vengriya, Ruminiya va Rossiyaning Moldova va Ukrainaning o‘n minglab aholisiga o‘z pasportlarini yoppasiga rasmiylashtirib berganini keltirish mumkin. 

Muxtasar qilib aytiladigan bo‘lsa, qo‘sh fuqarolik xavfsizlik va hukumat belgilagan jinoyat uchun jazo muqarrarligi nuqtai nazaridan O‘zbekistonda rasman ta’qiqlangan, har bir iltimosnoma esa holatlar bo‘yicha o‘rnatilgan tartibda tegishli xizmatlar bilan o‘zaro muvofiqlashtirilgan holda alohida-alohida ko‘rib chiqilishi qonun hujjatlari va hukumat qarorlarida belgilangan.

Dunyodagi 6 ta hudud va BMTga a’zo 193 mamlakatning ochiqlik darajasi, pasport, viza tizimlari hamda fuqarolarning mobilligini monitoring qilib boruvchi qarorgohi Londonda joylashgan Henley & Partners (H&P) xalqaro konsalting kompaniyasining 2021 yilgi reytingi bo‘yicha O‘zbekiston 86-o‘rinni egallagan. Bu ro‘yxatda Markaziy Osiyo davlatlari orasida O‘zbekiston Turkmaniston (90)dan oldinda, Qozog‘iston (70) esa peshqadam, Qirg‘iziston (80) va Tojikiston (85) bizdan sal tepada. Negadir ko‘zga ko‘ringan islohotlarga qaramasdan O‘zbekistonning pasport jozibadorligi darajasi 2006 yilgi 72-o‘rindan hozirgi holatga toifalashtirilgan. Mazkur reytingda 1-o‘rinda Yaponiya, oxirgi 110-o‘rinda Afg‘oniston turadi.

O‘zbekiston fuqarolarining O‘zbekiston pasport rejimi bilan bog‘liq so‘nggi yuridik ma’lumotlarga ega bo‘lishlari ularni noxush kazuslardan himoyalanishlari hamda o‘z huquqlaridan oqilona foydalana olishlariga xizmat qilishi mumkin.

Tavsiya etamiz






Tavsiya etamiz

Ҳар доим хабардор бўлинг!

carzone.uz мобил иловаларини кўчириб олинг ва барча янгиликлар сиз билан