Валюта курси: Ўз.Р.Марказий банки
USD
АҚШ доллари
EUR
Eвро
RUB
Россия рубли
Sayt test rejimida ishlayapti!!!

Сўнгги янгиликлар






Hafta suratlari: Xitoy koronavirusi avjiga chiqyapti, impichmentni yengib o‘tgan Tramp, Sharjada “nur festivali”, Tailandda otishma
13.02.2020 14:24,  
655

2019 yil oxirida Uxan shahrida paydo bo‘lgan Xitoy koronavirusiga COVID-19 deb nom berildi – undan endi yanada ko‘proq odam zararlanyapti, AQSh tarixida uchinchi marta sodir bo‘lgan prezidentga nisbatan impichment jarayoni yana muvaffaqiyatsiz yakunlandi, Istanbulda yo‘lovchi samolyoti halokatga uchradi, Irlandiyada muqaddam terror harakatlariga aloqadorlikda ayblangan siyosiy partiya saylovlarda katta miqdorda ovoz oldi, Koreya Xal Armiyasi tashkil etilganiga 72 yil to‘ldi. Qarorgohi Londonda joylashgan The Guardian nashri o‘tgan hafta butun dunyoda sodir bo‘lgan shu va boshqa voqealarning o‘z nazdidagi eng muhimlariga diqqat qaratdi.

AQSh prezidenti Donald Tramp Washington Post gazetasining bosh sahifasini namoyish qilyapti. O‘tgan hafta AQSh Senati prezident Tramp impichmenti bo‘yicha oqlov hukmini chiqardi, shu bilan mamlakat tarixida uchinchi marta ro‘y bergan jarayon avvalgilari kabi natijasiz tugadi. © Leah Millis/Reuters

Pekindagi do‘konlardan birida koronavirusdan saqlanish uchun himoya niqobini taqqan ayol. Xitoyning Uxan shahrida 2019 yil oxirida paydo bo‘lgan COVID-19 koronavirusidan bugungacha zararlanganlar soni 60 347 kishiga yetdi, 1 369 kishi vafot etgan bo‘lsa, 6 122 kishi bu kasallikdan butkul sog‘ayib ketdi. © Kevin Frayer/Getty Images

Turkiyaning eng yirik shahri bo‘lgan Istabulning Osiyo qismida joylashgan Sabiha Go‘kchen xalqaro aeroportida o‘tgan chorshanba kuni Boeing 737-800 samolyoti qo‘nish paytida halokatga uchradi va aeroport yaqinidagi jarlikka qulab, uch qismga bo‘linib ketdi. Samolyot bortida bo‘lganlardan 3 kishi halok bo‘ldi, 179 kishi kasalxonaga yotqizildi. © Emrah Gürel/AP

Fransiyada kommunal xizmat ko‘rsatish sohasidagi ishchilar prezident Emmanuel Makronning pensiya islohotiga qarshi namoyishga chiqdi. © Kiran Ridley/Getty Images

G‘arbiy Sohildagi Bilin shahrida falastinliklar AQShning “asr kelishuvi”ga qarshi norozilik namoyishi uyushtirdi. AQSh taklif etayotgan rejaga ko‘ra Isroil tomonidan xaqlaro qonunlargsha zid tarzda qurilgan yahudiy manzilgohlari o‘z o‘rnida qolishi kerak. Devor ortida Modiin Illit yahudiylar manzilgohi ko‘rinib turibdi. © Mohamad Torokman/Reuters 

Rasman Xitoyga qarashli bo‘lgan Hongkong ko‘chalarida niqob taqib ketayotgan kishi. Hongkongda koronavirusga chalingan kishilar soni 50 nafarga yetdi. © Anthony Wallace/AFP via Getty Images

Irlandiyaning Inishbofin orolida joylashgan saylov uchastkasi oldida qo‘riqchi zobit va uchastka mas’uli saylov boshlanishiga tayyorgarlik ko‘ryapti. Mamlakatda o‘tgan hafta bo‘lib o‘tgan milliy saylovlarda Irlandiya Respublikachilar partiyasining siyosiy qanoti bo‘lgan Sinn Féin (“O‘zimiz”) partiyasi katta miqdorda ovoz olib, so‘nggi 90 yilda birinchi bor koalitsion hukumat tarkibiga kirishga yaqin turibdi. O‘tmishda bu partiya Shimoliy Irlandiyadagi terrorchilik va tartibsizliklarga aloqadorlikda ayblab kelingan. © Phil Noble/Reuters

Birlashgan Arab Amirliklarining uchinchi yirik shahri bo‘lgan Sharjada har yilgi “nur festivali” boshlandi. Bu festival 10 yildan beri o‘tkazib kelinadi, minglab sayyohlar fevralning ikkinchi haftasida uni ko‘rgani tashrif buyuradi. © Giuseppe Cacace/AFP via Getty Images 

“Soyuz” raketasi Qozog‘istondagi Boyqo‘ng‘ir kosmodromidan fazoga ko‘tarilyapti. Raketa fazoga OneWeb sun’iy yo‘ldoshlarini eltadi. © Reuters 

Koronavirus epidemiyasi tufayli Xitoydan olib kelingan yo‘lovchilar samolyotdan Buyuk Britaniya zaminiga tushishi bilan Oksford yaqinidagi Qirollik Havo Kuchlariga qarashli bazaga karantin uchun joylashtirilyapti. © Peter Nicholls/Reuters 

2020 yil 8 fevral kuni Tailandning Nakhon Ratchasima shahrida 32 yoshli harbiy Jakrapant Thomma savdo markaziga qurol bilan bostirib kirib u yerdagilarga o‘q uzishi va o‘nlab kishilarni garovda ushlab turishi oqibatida 21 kishi halok bo‘lib, 30 kishi jarohatlandi. Tuni bilan davom etgan qutqaruv amaliyoti so‘ngida harbiyning o‘zi ham politsiya tomonidan otib o‘ldirildi. © Rungroj Yongrit/EPA

Koreya Xalq Armiyasi tashkil etilganining 72 yilligiga bag‘ishlangan marosimga yig‘ilganlar Pxenyandagi Mansu Hill maydonida o‘rnatilgan Kim Il San (Kim Ir Sen) va Kim Jong Il (Kim Chen Ir) haykallariga ta’zim qilyapti. O‘ta qattiq avtoritar va diktatura boshqaruvi ostida yashaydigan Shimoliy Koreyada (rasmiy nomi Koreya Xalq Demokratik Respublikasi) shaxsga sig‘inish an’anasi oddiy hol sanaladi: davlat yetakchilarining barcha qarorlari so‘zsiz qabul qilinadi, ular ham xato qilishi mumkinligi haqidagi farazlarga o‘rin berilmaydi. © Kim Won Jin/AFP via Getty Images

Xitoy koronavirusi – COVID-19 deb nom berilgan virus o‘chog‘i bo‘lgan Uxan shahridagi kasalxonalardan biridagi bemorlarni intensiv muolaja qilish bo‘limi. © China Daily/Reuters

Braziliyaning Anapolis shahridagi havo kuchlariga qarashli aerodrom harbiylari himoya kiyimlarini kiyib olgan. Bortida Xitoyning Uxan shahridan olib kelinadigan Braziliya fuqarolari bo‘ladigan samolyotlar aynan shu yerga qo‘nadi. © Adriano Machado/Reuters

Eronning Xumayn shahridagi Diba Parcham Xumayn fabrikasida yulduz va chiziqlardan iborat AQSh bayroqlari hamda Dovud yulduziga ega Isroil bayroqlarini tayyorlash jarayoni. Bu ishlarning barchasi tutun va bo‘g‘iq havoli muhitda bajariladi. Ushbu fabrika AQSh va Isroil bayroqlarini eng ko‘p ishlab chiqaruvchilardan biri – bu bayroqlar esa Islom Respublikasida davomiy tarzda uyushtirib turiladigan aksilamerika va aksilisroil namoyishlarida yoqish uchun foydalaniladi. © Ebrahim Noroozi/AP

2020 yil 11 fevral, dushanba kuni Xitoy oy taqvimiga ko‘ra yangi yil bayram ta’tili rasman tugaganiga qaramay Pekin metrosida yo‘lovchilar deyarli yo‘q. Koronavirus tahdidi ko‘pchilikni ta’tildan keyin ham uyida qolishga majbur qilyapti. © Andrea Verdelli/Getty Images   

Istanbul osmonida to‘lin oy ko‘rinishi. Fevral oyida oyning mana shunday to‘liq shaklda ko‘rinishi “qorli oy” deb ataladi. © Erdem Şahin/EPA

Yangi Dehlida hukumatning bahsli “Fuqarolik qonuni”ga qarshi norozilik namoyishi. 2019 yil dekabrda Hindistonning millatchi Narendra Modiq boshchilik qiladigan joriy hukumati “Fuqarolik qonuni”ni e’lon qilgan, unga ko‘ra mamlakatga qo‘shni davlatlardagi musulmon bo‘lmagan milliy ozchiliklar Hindistonga kelib fuqarolik olishi yengillashtirilgan edi. Bu hujjatdan norozilar esa uni “konstitutsiyaga zid va musulmonlar huquqini kamsituvchi” deya atab, muntazam norozilik namoyishlarini uyushtirib keladi. © Danish Siddiqui/Reuters

Demokratik partiyadan AQSh prezidentligiga nomzod bo‘lishi kutilayotgan mustaqil senator Berni Sanders va kongressmen Aleksandriya Okasio-Kortes Nyu-Hempshir shatining Durhem shahridagi boshlang‘ich saylovlar (partiya ichidagi tanlov) oldidan. Ko‘pchilik tahlilchilarga ko‘ra, Berni Sanders bu yil Demokratik partiya nomidan nomzod bo‘lishi ehtimoli ko‘proq. Uning eng ko‘zga ko‘ringan raqibi, sobiq vitse-prezident Jo Baydenning imkoniyatlari esa ancha past baholanyapti. © Mike Segar/Reuters 

Kunmindagi birjada gul savdosi bo‘yicha kimoshdi savdosi o‘tkazilyapti. Xitoy janubidagi Yunnan provinsiyasi markazi bo‘lgan bu shaharda ham koronavirus xavfi tufayli hamma himoya niqobi taqib olgan. © Reuters

Pekin temiryo‘l bekatiga kelgan yo‘lovchi ham koronavirusga qarshi barcha zaruriy himoya vositalarini qo‘llagan. © Wu Hong/EPA

Livanda hukumatga qarshi norozilik namoyishlari davom etyapti. Bir guruh faollar parlamentga kirish eshigini to‘sib qo‘yishga uringani ortidan bino atrofi politsiya tomonidan qo‘riqlana boshladi. © Sam Tarling/Getty Images

Angliyadagi eng qadimiy pochta va yuk tashish bo‘yicha xizmat ko‘rsatuvchi kompaniya bo‘lgan Royal Mail xodimi Kambriya grafligidagi qor bosgan yo‘lda mashina yuqoriga chiqib olishi uchun yordamlashyapti. © Owen Humphreys/PA

Angliyaning Hempshir grafligida quyosh chiqyapti. © Andrew Matthews/PA

Tavsiya etamiz






Tavsiya etamiz

Ҳар доим хабардор бўлинг!

carzone.uz мобил иловаларини кўчириб олинг ва барча янгиликлар сиз билан