Валюта курси: Ўз.Р.Марказий банки
USD
АҚШ доллари
EUR
Eвро
RUB
Россия рубли
Sayt test rejimida ishlayapti!!!

Сўнгги янгиликлар






Hafta suratlari: barchani xavotirga solayotgan koronavirus, Afrikaga hujum qilgan chigirtkalar, Turkiyadagi zilzila, namoyishlar...
29.01.2020 10:10,  
1129

Xitoy yangi paydo bo‘lgan koronavirus tufayli 46 million kishi yashaydigan 16 ta yirik shahrini tashqi dunyodan uzib qo‘ydi, Xitoyga qo‘shni davlatlarda ham, undan uzoq mamlakatlarda ham bu virusga chalingan bemorlar aniqlana boshladi, Avstraliyada o‘rmon yong‘inlaridan keyin qum bo‘roni va kuchli yomg‘irlar kuzatilyapti, Livanda aksilhukumat namoyishchilar faollashdi, Osvensim konsentratsion lageri ozod qilinganiga 75 yil to‘ldi. Qarorgohi Londonda joylashgan The Guardian nashri o‘tgan hafta butun dunyoda sodir bo‘lgan shu va boshqa voqealarning o‘z nazdidagi eng muhimlariga diqqat qaratdi.

Avstraliyalik qizaloq cho‘lda ko‘tarilgan qum bo‘roniga qarab yuguryapti. Momoqaldiroqlar natijasida yuzaga kelgan kuchli shamollar qum bo‘ronlarini keltirib chiqardi. Mamlakatning Yangi Janubiy Uels va boshqa sharqiy mintaqalari so‘nggi oylarda avval kuchli o‘rmon yong‘inlari, uning ketidan yomg‘ir va qum bo‘ronlari girdobida qoldi.

Gretsiyaning Lesbos orolidagi Moria qochqinlar lageri. Afrika davlatlari, Suriya va Afg‘onistondan Yevropaga yetib olish uchun O‘rta yer dengizini kechib o‘tadigan qochqinlarning bir qismi shu orolda o‘rnashib qoladi. Bu yerdagi abgor sharoitdan kasalga chalinayotgan bolalar sababli Gretsiya hukumati tanqidga tutib kelinadi. Ayni paytda ham 100 nafardan ortiq bola kasal va ularni zudlik bilan oroldan boshqa joyga ko‘chirish kerak. 

Filippinning Batanga viloyati Luzon orolida joylashgan Taal vulqoni otildi. Yaqin atrofdagi dalalar, uylar vulqondan chiqqan kul bilan qoplandi.

Tibbiy niqob taqib olgan harbiy politsiya zobiti Shanxay temiryo‘l bekatida navbatchilik qilyapti. Xitoy hukumati 2019 yil oxirida paydo bo‘lgan yangi 2019-nCoV koronavirusi tufayli 46 million kishi yashaydigan 16 ta shaharni tashqi dunyo uchun yopdi: bu shaharlar bilan boshqa hududlar o‘rtasida har qanday transport harakati cheklandi, shaharlar ichida jamoat transporti butunlay bekor qilindi, shaxsiy avtomobillarda yurishga ham qator cheklovlar o‘rnatildi. Eng qat’iy choralar ushbu virus paydo bo‘lgan Hubey provinsiyasidagi Uxan (Vuhan) shahrida qo‘llanyapti: shaharga kirish-chiqish yo‘llari butunlay berkitilgan, odamlarning kirish-chiqishiga to‘liq taqiq qo‘yilgan.

2019-nCoV koronavirusi paydo bo‘lgan Xitoyning Uxan shahridagi Jinyintan kasalxonasi. Shahardagi barcha kasalxonalar shamollash alomatlaridan shikoyat qilib kelgan bemorlar bilan to‘lib-toshgan. So‘nggi soatlardagi ma’lumotlarga ko‘ra virus bilan zararlanganlar soni Xitoyning o‘zida 5 500 kishidan oshib ketgan, 132 kishi vafot etgan

Kasallik o‘chog‘i bo‘lgan Uxanda virusdan zararlanganlar soni tezlik bilan oshib boryapti, mavjud kasalxonalar bunchalik katta bemorlar oqimini qabul qila olmayapti. Xitoy hukumati zudlik bilan shaharda 2 ta yirik kasalxona qurib bitirishga buyruq berdi. Ulardan biri 2, ikkinchisi esa 5 fevralda ochilishi kerak. Qurilish ishlari kechayu kunduz to‘xtovsiz davom etyapti.

Muhojirlar Gvatemalaning Tekun Uman mintaqasidan Suchiate daryosi orqali Meksikaga kirishga urinyapti. Har yili minglab insonlar Lotin Amerikasi davlatlaridan Meksikaga qarab piyoda yo‘lga chiqadi: ularning maqsadi korrupsiya, jinoyatchilik va qashshoqlikdan qiynalayotgan mamlakatlarini tark etib, Meksika orqali AQShga kirib olish.

Katitika qishlog‘idagi fermerning qizi ekin dalasiga hujum qilgan cho‘l chigirtkalarini haydashga urinmoqda. Bu yil Afrika sharqida kuzatilayotgan noodatiy issiq havo tufayli mintaqa davlatlaridagi ekinzor va bog‘larga chigirtka galalari yopirildi. Efiopiya va Somalidan keyin endi Keniyadagi dehqonlar ham bu hasharotlardan aziyat chekyapti. Cho‘l chigirtkalari hujumi hosilni yo‘q qilib, oziq-ovqat yetishmovchiligiga sabab bo‘lishi mumkin.

 

Shveysariyaning Davos shahrida har yili bo‘ladigan dunyo yetakchilarining 50-iqtisodiy forumida bu yil shvetsiyalik ekofaol, 17 yoshli Greta Tunberg ham ishtirok etib, siyosatchilarni iqlim muammolariga ko‘proq e’tibor qaratishga chaqirdi.

2020 yil 24 yanvar kuni mahalliy vaqt bilan 20:55 da epitsentri Turkiya markazidagi Elazig‘ shahri atrofida bo‘lgan 6,8 balli, kuchli zilzila yuz berdi. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra ushbu tabiiy ofat oqibatida 41 kishi halok bo‘lib, 1 607 nafar inson jarohatlangan.

Xitoyning Uxan shahridagi barcha kasalxonalarda tibbiyot xodimlari himoya kiyimlarida yuribdi. Shahar dunyodan uzib qo‘yilgan.

Misr poytaxti Qohiraning Darbul-Ahmar mavzesida joylashgan, bir necha asrlik tarixga ega, hamon qo‘l mehnati bilan ishlaydigan qadimiy to‘qimachilik ustaxonasi. Misrda aksar ishchilar gigiyena va texnik xavfsizlikka rioya qilmaydi, turli kimyoviy moddalardan saqlovchi niqob va qo‘lqoplardan foydalanmaydi. Bu xalqning qashshoqligi va asrlar bo‘yi shakllanib kelgan o‘ta tavakkalchilik mentaliteti bilan izohlanadi.

Nemis natsistlari qurgan Polshadagi Osvensiya (Aushvits) konsentratsion lageridan omon qolib, bugungacha hayot bo‘lganlar u yerda qurbon bo‘lganlarni xotirlash uchun yig‘ildi. Ushbu lager 1945 yil 27 yanvar kuni Sovet Ittifoqi qo‘shinlari tomonidan ozod qilingan. 

Indoneziyaning Acheh shahridagi Sulton Iskandar Muda xalqaro aeroportida uchib keluvchilar termografik monitor orqali tekshirilmoqda. 2019-nCoV koronavirusi barcha mamlakatlarni o‘z chegaralaridagi kirish-chiqish joylarida ayni choralarni qo‘llashga majbur qilyapti. Indoneziya virus o‘chog‘i bo‘lgan Xitoyning Uxan shahri bilan havo qatnovlarini butunlay to‘xtatganini rasman e’lon qildi. 

Livan poytaxti Bayrutda aksilhukumat namoyishchilar parlament binosi oldini to‘sib oldi. Ular 2020 yil byudjetini muhokama qilmoqchi bo‘layotgan deputatlarni binoga kiritmaslik niyatida. Mamlakatda so‘nggi haftalarda hukumat iste’fosi talabi bilan qaytadan namoyishlar boshlandi.

Caspian Airlines aviakompaniyasiga qarashli samolyot Eron janubidagi Mohshahr aeroportiga qo‘nish chog‘ida uchish-qo‘nish yo‘lagida to‘xtay olmay, aeroport tashqarisidagi magistral yo‘lga qo‘nishga majbur bo‘ldi. Bortda bo‘lgan 135 yo‘lovchi va 7 ekipaj a’zosidan biron kishiga shikast yetmagan. Eron samolyotlari ko‘p hollarda xavfsizlik talablariga javob berolmaydi, mamlakatda samolyotlar bilan bog‘liq halokatlar yuz berib turadi. Yaqinda Ukraina aviakompaniyasiga qarashli Boeing 737-800 samolyoti ham Eron harbiylarining xatosi tufayli Tehron osmonida urib tushirilgan edi.

Hongkongni Xitoyning materik qismi bilan bog‘lovchi poyezd temiryo‘l bekatida o‘tirgan yo‘lovchi koronavirus xavfi tufayli respirator va ko‘zoynak taqib olgan. Xitoy hukumati o‘z fuqarolarini virus tarqalmasligi uchun mamlakat tashqarisiga safar qilmaslikka chaqiryapti. Ayni soatlargacha bu virus tufayli 5 582 kishi zararlangan, 132 kishi esa vafot etdi

Indoneziyaning G‘arbiy Nusa Tengara hududidagi kasalxona xodimi ajratilgan qism eshigidan tashqariga qarayapti. Mataramdagi kasalxonaning bu qismida Xitoy koronavirusiga chalingan deb gumon qilinganlar tekshiruvdan o‘tkaziladi. Xitoyga yaqin yoki chegaradosh bo‘lgan barcha mamlakatlar virus o‘z hududlariga kirmasligi, tarqalmasligi uchun qat’iy xavfsizlik usullarini qo‘llashga harakat qilyapti.

27 yanvar kuni Afg‘onistonning G‘azni viloyatida AQSh armiyasiga qarashli Bombardier E-11A harbiy samolyoti qulab tushdi. Tolibon harakati bu samolyotni o‘z harbiylari urib tushirganini ma’lum qildi. Ba’zi xabarlarga ko‘ra uning bortida yanvar oyi boshida Eron Islom Inqilobi muhofizlari korpusining Quds bo‘linmasi qo‘mondoni Qosim Sulaymoniyni o‘ldirish rejasini ishlab chiqqan MRB zobiti Maykl D’Andrea ham bo‘lgan. Samolyotdagilarning barchasi halok bo‘lgan. 

G‘azodagi Ash-Shati qochqinlar lagerida yashaydigan qizaloq eshik o‘rniga osib qo‘yilgan parda oldida. 

Angliyaning Kumbriya mintaqasida kuchli qor bo‘roni kuzatilyapti. Angliya g‘arbi va Uelsda yaqin kunlarda kuchli qor bo‘ronlari ehtimoli borligi uchun ogohlantirishning sariq darajasi e’lon qilingan. 

Tavsiya etamiz






Tavsiya etamiz

Ҳар доим хабардор бўлинг!

carzone.uz мобил иловаларини кўчириб олинг ва барча янгиликлар сиз билан