“Hiylai shar’iy” (plastik karta mashmashalariga oid fel’yeton)

“Hiylai shar’iy” (plastik karta mashmashalariga oid fel’yeton)

Qadim zamonda... iye, “qadim zamonda” deb boshlashga balo bormi? Qadim zamonni pesh qilib bugungi kunni yozayotganingni hamma ko‘rib turibdi-ku.

Munday o‘ylab qarasa, baribir qadimgi zamonni eslashga to‘g‘ri kelarkan. O‘sha o‘zimiz bilgan siyqasi chiqqan qadim zamonda Dilkash Maxzum ismli dilkash kishi o‘tgan ekan. Xotini bor ekanu, ammo yana bir dilkashga muhtoj bo‘lib, uylangisi kep qolibdi. Ammo xotin akani ko‘ndirishning o‘zi bo‘ladimi? Shunda unga bir dono maslahatgo‘y uchrabdi va “Ayolingizni go‘yoki uyqusirab emasiz. Natijada siz shar’an uning farzandiga aylanib qolasiz va u sizga halol bo‘lmasdan boshqasiga uylanishingizga yo‘l ochiladi”, debdi. Bunday oppa-oson yo‘ldan dadil borgan Dilkash Maxzum murod-maqsadiga yetibdi.

Darvoqe, yuqorida G‘afur G‘ulomning hikoyasini yozdim. Hikoya taqdirga tan bergan sodda xotiniga tullak maxzumning “Onajon, endi farzandingizning boshini ikkita qiling”, deya erkalanishi bilan tugaydi.

Yo‘l topsa bo‘lar ekan. Mirzakarimboyning urug‘laridan biri esa musulmonning zimmasidagi burch bo‘lgan zakotni quyidagicha usulda ado etadi. Bir nochorga ot-arava ehson qiladi, u  otni minib ko‘chani bir aylanib kelgach, yo‘lni bo‘yida turgancha boy aka “Birodar, otni sotmaydilarmi” deya gap uchiradi. Birodar sotmay o‘libdimi, astoydil savdo qilgach, bir chaqaga rozilik bildiradi. Axir, hammasi oldindan kelishilgan bo‘lsa, ajablanishning nima keragi bor? Kambag‘al yilda bir marta ot minib qolganiga do‘ppisini osmonga otsa yetarli-da, nima dedingiz.

Darvoqe, yuqorida Oybekning romanidan parcha keltirdim.

Shu voqealardan keyin yuz yil o‘tibdi va ularning avlodlariga plastik karta nomli matah joriy qilinibdi. Asli plastik karta bilan qog‘oz pulning qiymati bir xilligi hatto alifbe kitobida ham qayd etib qo‘yilgan ekan. Ammo, amalda bir xil emasligini tan olish, xuddi Andersen ertagidagi “Qirol yalang‘och-ku!”-deb qichqirishdek hisoblanarkan.

Natijada, kichikroq tovarlarning narxini 2 turda, katta hajmli tovarlarnikini 3 turda atash rasm bo‘pti. Ha, ajablanmang, shakar naqd pulga 3600 bo‘lsa, plastikka 4200 bo‘larkan va buni hamma maqbul, lozim va lobud hisoblarkan.

Perechisleniyega olsa bo‘ladigan kompyuter, elektr plita kabi buyumlar esa 3 turdagi narx bilan baholanarkan. Naqd pulga bir millionlik buyum pul o‘tkazish yo‘li bilan xarid qilganda 1250 ming bo‘lishi avvaldan bor gap. Ammo ikkala narxning o‘rtasiga plastik narxi degan qiymat ham bamaylixotir suqilibdi. Ot bilan tuya bo‘larmidi, u 1100-1200 mingning o‘rtasida aylanishibdi.

Bu zamonda magazinga kirib savdo qilsangiz, “plastikka bo‘lsa, ustiga o‘n foiz qo‘shimchasi bor”, deb aytish urf bo‘pti. Chunki sotuvchi, yanayam aniqrog‘i do‘kon egasi pulini bankdan naqdlashtirolmaydi. Soliqchi esa undan naqd pul so‘rashini qo‘ymaydi.

Ammo plastik pul naqd pulga tengligi lop etib hammaning esiga tushibdi. Hushyor tortgan davlat mutasaddilari har bir savdo markaziga “plastik uchun ustama olinmaydi”, “kimki plastikka savdo qilishda ustama qo‘ysa, adabini beraman”, degan yozuvlarni ildirib, ishonch telefon raqamigacha yozdirib qo‘yibdi.

Tadbirkorlar qiyin holda qolishibdi. Virtual pulni bankda to‘liq naqdlashtirish mumkinligiga ishonish uchun ko‘-o‘p sodda bo‘lish kerak. Virtual va naqd orasidagi 10-20 foiz farqni qaysi o‘pqon yutishini izohlagan iqtisodchini esa Shvetsiyada Nobel kutyapti. Ustamasiz tadbirkor zarar ko‘radi, ustama qo‘ysa yana bir balo.

Hamma qissalarda bo‘lgani kabi bir donishmand ularning joniga oro kiribdi.

- Avval qanday sotarding?

- Taqsir, o‘n minglik narsani plastikka ustama qo‘yib o‘n ikki mingdan sotardim.

- Yo, alhazar, bu axir, davlat qonuniga zid-ku, - xitob qilgan bo‘pti donishmand.

- Xuddi shunday, ammo bankdan pulni naqdlashtirishim uchun majburman. Aks holda savdoim kasodga uchraydi.

Donishmand bunday ishlarni ko‘raverib pishib ketgani uchun chakkasiga barmog‘ini tirab chuqur o‘yga hecham cho‘mib o‘tirmasdan, darhol xulosa beribdi:

- Minba’d o‘n minglik tovarni o‘n ikki mingdan sotasan.

- Taqsir, do‘konimdagi narxni ko‘tarsam, xaridorning qadami qirqilib, yana ziyon ko‘raman.

Donishmand xuddi kinolarda eng klyuchevoy so‘zni tomoshabinga eshittirmay aytgani singari shivirlab nimadir debdi.

Ertadan boshlab, tadbirkorlar o‘n minglik tovariga o‘n ikki ming, yigirma mingligiga yigirma to‘rt mingdan narx belgilashibdi. Narxni do‘kon egasi belgilaydi, o‘zining xohishi, hech kim e’tiroz bildirishga haqqi yo‘q, ko‘ngli ko‘tarmagan olmasin.

Ammo shivirlash udumi urfga aylanib ketibdi. Xaridor naqd pulga savdo qilishidan ogohlantirsa, “kelavering sizga o‘n mingga beramiz”, deb shivirlaydi sotuvchi. Plastik kartaga esa ho‘o‘ yuqorida belgilangan narx bo‘yicha sotiladi. Darvoqe, virtual va naqd pul orasidagi farq shu kundan e’tiboran chegirma deb ataladigan bo‘libdi. Sotuvchi esa “ustama qo‘yishni bas qilib, chegirma bilan sotadigan” bo‘libdi. Himmat bo‘lsa, shunchalik-da.

Shunday qilib hamma narsa o‘z holicha qolibdi. Ammo yechim topilibdi.

Alfraganus

1