Giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar ro‘yxatlari kengaytirildi

Giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar ro‘yxatlari kengaytirildi

Vazirlar Mahkamasining 27 oktyabrdagi qarori bilan muomalada bo‘lishi taqiqlangan va cheklangan giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va prekursorlar ro‘yxatlariga o‘zgartishlar kiritildi, deya xabar qildi Norma.uz.

Muomalada bo‘lishi taqiqlangan giyohvandlik vositalarining ro‘yxati 238 ta pozitsiyadan 265 ta pozitsiyaga, muomalada bo‘lishi cheklanganlarining — 51 tadan 53 taga oshdi. Muomalada bo‘lishi cheklangan psixotrop moddalar 4 taga (81 ta pozitsiyadan 85 ta pozitsiyaga), prekursorlar esa 3 taga (26 ta pozitsiyadan 29 ta pozitsiyaga) ko‘paydi.

Jumladan, tramadol muomalada bo‘lishi cheklangan giyohvandlik moddalar ro‘yxatidan joy oldi. Muomalada bo‘lishi cheklangan psixotrop moddalar ro‘yxatiga esa zopiklon («sonnat») kiritildi.

Avvlroq «Gazeta.uz"ning huquqni muhofaza qilish organlaridagi axborot manbalari tramadol, pregabalin («lirika»), zopiklon («sonnat») kabi giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar ro‘yxatda yo‘qligi sababli ular mavjud bo‘lgan preparatlarni ko‘chalardagi sotuvchilarni javobgarlikka tortish imkonsiz ekanini ma’lum qilgan edi.

Muomalada bo‘lishi taqiqlangan giyohvandlik vositalarining ro‘yxati tuzilishi o‘zgartirildi. Unga kiritilgan moddalar guruhlar va kichik guruhlarga bo‘lindi.

Masalan, sintetik kannabioidlar guruhidagi giyohvandlik vositalariga an’anaviy (dibenzopiranlar), noan’anaviy (siklogeksilfenollar, siklogentenollar, xinonlar), aminoalkilindollar (naftoilindollar, fenilatsetilindollar, benzoilindollar va h.k.), eykozanoydlar (anandamidlar), boshqalar (naftoilpirolllar, diaripirazollar va h.k.) va gibrid kannabioidlar kiradi.