Валюта курси: Ўз.Р.Марказий банки
USD
АҚШ доллари
EUR
Eвро
RUB
Россия рубли
Sayt test rejimida ishlayapti!!!

Сўнгги янгиликлар






Hayot va ta’lim haqida Bill Geyts maqtagan kitob
26.10.2019 10:29,  
1060

Menga hayot va insonlar haqida chuqurroq o‘rganish uchun buyuk kishilar haqida yozilgan biografiyalar hamda insonlar o‘zi haqida yozgan memuarlarni o‘qish yoqadi.

AQShning Aydaho shtatining olis va ovloq qishloqlarida, nasroniylikning o‘ta mutaassib firqalaridan bo‘lgan Mormon oqimiga amal qiluvchi dindor oilada tug‘ilib o‘sgan Tara Vestouver memuarini yaqinda o‘qib chiqdim. Bu kitob 2018 yilning eng yaxshi asarlaridan deb topilgan. New York Times gazetasining bestseller ro‘yxatining boshidan joy olgan.

Shu kitobni o‘qirkanman Amerika ruhiyatini his qildim. Yozuvchi 1986 yilda o‘z uyida doya yordamida dunyoga keladi. To‘qqiz yoshga yetgandagina metrka oladi. Biror marta shifoxonaga yoki aptekaga bormaydi. Chunki dadasi buni gunoh deb biladi. Uyida hech qanday zamonaviy jihoz bo‘lmaydi. Hattoki simli telefon ham.

Dadasi federal hukumatni o‘lgudek yomon ko‘radi. Maktab, shifoxona kabi davlat tashkilotlaridan shubhalanadi. Maktabga borsa dinsiz bo‘lib ketadi degan xavotir sabab bolalarini uyda saqlaydi. Mashinasini ham qayddan o‘tkazmaydi, sug‘urta ham olmaydi. Bolalarini faqat tabiiy giyohlar bilan davolaydi. Emlashga, homiladorlikdan saqlanishga tish tirnog‘i bilan qarshi bo‘ladi. Hattoki sut mahsulotlarini ham taqvoga zid deb biladi.

Federal hukumat bostirib kelib, bolalarini tortib olishidan xavotirlanib muntazam vahimada yashaydi, vasvasaga tushib qoladi. Shuning uchun mabodo to‘qnashuv sodir bo‘lsa qamalga chidash uchun oziq-ovqat g‘amlaydi. Konservalangan yeguliklar jamg‘aradi. Elektr simlarini uzib, o‘rniga quyosh panellari o‘rnatmoqchi bo‘ladi. Uyiga qurol-yarog‘ yig‘adi.

Xullas, mana shunday jinnisifat, mutaassib otaning qo‘lida o‘sib qanday yashagani va o‘zini o‘zi o‘qitib, o‘rganib hayotini butunlay boshqa yo‘nalishda olib ketganini hikoya qiladi.

Bu kitobni Amerikalik milliarder Bill Geyts ham katta qiziqish bilan o‘qib chiqqanini, unda kuchli taassurot qoldirganini aytib maqtaydi: "Turli hunar va mahoratlarni o‘zim mustaqil o‘rgana olish qobiliyatim borligidan faxrlanar edim. O‘zim izlanib, qunt qilib ko‘p narsalarni o‘rganganman. Nimanidir tushunmasam o‘sha haqda kitob o‘qiyman yoki onlayn videolar ko‘raman. O‘zimni o‘zim o‘qitishga anchayin ustaman deb yurardim. Ammo Tara Vestoverning memuarini o‘qib uning mustaqil o‘qib-o‘rganish qobiliyatiga og‘zim ochilib qoldi. Kitob menda shunchalik katta taassurot qoldirganidan yaqinda muallifning o‘zi bilan uchrashib bir piyola choy ustida suhbatini oldim.

Tara o‘ta g‘ayrioddiy qarashdagi mutaassib dindor oilada o‘sadi. Maktabga ilk bor 17 yoshida qadam qo‘yadi. O‘qish-yozishni uyida o‘rganadi. Taraning aka-ukalari ham maktabga bormaydi. Dadasining temir-tersak maydonida ishlaydi.
Dadasi o‘zinikidan qolmaydigan, faqat o‘zinikini ma’qullaydigan qaysar odam bo‘ladi. Dadasining aybi bilan oila avtohalokatga uchraydi. Onasining miyasi chayqaladi ammo dadasi shifoxonada davolatmaydi.

Tara va uning akalari maktabga bormay uyda Injil va boshqa diniy kitoblar o‘qiydi. Universitetga kirish yoshi yaqinlashganda o‘zlari mustaqil algebra, trigonometriyani o‘rganib davlat imtihoniga tayyorlanadi. Imtihondan o‘tib oliygohga kiradi. Keyinroq Angliyadagi Kembrij universiteti grantini yutib doktoranturaga o‘qishga keladi.

"Educated" ajoyib hikoya. New York Times bestseller ro‘yxatidan nega bunchalik uzoq turishi sababini ham tushunaman. Bu kitob diniy e’tiqodi sababli o‘zini jamiyatdan ajratib, ihotalab olgan insonlar hayotini yoritadi. Unday kishilar ana shu alohidalikdan, go‘yoki xoslikdan kuch oladi. Unday jamoada bo‘lsangiz, sizda ixtiyor yo‘q. Ularni ma’qullashga majbursiz, yo‘qsa jamoadan haydalasiz."

Menimcha ham bu kitobning ajoyibligi shundaki, ilmning, mustaqil o‘qib-o‘rganishning naqadar foydali ekaniga amin bo‘lasiz. Sifatli ta’lim inson hayotini tubdan o‘zgartirib yuborish qudratini anglaysiz. O‘sha dag‘al va qattiq sharoitda o‘sgan bolalar bilimga tashnaligidan ilhomlanasiz. Tara va yana ikkita ukasi tirishqoqligidan ilmiy doktorantura darajasigacha ko‘tarilishi hayratlantiradi. Holbuki, ularning ota-onasi bolalari universitetda o‘qishiga qarshi bo‘ladi, dindan uzoqlashib ketishidan qo‘rqadi.

Bu kitobdan ko‘p ibratlar olish mumkin. Eng asosiylari:
Qiyinchilikka chidamli bo‘lish.
Bolani sabr-toqatli, intiluvchan va mehnatkash qilib tarbiyalash.

Inson qunt bilan mustaqil o‘qib-o‘rgansa, muntazam o‘z ustida ishlasa, juda katta yutuqlarni qo‘lga kiritishi mumkin ekan. Ta’limdan maqsad faqat diplomli bo‘lish emas, balki har-tomonlama barkamol inson bo‘lib yetishish maqsad ekanini anglaysiz.

Yuqorida aytganimdek, shunday hayotiy kitoblarni o‘qish va ulardan ibratlanib o‘z hayotimizda tatbiq etishga urinsak, ajabmaski, biz ham ko‘zlagan maqsadlarimizga yaqinlashsak.

Xulosa o‘rnida, bu kitobni boshqalarga ham tavsiya etaman. O‘zbekchaga ham tarjima qilinsa o‘quvchilarga foydali bo‘ladi degan umiddaman.

Tavsiya etamiz






Tavsiya etamiz

Ҳар доим хабардор бўлинг!

carzone.uz мобил иловаларини кўчириб олинг ва барча янгиликлар сиз билан