Валюта курси: Ўз.Р.Марказий банки
USD
АҚШ доллари
EUR
Eвро
RUB
Россия рубли
Sayt test rejimida ishlayapti!!!

Сўнгги янгиликлар






Himolayning muzli cho‘llaridagi hayot: dunyo qanday qilib pashminalardan mahrum bo‘lishi mumkin?
21.03.2020 17:04,  
662

Buyuk Britaniyalik suratkash Endryu Nyui o‘z suratlarida changpa xalqining hayotidan lahzalarni tarixga muhrladi. Bu yarim ko‘chmanchi xalqning hayot tarzi va madaniyati Kashmir tog‘ echkilari (ularni Kashmir echkilari deb ham atashadi) bilan chambarchas bog‘liq bo‘lib, bu echkilar iqlim o‘zgarishlari sababli yo‘qolib ketish xavfi ostida qolgan

Chantohangi turiga mansub echkilar tog‘ning sovuq kunida uzoq davom etgan yo‘ldan keyin uyga qaytyapti/ANDREW NEWEY

  

Endryu Nyui Hindistonning Ladax ittifoqchi hududida, asli tibetlik bo‘lgan yarim ko‘chmanchi changpa xalqi orasida ikki hafta yashadi. Bu xalq “kashmir echkilari”ni parvarishlab, undan pashmina – oliy sifatli yung xomashyosini oladi. 

O‘zining Ladaxga sayohati davomida Nyui qanday vaziyat changpa xalqi va uning an’analariga tahdid solayotganini o‘rgandi. 

Ladaxdagi tog‘ tizmalarining o‘rtacha balandligi 6 000 metrni tashkil etadi/ANDREW NEWEY

 

“14 ming futdan (4 267 metr) yuqori balandlikda havo harorati qishda –40℃ gacha pasayadi. Shunday sovuqda Changtan platosi deb nomlangan bu ulkan muzli cho‘lda kimdir yashab yurishi haqida gapirish qiyin”, deydi Endryu Nyui. 

“Ikki tog‘ izmasi – Himolay va Qoraqurum o‘rtasida joylashgan bu plato odam yashaydigan eng yuqori joy. Bu yer yana eng chidamli va kam uchraydigan tog‘ echkisi – “changra”, “kashmir tog‘ echkisi”, yoki shunchaki “kashmir echkisi” deb ataladigan chorva hayvonining vatani ham sanaladi”, deb hikoya qiladi suratkash.   

Changra tog‘ echkilari baland tog‘larda ham o‘zini yaxshi his qiladi. Ammo qor va sovuq ularning yegulik topishini qiyinlashtiradi. Ladaxdagi muxtor tog‘ kengashi hozir echkilarni boqish va ocharchilikdan saqlab qolish uchun tog‘larga yemish yetkazib beryapti/ANDREW NEWEY

 

Balandlik, sovuq havo va iqlimi murakkab tog‘li mintaqadagi kuchli shamollar o‘ta issiq tutuvchi, mayin ipaksimon yungga ega bu echki turining ko‘payishi uchun zarur sharoit sanaladi. 

Bu tog‘ echkilarining yungi qalinligi 8-10 mikronni (mikrometr) tashkil etadi. Ya’ni, uning yungi inson sochidan qariyb 10 marta ingichka. (Inson sochining qalinligi 80-110 mikrometr oralig‘ida). Kashmir echkisining yungi oddiy qo‘y yungidan sakkiz baravar issiq tutadi. 

Cho‘pon va echkilar tog‘da tunni o‘tkazishga tayyorlanyapti. Ular ertaga vodiydagi uzun yo‘lni bosib o‘tishi kerak/ANDREW NEWEY 

 

Bu yungdan tayyorlangan mato butun dunyoda “pashmina” nomi bilan mashhur – u kashmir matosining eng qimmat turi hisoblanadi. 

O‘tgan yuz yillar davomida changpa xalqi ham xuddi o‘zlari boqadigan jonivorlar kabi chidamli bo‘lib ketgan. Cho‘ponlar o‘z podalari bilan bu baland tog‘li dashtlar orasida yaylov qidirib ko‘chib yuradi va bir necha oy davomida juda katta masofalarni bosib o‘tadi. 

Lobsang ismli bu kishi changpa halqining vakili. U o‘zining qishgi turar-joyi oldida turibdi. Undan chap tomonda devorga osib qo‘yilgan qo‘tos terisi yozda butun oila uchun chodir vazifasini o‘taydi/ANDREW NEWEY 

 

“Xitoyning soxta pashminalari, yosh avlodning ta’lim olish istagi hamda odamlarning shunchaki yengil va qulay yashashga intilishi tufayli changpa xalqining bunday an’anaviy hayot tarzi hozir tahdid ostida qolgan”, deydi Endryu Nyui. 

Baland tog‘ qishlog‘ida yashaydigan bu mahalliy ayolning ismi Bhuti/ANDREW NEWEY

 

Cho‘ponlar va olimlar pashmina uchun eng asosiy tahdid mintaqadagi iqlim o‘zgarishi ekanligi borasida yakdil fikrdalar. 

“Changtan platosida odatda qor kam yog‘adi, bu ham yanvar va fevral oylariga to‘g‘ri keladi. Ammo so‘nggi yillarda qor bo‘ronlari juda kuchli bo‘lyapti, yana qor yog‘ishi dekabrda, ba’zan esa hatto noyabrda boshlanyapti”, deydi suratkash. 

Cho‘ponlar yuk tashishda qo‘toslardan foydalanadi/ANDREW NEWEY

 

Natijada kashmir echkilarini ocharchilikdan qutqarib qolish uchun toqqa yemish olib borishdan boshqa hech qanday chora qolmayapti. 

Dorji ismli ayol Kashmir echkilarini boqyapti/ANDREW NEWEY

 

Sinoptiklarning qayd etishiicha, mintaqada qishlar borgan sari issiqroq bo‘lib boryapti. Iqlim o‘zgarishi bilan kashmir echkilari yungining miqdori ham, sifati ham o‘zgaryapti. Ularning yungi allaqachon bir vaqtlardagidek ingichka va yengil emas, vaqt o‘tgan sayin qisqarib boryapti.   

Echkilarning yungi odatda har yili bahorda olinadi. Cho‘ponlar yung tolalarini ajratib olish uchun maxsus taroqlardan foydalanadi/ANDREW NEWEY

 

Kashmir – qimmat mato va uning narxi yuqoriligi o‘zini oqlaydi. Changpa cho‘ponlari har yili bahorda echkilarning yungini ehtiyotlik bilan tarab, keyin qirqib oladi. So‘ngra bu yung sifatiga qarab qo‘lda turlarga ajratiladi – qo‘pol va qattiq tolalar terib olinadi, yumshoq yung tolalarigina qoldiriladi. 

Yung tolalari ajratib olingach, cho‘pon va uning oila a’zolari yumshoq va nozik tolalarni nisbatan qattiqroq tolalardan qo‘lda ajratib, terib chiqadi/ANDREW NEWEY

 

Yumshoq tolalar qattiq tolalardan qo‘lda ajratib chiqilgach, to‘plangan jun tolalari tozalanadi, keyin esa to‘quv dastgohi vositasida tolalardan ip yigiriladi. Ipdan qimmatbaho mato to‘qiladi. Mato to‘qish dastgohi qo‘l bilan ishlatiladi – bu o‘ta mehnattalab jarayon.

Bitta echkidan to‘rt unsiya (113 gramm) atrofida eng oliy sifatli yung olish mumkin/ANDREW NEWEY

 

Mato to‘quv dastgohida eng yuqori malakali ustalar tomonidan matoni tayyorlashga birn necha oydan bir yilgacha vaqt ketadi. Keyin esa bu g‘ayrioddiy go‘zallikka ega mato 1 500 funt-sterling (2 000 AQSh dollari) atrofida sotiladi. Pashminadan oddiyroq usulda tayyorlangan matolar Yevropada 200 AQSh dollari va undan qimmatroq narxda sotiladi. 

Changpa xalqi ayollari o‘zining ko‘p vaqtini to‘quv dastgohlari yonida o‘tkazadi/ANDREW NEWEY

 

Yana bir xavotirli vaziyat – mintaqada qor qoplonlari sonining ko‘paygani. Qor qoplonlari tog‘ echkilari uchun katta xavf tug‘diradi. Bu hududda qor qoplonlari keng tarqalishi so‘nggi o‘n yilliklarda ushbu turni saqlab qolish uchun ko‘rilgan choralarning muvaffaqiyati bilan bog‘lanadi.

Mahalliy aholining so‘zlariga ko‘ra, so‘nggi yillarda qor nisbatan ko‘proq yog‘yapti, qor qatlamlari esa odatdagidan ikki oy avval paydo bo‘lyapti/ANDREW NEWEY

 

Echkilarning nasli kamayib ketishi 300 000 kishini tashkil etuvchi xalq hayotini keskin o‘zgartirib yuborishi mumkin. 

Aholining odatiy hayot tarzi o‘zgarishi esa changpa xalqining o‘ziga xos madaniyatini yo‘qolib ketish xavfi ostida qoldiryapti. 

Lex shahri atrofidagi Xarnak Ling qishlog‘idagi tepalik ustida joylashgan budda ibodatxonasi. Bu qishloqda o‘zining yarim ko‘chmanchi hayot tarzini o‘zgartirishni istamaydigan changpa xalqi istiqomat qiladi/ANDREW NEWEY 

   

Stok-Kangri tog‘lari quyosh chiqishi oldidan (balandligi 6 154 metr). Bu Lex shahri atrofidagi eng baland nuqta sanaladi/ANDREW NEWEY 

 

Cho‘pon yaylovda echki podasini o‘tlatyapti/ANDREW NEWEY

 

Tavsiya etamiz






Tavsiya etamiz

Ҳар доим хабардор бўлинг!

carzone.uz мобил иловаларини кўчириб олинг ва барча янгиликлар сиз билан