Валюта курси: Ўз.Р.Марказий банки
USD
АҚШ доллари
EUR
Eвро
RUB
Россия рубли
Sayt test rejimida ishlayapti!!!

Сўнгги янгиликлар






Fuqarolik sudi: ko‘z ko‘rib, quloq eshitmagan ishlar...
29.11.2019 20:31,  
2678

IBTIDO. Sudlarda ajabtovur voqeliklar uchrab turgani bor gap. Ayniqsa, bir shoir "qora tush"ga o‘xshatgan yaqin o‘tmishda. Yaqin o‘tmishki, hali ko‘pam uzoqlashganicha yo‘q: nari ketganiga, ketayotganiga endi uch yil o‘tmoqda. Shu qisqa muddat ichida tizimida ancha-muncha o‘zgarishlar bo‘ldi, to‘g‘ri. Biroq yaqin o‘tmish asoratlaridan to‘la qutildik, deyishga juda-juda erta, shekilli. Negaki, hali-hamon sudlar ko‘z ko‘rib, quloq eshitmagan ishlar ro‘y berib turibdi. Tahririyatimizga murojaat etgan Ikrom Haitovning nolalari shunday o‘ylashga majbur qildi.

QAHRAMON. "...2016 yilning dekabrida kutilmaganda hibsga olindim, - deya gap boshladi qahramonimiz. - Mirobod tumani IIB tergovchisi meni firibgarlikda ayblab, jinoyat ishi qo‘zg‘atgani hamono oyog‘imni yerga tekkizmay "tiqib" qo‘ydi. Emishki, men Azamat Gaybnazarov degan fuqaroning ishonchiga kirib, juda katta miqdorda pulini olib, qaytarmay aldab yurganmishman?!".

MUALLIF: Haitovning hibsga olinishi kutilmagan hol bo‘lgani rost. Nega desangiz, A. Gaybnazarovning murojaati Miroboddan avval Yuunsobod tumani Ichki ishlar bo‘limi tomonidan obdon o‘rganilib, "firibgarlik" fakti tasdiqlanmagan, shunga ko‘ra jinoyat ishi qo‘zg‘atishni rad qilish haqida qaror qabul qilgan ekan-da. Keyinroq, A. Gaybnazarovning qayta murojaatidan so‘ng "ish" Mirobod tumani IIBga o‘tkazilgach, hammasi teskari aylanibdi: jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, I. Haitov hibsga olinadi...

Keyin-chi?

QAHRAMON: "...Hibsda roppa rosa 55 kun o‘tirdim. Bu vaqt davomida tergovchi ikki-uch marta so‘roq qilgan bo‘ldi, xolos... Tergov muddati oxiriga yetgani sari "delo"ni u qilib ko‘rdi-bu qilib ko‘rdi, ammo natija chiqmadi baribir. Ochilgan "delo"ni yopishga, meni ozod qilishga majbur bo‘ldi. Xullas, ayblovni meni hibsga olib ham tasdiqlay olishmadi...".

MUALLIF: ochilgan "delo"ni yopish osonmi? Ustiga ustak, tergovchi avvalboshdanoq gumondorni qamoqqa olgan bo‘lsa?! Hechda. Qo‘zg‘atilgan jinoyat ishini harakatdan tugatib, gumondorni ozodlikka chiqarish, bu tergovchi o‘z boshini o‘zi kundaga qo‘yshi bilan barobar. Shunday holat sodir bo‘libdimi, demak, I. Haitovning gaplaridan jon bor. Keyinroq "delo" Toshkent viloyati IIB tergov departamentiga olib berilib, yana bir karra, hisob bo‘yicha uchinchi tergovda ham qahramonimizning xatti-harakatlarida jinoyat alomatlari topilmagani - u birovni "uxlatib ketmagani"ning inkor etib bo‘lmas dalili! Surishtiruv-tergov degani bir-ikki kunda yakuniga yetadigan jarayon emas. Bunda har bir holat, har bitta detal sinchkovlik bilan tekshiriladi, o‘rganiladi. So‘roq-savollar bilan taqqoslanib, qonun qarichi bilan o‘lchanadi. Shundan so‘ng muayyan qarorga kelinadiki, bu jarayon oylab davom etishi tayin. Bundan o‘tkazilgan uch karra tergov harakatlari bir yildan ko‘proqqa cho‘zilganini anglab olavering. Bu vaqt mobaynida yo‘qoltilgan halovat, qaqshagan asab, putur yetgan sog‘liq, bola-chaqaning ahvoli, o‘lda-jo‘lda qolgan ishlar.... Bularni tasavvur etish mumkindir, biroq his etish qiyin baribir. Tana boshqa - dard bilmas, degan gap bekorga aytilmagan.

Shu bilan g‘urbatlar poyoniga yetdimi?

QAHRAMON: "... Uch bor o‘tkazilgan tergovlardan "omon" chiqqach, nafas rostlashga ulgurmadim hatto. Ichki ishlar organiga murojaat qilib, "murodi hosil bo‘lmagan" Azamat Gaybnazarov fuqarolik sudiga da’vo ariza kiritibdi. Mazmuni o‘sha-o‘sha: go‘yoki aldov yo‘li bilan undan katta miqdorda pul olib, bermay yurgan emishman... Aldov yo‘li bilan pul olib, bermay yurish - qip-qizil firibgarlik! "Firibgarligim" bir emas, uch marta tergov yo‘li bilan o‘rganildi, biroq tasdig‘ni topgani yo‘q. Shundan keyin A. Gaybnazarov "tuhmat"da ayblanib, javobgarlikka tortilishi kerak edi, aslida. Menga kelganda yeng shimarib ishga tushadigan tergov organi unga kelganda go‘yoki "g‘ayrati so‘nib" qolayotganidan hayron bo‘lib yurgan edim, bu yoqda sud mashmashasi boshlandi...".

MUALLIF: Zukko o‘quvchi uch karra tergov yo‘li bilan o‘rganilib, tasdig‘ini topmagan vajlardan iborat da’vo-ariza fuqarolik sudida ko‘z yumib rad etilishi yaxshi biladi. Biroq qahramonimiz misolida buning g‘irt teskarisi bo‘ldi: da’vo "ko‘z yumib" qanoatlantirildi! Fuqarolik ishini shaxsan FIB (fuqarolik ishlari bo‘yicha) Uchtepa tumanlararo sudi raisi M. Imomov ko‘rib, bunday qaror chiqargani esa, yuqorida aytgan gap - "sudlarda hamon ko‘z ko‘rib, quloq eshitmagan ishlar ro‘y berayotganiga" yaqqol dalil emasmi?!

Sud raisining hal qiluv qarori chiqarguncha qilgan boshqa xatti-harakatlarini-ku, aytmang...

QAHRAMON: "...Rosti, suddan ko‘nglim to‘q edi. Shu-uncha tergovda tasdig‘ini topmagan vajlar sudda qanday topsin?! Ustiga ustak, fuqarolik sudida! Bilasiz, hatto sud jarayonida biror holatda jinoyat uchquni ko‘ringuday bo‘lsa, darhol ajrim chiqarib, tergov organiga oshiriladi: qaranglar-chi, jinoyat bormi yoki yo‘qmi, deb... Mening misolimda buning teskarisi bo‘layotugandi: tergov yo‘li bilan tasdig‘i topmagan vajlar sudda ko‘rilmoqda! Yana deng, fuqarolik sudida! Qisqasi, kutganimning aksi bo‘ldi: tergovda aniqlanmagan, tasdiqlanmagan vajlar fuqarolik sudida... asosli (?) deb topilib, da’vo qanoatlantirildi! Buni tasavvur qilyapsizmi?".

MUALLIF: Hayratingizni jilovlab turing. Bu hali hammasi emas. A Sud da’vo arizani ish yurituvga qabul qilishining o‘zi qiziq: da’vo muddati allaqachon o‘tib ketgandi-da. Ikkinchidan, muddati uzrsiz o‘tkazib yuborilgan da’vo-ariza ish yurituvga qabul qilinibdi, xo‘p. Davlat boji nima bo‘ldi, deng? Bor-yo‘g‘i bir million so‘m boj to‘langan, xolos. Vaholanki, da’vogar da’vo qilinayotgan summadan kelib chiqilsa, DAVLATGA TO‘LANIShI ShART BO‘LGAN BOJ MIQDORI bir necha o‘nlab (!) million so‘mni tashkil etadi! Shunga qaramay sud raisi M. Imomov da’vogar go‘yoki hech qayerda ishlamasligi, moddiy ahvol tangroq ekanini bildiruvchi MFY bergan ma’lumotni asos qilib, boj to‘lashni kechiktirish haqida ajrim chiqarib beribdi. Biroq ko‘p o‘tmay A. Gaybnazarov qozoni suvga tashlangan kambag‘al emas, qoni to‘q, usti but, hatto "Kaptiva"ga ega boyvachcha, MFYdan keltirgan ma’lumotnoma esa soxta ekani oshkor bo‘ladi. Ikrom Haitov shu haqda sudga tegishli hujjatlarni taqdim etarkan, da’vogarning "Kaptiva"siga band solishni so‘rab, ariza kiritdi. Sud raisi M. Imomov: " bu arizangizni keyingi sud majlisida ko‘ramiz", deb bir hafta tanaffus e’lon qiladi. Bir haftadan so‘ng "Kaptiva"ga band solish haqida ajrim chiqaradi ham. Biroq bu orada A. Gaybnazarov qimmatbaho mashinasini sotib (yoki birovning nomiga o‘tkazib), yana "kambag‘alga aylanib" ulgurgani bois sud davlat boji masalasini muhokama qilib o‘tirmay ishi kelgan joyidan davom ettaveradi... Natijani bilasiz: davlat boji to‘lashdan qochib, soxta ma’lumotnoma asosida soxta kambag‘alga "aylanib", davlatni aldagan A. Gaybnazarovning tagi puch da’vosini sud davlat nomidan hal qiluv qarori chiqargan holda qanoatlantirib berdi! Fuqarolik ishiga oid boshqa tafsilotlarni qo‘yaylik: sud raisining shu xatti-harakatlarining o‘zi uning xolis, sud qarori qonuniy va asosli ekaniga asosli shubha tug‘dirmaydimi?

QAHRAMON: "...Fuqarolik ishlari bo‘yicha Uchtepa tumanlararo sudi raisi M. Imomovning "kashfiyotlari" shulardan iborat emas. U hali sud majlisi boshdanmayoq "oruzlarini oshkor qilish"ni boshlab yuborgandi. Avvaliga "aylanma yo‘llar" orqali da’vo arizani ish yurituvga qabul qilib ko‘plarni hayratlantirgan bo‘lsa, keyin da’voni ta’minlash haqida ajrim chiqarib, meni mamlakatdan chiqishimga ta’qiq qo‘ydi, shuningdek, uy-joyimdan tashqari singlim rahbarlik qilayotgan "Uzpromtek-Buxoro" sho‘’ba korxonasining mulklari-yu hisob-raqamlariga ham band soldi. Vaholanki, sho‘’ba korxonani fuqarolik ishiga aloqasi yo‘q! Garchi sho‘’ba korxonaga solingan bandda "ish haqi va boshqa majburiy to‘lovlar" istisno qilingan bo‘lsa-da, uning faoliyati amalda to‘xtab qoldi. Axir, korxona faoliyat yurtsagina ish haqi va boshqa majburiy to‘lovlarni amalga oshiradimi? Sho‘’ba korxona faoliyati M. Imomovning g‘ayriqonuniy ajrimi sabab to‘xtagani oqibatida o‘nga yaqin ishchilar tirikchiligidan mosuvo bo‘ldi. Boshqa zararlarning hisob-kitobi bir necha yuz million so‘mni tashkil etadi...".

MUALLIF: Qahramonimizning gaplarini mubolag‘aga yo‘ymang. Taqdim etgan hujjatlarni ko‘rdik. Qayta-qayta. Darhaqiqat, sud raisining da’voni ta’minlashga qaratilgan qonunga zid ajrimi sho‘’ba korxona faoliyatiga bolta urgani aniq. Bu hol O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining 2019 yil 30 iyulidagi ajrimida yaqqol ifodasini topadi. Unda "Uzpromtek-Buxoro" sho‘’ba korxonasi nizo bo‘yicha taraf hisoblanmasligi ta’kidlanishidan tashqari FIB Uchtepa tumanlararo sudi raisi M. Imomov "...ushbu korxonaning faoliyatini to‘xtatib qo‘yishi mumkinligiga e’tibor bermasdan, shoshma-shosharlik bilan da’voni ta’minlash chorasini ko‘rgani" alohida qayd etiladi. Sud raisi M. Imomovning da’voni ta’minlash haqidagi 2018 yil 9 fevralda chiqargan qonunga zid ajarimi Oliy sud tomonidan 2019 yil 30 iyul kuni bekor qilingani e’tiborga olinsa, sho‘’ba korxona naq 18 oy "tutqunlikda qolgani", buning oqibatida faoliyati to‘xtab, shu yerda mehnat qilgan o‘nga yaqin ishchilar bekor qolishi natijasida ularning oila a’zolari ne ahvolga tushganini tasavvur qilyapsizmi? Davlat va jamiyatga yetgan zararlarni-chi?

YaNA MUALLIF: Yuqoridagi bayonlarni o‘qib, masala Oliy sudgacha kelib, hammasiga qonuniy nuqta qo‘yilibdi-da, degan xayolga borsangiz - adashasiz. To‘g‘ri, fuqarolik ishi Oliy sudning tegishli sudlov hay’atida ko‘rilgach, vaziyat biroz o‘zgardi. Ya’ni, FIB Uchtepa tumanlararo sudining da’voni ta’minlash haqidagi ajrimi bekor qilindi. Shuningdek, birinchi bosqich sudi hal qiluv qarorini qariyib o‘zgarishsiz qoldirgan (!) FIB Toshkent shahar sudi kasssiya instansiyasining ajrimi ham bekor qilinib, ish shu bosqichda qayta ko‘rish uchun yuborildi.

QAHRAMON: "...Shunga qaramay shakl o‘zgardi, ammo mohiyat o‘zgargani yo‘q. Fuqarolik ishi Oliy sud ajrimiga muvofiq, FIB Toshkent shahar sudining kassatsiya bosqichida qayta ko‘rilishi kerak edi. O‘tgan to‘rt oy davomida ikki marta sud bo‘ldi, xolos. Birinchi sud majlisidan keyin "delo"ni Oliy sud chaqirib oldi, deya noma’lum muddatga tanaffus e’lon qilindi. Noyabr oyi boshlarida yana sudga chaqirishdi. Bordik. Sud majlisi o‘n daqiqaga bormadi - prokurorning "ish bilan tanishish uchun vaqt so‘ragani" e’tiboridan boshqa kunga qoldiridi. Ammo belgilangan sanadan bir kun burun xabar keldi suddan: "delo"ni yana Oliy sud chaqirib olibdi..."

MUALLIF: Oliy sud ishni nazorat bosqichida ko‘rib, shaharga yuborgan bo‘lsa-da, vaqti-vaqti bilan yana chaqirib olib, "kinna solayotgani" taajjubli, albatta. Qiziq, mazkur fuqarolik ishida qanday sir-sinoat borki, unga hatto oliy mahkama alohida e’tibor va muhabbat bilan qarayversa?! (mazkur fuqarolik ishi bo‘yicha arilgan sud hujjatlari Oliy sudgacha "betalofat" yetib borgani alohida-ku mavzu) Bu nimadan dalolat? Manfaatdorlikdanmi yoki sud xodimlarining qandaydir kuchlar oldida ojiz qolayotganining belgisimi? Mayli, bashoratga berilishning mavridi emas hozir. Bunday sirli-sirli holatlar zamrida qanday omillar yotmasin, fuqarolarning sudlar bo‘lgan ishonchiga putur yetayotgani aniq. Bu esa, Prezident siyosatiga xiyonatdan boshqa narsa emas.

Voqealar rivojini vaqt ko‘rsataveradi. Mavzuga qaytish qochmas.

Akbar Alishayxov

Azon.uz saytidan olindi.

Tavsiya etamiz






Tavsiya etamiz

Ҳар доим хабардор бўлинг!

carzone.uz мобил иловаларини кўчириб олинг ва барча янгиликлар сиз билан