Валюта курси: Ўз.Р.Марказий банки
USD
АҚШ доллари
EUR
Eвро
RUB
Россия рубли
Sayt test rejimida ishlayapti!!!

Сўнгги янгиликлар






G‘oyasiz bosh vazir: Medvedev hukumat raisi bo‘lgan vaqtda nimalar bilan yodda qoldi?
17.01.2020 09:57,  
1467

Dmitriy Medvedev boshchiligidagi Rossiya hukumati 2020 yil 15 yanvar kuni iste’foga ketdi. Bu prezident Vladimir Putin oldinda turgan konstitutsiyaviy o‘zgarishlar haqida Federal majlisga (parlamentga) murojaat qilganidan keyin ro‘y berdi.

“Biz, Rossiya Federatsiyasi hukumati sifatida mamlakatimiz prezidentiga barcha kerakli qarorlarni qabul qilish uchun imkon berishimiz kerak. Va mana shunday sharoitda men Rossiya Federatsiyasi hukumatining hozirgi tarkibi iste’foga chiqishi to‘g‘ri bo‘ladi, deb hisoblayman”, dedi Medvedev o‘z qarorini izohlar ekan. 

Medvedev bosh vazirlik kursisini 2012 yilda o‘zining prezidentlik muddati tugaganidan beri egallab keladi. U uchun endi yangi – Xavfsizlik kengashi rahbarining mudofaa qobiliyati bo‘yicha o‘rinbosari lavozimi tashkil qilinadi. Yangi hukumatga boshchilik qilishni esa Putin Federal Soliq Xizmati (FXS) rahbari Mixail Mishustinga taklif etdi.      

Medvedev bosh vazir sifatida nimalar bilan yodda qoldi?

Dmitriy Medvedev butun bosh vazirligi davrida Putinning "soyasi" bo‘lib keldi

 

O‘rin almashish

Dmitriy Medvedev hali o‘zi prezident bo‘lgan 2011 yil sentyabridagi “o‘rin almashish”dayoq bosh vazir va mamlakatdagi ikkinchi shaxs maqomini olib ulgurgan edi. O‘shanda “Yedinaya Rossiya”ning s’yezdida Medvedev ikkinchi muddatga nomzodini qo‘ymasligi va prezidentlik saylovlarida Vladimir Putinni qo‘llab-quvvatlashini aytgandi.  

Medvedevning prezidentlik lavozimini yana qayta egallashdan bosh tortishi erkinlashtirish va zamonaviylashtirish siyosasati davom etishini kutganlarda umidsizlik kayfiyatini keltirib chiqargan va 2011-2012 yillarda o‘tgan ommaviy namoyishlarga asos bo‘lib xizmat qilgandi. Medvedevning obro‘si tezda tushib ketdi va unga “bechora” degan nom qo‘yildi. 

“2011 yildagi “o‘rin almashish” ham Putinning, ham Medvedevning tarjimai holida dog‘ qoldirdi. To‘g‘ri, bu Medvedevga ko‘proq tegishli bo‘ldi”, deydi siyosatshunos Gleb Pavlovskiy. 

Boshqa bir siyosatshunos Aleksey Makarkinga ko‘ra, Medvedev Kremldan ketgach, “islohotchi” va “erkinlik qahramoni” imijidan tezda mahrum bo‘ldi. 

“Birinchi bosh vazirlik – g‘arbga moyil siyosatchining buyuk davlatchilik orzusidagi mansabdorga evrilishi bo‘ldi. 2012 yili u hali prezident va islohotchi edi. Ammo faoliyatini buyuk davlatchilik urinishlari va g‘arb sanksiyalariga qarshi kurash bilan tugatdi”, deydi Makarkin.

“Medvedev butun bosh vazirligi davrida qachondir Putinning ehtimoliy merosxo‘ri bo‘lish maqomini saqlab turdi. Biroq uning Xavfsizlik kengashi raisining o‘rinbosari degan “faxriy va mustaqil bo‘lmagan” lavozimga tayinlanishi shuni anglatadiki, Medvedevni 2024 yildan keyin Rossiyani boshqaradigan odam sifatida ko‘rishmaydi”, deb qo‘shimcha qiladi Makarkin.     

Pensiya islohoti 

Medvedev hukumatining eng yoqimsiz qarorlaridan biri 2018 yil yozida e’lon qilingan pensiya yoshini ko‘tarish haqidagi e’loni bo‘ldi. Hukumat o‘shanda erkaklar uchun pensiya yoshini 60 dan 65 yoshga, ayollar uchun esa 55 dan 60 yoshga ko‘tarishga qaror qildi. 

“Kapital” konsalting firmasining bosh iqtisodchisi Yevgeniy Nadorshinning fikriga ko‘ra, pensiya yoshini ko‘tarish ko‘zda tutilgan qarorning aksar qismini prezident va uning ma’muriyati ishlab chiqqan. Shunga qaramay, Putin qarorni qabul qilishdan o‘zini chetga oldi, uning natijasida kelib chiqqan norozilik to‘lqinining asosiy zarbasi esa vazirlar mahkamasiga to‘g‘ri keldi. 

Oxir-oqibat Medvedevning bosh vazirligi aynan xalqning norziligini qo‘zg‘agan pensiya islohotlari bilan esda qoladi, deb hisoblaydi Rossiya Iqtisodiyot Maktabi rahbari Oleg Shibanov. 

Pensiya yoshini ko‘tarish haqidagi qaror butun Rossiya bo‘ylab ommaviy namoyishlarga olib keldi. Medvedevning shaxsiy reyting tushib ketdi va bugungacha tiklanmadi – “Fond Obshestvennoye Mneniye / FOM” (“Ijtimoiy fikr fondi”) o‘tgan yil dekabrida o‘tkazgan so‘nggi so‘rovnomada 61% rossiyalik bosh vazirga ishonmasligini bildirdi.

“Pensiya islohotidan keyin hukumat ommabopligini yo‘qotdi – uning iste’fo berishini xohlovchilar soni iste’fo berishini xohlamaydiganlar sonidan oshib ketdi. Medvedev shaxsi esa hukumatga nisbatan yirik miqdordagi salbiy munosabatlarga nishon bo‘ldi”, deydi “Levada-sentr” sotsiologi Denis Volkov. 

“G‘oyasiz” inson va texnik figura

Dmitriy Medvedevning hukumati prezidentning ko‘rsatmalarini bajaradigan, ammo haqiqiy siyosiy ta’sirga ega bo‘lmagan muassasa sifatida esda qoldi. 

“Medvedevning bosh vazirligi bu – o‘z mavqelaridan ketma-ket chekinish bo‘ldi. U o‘zining jamoasi – na vazirlar, na tadbirkorlarning g‘oyalarini himoya qildi. Avtoritar rejim ichida hayot kechirayotgan rossiyaliklar o‘z qarashlariga, nuqtai nazariga ega bo‘lgan vazirlar mahkamasiga boshqalarga qaraganda ko‘proq muhtoj edi. Medvedev esa hech qanday nuqtai nazarni namoyish qilmadi”, deydi siyosatshunos Gleb Pavlovskiy. 

Pavlovskiyga ko‘ra, Medvedev hukumatning siyosiy kuch va ijro hokimiyatining eng yuqori bo‘g‘ini sifatidagi ahamiyatini pasaytirish “vazifasi”ni amalda yakunlab qo‘ydi: “Uning davrida hukumat to‘laligicha siyosatdan uzoqlashdi va ba’zida prezidentning, ba’zida esa yana kimningdir buyruqlarini bajaruvchi texnik jamoaga aylanib qoldi”. 

Medvedevning hukumati iqtisodiy o‘sishdan ko‘ra barqarorlik bilan ko‘proq eslanadi, deb hisoblaydi iqtisodchilar. Bu haqiqatdan ham shunday: so‘nggi yillarda Rossiya iqtisodiyotining o‘sish sur’atlari pasaya boshladi, hukumat esa uni ko‘tarishga deyarli muvaffaqiyatsi ravishda urinib ko‘rdi. Oqibatda, aholining daromadlari deyarli besh yil davomida quyiga tushib bordi. 

“Mening fikrimcha, bu hukumat mavjud vaziyatni saqlab turishi uchun shunday bo‘lishi kerak edi. Ya’ni, bu makroekonomik barqarorlikni ta’minlovchi hukumat bo‘ldi. Bu hukumat iqtisodiy o‘sishni ta’minlaydigan hukumat emas edi”, deydi “Alfabank”ning bosh iqtisodchisi Nataliya Orlova.   

Hukumat qandaydir siljishlarga erishmoqchi bo‘ldi, ammo haqiqiy o‘zgarishlarga imkon topolmadi. Iqtisodiy o‘sish darajasini oshirish maqsadini uddalab bo‘lmadi”, deya qo‘shimcha qiladi Oliy Iqtisodiyot Maktabi Taraqqiyot markazi rahbari Natalya Akindinova.  

“Medvedevning hukumatda ishlagani amalda biron natija bilan yodda qolmayapti. Faqat prezidentlik davri oqlanmagan umidlar bilan esda qolgandi. Bosh vazirligi esa yodda qolmadi – agar Navalniyning surishtiruvlarini istisno qilsak, albatta”, deydi siyosatshunos Abbos Gallyamov. 

“U sizga Dimon emas”

2017 yil martda Aleksey Navalniyning Korrupsiyaga qarshi kurash fondi bosh vazirning mol-mulklari va mablag‘lari haqida so‘z borgan  “U sizga Dimon emas” (“On vam ne Dimon”) surishtiruv-filmini taqdim etdi. Film nomi Dmitriy Medvedevning matbuot kotibi Natalya Timakovaning gapidan iqtibos sifatida olingan. U ijtimoiy tarmoqlardagi izohlarda hukumat rahbariga nisbatan “Dimon” deb murojaat etilganidan shikoyat qilib “U sizga Dimon emas” (“On vam ne Dimon”) deb aytgandi. Ushbu filmning namoyish etilishi Moskvada ommaviy namoyishlarga va butun Rossiya bo‘ylab norozilik harakatlariga sabab bo‘ldi.

Xakerlar Medvedev foydalanadigan elektron pochtani buzib kirganidan keyingina Navalniy ushbu surishtiruvni amalga oshirishga muvaffaq bo‘ldi. Medvedev bu pochta orqali Internet do‘konlarga buyurtma bergan. Buyurtmalar yo‘nalishi Vladimir Dyachenko nomiga olib chiqdi. Navalniyning fikricha, bu odam “Medvedevning maxfiy mablag‘lari”ni boshqargan.

"U sizga Dimon emas" filmi chiqqanidan keyin turli shaharlarda bosh vazirga qarshi namoyishlar bo‘lib o‘tdi

 

Surishtiruvga ko‘ra, Medvedev foydalanadi deb taxmin qilingan ko‘chmas mulklarga bir qator xayriya fondlariga tegishli bo‘lgan. Ularning katta qismini esa bosh vazirning kursdoshi Ilya Yeliseyev boshqargan. 

Bu fondlardan biriga milliarder Alisher Usmonov Moskva atrofidagi qimmat Rublyovka mavzesidan 4,3 gektar yer va 5 milliard rubl hadya qilgan. 

Surishtiruv mualliflari tasdiqlashicha, bu fond uchun Kursk viloyati Mansurovo qishlog‘ida bir yer rasmiylashtirilgan. U joyda 240 ming kvadrat metr maydonda qo‘rg‘on qurilgan, uyning o‘zi 1 500 kvadrat metrni egallagan, ikkita vertolyot qo‘nish maydonchasi, hovuz va sport korti mavjud. 

Anapa shahri atrofidagi 200 gektarlik uzumzor, Sochidagi narxi 2,5 dan 7 milliard rublgacha baholangan tog‘-chang‘i kurorti ham ushbu fond nomiga rasmiylashtirilgan.

Medvedevning kursdoshi Yeliseyev nomi Kipr offshorlarida ham uchraydi. Korrupsiyaga qarshi kurash fondining aniqlashicha, u Kiprda ikkita yaxta va Italiyaning Toskanasida vino ishlab chiqaradigan zavodga ega. 

“Bir qarashda o‘zaro bog‘liq bo‘lmagan o‘nlab yuridik shaxslar (firma va kompaniyalar) aslida umumiy xodimlar va manzillarga ega, ko‘plab ko‘chmas mulklar bir kishining nomiga rasmiylashtirilgan bo‘lib chiqadi”, deb yozgandi Navalniy. Uning fikricha, Medvedev bu tizimdagi barcha narsani birlashtiruvchi asosiy shaxs bo‘lishi mumkin. 

Bosh vazirning o‘zi Korrupsiyaga qarshi kurash fondining surishtiruvlarini “balchiq” deb atagan. “Har xil balchiq, yolg‘onlarni olib yig‘ishadi. Menga, mening tanishlarimga turli xil men umuman nomini eshitmagan odamlarni bog‘lashadi. Allaqanday, men umuman bormagan, nomini ham eshitmagan joylarning suratlarini, qog‘ozlarni, kiyimlarni yig‘ishadi-da, keyin bir mahsulot tayyorlab, uni ommaga ko‘rsatishadi”, degandi Medvedev.

Oradan bir oy o‘tib, Alisher Usmonov Korrupsiyaga qarshi kurash fondini o‘z sha’ni va obro‘siga tajovuz qilganlikda ayblab sudga berdi. Sud milliarderning foydasiga hukm chiqardi va “U sizga Dimon emas” filmini Internet tarmog‘idan o‘chirishni talab qildi. 

Bu film baribir Internetdan o‘chirilmagani uchun Korrupsiyaga qarshi kurash fondi xodimlarini haligacha tergov organlariga chaqirishadi, ularning uyida tintuv o‘tkazishadi. 

Surishtiruv natijalari e’lon qilingach, Moskvada taxminan sakkiz ming kishi qatnashgan muxolifat namoyishi bo‘lib o‘tdi. O‘shanda unda qatnashganlarning katta qismi yoshlar – talaba va maktab o‘quvchilari bo‘lgani hukumatni ajblantirgan edi.

“Pul yo‘q, ammo siz sabr qiling”

Medvedev – Internet-memlar va hazillarning doimiy nishoni. Uning eng esda qolarli iboralaridan biri “Pul yo‘q, ammo siz sabr qiling”, bo‘lgan. Medvedev 2016 yili Rossiya anneksiya qilgan (kuch bilan o‘ziga qo‘shib olgan) Qrimga tashrif buyurib, mahalliy aholi bilan uchrashgandi. 

Shunda bir nafaqadagi ayol bosh vazirga o‘zining pensiyasi 8 ming rubl ekanidan shikoyat qilib, Qrimdagi pensiya miqdori qachon indeksatsiya qilinishi (Rossiyaning boshqa hududlari bilan bir xil pensiya berilishi) haqida so‘ragandi. Medvedev bunga javoban: “Unaqa narsa (indeksatsiya) hech qayerda yo‘q. Biz umuman bunday ish qilganimiz yo‘q. Shunchaki, hozir pul yo‘q. Pul topsak, indeksatsiya qilamiz. Siz shu yerda sabr qiling. Hammangizga yaxshi kayfiyat va sog‘-salomatlik tilayman”, degandi.

“Medialogiya” bu iborani  2016 yilning asosiy memi (Internatda keng tarqalgan, hazil-mazaxlarga nishon bo‘lgan mavzu) deb atagan. 

Ushbu ibora Rossiyadagi aksar aholining qiyin vaziyatini, hukumat ularning muammosini hal qilib bermasligini ifodalash uchun ishlatiladigan bo‘ldi. Undan hozirgacha muxolifat namoyishlari vaqtida foydalanishadi. 

Atrofidagilarning zaiflashishi

Medvedevning bosh vazirligi davrida uning hukumatida ishlagan ikki vazir yirik korrupsiya mojarolariga o‘ralashib qoldi. Dastlab, 2016 yil noyabrida Iqtisodiy rivojlanish vaziri Aleksey Ulyukayevni “Rosneft” kompaniyasi ofisidan chiqishda hibsga olishdi. Tergov Qo‘mitasiga ko‘ra, Ulyukayev kompaniya rahbari Igor Sechindan 2 million dollar pora talab qilgan; buning evaziga u boshchilik qiladigan idora “Rosneft” kompaniyasiga “Bashneft”ning davlat hissalarini sotib olishi uchun zarur ijobiy xulosani berishni va’da qilgan. Pul solingan paket Ulyukayevning mashinasidan topildi. U aybini rad etib, “Sechin bergan paket oddiy sovg‘a deb o‘ylagani”ni aytdi. 2017 yil dekabrida Ulyukayevni 8 yilga manzil koloniyasiga hukm qilishdi.

Dmitriy Medvedevning 2016 yilda Qrimga tashrifi "Pul yo‘q, ammo siz sabr qiling" iborasi bilan yodda qoldi

 

2019 yil martda Rossiya Tergov Qo‘mitasi sobiq “Ochiq hukumat” vaziri Mixail Abizovga qarshi jinoiy to‘da tashkil etish va firibgarlik ayblovini e’lon qildi. O‘shanda siyosatshunoslar garchi Abizovning hibsga olinishi uning vazirlar mahkamasidagi ishi bilan bog‘liq emasligini qayd etishgan bo‘lsa ham bu voqea Medvedevning mavqeiga jiddiy zarba bo‘ldi.

Chunki sobiq vazir Medvedev bilan faol hamkorlik qilgan. 2011 yilgi “o‘rin almashish” e’lon qilinganidan keyin Medvedevning tarafdorlari – qo‘llab-quvvatlov guruhi yig‘ilib, “Yedinaya Rossiya”ning Duma saylovlarida qatnashishiga ko‘maklashgan edi. O‘shanda bu guruhga aynan Abizov boshchilik qilgan. 

Dmitriy Medvedv hukumatining yana boshqa a’zolari ham mojarolar girdobida qolgan. Ularning orasida sobiq bosh vazir o‘rinbosari Sergey Prixodko bor – uning nomi Aleksey Navalniyning milliarder Oleg Deripaska haqidagi surishtiruvlarida eslab o‘tilgan. Unda aytilishicha, Prixodko ushbu oligarxning yaxtasida model Nastya Ribka bilan birga dam olgan.

Bosh vazirga eng katta zarbalardan biri uning asosiy siyosiy ittifoqchisi – sobiq bosh vazir o‘rinbosari Arkadiy Dvorkovichning zaiflashgani bo‘ldi. 2018 yil yangi hukumat tuzilganida kutilmaganda Dvorkovich uning tarkibiga kiritilmadi. 

Yakun

Shunday qilib Dmitriy Medvedevning bosh vazirlik davri tarixga kirdi. Kecha, 2020 yil 16 yanvar, payshanba kuni kechqurun Davlat Dumasida yig‘ilgan 424 deputatning 383 nafari Putin tomonidan taqdim etilgan Mixail Mishustin nomzodini hukumat raisligiga tasdiqladi, 41 deputat betaraf qoldi, hech kim bu nomzodga qarshi ovoz bermadi. Oradan bir soat o‘tib, Rossiya prezidenti Vladimir Putin ikkita qaror chiqardi: Mixail Mishustin rasman Rossiya bosh vaziri, hukumat raisi bo‘ldi; Dmitriy Medvedev yanada panaroqqa o‘tdi – Xavfsizlik Kengashi raisining (Putinning) mudofaa masalalari bo‘yicha o‘rinbosariga aylandi

Tavsiya etamiz






Tavsiya etamiz

Ҳар доим хабардор бўлинг!

carzone.uz мобил иловаларини кўчириб олинг ва барча янгиликлар сиз билан