Валюта курси: Ўз.Р.Марказий банки
USD
АҚШ доллари
EUR
Eвро
RUB
Россия рубли
Sayt test rejimida ishlayapti!!!

Сўнгги янгиликлар






Germaniya klinikasi Aleksey Navalniy zaharlangani bildirdi
24.08.2020 20:04,  
344

Germaniya, Charite: Aleksey Navalniy zaharlangan - Putinning Rossiyadagi ashaddiy tanqidchisi yotgan kasalxona hozirgina xuddi ana shunday bayonot bilan chiqdi. Bu haqda Bi-Bi-Si xabar bermoqda.

Kasalxonaning bildirishicha, o‘zlari olib borgan tekshiruv natijalari uning zaharlanganiga dalolat qilmoqda.

Muxolifat faolining matbuot kotibi va yaqinlari avvalboshdan uning zaharlanganini da’vo qilib kelishgan.

Ammo u dastlab keltirilgan Omsk viloyati kasalxonasi shifokorlari bunday ehtimolni rad etib chiqishgandi.

Aleksey Navalniy: Putinning Rossiyadagi ashaddiy tanqidchisi

U Putin partiyasini "firibgar va o‘g‘rilar" uyasi, deb ataydi. Prezidentning tuzumini "Rossiya qonini so‘rib yotganlik"da ayblaydi. Qurilayotgan "feodal davlat"ni yakson qilishga va’da berib keladi.

Hozir Navalniy yotgan Germaniyadagi kasalxona esa, politsiyaning uzluksiz nazorati ostida.

Korrupsiyaga qarshi kampaniyalari bilan tanilgan Aleksey Navalniy Prezident Vladimir Putin muxoliflarining eng yorqin vakiliga aylangan.

U hukumatga qarshi namoyishlarga yetakchilik qilgan.

Ammo u o‘zining eng katta orzusi - Putinga saylovda raqiblik qilishga erisha olgani yo‘q hali.

Rossiya sudining uni o‘g‘irlikda ayblab chiqargan hukmi asosida hukumat Navalniyga 2018 yilgi prezidentlik saylovida o‘z nomzodini qo‘yishni taqiqladi.

Navalniy o‘ziga nisbatan ayblovlarni qat’iy rad qilib, bu o‘tkir tanqidlari uchun Kremlning chorasi, deb aytgan.

Ko‘pchilik uning hamon ozodlikda yurganidan hayratlanadi.

Shunday bo‘lsa-da, 2020 yil 20 avgust kuni u zaharlanish gumoni bilan kasalxonaga yotqazildi.

Bu muxolifat liderining shubhali tarzda ikkinchi zaharlanish holatidir.

O‘tgan yili unga qamoqda ekanida "kontakt dermatit" tashxisi qo‘yilgan edi. Shifokor uning "qandaydir zaharli modda" bilan kontakt qilganini aytgan edi.

Uning hamkori Kira Yarmishning aytishicha, korrupsiyaga qarshi kampaniyachi parvoz vaqtida o‘zini yomon his qilgan va uchoq Omskka favqulodda qo‘nishga majbur bo‘lgan. 20 avgust kuni Navalniyning choyiga nimadir qo‘shib berilganini gumon qilganliklarini aytadi Yarmish.

Taniqli bloger

Navalniy bir tomondan Kreml uchun bir tikan bo‘lsa, boshqa tomondan, muxolifat orasida ham uning o‘zini tanqid qiladiganlar bor. Uning millatchiligi uchun ham tig‘iga tutadiganlar oz emas.

2014 yili "Exo Moskvi" bilan intervyuda Prezident Putinning Ukrainaning Qrim yarim orolini anneksiya qilishiga munosabati so‘ralganda, Navalniy garchi Qrim xalqaro huquq me’yorlarini buzgan holda "tortib olingan" bo‘lsa-da, "hozir u Rossiyaning bir qismi", "Qrim bizniki" deb javob bergan edi.

U Rossiya siyosatida 2008 yilda - Rossiyadagi davlat nazorat qiluvchi korporatsiyalardagi korrupsiyani tanqid qilib, blog yuritishni boshlaganida paydo bo‘ldi.

U qo‘llaydigan taktikalardan biri katta neft kompaniyalari, banklarning aksiyasini sotib olib, kichik aksiyador sifatida ularning moliyaviy holatidagi teshiklar haqida surishtirish edi.

O‘z fikrini asosan yoshlardan iborat tarafdorlariga yetkazish uchun ijtimoiy mediada o‘tkir, tikanli so‘zlardan foydalanishi, Putinga sadoqatlilarni masxaralashi uning siyosiy uslubi ramziga aylandi.

"Firibgarlar va o‘g‘rilar"

Korrupsiyaga qarshi kampaniya Navalniyni korporatsiyalarni tanqid qilishdan hukmron partiya bo‘lmish "Yagona Rossiya" partiyasiga muxoliflik qilishgacha olib keldi.

2011 yilgi parlament saylovlari arafasida - Navalniy unda nomzod sifatida qatnashmagan edi - u o‘z o‘quvchilarini saylovda "Yagona Rossiya" partiyasiga qarshi har qanday boshqa partiyaga ovoz berishga chaqirdi, bu partiyani esa "firibgarlar va o‘g‘rilar partiyasi", deb atadi.

"Yagona Rossiya" partiyasi saylovda yutib chiqdi. Ammo avvalgidek ko‘pchilik ovoz bilan emas. Uning g‘alabasidan so‘ng ovozlarni soxtalashtirish bilan bog‘liq iddaolar urchib, Moskva va ba’zi yirik shaharlarda namoyishlar boshlanishiga sabab bo‘ldi.

Navalniy 2011 yil, 5 dekabr kuni birinchi namoyishdan so‘ng qo‘lga olinib, 15 sutka qamalib chiqqan. Ammo saylovdan keyin, 24 dekabr kuni Moskvada o‘tgan 120 000 kishilik yirik mitingda nutq so‘zlagan.

Putin keyinchalik osonlik bilan qayta saylandi, Rossiyaning qudratli Tergov qo‘mitasi esa, Navalniyning o‘tmishi, hatto uning huquqshunos sifatidagi kvalifikatsiyasini ham tekshirishni boshladi.

2013 yili Kirov shahrida u o‘g‘irlikda ayblanib, qisqa muddatga qamalganida berilgan 5 yillik muddatni ko‘pchilik siyosiy sabablarga bog‘lab izohladi.

Kutilmaganda Navalniyni Moskva meri saylovida nomzodini qo‘yib qatnashishi uchun qamoqdan chiqarishdi. Saylovda u 27 foiz ovoz bilan Putinning ittifoqchisi Sergey Sobyanindan keyingi ikkinchi o‘rinni oldi.

Davlat telakanallariga chiqishi cheklangan, internetga va og‘zaki targ‘ibotgagina suyangan odamning buncha ovoz olishi sezilarli muvaffaqiyat edi.

Birinchi sud jarayonida uni yetarlicha eshitishmagan, deb topgan Inson huquqlari bo‘yicha Yevropa sudi qaroridan keyin Rossiya Oliy sudi nihoyat unga chiqarilgan hukmni bekor qildi.

So‘ng 2017 yilda u ikkinchi marta yana aybdor, deb topildi, avval kuchdan qoldirilgan besh yillik ozodlikdan mahrum qilish jazosi qayta tayinlandi. Navalniy bu hukmni absurd deb atadi va bularning bari uni 2018 yilgi saylovda qatnashmasligi uchun qilinayotganini ta’kidladi.

Kurashni davom ettirish, Rossiyada...

Garchi Navalniy qamalgan sobiq oligarx Mixail Xodorkovskiy kabi jamoat e’tiborida bo‘lmagan esa-da, bu ikki shaxs o‘rtasida muayyan o‘xshashliklar bor.

Xodorkovskiy o‘n yil Rossiya hibsxonasida umrini o‘tkazgach, 2010 yili sud uni ikkinchi muddatga yana hukm qildi va yangi hukm 30 dekabr kuni - aksar rossiyaliklar Yangi yil bayrami bilan andarmonligida e’lon qilindi.

Hozir Shveysariyada yashayotgan Xodorkovskiydan farqli o‘laroq, Navalniy kurashni Rossiyada davom qilishga va’da berdi.

U 2017 yili Putinga qarshi ruxsat berilmagan namoyishlarni tashkillashtirishda ayblanib, uch marta qamoqqa olindi, 2018 yili boshida ham uni bir muddat ushlab turishdi.

Bi-bi-siga gapirar ekan, u G‘arb Rossiyada adolat bo‘lishi uchun qila oladigan yagona ish - "iflos pullar" aylanishiga chek qo‘yishdir, dedi.

"Korrupsiyaga aralashgan, faollarni ta’qib qilayotganlarning bu davlatlarga kirishiga to‘siq qo‘yilishi, ularga viza berilmasligi kerak, shuni istayman."

Navalniy 2013 yilda qamalganida, sudyaga o‘z hammaslaklari bilan "Rossiyada barpo bo‘layotgan feodal tuzumni yakson qilish, yarim foiz aholi 83 foiz milliy boylikka egalik qiladigan tizimni yo‘q qilish uchun kurashni" davom ettirajagini aytgan edi.

Boshqa tanqidlar qarshisida

Navalniy liberallarda xavotir uyg‘otib, o‘ta millatchilarning tadbirlarida nutq so‘zlagan.

Rus millatchilari ham uning 2010 yili Yel universitetida o‘qigani, AQSh bilan ehtimoliy aloqalaridan xavotir tuyadi.

Shunga qaramay, muxolifat 2012 yili Putinning veteran tanqidchilaridan, shaxmat bo‘yicha sobiq jahon chempioni Garri Kasparovni emas, Aleksey Navalniyni o‘ziga lider qilib sayladi. Vaholanki, saylovchilar unchalik ko‘p emas, atigi 81 801 nafar edi.

Rossiyaning Ukrainadan Qrimni tortib olishi va uning sharqiy Ukrainadagi bo‘lginchilarni qo‘llab-quvvatlashi Putin muxoliflari uchun bosh og‘rig‘i mavzu bo‘ldi.

Ijtimoiy so‘rov natijalariga ko‘ra, rossiyaliklar orasida Qrimning bosib olinishiga xayrixohlar mutlaq ko‘pchilikning tashkil qiladi.

Kreml esa Ukrainadagi ziddiyatlar oloviga yog‘ sepmayatganini ta’kidlaydi.

Navalniy Putinning ittifoqchilariga qarshi sanksiyalar qo‘llanishini ma’qullaydi.

Uning uchun bir savol mudom ko‘ndalang turadi - Moskva va boshqa yirik shaharlardan tashqarida u aholi dastagini ola biladimi?

Aleksey Navalniy haqida muxtasar

1976 yil 4 iyunda Moskva viloyatidagi Butin shaharchasida tug‘ilgan.
1998 yili Moskvadagi Xalqlar do‘stligi universitetini tamomlagan.
2010 yili "Yale World Fellow" dasturi bo‘yicha Yel universitatida yarim yillik o‘quv kursini tamomlagan.
Moskvada xotini va ikki bolasi bilan yashaydi.

Tavsiya etamiz






Tavsiya etamiz

Ҳар доим хабардор бўлинг!

carzone.uz мобил иловаларини кўчириб олинг ва барча янгиликлар сиз билан